Bedorlik

0
723
marta koʻrilgan.

Senga ming tashakkur, gʻaflat tazodi,

Shirin tuhfang – achchiq azoblar uchun.

Sendan rozidirman ikki dunyoda,

Sen bois chun ikki umrim ziyoda.

Shavqu darding bilan bor boʻl, uygʻoq tun.

  

JUMADAN QOLGAN ODAM

(Bidʼat tarixidan bir lavha)

 

Bu sizga bir hikoya:

Chorak asr muqaddam

Oʻsal yotar edi chol,

Soʻnar edi misli sham.

Uzoq-yaqin qarindosh

Atrofida boʻlib jam

Vido aytar edilar

Qadlar egik, koʻzlar nam.

 

Kecha soppa-sogʻ edi,

Ey, voh, qismat ekan-da,

Ajal boʻgʻib turibdi

Ogʻzi oshga yetganda.

Falak irodasi shu,

Ne qilsin shoʻrlik banda,

Azal taqdir buyrugʻi

Barobar hammaga ham.

 

Ha, oʻlmoq bor muhaqqaq

Har kimsaning boshida,

Lekin oʻlmoq savob-ku,

Paygʻambarning yoshida.

Yana erta juma kun

Turgay mehrob qoshida,

Yaxshi kundan buyurdi,

Moʻmin edi va hotam.

 

Kampir taxmonni ochdi,

Kafanlikni oldilar.

Erkaklarga toʻn, belbogʻ

Axtarishib qoldilar.

Katta uy oʻrtasiga

Oʻlikka joy soldilar.

Hovliyu eshik oldi

Supurildi zap shinam.

 

Qori pochcha keldilar

Darbozadan yoʻtalib.

Yuvgʻuchi hozir boʻldi

Boʻyrasini koʻtarib.

Amma samovar qoʻydi

Tarashani tutatib.

Tongdan tumonat kelsa

Shoshib qolmaslik – shu gʻam.

 

Qaznokdan chiqarildi

Maʼrakaning uni ham,

Tugib qoʻyildi tayyor

Domlaning tuguni ham.

Belgilandi hattoki

Yigirmaning kuni ham,

Hamma narsa badastir,

Faqat bitta oʻlik kam.

 

“Puxovoy” roʻmol bilan

Xola bogʻladi belin,

Xabarlashga boshladi

Har kimoʻz urugʻ – elin.

Janjallashib ham oldi

Oʻrtada ikki kelin,

Alam oʻtgan hiqillab

Yigʻlar edi: “Voy, dodam!”

 

Hech kimsaning ishi yoʻq

Dardga mubtalo bilan.

Qizlar sandiq bilan band,

Kampirlar duo bilan.

Bir vaqt tunni uygʻotib

Chinqiriq sado bilan

Chiroqlari pirpirab

Kelib qoldi “Tez yordam”.

 

Hamma suyunib ketdi,

Deb oʻylarsiz, bor boʻling!

Yon qoʻshni Jannat bibi

Doktorning toʻsdi yoʻlin,

Toʻngʻich qiz dono boʻlib,

Tutdi hamshira qoʻlin:

“Igna sanchib qiynamang,

Tayyor yotibdi otam.

 

U doim oz ogʻrigʻu

Oson oʻlim tilardi.

Bobomdek oltmish uchda

Oʻlishini bilardi.

Ayniqsa juma kunni

Koʻp iltijo qilardi,

Murodi hosil boʻldi,

Oyoq choʻzsin xotirjam”.

 

Doktor quloq solmadi,

Boʻsh kelmadi hamshira,

Boʻsh kelmadi, nol uchga

Xabar qilgan nabira.

Lipillab turgan u sham

Shu tun boʻlmadi tiyra,

Oʻsal koʻzini ochdi,

Jumadan qoldi motam.

 

Ertalab ikki oʻgʻil

Ishga ketdi soʻppayib,

Devor tagida tobut

Qolaberdi doʻppayib,

Yurgancha yuraberdi

Ikki kelin xurpayib.

Janjalning boisini

Ikkov ham aytmas, dam-dam.

 

Yana koʻp juma oʻtdi,

Oy-yillar oʻtdi qator,

Sakson sakkizga bordi

Oʻldiga chiqqan bemor.

Har yoshiga bir tanob

Bogʻ oʻstirdi mevazor.

Yuzni moʻljallab turar

Jumadan qolgan odam.

 

Nabiralar soni ham

Yuzga bordi, chamasi,

Har juma chol uyida

Yigʻiladi hammasi.

Kelar doktorni quvgan

Xonadonning ammasi,

Kulib-kulib eslashar,

Har juma boʻlar bayram.

 

Mana, yashab yuripti,

Umri ekan ziyoda.

Uni oʻldi deganlar

Koʻplari yoʻq dunyoda.

Jannat bibi jannatga

Ketdi bultur javzoda,

Qorini oʻn yil burun

Olib ketgan zotiljam.

 

Baqar yili tuproqqa

Qoʻygan goʻrkov doʻstini,

Chol oʻzi toʻgʻrab bergan

Yil oshining goʻshtini.

Qadrdondan yodgor deb

Oʻz qabrining ustini

Gul qilib, tiklab qoʻygan

Kichkina sagʻana ham.

 

Chol aytar, oltmish uch ne,

Sakson sakkiz nimadir,

Umr goʻyo daryodan

Suzib oʻtgan kemadir.

U sohilga yetmoq bor

Payshanbadir, jumadir,

Lekin jadallashtirish

Bunda ne kerak, boʻtam?

 

Shoshmanglar, u dunyoni

Koʻrdim, uncha yoqmadi,

Ravzai Firdavs ichra

Obi kavsar oqmadi.

Kampirim durust ekan,

Hurlar menga boqmadi.

Arazladim, qaytvordim

Toʻgʻri kelmadi Eram.

 

Bolalarim, soʻnggi gap:

“Yotib qolsang, yot kuymas,

Bir-birovni avaylang,

Oʻlgan bilan yer toʻymas.

Endi siz oʻltiringlar,

Men havoda bir nafas…”

Deru oʻrnidan turib

Bogʻ sari qoʻyar qadam.

1987

 

 

BIZDAN KEYIN HECh BIR AVLOD QAYTA QURMASIN

 

Olgʻir uchun qayta qurish –

Bir qozon shoʻrva,

Eldan burun kosa olib

Chopmoq boʻladi.

Xudbin uchun qayta qurish –

Kattakon koʻrpa,

Bir amallab oʻz ustini

Yopmoq boʻladi.

 

Johil uchun qayta qurish –

Nayza urmoqdir,

Eng qobil, eng pok yurakni

Nishonga olib.

Bizning davron keldi deya

Dimogʻi chogʻdir,

Biladiki, tosh billurdan

Hamisha gʻolib.

 

Qayta qurish –

Safsataboz uchun bir cholgʻu,

Unga eski ohanglarni

Tez jo qiladi.

Bir xil tingʻir-tingʻirini

Chalaberib u,

Eng tabarruk qoʻshiqni ham

Rasvo qiladi.

 

Byurokratga qayta qurish –

Dorbozlik demak,

Muvozanat langar choʻpin

Qayerdan tutsin?

Bugun omon, erta tamom,

Shirin jon halak,

Tarix ortga qaytmas,

Shoʻrlik nimani kutsin?

 

Qayta qurish –

Omadi yoʻq shoirga – quduq,

Iskandarning shoxi bor deb

Sekin aytadi.

Bu qudukda qamish unmas,

Gapdan foyda yoʻq,

Faqat qorin shishganini

Yozib qaytadi.

 

Bu boshliqqa qayta qurish –

Shaxmat oʻyini,

Har kun shaxmat donalarin

Qayta terar u.

Kollegiya eslatadi

Devlar toʻyini,

Nechta jonni yanchganidan

Raport berar u.

 

Koʻr tutganin qoʻymas ekan,

Eshitganin kar,

Bu odamning miyasida

Besh-oʻnta shior.

Kommuna deb atar boʻlsa

Ochlikni agar,

Prinsipga sodiq –

Ochdan oʻlar baxtiyor.

 

Bu olimni –

Zambarakka oʻxshatish mumkin.

Orqa bilan jangga kirar –

Sababi ayon.

U orqaga qarab turib

Oʻtmishning mulkin

Toʻpga tutsa

Qolar tarix oʻrnida toʻzon.

 

Derlar: ursang eti qotar,

Gar soʻksang – beti,

Odamzod ham aylanar yer

Kurrasi bilan.

Bu kas avval orden bilan

Maqtanar edi,

Bugun esa maqtanadi

Gʻurrasi bilan.

 

Har ogʻizga bir-bir kuydik

Biz achchiq dori,

Oʻzimiz-chi?

Oʻzimizga

Ne qayta qurish?

Biz uchun u ombir!

Ogʻriq tishlar qatori,

Miyamizda zanglab qolgan

Mixni sugʻurish.

 

Qayta qurish – ketmon,

Bir vaqt pastdan yuqori

Qazilgan u ters ariqni

Oʻrniga burish.

U – buldozer –

Manmanlikdan topilgan bari

Illatlarni kechagi kun

Jariga surish.

 

Hoʻjakoʻrsin qabristoni,

Yolgʻon mozori,

Egasizlik goʻrin yasash –

Bu qayta qurish.

Olam aro uch minginchi

Yillar sardori

Vatanga mos oʻrin yasash –

Bu qayta qurish.

 

Men uchun u derazadan

Kirgan shamoldir,

Bu shamoldan qogʻozlarim

Aftodaholdir.

Ular uchar, men ortidan

Qarab turaman,

Sheʼrim, endi men ham seni

Qayta quraman.

 

Kunlar koʻrdik,

Ostonada turgan isteʼdod

Bizning koʻrgan u kunlarni

Qayta koʻrmasin.

Shunday qayta quraylikki,

Endi umrbod

Bizdan keyin hech bir avlod

Qayta qurmasin.

1988

 

 

ESKI HAMMOM, ESKI TOS

 

Qayta qurish xususida

Olam uzra jarangos,

Davralarda bahslar qizgʻin,

Bahslarda zoʻr ehtiros.

Koʻp orzular topdi hayot

Koʻzgusida inʼikos,

Ammo bizning tomonlarda

Hali faqat gap, xolos,

Hayot esa oʻsha-oʻsha:

Eski hammom, eski tos.

 

Avvalgidek yil boshida

Yil rejasin bichamiz,

“Bajaramiz” qasamini

Yaxna choydek ichamiz.

Soʻng oʻn bir oy sustkash umr

Daryosida kechamiz,

Yil soʻngida: “hayda-hayda”,

Oy soʻngida: “bos-ha, bos!”

Qoidamiz oʻsha-oʻsha:

Eski hammom, eski tos.

 

Biz majlissiz yasholmaymiz,

Majlisga ham plan bor,

Majlis dema – janggoh! Seni

Piypalashga gilam bor,

Sodda boʻlma, u gilamga

Tayyorgarlik bilan bor,

Chap berishni, chalishni bil,

Javob zarbin oʻrgan xos.

Ishni boʻlsa… ish maʼlumgap:

Eski hammom, eski tos.

 

Kimga kerak tashabbuskor,

Bilguvchi yoʻl-yoʻriqni?!

Tashabbuskor ishni buzar

Kutmay yuksak buyruqni.

Bizlar esak – kamtar odam,

Qovushtirib qulluqni,

Jim turamiz, bilamiz-da,

Jim turishga bor asos.

Bizga asli juda maqbul

Eski hammom, eski tos.

 

Qanday asos, dersiz. Rahbar

Soʻzi doim soʻz boʻlgan,

Unga “qarshi”, “betaraf” yoʻq,

Ovoz doim yuz boʻlgan,

U istasa ikki besh qirq,

Ikki oʻn toʻqqiz boʻlgan,

Tarixga boq, rahbaringni

Shahanshohga qil qiyos,

Aʼyonlaru gumashtalar…

Eski hammom, eski tos.

 

Kimki baland uchmoq boʻlsa,

Boʻlsa ham u otamiz,

Aslo parvoz qildirmaymiz,

Oyogʻidan tortamiz,

Amallaymiz, boʻyniga bir

Malomatni ortamiz.

Deymiz, seni biz ehtiyot

Qilmoqdamiz, Mirgʻiyos,.

Baland uchma! Tinch senga shul

Eski hammom, eski tos.

 

Bozorimiz oʻsha bozor,

Oloy, Eski Joʻvamiz,

Maqol oʻsha, pul boʻlsa gar

Changaldadir shoʻrvamiz.

Bir toʻrva pul bilan tushsak,

Toʻlib chiqmas toʻrvamiz.

Barakalla, epchil yigit,

Qandingni ur, Mirvaqqos,

Kasbing oʻsha, nafsing oʻsha:

Eski hammom, eski tos.

 

Doʻkonimiz oʻsha doʻkon,

Unga ham hech rivoj yoʻq,

Pul changallab, koʻngildagi

Mol topishga iloj yoʻq,

Turmush derlar, bola-chaqa,

Kimda ham ehtiyoj yoʻq,

Har yulgʻichga quyuq salom,

Har oʻrridan iltimos.

Holatimiz oʻsha-oʻsha:

Eski hammom, eski tos.

 

Sodda, moʻmin odamlarmiz,

Koʻngilda yoʻq kirimiz,

Olamhayron, anglolmas ne

Bu yuvvoshlik sirimiz.

Biz jim turdik, oʻldi Orol,

Bitdi Amu, Sirimiz,

Avlodlarga qolar boʻldi

Zaharlangan yer meros,

Dod faryoddan ne naf, amal –

Eski hammom, eski tos.

 

Farzandlarni biz ne uchun

Keltiramiz dunyoga

Aqlu qalbin, umru baxtin

Toʻldirmasak ziyoga?

Tugʻdirmogʻu tugʻmoq bizdan,

Qolgan umri xudoga.

Yana baxtli bolalikdan

Solurmiz ayyuhannos.

Nahot, boʻlgay ertamiz ham

Eski hammom, eski tos.

 

Xoʻp ish boʻldi, oʻzbekmas deb

Aytdik Ibn Sinoni.

Gar moʻjiza tiriltirsa

Ul tabarruk siymoni,

Bolalarning oʻlimidan

Qirq gaz sakrab imoni,

Derdi, naslim, bilmadimyo,

Papuasmi, eskimos.

Gaplar oshkor, ishlar esa

Eski hammom, eski tos.

 

Bizga ishdan hech gapirmang,

Gap sotishga ustamiz,

Yuk tortishmas, birovlarga

Yuk ortishga ustamiz.

Oʻlganlarning orqasidan

Tosh otishga ustamiz,

Tirigida deymiz faqat

Paygʻambarlik sizga xos.

Yaltoqilik oʻsha-oʻsha:

Eski hammom, eski tos.

 

Dilimizda gapimiz koʻp,

Aytgan bilan bitmaydi,

Lekin dardlar chorasiga

Gapning oʻzi yetmaydi.

Bundan buyon aravada

Jimoʻtirish ketmaydi,

Yoʻqsa, tarix bir kun bizdan

Olajakdir alqasos,

Nasibamiz boʻlgay mudom:

Eski hammom, eski tos.

1988

 

 

DIAGNOZ

 

Qishloq doktorining aytganlari

 

Hamma bilar:

Tibbiy ilmda

Ovrupodan ancha yiroqmiz.

Hamma balo, mening nazdimda,

Diagnoz qoʻyishga noʻnoqmiz.

Deylik,

Bemor boshida ogʻriq,

Bu – charchoqdan.

Kim der: dam olgin?

Yuboramiz, tekshirmay ortiq,

Dumbasidan toʻrtta analgin.

Kasal koʻrib,

Aytamiz – buyrak!

Naq Luqmonning oʻzi singari.

Oʻligini soʻng yorib koʻrsak,

Ilma-teshik chiqar jigari.

E, jigarning ishi koʻp nozik,

Qishlokda yoʻq, asli, sogʻ odam.

Deylik,

Toʻgʻri diagnoz qoʻydik,

Tepki yeymiz raykom togʻadan.

“Siyosiy ong qani, – deydi u,

Dehqon sogʻlom!

Dehqon – chavandoz!

Dalada yoʻq zaharlik doru,

Diagnozi shamollash deb yoz!

Sariq kasal koʻpmi? Kamaytir,

Chorani men aytmay oʻzing top.

Men emas, sen doktorsan, axir,

Oʻqish kerak gazet va kitob”.

Ne yozilgan anov shiorda?

“Paxtazor – bu janggoh”, boʻlsin yod!

Janggoh boʻlgach, qurbon ham bor-da

Bor zotil jam, zaharlanish, bod…

Shundoq.

Bizlar tibbiy ilmda,

Ovrupodan ancha yiroqmiz.

Hamma balo, mening nazdimda,

Diagnoz qoʻyishga noʻnoqmiz.

Holimiz shu,

Ne uzrimiz bor?

Bizning xato zavol degan soʻz.

Aslida-ku jamiyat bemor,

Kimlar qoʻyar unga diagnoz?

Uni davo qilguvchi kimlar?

Ne savdolar bordir boshida –

Biz singari noshud hakimlar,

Zoʻr tagʻolar tursa qoshida.

Kelajakning jarrohi bir kun

Aytmasin-da, oʻtib zamonlar:

 – Bu yurt dardi boshqa edi-ku,

Hayf sizlarga, johil luqmonlar!

1988

 

 

UYATChANLIK

 

Bu qaltis dard,

Ziyrak boʻling,

Belgilari ayondir:

Bosh sal egik, qoʻl koʻkrakda,

Til chuchuk, yuz alvondir.

 

Ularga koʻp duch kelganman,

Koʻnglim darhol sezadi.

Uyatchanlar odob bilan

Yuragimni ezadi.

 

Mana, unga qarang!

Xushroʻy,

Moʻmingina boladir.

Poraxoʻrmas, qoʻlingizni

Qaytarolmay oladir.

 

Doʻkondor hamkoʻp uyatchan,

Qizil qogʻoz qasdida

Bosh koʻtarmas.

Ikki koʻzi

Peshtaxtaning ostida.

 

Bu – otadir,

Aslida u

Otalikka yarolmas.

Dada, deya chopib kelgan

Bolasiga qarolmas.

 

Hamkasbim bor –

Sohib ziyo,

El dardini tuyolgan.

Lekin haq soʻz aytmoqqa u

Kattalardan uyalgan.

 

Bu amaldor koʻtarilgan

Kimlargadir suyalib.

Tramvayda yurmaydi hech

Xaloyikdan uyalib.

 

Unga sira ish tushmasin,

Bagʻring qonga boʻyalar.

“Xoʻp” degani tortinadi,

“Yoʻq” degani uyalar.

 

Muloyim zot sehrgardir,

Naqd qurboni boʻlasiz.

Kulib turib pichoq ursa,

Rahmat aytib oʻlasiz.

 

Uyatchanlik ega shundoq

Kishi bilmas quvvatga.

Bir uyatchan butun elni

Qoʻyaolar uyatga.

 

Biz ulardan kulsak, ichda

Ular bizdan kuladi.

Bu kasalni yoʻq qilmasak

Juda uyat boʻladi.

1988

 

 

* * *

 

Amaldorlar talashib oʻrin,

Bir-birining quritar shoʻrin.

 

Tentak bermay tentakka toʻrin,

Quritadi tentakning shoʻrin.

 

Shaxmatchilar izlashib zoʻrin,

Bir-birining quritar shoʻrin.

 

Olim topib olimning gʻoʻrin,

Kasbdoshining quritar shoʻrin.

 

Qassoblar-ku hammadan burun

Tanishining quritar shoʻrin…

 

Shoirlar-chi? Berib qalb qoʻrin,

Sheʼr yozmoqning oʻrniga, koʻring –

 

Oʻlmay turib talashib goʻrin,

Bir-birining quritar shoʻrin.

1988

 

 

AMALDORNING OʻLIMIGA

 

Dod, ming dod,

Men yoʻqotdimaziz kishimni!

Oʻlmay oʻlgur,

Bitirmasdan ketdi ishimni!

1988

 

 

TOʻRA YIGIT

 

Toʻra yigit, ajab raftoring boʻlak,

Suvrating boʻlakdur, asroring boʻlak.

 

Mening oshnolarim devonalardan,

Parvonalar senda, doʻst-yoring boʻlak.

 

Lutfing boʻlakchadir, xulqing boʻlakcha,

Beldan pasting boʻlak, yuqoring boʻlak.

 

Bizning ehtiyojga na parvoying bor?

Doʻkoning boʻlakdir, bozoring boʻlak.

 

Har kas oxiratda xoki turobdur,

Oʻshanda ham sening mozoring boʻlak.

 

“Elga dastyor”liging oʻzi latifa,

Xizmatingda yuzta dastyoring boʻlak.

 

Na ishchi, na dehqon, na ziyolisan,

Mustaqil sinfsan, qatoring boʻlak.

 

El boshiga yoqqan qor senga yogʻmas,

Uying boʻlak, toming, devoring boʻlak.

 

Tildagi tilaging oshkoralikdir,

Botinda, ayonki, shioring boʻlak.

 

Xalq oʻz sardorlarin saylar, lek sening

Orzu qilgan qattol sardoring boʻlak.

 

Erk yurti boʻlgay yurt, ammo sen istar

Tikan sim oʻralgan diyoring boʻlak.

1988

 

 

UNTER PRISHIBEYeV

 

Janob Prishibeev, soʻz yana sizga!

Yana koʻchalarda qoʻr toʻkib yuring.

Xudo quvvat bersin tomogʻingizga,

“Tarqal, ey xaloyiq!” deya buyuring!

 

Qarang, vo ajabo, bu bemaza xalq

Yana erkinlikni istab qolibdi.

Joniga tekkanmish hokimi mutlaq,

Bundoq xom xayolni qaydan olibdi?

 

Kelib nuqta qoʻying bu orzularga,

Xaloyiq zotini maydondan quving,

Haqiqat qayerda – ayting ularga,

Adolat nimadir, koʻrsatib qoʻying.

 

Garchi Rossiyadan chiqqansiz, janob,

Unda sizga joy yoʻq, u yer yomondir.

Xalqi betavoze, shakkok, beodob,

Sizga munosib joy bizning makondir.

 

Unterlar joniga oro bu maʼvo,

Xalki musichadek yuvvosh va uvol.

Ming bor jam boʻl desa jam boʻlmas, ammo

Bir bor, jim boʻl, desa jim boʻlar darhol.

 

Janob Prishibeev, marhamat bizga,

Qadringizga yetib asrab suyaylik.

Poyondozlar toʻshab oyogʻingizga,

Yuksak martabalar berib qoʻyaylik.

 

Toki qayta choʻksin uzoq sukunat,

Toki el boʻgʻzidan chiqmasin nafas.

Sokin koʻchalarda siz gohi faqat

“Tarqal, ey xaloyiq!” deb tursangiz bas.

1989

 

 

KOʻRSATKICH BARMOQ

 

Umring tahlikada, qoʻrqib yashading,

Yonmading, tutundek burqsib yashading.

 

Barmoqlaring ichra baridan koʻproq

Senga xizmat qildi koʻrsatkich barmoq.

 

Labga bosding, shiftga ishora qilding,

Koʻpni tilsiz qilding, bechora qilding.

 

Bir zamon koʻrsatkich barmoqni qoʻllab

Omon qolding, dorga doʻstingni yoʻllab.

 

Endi oshkorliqdan kuyib turibsan,

Barmoqni chakkangga qoʻyib turibsan.

 

Sirsiz hayot senga bagʻoyat mushkul,

Yuragingda yashar itoatli qul.

 

Tilaysan, Beriya tirilib kelsa,

Norasmiy guruhlar qirilib ketsa.

 

Bu kunlar tillarga boʻlsa-yu qarmoq,

Yana kuchga kirsa koʻrsatkich barmoq.

1989

 

 

QISMAT

 

Shirin boʻlsang, yalab ado qilurlar,

Achchiq boʻlsang talab ado qilurlar.

Yuragingda otash boʻlsa, beomon

Oʻz oʻtingga qalab ado qilurlar.

1989

 

 

* * *

 

Inson feʼli ajabdan ajab,

Yoʻqdir unga mezonsiz olam.

Yulduzlarni oʻlchar botmonlab,

Qarichlaydi cheksizlikni ham.

 

Oʻzi ega, oʻzi qul mangu

Oʻzi topgan aqidalarga,

Ne dey, hatto mangulikni u

Boʻlib chiqqan daqiqalarga.

 

Daqiqadan soatlar yigʻib,

Kunlar tuzib oy jam qiladi.

Yirlamaydi umr oʻtdi deb,

Yil oʻtdi deb bayram qiladi.

 

Koʻpaysa-da ajinlar harchand,

Oqarsa-da yillardan boshi,

Quvonadi – koʻpaydi farzand,

Sevinadi – ulgʻaydi yoshi.

 

Bu tugamas orzu-havasda

Bor umidbaxsh imonga asos.

Inson oʻlmas.

Asta va asta

Farzandlarga oʻtadi, xolos.

1989

 

 

ChISTON

 

Ul adib kimdirki, doim

Katta pinjida yurar,

Mansabu unvon, mukofot,

Mulk ilinjida yurar.

Tushsa ham otdan va lek

Hargiz egardan tushmagay,

Gar tramvay minsa ham

Nomer birinchida yurar.

1989

 

 

BIZNESMEN SOʻZI

 

Sizlar quruqliqda turgan odamlar,

Biz dengizda suzib yurgan odamlar.

Xotirjamsiz, sizga havas etamiz,

Biz bir lahza tinsak choʻkib ketamiz.

1989

 

 

BOʻRI ChAQIRGAN MAJLIS VA BEODOB OT HAQIDA LATIFA

 

Boʻrining qorni toʻydi,

Goʻsht hamtegdi joniga.

Echki, quyon, ot, qoʻyni

Chaqirdi u yoniga.

 

Dedi: hozir toʻq paytim,

Foydalanib qolinglar.

Menga dashnomlar aytib,

Tanqid qilib olinglar.

 

Qani, boshla, quyonboy,

Bir eshitay soʻzingni.

Botirsan-ku, biyronboy,

Koʻrsatib qoʻy oʻzingni.

 

Oʻrtaga chikdi quyon,

Avaylab oʻz jonini.

Oʻltirar boʻri polvon

Qashlagancha qornini.

 

Quyon dedi: “Ming rahmat,

Menda hech shikoyat yoʻq.

Sizdek oliy marhamat

Sohibi inoyat yoʻq.

 

Men qulingiz na derdim,

Sizga fidodir jonim…”

Boʻri xursand hayqirdi:

 – Barakalla, Quyonim.

 

Buncha shirinsan, oqil,

Chidash qiyin, ne deyman.

Hozir toʻqman, tongda kel,

Nahorga seni yeyman.

 

Quyon ketdi bosh egib,

Mungʻaygancha dilxasta.

Soʻng qoʻyga navbat tegib

Minbarga chiqdi asta.

 

Dedi: Hech vaqt hech boʻri

Bizdan hol soʻrgan emas.

Minbar berib, joy toʻrin

Munosib koʻrgan emas.

 

Bu obroʻ, bu hurmatdan

Men terimga sigʻmadim.

Bunday zoʻr marhamatdan

Taʼsirlanib yigʻladim.

 

Bizlar moʻmin, maʼqul el,

Rahm et, oʻzga ne deyman.

Boʻri dedi: indin kel,

Seni tushlikka yeyman.

 

Qoʻy koʻz yosh toʻqdi baʼrab,

Isyon qilmadi lekin.

Ketarkan maʼyus qarab,

“Rahmat” deb qoʻydi sekin.

 

U ketgach keldi navbat

Uzunsoqol echkiga.

Unga tegdi taklif xat

Payshanba kun kechkiga.

 

Nihoyat oxirgi gap

Navbati otga yetdi,

U boʻrini moʻljallab

Jagʻiga chunon tepdi.

 

Olov sachrab koʻzidin

Boʻrida jon qolmadi.

Ketganicha oʻzidan

Qaytib turaolmadi.

 

Hamon unutmas otning

Bu ishin va der har vaqt:

– Mendek demokratning

Padariga ming laʼnat!

 

Bemaʼni majlisga men

Ikki dunyo qaytmayman.

Ot – beodob, ot oʻlsin,

Ziyofatga aytmayman.

 

Lekin unga tan berib,

Ichida “qoyil” dedi.

Quyon, echki va qoʻyni

Aytgan vaqtida yedi.

1989

 

 

UCHKEKEN BOZORIDA

 

Bir kuni qish chillasida,

Qahratonning qorida

Sayr etib yurdik uchovlon

Uchkeken bozorida.

 

Uchkekenni biz koʻribmiz,

Siz u yon qoʻymang qadam

Osilib oʻlmay desangiz

Narx-navoning dorida.

 

Bitta koʻylak bitta ming soʻm,

Pocha poʻstin oʻnta ming,

Uchkekenga yorin eltsin

Qasdi borlar yorida.

 

Uchkekenda bor xaridor

Benajot, hayronu lol,

Zoʻr takabbur ahli chayqov

Feʼlida, atvorida.

 

Gar bozor shu boʻlsa bozor –

El uchun ozor ekan.

Uchkekendan qochdik uchchov

Aqlu xushning borida.

1990

 

 

ShOHLAR ORZUSI

 

Amal tegmaganlar ichidan boʻzlab,

Martaba zavkini totsam, der ekan.

Amalga minganlar yuksakni koʻzlab,

Qadamni kattaroq otsam, der ekan.

 

Sardor vazirlikni har kun tush koʻrib,

Vazir iloj topsa shohni oʻldirib,

Yarim kun boʻlsa ham taxtga oʻltirib

Shon-shavkat ganjiga botsam, der ekan.

 

Shoh nima istaydi, unga nima kam?

Ulus gʻavgʻosidan boshi toʻla gʻam,

Tinch kulba boʻlsayu yovgʻon ichsam ham

Biror dam xotirjam yotsam, der ekan.

1990

 

 

ShUM BOLA

 

Shundoq dedi, qulluq qilib,

Gapni qoʻyib joyiga

Yangi zamon Shum bolasi

Yangi zamon Boyiga:

 

“Qoshingizga yana keldim,

Quloq soling, Boy ota,

Sidqi dildan xizmat qilay,

Ishga oling, Boy ota.

 

Fazilatim koʻpdir, yana

Aybimni ham aytganman.

Lekin endi yangi zamon,

Men yolgʻondan qaytganman.

 

Chunki endi yolgʻonni hech

Aybgina deb boʻlmaydi.

Aldaganni balo urmas,

Aldangan ham oʻlmaydi.

 

Shart emas Shum bola boʻlish,

Yolgʻon bukun osondir.

Gazet toʻla, kitob toʻla,

Majlis toʻla yolgʻondir.

 

Bitta yigʻin – Kotibiyat,

Bitta yigʻin – Rayosat.

Yolgʻon endi davlat ishi,

Yolgʻon endi Siyosat.

 

Innaykeyin demay turing,

Quloq soling, Boy ota.

Sidqi dildan xizmat etay,

Ishga oling, Boy ota.

 

Oʻn kishilik mehnat qilib,

Parcha nonga toʻyaman,

Bir aybim bor, faqat baʼzan…

Rost gapirib qoʻyaman”.

 

Boy otaning jahli chikdi,

Dedi, koʻnglim zormidi?

Yolgʻoningga chidab edim,

Rost gaping ham bormidi?

 

Yoʻqol, seni ishga olsam

Xonavayron boʻlaman.

Yolgʻoningdan omon qoldim,

Rost gapingdan oʻlaman!

 

Gʻazab bilan hassasini

Qoʻlga oldi Boy ota.

Yangi zamon Shum bolasin

Quvib soldi Boy ota.

1991

 

 

BIZLAR ARRA TORTMOQDAMIZ

 

Bizlar arra tortmoqdamiz,

Arramizning tishi yoʻq.

Nega arrang tishi yoʻq, deb

Soʻraydigan kishi yoʻq.

 

Chunki bizlar anoyimas,

Pishib ketgan koʻzimiz.

Arra tushgan oʻsha shoxda

Oʻltiribmiz oʻzimiz.

1991

 

 

OGʻRIQLI SAVOLLAR

 

Choyxonada oshxoʻrlikni baxt deb bilgan ogʻayni,

Shu bir kunlik xalovatni nakd deb bilgan ogʻayni,

Qumursqadek tiriklikdan oʻzga gʻami boʻlmagan,

Dil olami, ishq olami, ruh olami boʻlmagan,

Imonni ham, vijdonni ham qurbon qilgan halqum deb,

Seni xayol qildimmi men kuyganimda xalqim deb?

El mulkini bir chekkada tinch kemirib yotgan zot,

Besh tiyinga qadrini ham, xalqini ham sotgan zot,

Koʻkragida na himmatu na gʻayratdan asar bor,

Yuragida na oriyat, na shavq bor, na kadar bor,

Umrida hech qilgan emas mulkdan oʻzga bir niyat,

Seni deya tiladimmi yuraklarga hurriyat?

Ey, koʻngilda mojarolar orzu qilib yotgan jon,

Tangring – amal, martabadir, paygʻambaring – shuhrat, shon.

Bu davlatga oʻt koʻyasan, yoʻqotasan xilqatdan,

Gar hokimlik tegar boʻlsa senga yangi davlatdan.

Quruq gapdir senga Vatan, xalqu ozod istiqbol,

Sening uchun istadimmi yurtimga men istiqlol?

Mudom kurash azobini fidoyilar koʻrganlar,

Inqiloblar hosilini muttahamlar oʻrganlar.

Siz ham bugun panadasiz, jangga bizni qayraysiz,

Biz bu jangda shahid boʻlsak, avvalo siz yayraysiz.

Gʻofil xalkim! Tinglarmanmi sening naʼra – uningni,

Koʻrarmanmi zuluklardan ozod boʻlgan kuningni?

1991

 

 

BU ZAMON GʻAZALI

 

Tillashibdir boʻri birla tozilar,

Birlashibdir oʻgʻri birla qozilar.

 

Ne deb aytar ul baobroʻ anjuman?

Qoʻl koʻtarsin ushbu holga rozilar.

 

Zoʻr bahodirmiz, jasorat bizdadir,

Pashsha qonin toʻkkan ey mard gʻozilar.

 

Biz chunon xizmatga belni bogʻladik,

Bormi himmat oʻlchagich torozilar?

 

Bizga nelar der xaloyiq bu zamon?

Nelar aytar kelgusi ham mozilar?

 

Men gʻazal yozmoqchi erdim, ne qilay?

Bu zamon tarixga shundoq yozilar.

1991

 

 

TUSH

 

Bir oy boʻldi,

Takror-takror

Men bir xil tush koʻraman,

Tushlarimda mudrab yurgan

El ichida yuraman.

Ular bilan

Men hammudrab

Asta qadam sudrayman.

Bu – tush, deyman,

Uygʻon, deyman,

Uygʻonolmay mudrayman.

Har tun shu hol,

Falak bergan

Bu ne balo qiynokdir!

Ey xudoyim,

Ey xudoyim,

Kechang buncha uzokdir?!

1991

 

 

SENING ShAʼNING

 

Yozib oʻrganmaganman

Bayramga qasidalar,

Balandparvoz xitoblar

Tilimga kelaqolmas.

Yurakni qiynab turgan

Soʻzi boʻlmasa agar

Shoirni undash bekor,

Qoʻliga qalam olmas.

Lekin bukun koʻnglimda

Aytadigan gapim bor,

Zafaru shodiyona

Faqatgina bahona.

Mana, sen roʻparamda,

Jigarbandim – paxtakor,

Koʻkrak kerib turibsan

Halol, tanti, mardona.

Xirmoning paxta bilan,

Qalbing iftixor bilan,

Koʻzlaring baxtiyorlik

Nuri bilan toʻlibdur.

Buni mardlik deydilar

Oʻz soʻzda qaror bilan,

“Oʻzbek ishi” degani

Mana bundoq boʻlibdur.

Keksalarning soʻzi bor,

Qoʻlni ochib duoga,

Yerga qaratma, – derlar, –

Ikki dunyo koʻzimni.

Imonimdan ayirma,

Yetkazgin muddaoga,

Doʻstu dushman oldida

Yorugʻ qilgin yuzimni.

Yuzning yorugʻ boʻlgani

Asli shudir birodar,

Gʻarazgoʻy ichi kuyib,

Doʻstlar yayrab kulibdur.

Oʻzbekning kimligini

Bilib qoʻysin baʼzilar,

“Oʻzbek ishi” degani

Mana bundoq boʻlibdir.

Ey, sen, farq etmaguvchi

Zarpechaqdan chamanni,

Kasbdoshim, berilmagin

Turfa qiziq gaplarga.

Hesh qilib koʻrsatmagin

Farhodga Yosumanni,

Nogʻora chalaberma

Tomoshatalablarga.

Sen oʻzbek mehnatin yoz,

Bu zamingga dehqonning

Umidu armonlari,

Dardlari toʻkilibdir.

Bunda har bitta chanoq

Qancha azobi jonning,

“Oʻzbek ishi” degani

Mana bundoq boʻlibdir.

Unda burchning farzi bor,

Hech kimsadan qarzi yoʻq,

Yeri kabi bir umr

Saxovatga yaralgan,

Doʻstlikka mangu sodiq,

Imonining darzi yoʻq,

Matonatga turilgan,

Jasoratga yaralgan.

Men yurak soʻzin aytdim

Zafar toʻyi bahona,

Omon boʻl, ona yurtim,

Gʻururim, sharaf-shonim.

Dovonlardan oʻtaber

Adil, shahdam, mardona,

Oq boʻlsin, oydin boʻlsin

Yoʻling, ulkan karvonim.

1988

 

 

SAVAGʻICH

 

Savagʻich paxtaga

Deydi:

– Qalaysan?

Qoʻlimga tushding-ku,

Shoshmay tur, seni…

Savagʻich!

Paxtani nega savaysan?

Paxtada ne gunoh?

Savala meni!

 

Paxtaning tani oq,

Yumshoq badani.

Nozik-nihol ekin,

Shafqating qani?

Axir mening yurtim

Paxta vatani,

Paxtada ne gunoh?

Savala meni!

 

Kecha behi eding,

Quriding, soʻlding,

Qirqilding, yoʻnilding,

Savagʻich boʻlding.

Sen bunga paxtani

Aybdor deb bilding,

Paxtada ne gunoh?

Savala meni!

 

Bogʻ-rogʻlar kesilsa,

Paxtadami ayb?

Yaylovlar buzilsa,

Paxtadami ayb?

Goʻdaklar ezilsa,

Paxtadami ayb?

Paxtada ne gunoh?

Savala meni!

 

Kuni kecha edi…

Suluv kelinchak

Soyangda qurgancha

Rangin belanchak

Bola allalardi…

Soʻldi u chechak…

Paxtada ne gunoh?

Savala meni!

 

Qoʻsh xivich, chiyillab

Gʻazabkor, xunxor,

Bechora paxtaga

Yetkurma ozor.

Suving ichgan boʻlsa

U sendan nochor,

Paxtada ne gunoh,

Savala meni!

 

Garchi sheʼrda nomi

Oltinu marjon,

Turupdan bekadr,

Sholgʻomdan arzon.

Dehqon shu arzonga

Yil boʻyi sarson,

Paxtada ne gunoh?

Savala meni!

 

Meni ur, paxtani

Kuylagan menman.

Ertayu kech uni

Oʻylagan menman,

Olamga maqtanib

Soʻylagan menman,

Paxtada ne gunoh?

Savala meni!

 

Uni madh etmoqning

Mohiri oʻzim,

Madhimga ishondim

Oxiri oʻzim,

Turgʻunlik davrining

Shoiri oʻzim,

Paxtada ne gunoh?

Savala meni!

 

Elim burch deganda

Paxtani bilgan,

Zarur boʻlganida

Koʻrpadan shilgan,

Bitta chanoq uchun

Odam otilgan,

Paxtada ne gunoh?

Savala meni!

 

Joni sabil boʻlgan

Insonlar uchun,

Yetimlar koʻksida

Figʻonlar uchun,

Afsus, nadomatlar,

Armonlar uchun

Paxtada ne gunoh?

Savala meni!

 

Koʻrakdek ogʻizni

Yumarmiz har dam,

Ochmasam chanokdek

Dilni endi ham

Men nechuk shoirman,

Men nechuk odam?

Paxtada ne gunoh?

Savala meni!

1988

 

 

XALQ NOIBLARIGA

 

Sizni xalq tanladi,

Qilmadi suyuk,

Balki yelkangizga yuk ortdi buyuk.

Saylab oldi mardlar ichra mardini,

Ado qilasizmi mardlik shartini?

Ertaga chiqqan chogʻ baland minbarga,

Ayta olasizmi yurtning dardini?

Azaliy odatni qilasizmi yo,

Yalpi qoʻl koʻtarib kelasizmi yo?

Noiblik nishonin taqqach koʻkrakka,

Quloq solib koʻring bir bor yurakka.

Ul yurak tubida el gʻamidin gʻam,

Dogʻidin koʻngilda dogʻingiz bormi?

Agar kerak boʻlsa Prezidentga ham

Eʼtiroz qilmoqqa chogʻingiz bormi?

Ayni jasoratni kutar muhaqqaq

Sizga umid bilan ovoz bergan xalq.

Xoʻp deb qayta bermang, nega, deb ayting,

Biz ham izzat nafsga ega deb ayting.

Himmat bilan turing, bor deng arzimiz,

Toʻlab qoʻyaylik deng boʻlsa qarzimiz.

Doʻstlikning shartiga rioya boʻlsin,

Hech gʻubor tushmasin dil koʻzgusiga.

Kamtar ulushimiz, ayting, qoʻyilsin

Jahon bozorining tarozusiga.

Ne bu jahon uzra solmak koʻpkari

Shart esa ketmaslik qozikdan nari.

Asli inqilobdan ne edi maqsad?

Yoʻqsillikmi abad, xorlikmi abad?

“Ioʻqsillar, birlashing” deb hayqirgan on,

Nahot, yoʻqsil boʻlsin dedik bu jahon?

Feʼlimiz shunchalar tormi deb soʻrang,

Bu mulkning egasi bormi deb soʻrang!

Siz yolgʻiz oʻzbekning dardin aytmangiz,

Azaga borgandek yigʻlab qaytmangiz.

Axir Estonda ham oʻsha ogʻriqdir,

Rus qishlogʻi dardi bizdan ortikdir.

Yerda qiladigan ishimiz koʻp, deng,

Hadeb otabermang osmonga toʻp, deng.

Tobakay falakka saroylar qurib,

Samo poygasida ot surajakmiz.

Qultum toza suvga zor boʻla turib

Zarimizni koʻkka sovurajakmiz?

Tobakay milliardlar eldan beizn

Harbning arigʻiga oqishi kerak?

Bizni bosib olmas kapitalizm,

Bosib olsa, axir, boqishi kerak!

Sizga gap oʻrgatmak shoir ishimas,

Har biringiz Arbob, har biringiz Shaxs!

Dardni aytgan bilan dil boʻlmas xalos,

Gapni koʻp gapirdik, ish qoldi, xolos,

Qarorlardan boʻldik, ilojlar kerak,

Hasratlardan toʻydik, rivojlar kerak.

Sizni el tanladi,

Qilmadi suyuk,

Balki yelkangizga yuk ortdi buyuk.

Siz elning egilgan qaddin koʻtaring,

Noib degan nomning qadrin koʻtaring.

1989

 

 

ILZA XONIM

 

I. L. Sirtautasga

 

Ona tilim!

Mehring bu qadar

Oʻrtaguvchi ekan jonimga.

Asir boʻlib lolu musaxxar

Termulaman Ilza xonimga.

Termulaman Ilza xonimga,

Koʻzlarimga ishonmay hayron.

Amriqolik xushroʻy olima

Soʻzlar edi oʻzbekcha ravon.

“Siattlga xush kelibsizlar,

Olis yurtdan yoʻl bosib yiroq.

Tanishinglar, bu yigit, qizlar

Oʻzbekchadan olmoqda saboq…”

Dasturxonda parvarda, pashmak,

Xandon pista, qip-qizil shirmoy.

Atlas kiygan suluv kelinchak

Odob bilan uzatar koʻk choy.

Men es-hushim yigʻmasdan hali

Qulogʻimga dilbar kuy yetdi.

Nakamuri – yapon goʻzali

“Tanovar”ga charx urib ketdi.

Ona yurtim!

Mehring bu qadar

Aziz ekan dilu jonimga.

Termulgancha lolu musaxxar,

Soʻz aytaman Ilza xonimga:

 – Ming tashakkur oʻzbek elidan,

Yashang, dunyo turguncha turing.

Iltimosim, shogirdlar bilan

Diyorimga tashrif buyuring.

Keling, sizni Ona yurt uchun

Fidolar bir tinglab quvonsin.

Bu quvonchdan lekin bir umr

Judolar ham tinglasin, yonsin.

Oʻz elati mehridan dilin

Yot tutganlar sizni eshitsin.

Oʻz yurtida Oʻz ona tilin

Unutganlar sizni eshitsin.

Sizni koʻrsin jaholat, gʻaflat

Uyqusida yotgan bandalar.

Oʻz qadrini unvon, manfaat

Bozorida sotgan bandalar.

Amaldor zot hamqishloqlarga

Tashlagandek balanddan nazar,

Chiqqan chogʻi baland minbarga

Oʻz tilidan qilganlar hazar,

Umri oʻtib Oʻzbekistonda

Assalomni bilmaganlar ham,

Ikki ogʻiz bizning zabonda

Arzu insho qilmaganlar ham,

Ilmdayu mahkamalarda

Loyiq unga joy bermay halol,

Oʻzbek tilin eski shaharda

Bozor tili qilganlar xayol –

Ilza xonim,

Sizni eshitib,

Xatolarin bilsalar edi.

Andak tilning qadriga yetib,

Sal insofga kelsalar edi.

Ey siz, dono ustoz olimam –

Olis yurtda munis yoʻldoshim,

Sizga egay podsholarning ham

Huzurida egmagan boshim.

1989

 

 

IZTIROB

 

Betavfiq rahbarni soʻkkanim uchun

Uch yil yotar boʻlsam yotganim boʻlsin,

Uning yoʻq obroʻsin toʻkkanim uchun

Toʻlov bersam borim sotganim boʻlsin.

 

Xalqimga qadringni bil desam agar,

Kurash, xaqni oshkor qil desam agar,

Bu qutqu atalsa davlatga zarar

Qancha azob boʻlsa tortganim boʻlsin.

 

Amaldor der esa, tuzum – men oʻzim,

Farmon farmonimdir, soʻz mening soʻzim,

Men bunday tuzumdan oʻgirib yuzim

Tamom jinoyatga botganim boʻlsin.

 

Tiflisda xalq uzra tank yuborgan zot

Shaʼnin qilar boʻlsa qonun ehtiyot,

Oʻsha zot kommunist boʻlsa, men, hayhot,

Firqa daftarimni otganimboʻlsin…

1989

 

 

KERAK

 

Bizning shifokorlar insondagi ul

Ruhiy olam bilan boʻlguncha mashgʻul,

Oʻttiz yil bor ekan, hozircha maʼqul –

Kasalxonalarga yetti qopdan kul,

Oʻntadan kinnachi xola kerakdir.

 

Oshxonalarda to yeb boʻlguncha osh,

Vaqtincha belgilab choʻntak pul – maosh,

Terib bermoq uchun sumalakka tosh,

Bahor mavsumida elliktadan yosh,

Oyoq-qoʻli chaqqon bola kerakdir.

 

Gosplanga esa bozor ahvolin

Aytib turmoq uchun toʻrt-besh yil oldin –

Reja qilmasin to oʻtgan asr molin –

Oliy malakali yetmishta folbin,

Kelajakni aytib turuvchi kerak.

 

Shahar transportiga va hayratomuz,

Yoz oylari tandir, qish oylari muz

Kvartiralarga tegmasin deb koʻz,

Shahar Sovetiga bir ming yetti yuz

Isiriq tutatib turuvchi kerak.

1989

 

 

TRAMVAYDA

 

Tunda tramvayda sarxush oʻspirin

Tinmay haydovchiga yolvorar edi.

Ana u koʻchaga yuz qadam kiring,

Uyim oʻsha yerda, jon aka, derdi.

 

Bu – tramvay, derdi haydovchi xunob,

Temir iz bor, chetga qandoq buraman?

Yigit qulogʻiga kirmasdi javob,

 – Besh soʻm oling, mayli, oʻn soʻm beraman…

 

U sarxush yigitga oʻxshaydi koʻngil,

Orzulari parvoz etar qaydadir.

Talpinma, ey koʻngil,

Sen gapga koʻngil!

Axir makonimiz tramvaydadir.

1989

 

 

DARDDOSHLIK

 

Ivan DRACHga

 

Oʻzga til, oʻzga urf, oʻzga anʼana,

Oʻzga tabiatli xalqlar oʻgʻlimiz.

Yagona qismatning hukmi-la yana

Nechanchi bor yondosh tushdi yoʻlimiz.

 

Olis Skopyening tosh koʻchalari,

Shahroh Xreshchatik, Chorsu, Registon,

Tyumenning, Nevaning oq kechalari,

Tongotar suhbatlar… esla, qadrdon.

 

Bir-birovga ochdik dil sirimizni,

Bahslarga hech zamon nuqta qoʻymadik.

Yirokda sogʻindik bir-birimizni,

Diydor koʻrishganda sira toʻymadik.

 

Bizni oshno etgan qalbdir sheʼrparast,

Ellikda koʻngildan ketmagan yoshlik.

Alvonga yozilgan shiorlar emas,

Yurakka bitilgan buyuk darddoshlik.

 

Yetti yoshda edik qirq uchinchi yil,

Birinchi sinfga qoʻygandik qadam.

Ona diyoringni mahv etgan qotil

Oʻqidan Kiyevda yiqildi otam.

 

U payt biz och, yupun, koʻzimiz dardlik,

Goʻdak armonimiz oʻyimiz bilan

Boshoq terib, paxta chopiq qilardik

Ketmonga yetmagan boʻyimiz bilan.

 

Oʻsha pok bolalik ketdi qaylarga?..

Ey, sen, bitilmagan oʻlmas dostonim –

Mallasoch, moviy koʻz bolakaylarga

Ona boʻlgan mening Oʻzbekistonim.

 

Yillar oʻtdi, bizlar ulgʻaygan kabi

Ulgʻaydi yonma-yon bizning qardoshlik.

Toshkent falokati, Chernobil gʻami

Koʻnglimizga soldi yana darddoshlik.

 

Olamda ne qudrat bordir, aslida

Ellar birligidan koʻra kuchliroq?!

Unga bitsam deyman ulugʻ qasida

Balandparvoz gapdan qoʻrqaman biroq.

 

Qoʻrqaman, otalar yodi bor qutlugʻ,

Men ne tabarruk soʻz qilardim tortiq

Millionlar qalbiga muhrlangan ruh,

Qon bilan bitilgan mehrdan ortiq!

 

Azizim, shoirsan, bular barchasi

Mendan koʻra koʻproq oʻzingga ayon.

Shoir – oʻz xalqining yurak parchasi,

Yoʻq, u yurak boʻlib tugʻilgan isyon.

 

Jon rishtamiz zamin tubida bogʻliq,

Moviy koʻzlaringda oshkora koʻrdim:

Oʻzbekiston – sening koʻksingda ogʻriq,

Ukraina – mening jafokash yurtim.

 

Qancha ardoqlasam oʻrmonlaringni

Gulshan bogʻlarimni shunday suyarsan.

Anglayman dildagi armonlaringni,

Tuprogʻim dardiga sen hamkuyarsan.

 

Ona tiling uchun gʻam chekib dilda

Nola qilsang, koʻkka uchar faryodim.

Yetmish yetti pushtim soʻzlagan tilda

Soʻzlarmikin yana yetti avlodim?

 

Men Kiyevga uchsam yoʻlimda besas

Orol koʻzgusida jimirlar quyosh.

U Shevchenko koʻrgan mavjli dengizmas,

U zor qoʻbuzchining koʻzidagi yosh.

 

Hayot beshafqatdir, vaqt esa qattol,

Tabiatga oʻtmas zulmu daʼvolar.

Bizdan meros qolar nahotki behol

Nashavand dalalar, suvsiz daryolar?!

 

Yoʻq! Hech ishonmayman! Imon bor! Xalq bor

Metin irodalik va oltin boshlik.

Qardoshlik sidqi bor mangu ustivor,

Bor azalu abad bizning darddoshlik.

 

Rusmiz, moldavanmiz – zamin bittadir,

Hindumiz, ispanmiz – bittadir hayot.

Kiprikda tomchidek qalqib turgan yer

Bukun senu mendan kutmoqda najot.

 

Nasibamiz shudir, qismat yoʻq boʻlak,

Chigal, tahlikalik zamonamizda –

Bu dardli dunyoning kuychisi boʻlmak

Bor ekan, azizim, peshonamizda.

 

Kuyimizni kuylab, sozimiz chalib

Oʻtarmiz, qolajak kurrai azim.

Biz bir tup kashtanu majnuntol boʻlib

Boqiy darddoshlikka qilarmiz taʼzim.

1989

 

 

SULTONMUROD

 

Sultonmurod davlatmand odam edi. Saxiy, maʼrifatli boy edi. Sovet hokimiyati uning mol-mulkini musodara, oʻzini eldan badargʻa qildi. Bor-yoʻgʻidan, vatanidan mosivo boʻlib uzoq ellarga joʻnab ketar ekan, Sultonmurod alam ichida shunday soʻzlarni aytdi.

 

Shafqat etmay baxtimqaro qilganlar

Shafqatga zor, baxti qarolar boʻlgay.

Meni vatanimdan judo qilganlar

Vatanda vatandan judolar boʻlgay.

 

Hech qachon, hech yerda hech kimsaga, bas,

Talab olgan moli buyurgan emas,

Yer-suvimni olgan nobakor ul kas

Yer ustida yerga gadolar boʻlgay.

 

Sohiblik mulk – obod, sohibsiz – vayron.

Egasiz biyadan sogʻilar ayron.

Yuz yil “Xoʻjasizlik qaydan?” deb hayron

Xaloyiq tutgani yaqolar boʻlgay.

 

Bunda gaplar koʻpu ishlar boʻlgay oz,

El maʼruza yegay va kiygay qogʻoz,

Yurtning egalari mudom vaʼdaboz,

Ishlarida yuz ming xatolar boʻlgay.

 

Yerida zahr unar boʻlgay bu oʻlka,

Jafolarga koʻnar boʻlgay bu oʻlka,

Kamoli behunar boʻlgay bu oʻlka,

Doʻkonida oʻtmas matolar boʻlgay.

 

Benamoz, bexudo, bedin bandalar

Ustidan shaytonlar qilgay xandalar,

Imon, eʼtiqodi parokandalar

Boshida kichkina xudolar boʻlgay.

 

Hukumat! Qotiling oʻzingdan chiqar,

Adil chinorlaring qoʻporar, yiqar,

Lak-lak surgun qilar, zindonga tiqar,

Boshingda tuganmas jazolar boʻlgay.

 

Yurtboshilar oqil esa, hoynahoy

El holi bunchalar boʻlmas edi voy,

Inson boy boʻlmasa xalq boʻlarmi boy?

Savolim avlodga nidolar boʻlgay.

 

Sultonmurod shu soʻzlarni aytib, otga qamchi bosib, Olatogʻdan oshib Qashqarga ravona boʻldi…

1989

 

 

RAIS VA ShOIR

 

Pillakor raisning daʼvati ila

Shoir mehmon boʻlgach qishloqqa kelib

Madh yozdi yuksak sheʼr sanʼati ila

Pillani tillaga qofiya qilib.

 

Yil ham oʻtgani yoʻq, mehmondoʻst rais

Chorvador kolxozga oʻtganin bilib

U qasida yozdi qalbi toʻla his

Tuyani biyaga qofiya qilib.

 

Rais ishdan ketdi, u endi sobiq,

Shoir xabar olmas nazarga ilib.

Endi u sheʼr yozar uslubga sodiq

Raisni dayusga qofiya qilib.

1989

 

 

UZOQQA BORMADIK ANDISHA BILAN…

 

Uzoqqa bormadik andisha bilan,

Til topaolmadik hamisha bilan.

 

Odamzodga doʻst ham yov boʻlarkan til,

Koʻprik boʻlarkan hamgʻov boʻlarkan til.

 

Olisga yetmasdan oʻchdi unimiz,

Chunki begonaga qoldi kunimiz.

 

Gul boʻl, tikanak boʻl – chamaningda boʻl,

Bulbul boʻl, qargʻa boʻl – vataningda boʻl.

1989

 

 

QOʻGʻIRCHOQLAR

 

Qoʻgʻirchoq emasmiz, derdilar avval,

Oshkoralik davri boʻlib tobora –

Endi ular oʻyin koʻrsatgan mahal

Iplari koʻrinib turar oshkora.

1989

 

 

DAVLAT ISHI

 

“Mamlakatimizda nikohga asosan inqilobdan keyingina davlat ishi deb qaraldi”.

“Nikoh va oila” kitobidan

 

Ikki jon qovushsa yulduzlar ogoh.

Bu qismat amridir, charx gardishidir.

Yerga tushgan chogʻi osmoniy nikoh

Chakana ish emas, davlat ishidir.

 

Mana, baxt qushini boshga qoʻndirib,

Yigit samolarda qilmoqda parvoz.

Quvon, sevganingni ZAGSga koʻndirib,

Sen davlat ishini bajarding, shavvoz!

 

Chol-kampir yetmish yil totib yonma-yon

Turmush lazzatiyu gʻam-tashvishini,

Qarang, bilmabdilar ilk qovushgan on

Ado etganlarin davlat ishini.

 

Davlat ishi qandoq ulugʻ, mukarram,

Avom farosati yetgan emasdir.

Mirzo Ulugʻbekni tuqqan ona ham

Davlat ishin ado etgan emasdir.

 

Yerda inson naslin qilganda paydo,

Mangulik badargʻa boʻlib jannatdan,

Ajab, Odam Ato va Momo Havo

Hujjat olmabdilar hech bir davlatdan.

 

Naqadar gʻoʻr ekan sodda va qoloq

Faqat insof, imon yoʻlin tutganlar,

Bizning maʼrifatdan boʻlmishlar yiroq

Qoʻydi-chikdi nima bilmay oʻtganlar.

 

Savod yoʻqligidan tushunmay, e voh,

Nabiralar koʻrgan manglayi qora

Turmush-taqdir ishi, tabarruk nikoh

Koʻngil ishi, deya bildi bechora.

 

Mana, ishq koʻkida qilgan parvozing

Muhrlik qogʻozda endi mustahkam.

Agar boʻlmasa shu parcha qogʻozing

Seniki emasdir oʻz farzanding ham.

 

Gar oʻsha qogʻozda bitta harf xato –

Oʻgʻil merosxoʻrmas ota-onaga.

Qirq yil birga turgan er-xotin hatto

Oʻshasiz kiraolmas mehmonxonaga.

 

Nikoh davlat ishi, baxtlar yarqiroq,

Maqtanib olamga doston etganmiz.

Tirik yetimlarning sonida biroq

Amerikadan koʻp oʻtib ketganmiz.

 

Nahot buni etgan inqilob ijod!

Mana bu goʻdakning chiqmasdan tishi

Munisa onaning mehridan ozod,

Uning tarbiyasi – davlatning ishi.

 

Na ishchida dastgoh, na dehqonda yer,

Na olimda bordir ilm tashvishi.

Ekmoqdir, oʻrmokdir, sotmoq, olmoqdir –

Davlatning ishidir, davlatning ishi.

 

Biz olamga hayron, bizga-chi olam,

Bir ajib turfa uy tiklabmiz bukun.

Bu uyda hammamiz kichkina odam,

Davlat javobgardir hammamiz uchun.

 

Sen boyib qolmassan toʻkkan bilan ter,

Oʻlmassan yastanib yotsang mabodo.

Davlat bamisoli ulkan Gulliver

Mitti lilliputlar vatani aro.

 

Mittilarga xosdir viqor va savlat,

Xayolda Yer yuzi xoʻjalarimiz.

Otamiz – Davlatdir, Onamiz – Davlat,

Bizlar inkubator joʻjalarimiz.

 

Lekin kimqayrurar ochmizmi yo toʻq?

Azizim, befoyda daʼvodan kechgil,

Davlat degan soʻzning bosh-oyogʻi yoʻq,

Davlat – bu hammamiz, davlat – bu hech kim.

 

Koʻnglim orzu qilar tanho osoyish,

Mening hambirgina xohishimboʻlsin.

Aqalli yorimni bagʻrimga bosish

Davlat ishi emas, oʻz ishim boʻlsin.

1989

 

 

DENGIZ TASHLAB KETGAN KEMALAR

 

Kuni kecha edi,

Toʻlqinlarin

Qirgʻoqqa urib,

Mast tuyadek xayqirib,

Kuyiklar sochib

Koʻkka sapchir edi

Bu yerda Orol.

Oʻzim koʻrgan edim,

Kezib yurgan edim,

Asov bu qudratdan

Hayron turgan edim.

Mana endi

Qudrat oʻrnida

Xokim sukunatga,

Oq qum boʻlib koʻringan

Oppoq uqubatga

Termulaman lol.

Nima qilib qoʻydik,

Seni, ona dengiz,

Nimalar boʻlmoqda, oʻzi,

Nimalar?

Sevgi tashlab ketgan yuraqdek,

Bolalikda bizlar ishongan,

Keyin yolgʻon chiqqan ertakdek

Ona kaftidan ayru,

Bola taftidan ayru

Oʻksik va gʻarib belanchakdek

Qum ustida yonboshlab yotar

Dengiz tashlab ketgan kemalar.

Bir uyga oʻt ketsa

Aybdor izlanar,

Bir koʻzgu darz ketsa

Aybdor izlanar.

Bir jonga zarb yetsa

Aybdor izlanar.

Kuysa bundoq xonu monimiz,

Chil-chil boʻlsa qutlugʻ jomimiz

Bu gunohning soʻrogʻi bormi?

Bormi jallod hukmiga qonun?

Soʻrib boʻlsak daryolar qonin,

Sabil etsak zaminning jonin,

Oq baloning oppoq boʻroni

Qaro qilsa yurtning osmonin,

Kulfatlarning adogʻi bormi?

Gunohimiz soʻrogʻi bormi?

Biz olmasak tabiat yonin,

Bizda bundoq boʻlmasa qonun,

U yaratgan beshafqat qonun

Mahkum qilgʻay bizni oqibat.

Asramasak Orolning jonin,

Chil-chil qilsak havo kalqonin,

Oq qum emas, qorlar boʻronin

Xadya etsa bizning adolat –

Sir-ku yana toʻlib oqadir,

Amu – Amu boʻlib oqadir

Orol yana dovul qoqadir,

Ammo inson! Ne qilar inson?

Paxta unmas bu tuprokda tek,

Oʻz-oʻziga saqlab oʻkinch, kek,

Dengiz tashlab ketgan kemadek

Jim-jit choʻlda qoladir hayron.

1989

 

 

YURAGINGDA MAKON TUTGAN QUL

 

Bilmam, qandoq, ne sabab, qachon

Hayotingga oshno boʻlgan ul –

Boshi egik, besoʻz, beisyon

Yuragingda makon tutgan qul.

 

Kimga daʼvo qilursan, bilmam,

Qaysi maslak, qay tuzum masʼul?

Ketmas boʻlib joy olmish mahkam

Yuragingda makon tutgan qul.

 

Iskanjadan yetimzurriyod,

Qatarondan beva qolgan tul,

Koʻhna zamin qaʼridan faryod

Yuragingda makon tutgan kul.

 

Burgut eding, parvozi baland,

Senga ham yor zulfiqor, duldul.

Nechuk uvol musicha monand

Yuragingda makon tutgan qul?

 

Umr qoshu kiprik orasi,

Gadolikdan adolik maʼqul.

Qullar ichra eng bechorasi

Yuragingda makon tutgan qul.

 

Kel, uyqulik koʻzingni och sen,

Oʻz holingdan qah-qah urib kul.

Shunday kulki, ichingdan qochsin

Yuragingda makon tutgan qul.

1991

 

 

TUSHUNGAN ODAM

 

Kimga hasrat qilsam bagʻrimni oʻyib,

Kimdan yuragimga tilasam malham,

Ohista yelkamga qoʻlini qoʻyib,

Yupatar: sen oʻzing tushungan odam.

 

Gohida alamim sigʻmay koʻnglimga,

Sheʼr boʻlib toʻkilar va lekin ey voh,

Qayga borsam sheʼrim qaytar qoʻlimga,

Tushungan odamsan, dunyodan ogoh…

 

Hayhot, deyman, adling shumi, ey xudo,

Shundoq chizilganmi tarxingda olam?

Nogoh falakdan ham qaytar aks sado,

Axir sen tushungan odamsan, bolam.

1991

 

 

QITʼA

 

Istasang toza koʻngilga qoʻnmasin zarra gʻubor,

Pok soʻzu pok ish va pok dil, pok xayol boʻlmoq kerak.

 

Jismu jonimga desang, begona boʻlsin xastalik,

Ishq zavqu dardi birlan xastahol boʻlmoq kerak.

 

Qalbga istarsan shifo gar, boʻl yomon soʻzdan yiroq,

Korvalol ichmoq kerakmas, kar va lol boʻlmoq kerak.

1991

 

 

BIZGA SOʻZ TEGDI KEChA

 

Vale barcha rost ham degulik emas.

Alisher Navoiy

 

Kattalardan ortdi minbar,

Bizga soʻz tegdi kecha,

Soʻz tegib shod boʻldik, ammo

Soʻzga koʻz tegdi kecha.

 

Rost bilib nobop soʻz aytdik,

Taʼna, dashnomlar yogʻib,

Bizga kaltakdan iborat

Rizqu roʻz tegdi kecha.

 

Majlisahli oʻzgalarga

Yopdi maqtov baxmalin,

Bizga sarpoyi sazo –

Qargʻishli boʻz tegdi kecha.

 

Yaxshidir har kimsa gar

Har yerda qilsa oʻz ishin,

Misli devorzan ishiga

Kavshdoʻz tegdi kecha.

 

Tavba qildik, majlisingiz

Bizsiz oʻtsin endi, bas,

Yanglishib bordik-da, yanglish

Bizga soʻz tegdi kecha.

1991

 

 

TOJIK BIRODARIMGA

 

Biz ikki yondosh elga,

Qarindosh, qondosh elga,

Jondosh, imondosh elga

Farzand boʻlamiz, doʻstim.

 

Shajarada tomirmiz,

Tiyonshonmiz, Pomirmiz.

Nechun oʻzdan tonurmiz.

Baland boʻlamiz, doʻstim.

 

Beruniy, Ibn Sinoga,

Jomiydek pok siymoga,

Navoiydek dahoga

Dilband boʻlamiz, doʻstim.

 

Shiru shakar azaldan

Totli bizga asaldan,

Bir bayt kabi gʻazaldan

Payvand boʻlamiz, doʻstim.

 

Qonlar olud yerimiz,

Yov koʻksida tiyrimiz.

Birimiz oʻq, birimiz –

Kamand boʻlamiz, doʻstim.

 

Oʻrtamizga koʻp nifoq

Solmoq boʻldilar, biroq

Asli biz et va tirnoq –

Monand boʻlamiz, doʻstim.

 

Bir zaminda don ekib,

Bir vatanda jon chekib,

Doʻst gʻamiga qad egib

Dardmand boʻlamiz, doʻstim.

 

Biz xush niyat meʼmorlar,

Qulab eski devorlar

Yayrasa doʻstu yorlar

Xursand boʻlamiz, doʻstim.

1977–1991

 

 

* * *

 

Qizim, baxtli kunda dunyoga kelib,

Umrim osmonini bezagan mohim.

Quvonchim, erta-kech niyatlar qilib,

Dedim, toʻylaringni koʻray ilohim.

 

Tetapoya yurgan chogʻlaringda ham

Mehr toʻla koʻzim tikib boʻyingga,

Dedim, yuragimda qolmas edi gʻam

Qizalogʻim, yetsambaxtli toʻyingga.

 

Shukrkim, niyatimboʻldiyu yoʻldosh,

Iqbol shundoq kunni nasibim etdi.

Toʻyingga yetdimu, voh, shashqator yosh

Koʻzimdan duvillab toʻkilib ketdi.

 

Qiz oʻstirgan ota tolei shudir,

Mehri rishtasini bogʻlab joningga –

Ardoqlab, erkalab ulgʻaytgach oxir

Mehmon boʻlib qolar xonadoningga.

 

Koʻnarman, ne iloj, umringga oq yoʻl,

Koʻzlarim sevinchning yoshiga toʻlsin.

Duoga qoʻl ochdim, erkam, baxtli boʻl,

Yangi xonadoning muborak boʻlsin.

1990

 

Erkin VOHIDOV

 

“Umrim daryosi” (“Sharq” nashriyoti, 2001) kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.