Bir zumgina koʻz tashla menga

0
257
marta koʻrilgan.

IJOD MASʼULIYATI

Koʻchada oʻz yoʻlida ketayotgan kimsani boshqa birov toʻxtatsa, demak, aytadigan, soʻraydigan gapi boʻladi. Balki u soat nechchiligini yoki biror manzilni surishtirar. Yoʻlovchini shunchaki toʻxtatib vaqtini olish esa gʻoyat kulgili, balki hech bir qolipga sigʻmaydigan qiliq hisoblanadi. Menimcha, ijodkor ham kitobxonni toʻxtatib, unga bir nima demoqchi boʻlgan oʻsha “birov”ga oʻxshaydi. Afsusi, koʻpincha kitobxon yelkasini qisib, bu yozuvchi nega mening vaqtimni oldi ekan, deya yoʻlida davom etaveradi. Aytmoqchimanki, asar oʻquvchini oʻz mazmuni, goʻzalligi, mahorati bilan maftun eta olsin. Hech boʻlmaganda uning didini qanoatlantirsin. Ukamiz Bobur Elmurodning sheʼrlarini oʻqib juda taʼsirlandim. Goho shoirning bitta sheʼri muvaffaqiyatli chiqib, qolganlari susayib ketgan boʻlishi ham mumkin. Shoir ukamizning yozganlari hozircha unaqa emas.

Bobur Elmurod mana shu masʼuliyatni zinhor unutmasin deyman.

 

Abdulla ORIPOV,

Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri

 

 

RIVOYAT

Bir kishi nola qildi:

“Xudo, men bilan gaplash?”

Oʻshanda qor yogʻardi

Yomgʻir bilan aralash.

 

“Qanisan, ovoz bergin,

Bormi senga borar yoʻl”.

Shu kezda butazorda

Xonish qilardi bulbul.

 

“Seni koʻray, izn ber”,

Yalindi, koʻzida yosh.

Shunda bulut oralab

Koʻkda balqidi quyosh.

 

“Bor boʻlsang, yaqinroq kel,

Seni koʻrmogʻim kerak”.

Shu on u bilan tinmay

Oʻynashardi kapalak.

 

FOTOAPPARAT VA MEN

Sen boqqan chogʻ

nega odamlar,

Xushsuratdir…

kulgidan toʻygan.

Men termulsam

sargʻaygan oʻtlar

Va daraxtlar

gullamay qoʻygan.

Sen koʻz solsang

onam koʻp dilbar,

Otam bardam

qad kerib turar.

Men boqqan chogʻ –

onam mushtipar,

Otam esa hassada yurar.

Nigohingda doʻstim ulugʻvor,

Bekamu koʻst turar muloyim.

Men qarasam

u bechorahol,

Oqsoqlanib yuradi doim.

Vaqt yalmogʻiz –

uchar xotirjam,

Koʻrganlarim oʻxshamas chinga.

Baxtli boʻlib

koʻrinay men ham,

Bir zumgina koʻz tashla menga.

 

FIL FALSAFASI

Qari filning tanasida,

Yashar edi koʻplab jon.

Qora qargʻa, ola qargʻa,

Hamda kulrang koʻrsichqon.

 

Koʻrmagandim – vazminlikka,

Bir kun oʻlim yoʻlashini.

Koʻrmagandim – ulkanlikning

Balandlikdan qulashini.

 

Qargʻa qanot qoqdi-ketdi,

Sichqon topdi boshqa in.

Harqalay, bu sinov edi,

Yarmi yolgʻon, yarmi chin.

 

Ogʻir edi bunday oʻylar,

Ogʻirlashib ketdi bosh.

Filning oʻychan koʻzlariga

Toʻlib ketdi ulkan yosh.

 

Yoʻl koʻrsatib turguvchi kuch

Hayvonda ham yurak ekan.

Oʻzing bilan qolish uchun

Baʼzan oʻlish kerak ekan.

 

Bobur ELMUROD

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.