“Bir shoir yashaydi sendan uzoqda…”

0
238
marta koʻrilgan.

Intiqom YASHAR,

Ozarbayjon

 

Intiqom Yashar 1990 yil 3 oktyabrda Ozarbayjon Respublikasining Gedebay tumanida tugʻilgan. Bir qator kitoblari Ozarbayjon va Turkiyada chop qilingan.

 

Darvesh

Shoyiq Valiga

 

Qalbi ham bizdandir, qoni ham bizdan,

Bir darvesh yashaydi ichimizda jim.

Xilvatda hammamiz unga talpindik,

Yoʻq qilmoq istasak, biz unga bandi.

 

Bu darvesh otayu bobomiz kabi,

Bizga yoʻl koʻrsatgan mayoq odamdir.

Bu darvesh bizlar jim mudragan payti

Oramizdagi eng uygʻoq odamdir.

 

Doʻst-tanish oldida qochamiz undan,

Sanaymiz u bizga yamoq odamdir.

Uni yaqin deya tanishtirmoq-chun,

Soʻrasalar dedik – “yiroq odamdir”.

 

Bizdan ranjimaydi, bezovta qilsak,

Tomchidir balki u, balki dengizdir.

Chunki, ishimizga bermaydi xalal,

Nafratimizga ham indamaydi u.

 

Qalbi ham bizdandir, qoni ham bizdan,

Bir darvesh yashaydi ichimizda jim.

Xilvatda hammamiz unga talpindik,

Yoʻq qilmoq istasak, biz unga bandi.

 

 

Aytarsan: “Unutdim…”

 

Mening qoʻllarimdan bir qoʻl sovidi,

Sening koʻzlaringda bir boqish soʻnar,

Aytarsan: “Unutdim”, aytarman: “Unutmadim”.

 

Taqdir zarbiga chap berolmasam ham,

Yolgʻonlar soʻzlaysan: “Hayot goʻzaldir”,

Aytarsan: “Unutdim”, aytarman: “Unutmadim”.

 

Meni dunyolar yoʻqotdi baxtlar ichinda,

Senga hech ne boʻlmas, kimni izlayapsan,

Aytarsan: “Unutdim”, aytarman: “Unutmadim”.

 

Har kun xotiralar bilan yashadim mahzun,

Qaytishing istayman… toʻqnashsa nigohlarimiz,

Aytarsan: “Unutdim”, aytarman: “Unutmadim”.

 

Qarshimda yillar oʻtishin angladingmi sen,

Qarshingda yillar soʻnishin angladimmi men,

Baribir…

Aytarsan: “Unutdim”, aytarman: “Unutmadim”.

 

 

Toʻrt devor

Doʻstim Moyilga

 

Toʻrt devor azobi, toʻrt devor gʻami,

Kechalar insonning jonini olar.

Azador kunlari yodiga tushib,

Mahbusning koʻzlari koʻzyoshga toʻlar.

Hayotdan umidin uzmaslik uchun,

Koʻzlari yoʻllarda oqshom to sahar.

Umrining kunlarin yolgʻizlatmay deb,

Unga yoʻldosh boʻlar achchiq gʻam-xatar.

Taqdirning hukmiga kelolmaydi bas,

Bu kun yarasiga bormikan davo.

Shundoq ham biladi, yoʻqdir chorasi,

Faryod cheksa koʻkka yetadi goʻyo.

Toʻrt devor azobi, toʻrt devor gʻami,

Kechalar insonning jonini olar.

Azador kunlari yodiga tushib,

Mahbusning koʻzlari koʻzyoshga toʻlar.

 

***

 

Koʻchalar…

qoʻl ochib odam tilanar,

Koʻchalar…

koʻzimda kezar sargardon.

Zamonning unutilmagan ogʻriqlari jim

Yodimga soladi yoʻqliging.

Koʻzlarimda rangi soʻlmas ming haqiqat bor,

Ming bir yolgʻon.

Oʻzimdan qasos oladi tinmay

Umrimga kechikkan odam.

Buni na sen tushunasan, na bir boshqasi.

Haqiqat taraf qadam tashlab yiqilmoq,

Senga bir qadamda yaqinlashmoqdir,

Mening tizzamdagi yaralar qadar,

Yiqilmoq koʻzimni qoʻrqitmas…

 

 

 

***

 

Bir shoir yashaydi sendan uzoqda,

Bir shoir oʻziga koʻz-qosh izlaydi.

Bir shoir yashaydi sendan uzoqda,

Bir shoir oʻziga yoʻldosh izlaydi.

Dardlari dardiga oʻxshaganidan…

 

Bir shoir yashaydi sendan uzoqda,

Bir shoir koʻksida yara boʻlibdi.

Bir shoir yashaydi sendan uzoqda,

Bir shoir koʻrgin-a, xarob boʻlibdi

Dardiyu gʻamining sarhadlari yoʻq…

 

Bir shoir yashaydi sendan uzoqda,

Bir shoir boshlagan orzu-sirida.

Bir shoir yashaydi sendan uzoqda,

Bir shoir… hech ne yoʻq oʻz taqdirida.

Endi bir qabrlik yerdir orzusi…

 

 

Agar uygʻonmasam…

 

Agar uygʻonmasam

Bu tosh shaharda,

Yurakdan ismimni xotirla har dam.

Qaydadir men haqda soʻz-suhbat boʻlsa,

Degin: tanir edim, ketdi shahardan…

Qoʻy, doʻstlar ham biroz seni qiynasin,

Desinlar: u odam dunyodan oʻtdi.

Sen esa soʻzingdan qaytma, azizim

Degin: dunyodanmas, shahardan ketdi…

Keraksa, hammani qaytar soʻzidan,

Hamma odamlarga havasim kelar –

Har onda sen bilan birgadir ular,

Taqdiri kuladir, omadi kular.

Yolgʻonchi boʻlmayman,

Xavotir olma,

“Keladi” deyishar, “oʻldi” demaslar.

Qara, ular qanday insoflidirlar,

Meni unutishing hech istamaslar…

 

 

Bu shaharda

 

Bu shaharda ochiq panjara koʻrmaysan,

Panjaralar ortida hibs qilingan koʻzlar koʻrarsan,

Hur koʻchaga tikilgan boqishlar va xayqiriqlar

holsiz-holsiz…

 

Bu shaharda sevinchdan porlagan yuz koʻrmaysan,

Yuzlarda bir gʻamli qismat koʻrarsan,

Umrning oʻtmish xotiralari aylanar

ojiz-ojiz…

 

Bu shaharda ozod koʻcha koʻrmaysan,

“Ozodlik ishlari eshikdan narida” sarlavhalarga bezanganin koʻrarsan…

Sarlavhalar sari ichkari kirsang

Tilkalangan yuraklarning parchalarin koʻrarsan,

Kimlarning ozodlik hatto marhum suratlariga ham yetmas…

 

Bu shaharda ozod nigoh koʻrmaysan,

Soʻnggida oʻqilgan bir hukm koʻrarsan,

Yozilgan hukm varogʻi ham hatto emas HUR.

Bu bizning shahar…

…tushlardan asragin, Ilohim!

 

 

Tinchlanarsan

 

Baʼzan qochib ketmoq istaysan bu shahardan,

Yuraging qoʻllaring kabi sovuq qotganda…

Soʻngggi soʻzi “afsus” boʻlar dunyolarning…

Bundan boshqasiga yetmas ham kuchi.

Qahr boʻgʻar, chirpanasan tor qafasingda

Voh, yodingda bir ism soʻnar, unutilar har nafasingda…

Tinchlanarsan…

Har harfidan maʼno izlagan dunyolaring,

Qara, sovuq qotirdi-ku qoʻllaringni.

Habaring yoʻqday

Behisob azoblarni sekin-asta jamlaysan,

Birontasi qolmagay sensiz.

Koʻzlaring qoʻllaringga ishonar,

Sovuq qotgan qoʻllaringga…

Suyanasan bir devorga oh tortib asta.

Deysan:

“Oz yashadim, biroz qiynaldim va koʻp… koʻp sevdim…”

Yaxshiyamki suyanishga bir devor bor…

Tinchlanarsan…

 

 

Ozar tilidan

Rahmat BOBOJON

tarjimasi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.