“Bilim senga boʻlsin yor”

0
142
marta koʻrilgan.

Momaqaldiroq

 

Yer ostin-ustunmi yo

Gumburlar butun dunyo?

Tunda momaqaldiroq

Badanimda qaltiroq.

Nega hamma jim yotar:

Dadam xurrakni otar,

Oyim uyquga choʻmgan,

Oyim koʻzini yumgan,

Goh turib, goh yotaman,

Yana oʻyga botaman.

Ichimdan ketmas titroq,

Gumbur-gumbur hammayoq.

Chopaman buvim tomon:

– Turing buvi, buvijon!

Buvim beradi ovoz:

– Uxlashga qoʻygin biroz.

– Buvi, qoʻrqaman, axir, –

Buvim “uh” tortar ogʻir.

– Uxla, senda yoʻq gunoh,

Tegmas momaqaldiroq.

Buvim bilmas-da, biroq,

Menda juda koʻp gunoh.

Vujudim bosar dahshat,

Badanim titrar qalt-qalt.

Yana biroz yotaman,

Buvimni uygʻotaman.

– Buvi, menda gunoh bor:

Maktabdan qochdim bir bor.

Singanda tunggi chiroq,

Berkitib qoʻydim yiroq.

Murabbongizni kecha

Ochib, yeb koʻrdim picha.

Yasayotganda guldon

Bilmay qirqdim dasturxon.

Varrak yasab Abbosga

Yelim toʻkdim palosga.

Koʻrinmasin deya dogʻ

Uni bukladim shu chogʻ.

Kundalikka peshma-pesh

Oʻzim qoʻydim uchta “besh”…

…Buvim qimirlay boshlar

Jahldor nazar tashlar.

Soʻng, hayron qolib biroz,

Deydi: – Toʻxta, iltimos!..

…Tindi momaqaldiroq.

Ammo tinmas qaltiroq,

Sirim ochildi, e, voh!

 

Ketkazyapmiz boʻyoqni

 

Dadamiz turli rangga

Boʻyaganda ayvonni,

Biz ham qarab turmadik,

Boʻyavordik narvonni.

Dadam tushlikka chiqib,

Miriqib dam olganda,

Choʻtkalaru boʻyoqlar

Ayvonchada qolganda,

Bir burda non tishladik,

Boʻyoqchidek ishladik,

Gultuvakni boʻyadik,

Soʻng pufakni boʻyadik,

Keyin koʻzdan kechirib

Koʻylagimiz matosin,

Gullar chizib tuzatdik

Boshqalarning xatosin.

Roʻparamizda shu chogʻ

Paydo boʻldi qoʻzichoq.

Avval, biroz oʻyladik,

Soʻng, uni ham boʻyadik.

Qarab tursak qoʻyimiz

Onalikka yaramas.

Qoʻzichogʻi boʻyalgach,

Bolasiga qaramas.

Narvonchaga oʻtirdik,

Ayvonchaga suyaldik.

Oʻzimiz ham, toʻgʻrisi,

Turli rangga boʻyaldik.

Dadam bizni tanidi,

Shiqillatdik tuyoqni.

Endi soʻzdan chiqmasdan

Ketkazyapmiz boʻyoqni.

 

Harfga hurmat

 

Alifboda nechta harf

Oʻyla, aqling qilib sarf?

Goʻyo koʻzu burni bor,

Har harfning oʻz oʻrni bor.

Har bir harf buyuk erur,

Har qaysi juda zarur.

Adashtirmagin zinhor,

Bilim senga boʻlsin yor.

Bitta harf oʻzgarsa, koʻr,

“Kar” toʻsatdan boʻlar “koʻr”.

Adashtirsang “i”ni, bil,

“Koʻr” boʻlib qoladi “kir”

“B” harfsiz gavjum “bozor”,

Keltirar dilga “ozor”.

Yugurgan chopqir “jayron”,

Bir harf deb boʻlar “vayron”.

Hatto, sogʻlom, kuchli “fil”,

Harf oʻzgarsa boʻlar “sil”.

“Pul” aylanadi “kul”ga,

“Tol” aylanadi “tul”ga.

Hattoki, shirin “bola”,

“B” harfsiz boʻlar “ola”.

Shunday holga keldim duch,

Bitta harfdan hatto “kuch”

Oʻzgardiyu, boʻldi “puch”.

“P” qochdiyu, qoldi “uch”.

Qish yozdi bir soʻzni “muz”

Bahor toʻgʻriladi “buz”,

Qish yana yozdi “ayoz”

“A”siz “ayoz” issiq “yoz”.

Har bir harf shunaqa zoʻr,

Ishonmasang sinab koʻr.

Degin, shoʻrva muncha zoʻr,

Bir harf bilan udir “shoʻr”.

Harfi oʻzgarsa biroq,

“Qovoq” ham chinni “tovoq”.

Bir harf deb butun “qishloq”

Boʻlib qoladi “pishloq”.

“Kun” aylanadi “tun”ga

Ishonmaysanmi bunga?

Axir, boʻlar torga os,

“D” oʻzgarsa dorga os.

Neni osamiz torga,

Kimni osamiz dorga?

“D” harfi aytar shartta,

Savodsizni, albatta.

Osmasak ham yozamiz,

Kitob qilib bosamiz.

Yalinmasin ham hatto,

Boshqa qilmasin xato.

Shunday ekan, azizlar,

Savodli boʻling sizlar.

Har doimo, albatta,

Boʻling harfga hurmatda.

 

Kavsar TURDIYEVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.