“Bir umr shirin sheʼr izlagan edim”

0
436
marta koʻrilgan.

Yaqinda mamlakatimizda boʻlib oʻtgan Tojikiston Respublikasi madaniyat kunlari mezbonu mehmonlarda birday katta taassurot qoldirdi. Tojik sanʼati va adabiyoti bilan yaqindan tanisharkanmiz, bu ikki xalqning ruhan yaqinligi bejiz emasligini angladik. Ulugʻ shoirimiz Abdulla Oripov oʻtgan asrning yetmishinchi yillarida xalqlarimizning abadiy doʻstligi va qadrdonligi haqida bir ajoyib gʻazal yozgan edi. Unda shunday misralar bor:

 

Bir egatning boshi sen-u, bir egatning boshi men,

Yer ekib tinmas hamaldan oʻzbegim tojik bilan.

 

Tojik va oʻzbek. Mangu hamroh, yoʻldoshga oʻxshaymiz biz. Navoiyni oʻqigan oʻzbek Jomiyni ham xatm qiladi, Loyiq Sheralini sevgan tojik Erkin Vohidovni ham sevishi tayin. Adabiyot tarixiga nazar solsangiz, ikki xalqning sevimli shoirlari Gʻufur Gʻulom va Mirzo Tursunzoda oʻrtasidagi ijodiy doʻstlik aloqalari, yozishmalari maʼlumu mashhur.

Bu anʼana bugun yana jonlanib, davom etyapti. Jurnalimizning ushbu sonida bir guruh yosh tojik shoirlarining sheʼrlarini eʼlon qilishni lozim topdik.


 

Tolib Luqmon

1990 yili Panjakent shahrida tugʻilgan.

 

Tegirmon

 

Maning onam tegirmondir,

Tiriklikning tegirmoni u.

Minglab ishqu umid va orzularning

Bugʻdoyini un qiluvchi tegirmondir u.

Anduhlarning xirmonini elar shamolda.

Och qolmaymiz,

Nonsiz qolmaymiz,

Toki aylanarkan ushbu tegirmon.

 

Koʻngil shishasi

Oyogʻingni kesibdi shisha,

Olmos kabi shisha sinigʻi.

Hayron qolma, bu, axir, oʻsha

Sen tosh otib sindirgan

Koʻngillarning parchalaridir.

 

 

Muhriddin Saburiy

1988 yili Vazrob tumanida tugʻilgan.

 

Mening manzilim

 

Men

Gʻam qishlogʻining

Yolgʻizlik koʻchasidagi

Xayollarga botgan etakdagi

Gʻaribona bir kulbada

Istiqomat qilaman.

Soʻnggi yoʻlim esa

Borsa-kelmasdir.

 

Sangtarash

 

Erinmayin ishxonasida

Ishlar edi bir usta, yohu.

Ruhidagi xastalik bilan

Bir qabrtosh yoʻnar edi u.

 

Poyteshani urar edi u,

Urar edi misoli Farhod.

Koʻzlaridan anglasa boʻlar,

Ich-ichidan qilardi faryod.

 

Mozor toshin yoʻndi bir umr,

Tesha urdi sachratib uchqun.

Hakkokladi tosh ustiga bayt

Oʻlganlarga yodgorlik uchun.

 

Tugab borar uning ham umri,

Taʼqib etar oʻlim bu cholni.

U gohida toshlarga boqib,

Oʻylar edi bitta savolni:

 

Qabrtoshim kim yoʻnar, oʻlsam?

(Buni oʻylab koʻngli ozadi).

Qabrtoshim lavhini tirnab

Qaysi shoir sheʼrlar yozadi?

 

 

Buzurgmehri Hakim

1999 yili Vahdat shahrida tugʻilgan.

 

Qilgum hame

 

“Gul kabi nazzorai roʻyi jahon qilgum hame,

Bu dilimda neki dogʻdir, men nihon qilgum hame”.1

 

Oq, binafsha, sap-sariq ranglar bilan aylab bayon,

Xotiri yodim bahorin men ayon qilgum hame.

 

Atri xushboʻylarni yelning qoʻliga bergach yana,

Gul giyohsiz koʻchalarga atr ravon qilgum hame.

 

Men kuyuk jonim boʻyini atri xushboʻy aylagach,

Keksalarning xasta qalbin yosh-javon qilgum hame.

 

Men shafaqqa hamdam oʻlmoq qasdi birla har zamon,

Oq bu togʻlar domanini xush makon qilgum hame.

 

Koʻzlaringning nuri birla, koʻzlarimning yoshi-la,

Koʻkda naqshi yetti rang – tiru kamon qilgum hame.

 

Eʼtiqod guli

 

Gulbahorda ul guli xushrang bilan gullash kerak,

Togʻu toshlar ichra toshu sang bilan gullash kerak.

 

Gulshan ichra gullamoqning eʼtibori yoʻqdurur,

Darra garchi tangu tordir, tang bilan gullash kerak.

 

Qargʻa bazmi ichra tingan jumla bulbul qasdiga

Xush navolar birla xush ohang bilan gulash kerak.

 

Sen imonu eʼtiqoding toza rang olsin desang,

Ul Zaburu Musʼhafu Arjang bilan gullash kerak.

 

Bu faromushlik ichida garchi gullash koʻp qiyin,

Ham kashokash, ham jadallab, jang bilan gullash kerak.

 

Buzurgmehri Tojiddin

1990 yili Panjakent tumanida tugʻilgan.

 

Toʻrtliklar

 

* * *

Qoʻlingda alamdan may, jom boʻlayin,

Yuzing pishgan olma, men xom boʻlayin.

Komron boʻlsang agar nokomligimdan,

Toki umrim bordir nokom boʻlayin.

 

* * *

Lablaring qizildir sharmu hayodan

Koʻzlaring tiniqdir shaffof daryodan.

Sen mendan koʻz yumib oʻtmoqchi boʻlsang,

Ikki koʻzim yumgum ikki dunyodan.

 

* * *

Husningdan men chandon qissa olgandim,

Men sendan bir shirin gʻussa olgandim.

Erib ketding, chunki zar quyosh kabi

Yuzlaring koridan boʻsa olgandim.

 

* * *

Koʻngil eshigini ochmasman yopsam,

Kulmagin soatdan oldinroq chopsam.

Ertangi kunimdan kechib yuborgum –

Men seni agarki bugundan topsam.

 

* * *

Hijron kunlarini taqdirga yoʻydim,

Jafolar nonidan bezdim va toʻydim.

Qolgan lahzalarning hisob-kitobin

Dilning soatiga topshirib qoʻydim.

 

* * *

Nazarga ilmagum gʻamni, alamni,

Sindirib tashladim yolgʻon qalamni.

Yolgʻizlatib qoʻyding meni olamda,

Yolgʻizlatib qoʻygum men ham olamni.

 

* * *

Holi zorim sheʼrin bilmading bir on,

Koʻzimdan xush kundek boʻlgansan nihon,

Bir umr sen uchun koʻz yoshi toʻkdim,

Koʻz yoshlari kabi kelgin nogahon.

 

* * *

Daryoning izidan ketarman bir kun,

Bu yerning boʻzidan ketarman bir kun.

Bu kun kelgin mening giryon koʻzimga,

Dunyoning koʻzidan ketarman bir kun.

 

* * *

Oʻzgani izlashdan menda parhez bor,

Chunki yor izlashda boʻldim xoru zor.

Yozgan xatlarimning javobi uchun

Toʻyga taklifnoma beribdi bu yor.

 

* * *

Sadoqat degan ul yerni topmadim,

Tulkilar bazmida sherni topmadim.

Bir umr shirin sheʼr izlagan edim

Oʻpichingdan shirin sheʼrni topmadim.

 


Tarjimon – Sayfullo Qulayev 1960 yili Tojikiston Respublikasining Koʻlob viloyati Farxor tumanida tavallud topgan. Dushanbedagi Mirzorahmat Olimov nomidagi respublika rassomlik bilim yurtida tahsil olgan.

Sheʼrlari Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimovning tavsiyasi bilan “Sharq yulduzi” jurnalida eʼlon qilingan.

“Tungi ziddiyatlar”, “Jannat saroyi”, “Osmondagi yer”, “Shamchiroq” kabi sheʼriy toʻplamlari nashr etilgan.

Ayni paytda Tojikiston yozuvchilar ittifoqi tarjima markazining sharq tillari boʻlimi mudiri boʻlib xizmat qilmoqda.

 

“Yoshlik”, 2017 yil 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.