“Bir kun boʻldim onam yonida…”

0
203
marta koʻrilgan.

ONA DUOSI

 

Safar qilsang oq yoʻl, bolam, omon yur,

Razildan qoch va oqillar tomon yur,

Ukalaring sogʻintirmay kelib tur,

Hech boʻlmasa ikki enlik xat bit, bolam.

 

U yoqlik ham oʻzimizday xilma-xil,

Yaxshilikda hamma qoʻshni hormas bil,

Bir doʻstni deb bir doʻstingni sotmagil,

Doʻst orttiru doʻstlaringni teng tut, bolam.

 

Igʻvogarning quloqlari juda uzun,

Xiyonat bu – oʻylamasdan aytgan soʻzing,

Oʻylaringni aytar koʻzgu ikki koʻzing,

Bad oʻylarni boshginangdan irgʻit, bolam.

 

Dongi chiqmas bir yakka ot – yolgʻizlik,

Oʻz juftidan judo qanot – yolgʻizlik,

Aytib boʻlmas unsiz faryod – yolgʻizlik,

Yolgʻizlanma, yaxshilarni doʻst tut, bolam.

 

Safar qilsang, uydan koʻngling toʻq qilgin,

Lekin gʻiybat bor joylarda yoʻq boʻlgin,

Shoir boʻlsang yomonlikka oʻq boʻlgin,

Dardlilarning dillarini yorit, bolam.

 

Elga qalbing bergan qalbning bunyodisan,

Sen zahmatga egiz xalqning zuryodisan,

Pastlik qilma Alpomishning avlodisan,

Muhtojlarning gʻamlarini arit, bolam.

 

Yoʻling ochiq boʻlar, boʻlsang sen ochiq qoʻl,

Ovmin endi, polaponim, senga oq yoʻl,

Bir tilagim: qayda boʻlsang salomat boʻl

Va uydagi erkaliging unut, bolam.

 

 

OʻZBEKISTON ONASI

 

Yurt deb yongan onam

Qarib qoldilar

Men bir dalli devona

Qaylardadir kezdim

Sarosar

– Kel uyga keraksan, oʻgʻlim

– Kerakman yurtga ham

– Kim u? Onasi bormi

Tomogʻimga nedir tiqilar.

 

– Bor demayman, bor ona!

Oʻgʻli esa poyingga yiqilar.

 

 

QISHLOQDAN QAYTISH

 

Atrofimda qushlarning sasi,

Ado boʻlib bormoqda sahar.

Silkinadi qirlar yelkasi

Toʻlqin otib chopar maysalar.

 

Sezdirmay deb onam koʻz yoshin,

Sekin-sekin ortda qoladi.

Lutfiga zor boʻlib quyoshning

Ufqning ham bagʻri yonadi.

 

Oldida kular tashvishlar doim,

Ortda qolar iqbolim biroq.

Ortda qolar tugʻilgan joyim,

Chamanlarga oʻrangan qishloq.

 

Oʻksib-oʻksib undan izladim,

Begʻubor dogʻ – goʻdak izlarim.

Changlar koʻmgan jajji hislarim,

Nafasimning otash islarin.

 

Hijron meni bir kun sogʻindi,

Bir kun boʻldim onam yonida.

Visol menga bir kun sigʻindi,

Bir kunga gʻam oʻldi qonimda.

 

Ado boʻlib bormoqda sahar,

Atrofimda qushlarning sasi.

Toʻlqin otib chopar maysalar,

Silkinadi qirlar yelkasi.

 

Yoʻldosh ESHBEK

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.