Bir ulugʻ martaba tilayman sizga…

0
241
marta koʻrilgan.

VORISLIK

Har qanday gʻaflatning intihosi bor,

Tong otib, bedorlik boshlangay yana.

Oxiri, gʻam bosgan joyda ham takror,

Shodlik qayta boshdan qilgay tantana.

 

Koʻzga yosh berilgan, barmoqqa uzuk,

Toy bosib kelgaydir otning izini.

Silsila bardavom boʻlmogʻi tuzuk,

Har kim zuryodida koʻrgay oʻzini.

 

Azaliy bu zanjir kelar uzilmay,

Bor boʻlsa, bandasi yoʻqota olmas.

Polapon ulgʻayib, uchmoqlikka shay,

Zargar dastgohi ham egasiz qolmas.

 

Kimdir ezgulik deb tinmaydi, biroq

Kimdir xanjar bilan yoʻlini poylar.

Hayotning mana bu yoʻrigʻiga boq:

Yovuz ham yovuzni himoyat aylar.

 

Bunday vorislik ham nahotki mangu,

Boisin bilolmay, boqurmiz nochor.

Bu dunyo nafis bir chinni ekan-u,

Koʻksida darz ketgan chiziqlari bor.

 

2010 yil 14 aprel

MASAL

Devorlardan oshib,

Tushmay oʻraga,

Boʻri kirib oldi

Bir kun qoʻraga.

 

Qoʻrada yetimcha

Qoʻzi bor edi.

Ona mehriga u

Chindan zor edi.

 

Boʻrining qorasi

Koʻringani choq,

“Onam”, deb yugurdi

Unga qoʻzichoq.

 

Masalning davomin

Oʻzing oʻyla, bas,

Sen qoʻzi emassan,

Yetim ham emas.

 

2010 yil 21 aprel

IRIM

Shunday bir odat bor insonlarga xos,

Mavqei boʻlmasin, mayli, qanaqa,

Turfa balolardan etgay deb xalos,

Elga tarqatadi xayru sadaqa.

 

Seni yomon tushlar qiynar gohi payt,

Buzgay oromingni oʻqtin va oʻqtin.

Deydilar: – Tushingni oqar suvga ayt,

Zahrin olib ketar mavj urgan toʻlqin.

 

Kimningdir omadi yurishmaydi hech,

Tunu kun izlaydi chorayu imkon.

Balki oʻtganlarning ruhlari notinch,

Bitta xoʻroz soʻyib, chiqargaydir qon.

 

Agar ishonsaydim, irimin qilib,

Men ham saqlamasdim dilimda rozni.

Umrim oʻtar edi suvga termilib,

Soʻyib yuborardim qancha xoʻrozni.

 

2010 yil 22 aprel

 

FIL

Shafqat koʻrgizdilar qari bir filga,

Uni zanjiridan qildilar ozod.

Ketdi u oʻrmonga – soʻnggi manzilga,

Xartumini silkib, aylab xayrbod.

 

Qirq yil yogʻoch tashib topdimi qadr,

Har nechuk yashadi xoʻragin oqlab.

Fil-ku ozod boʻldi, lekin negadir

Odamlar zanjirni qoʻydilar saqlab.

 

2010 yil 27 aprel

POYEZD

Sayohatdan topdim ruhimga dalda,

Axir xonanishin kunlardan bezdim.

Men seni betoqat kutdim vokzalda,

Nega kechikasan, mening poyezdim.

 

Olis manzillarda sirli bir diydor,

Sirli chamanlarning iforin sezdim.

Koʻrgim kelayotir ularni takror,

Nega kechikasan, mening poyezdim.

 

Bedor oʻtkazganman qancha tunlarni,

Hijronlar dastidan yurakni ezdim.

Sogʻindim farahbaxsh, oydin kunlarni,

Nega kechikasan, mening poyezdim.

 

Qaydadir halovat, nurli visol bor,

Men uni topay deb bir umr kezdim.

Qoʻlimda safarning chiptasi tayyor,

Nega kechikasan, mening poyezdim.

 

2010 yil 7 may

 

IQROR

Har qanday savolning javobi-ku bor,

Qolgani vijdonga mayli havola.

Garchi boʻlmasa ham aybiga iqror,

Koʻzin olib qochar gunohkor bola.

 

Aslida insonga mardlik xos erur,

Haqqa u doimo koʻksin ochgaydir.

Lekin Alloh nomin eshitsa bir qur

Bandasi koʻzini olib qochgaydir.

 

2010 yil 27 may

 

HASAD

Ijod bilan bandsan kechayu kunduz,

Umr shamol kabi yelaveradi.

Balki payqamassan, ortingdan shu kez

Hasad ham izma-iz kelaveradi.

 

Turmush gʻalvalari, turfa gʻaraz, kin

Holdan toydiradi fil boʻlsang hatto.

Qoʻlingdan qalaming tushadi bir kun,

Hasad oʻz yoʻlidan qaytmaydi ammo.

 

U hayot sahnida izgʻiydi abad,

Och qolgan shoqoldek taʼqib etadi.

Seni bir amallab yiqitgach hasad

Yangi oʻljasini izlab ketadi.

 

2010 yil 9 iyun

 

ISKANDAR VA ShOIR

– Iskandar, – deyishsa tuproqdan shu on

Yuz mingta Iskandar koʻtaribdi bosh.

Aslida bittasin tanigan jahon,

Qolgani shunchaki nomdosh, ismdosh.

 

Yoʻqlama oʻtkazsang agar joʻrttaga,

Ahli shuaroning kasbiga doir,

Mingtasi chiqardi “Men” – deb oʻrtaga,

Aslida ularning bittasi shoir.

 

2010 yil 10 iyun

 

YANTOQ VA TUYa

Yantoqning tomiri uzoqqa ketar,

Bardoshda tengsizdir yantoqxoʻr tuya.

Unisin odamlar tikan deb atar,

Bunisin kamsitar tuyasan, deya.

 

Ularning qismati ajabdir, ajab,

Faqirlik evazi – ozod nafasdir.

Gul boʻlsang qaygadir qoʻyarlar qadab,

Magar ohu boʻlsang – joying qafasdir.

 

2010 yil 10 iyun

 

TOʻRTLIK

Menga yolgʻizsan, deb chimirmagil qosh,

Turfa savdolarga oshnodir bu bosh.

Barcha magʻlubiyat mening doʻstimdir,

Barcha yoʻqotishlar menga qarindosh.

 

2010 yil 17 iyun

 

ESKI MUXLISLAR

Shoirning toʻrt satr sheʼrini aytib,

Bagʻrini chindan ham tigʻlagan avlod.

Oz emas, besh yuz yil nariga qaytib,

Maqomga qoʻshilib yigʻlagan avlod.

 

Koʻhna Varaxshayu Afrosiyobning

Toshini yostigʻin ostiga qoʻygan.

Bir kun och qolsa ham, lekin kitobning

Maʼnosin simirib, magʻziga toʻygan.

 

Siz, eski muxlislar, bormisiz omon,

Siz oʻsha tarixning oh-zoridasiz.

Biringiz Chorsuda ochgansiz doʻkon,

Biringiz “Otchopar” bozoridasiz.

 

Yangi zamonlarni olqishlab sizlar,

Oʻtgan yillarni ham esga olgaysiz.

Turfa xonishlarni tinglagan kezlar,

Yunus Rajabiyni qoʻmsab qolgaysiz.

 

Har bitta davronning oʻz aravasi,

Oʻz dardi, armoni, ashulasi bor.

Mitti nabiraning orzu havasi

Sizning qoliplarga tushmogʻi dushvor.

 

Lekin ishonaman beshak, muqarrar

Yasharsiz nasllar aqlu hushida.

Ular “Munojat”ni kuylashsa agar,

Hazrat Navoiyni koʻrgay tushida.

 

2010 yil 23 iyun

 

DAXLDORLIK

Kuya oʻz uyimdan chiqqan,

Mita ham,

Shukr, suvarak ham begona emas.

Nega gina qilay birovdan, ukam,

Oʻzimniki hatto daryodagi xas.

 

Olis yulduzlarni ayblamang aslo,

Ular belgilamas taqdirimizni.

Goho kimlargadir baxt etsak ato,

Baxtsiz ham qilgaymiz bir-birimizni.

 

2010 yil 10 avgust

 

MARTABA

Bir ulugʻ martaba tilayman Sizga,

Uning mohiyati Haqqa tegishli.

Desinlar, falonchi tegishli bizga,

Vatanga tegishli, xalqqa tegishli.

 

2010 yil 18 avgust

 

 

XALQIM

Men uchun or eding, or boʻlgin, xalqim,

Mudom ezgulikka yor boʻlgin, xalqim.

Oʻzbeksan, oʻzbekday qaddingni kergil,

Norlar orasida nor boʻlgin, xalqim.

 

2010 yil 25 avgust

 

MEHMON

Bu odam kim deya boqmangiz menga,

Shul erur suvratim, shuldir siyratim.

Oddiy mehmon boʻlib keldim zaminga,

Mehmonday ketarman bitsa muddatim.

Tiriklik shavqidan gohida mastman,

Borliq men uchun ham azizdir beshak.

Lekin hech narsani olib ketmasman,

Ketarman bariga silkkancha etak.

 

Koʻnglingiz toʻq boʻlsin, sizga beminnat

Qoldirgum limmo-lim hayot jomini.

Men olib ketgayman dunyodan faqat

Alloh degan bir soʻz – Alloh nomini.

 

2010 yil 12 avgust

 

BERUNIYGA MAKTUB

Termizlik buyuk alloma Ahmad

Usturlobiyning Abu Rayhon Beruniyga

yozgan maktubi maʼlum boʻldi.

 

Ming yillar muqaddam Xorazm tomon

Ahmad Usturlobiy yubormishdir xat.

Yosh olim Beruniy topsa gar imkon

Kelib ketsin, demish, Termizga albat.

 

Demish: “Fazolarni oʻrganmoq uchun

Usturlob yasadik, yaratdik dastur.

Shoyad, zehnimizdan sachragan uchqun

Sizdek iqtidorga boʻlolsa manzur”.

 

Ajabo, oradan asrlar oʻtib,

Men koʻrib turibman xatni zohirda.

Kecha Toʻytepadan yoʻllangan maktub

Bugun oʻqilganday Shayxontohurda.

 

Chindan ham oʻchmagay taralgan bir bong,

Soʻnmas buyuklarning oʻtli kalomi.

Dafʼatan hayajon uygʻotsa ne tong

Hatto maktublarda bitilgan nomi.

 

Siz dersiz, shunchalar noyobmi bu hol,

Har kim ham yoʻqlagay doʻstni – mahbubni.

Bir kunda har qanday odam ehtimol

Yozishi mumkindir mingta maktubni.

 

Lekin oʻz maqomin buzmagan hayot,

Uning oʻlchovlari qatʼiy, mustahkam.

Har kuni tugʻilmas Beruniydek zot,

Har doim uchramas Usturlobiy ham.

 

2010 yil 10 sentyabr

 

MANZARA

Ikki tobut chiqdi bitta koʻchadan,

Qazoga xos edi gʻamgin manzara.

Kimlardir qarasa goʻsha-goʻshadan,

Kimningdir qalbida silqidi yara.

 

Azaldan barchaga tanish ushbu hol,

Davom etib kelar Odam Atodan.

Marhumning hurmati boshlanar darhol,

Garchand xoli emas hech kim xatodan.

 

Lopillab ketardi ikki tobut ham,

Lekin bir holatdan junjikdi etim:

Birining ortida tumonat odam,

Birining ketida toʻrt nafar yetim.

 

Holbuki, bir xildir ayriliq, firoq,

Umr ham oʻtkinchi, oqqan soy edi.

Odamlar ularni farqlashdi biroq,

Biri yoʻqsil edi, biri boy edi.

 

2010 yil 19 sentyabr

 

ODDIY ODAM

Iltimoslar tushar tez-tez menga ham,

Biri oʻqish deydi, ish deydi biri.

Ularning koʻplari sodda chinakam,

Soddalikdan boʻlak yoʻq hech bir siri.

 

Men-ku ular bilan piyoda, yayov

Ketishga tayyorman Hirotga qadar.

Lekin qoʻlimda bor na qudrat, na dov,

Oddiy odamdirman, bilsangiz agar.

 

Aslo ajablanmang kimligim koʻrib,

Kuchim yetar balki sheʼriy nidoga.

Men faqat siz bilan yonma-yon turib,

Iltijo qilishim mumkin Xudoga.

 

2010 yil 11 oktyabr

 

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.