«Baxtdan boʻlak daʼvoyimiz yoʻq»

0
213
marta koʻrilgan.

Ushshoq

 

Ishq gʻamidan gʻayra savdoyimiz yoʻq,

Oshiqmizu, junun avzoyimiz yoʻq.

Sevgi Yora yoru, oshiq – xudojoʻy,

Musulmonu buddiy, tarsoyimiz yoʻq.

 

Xizr suyi tomgan bahorimizga,

Nur sizajak laylu nahorimizga,

Achinmangiz asti ahvolimizga,

Axir sizning bila parvoyimiz yoʻq.

 

Salomatdir ushshoq telbalari-da,

Sabzanurlar oʻynar jilvalarida,

Axir koʻzlarimiz qiblalarida

Oʻshal ishqdan boʻlak maʼvoyimiz yoʻq.

 

Diling tanho gʻarib ezganing baxtdir,

Yorning bir gardini sezganing baxtdir,

Sevganing, sevganing, sevganing baxtdir,

Boʻyla baxtdan boʻlak daʼvoyimiz yoʻq.

 

Junun dashtida biz izlagan Laylo –

Husn bozorida topilmas aslo.

Yo Mavlo, qalbimiz tark etma, Mavlo!

Bizim shundan boʻlak mavloyimiz yoʻq!

 

 

Saho bahori

 

Biz baxtiyor edik,

biz shodon edik,

hurlar olib qochib xayolimizni.

Osmon yulduzlarga toʻlgan kechada

aprel oʻgʻirladi bahorimizni.

 

Xayollarni yulib otdi garmsel;

tilaklarni tilka ayladim.

U-chi,

boʻstonimda qolib ketdi u –

gulga aylanib…

 

Avgust bulogʻidan simirdim safo,

soch silatib kezdim shoʻx yelvizakka.

Tagʻin men beomon,

men bir bevafo,

yozni yolgʻizlatib,

ketdim kuzakka…

 

Endi yana shodon boʻlamizmi, ayt,

shabnam bezarmikan nahorimizni?!

Qaytib berarmikan bizga yana mart

aprel oʻgʻirlagan bahorimizni?!

 

 

Mening xatolarim

 

Bir suydirgi ichimda…

bir kuydirgi ichimda –

chiqib ketar sirgʻalib

oʻttiz ikki tishimdan.

 

Sahroyi dil savdoyi;

sheʼrdan nechuk qaytaman?!

Xato shudir: hammaga

hammasini aytaman…

 

Mening xatolarim-ay,

oʻ, mening xatolarim!

Figʻon urdi afgʻonzay –

u mening xatolarim.

 

Kecholmadim bu jonon,

nozik adolarimdan;

kechmishlar kechdilar qon

mening xatolarimdan.

 

Etlarni sixlaganman,

Isoni mixlaganman,

vijdonga pichoq tortib,

ustida yigʻlaganman.

 

Xatodan chiqmaganman,

dunyoga sigʻmaganman,

Rasulullohni tinglab,

esimni yigʻmaganman.

Mardi yoʻq maydon bilan

oʻlimlar sotganim chin,

zarsuluv shayton bilan

chirmashib yotganim chin…

 

Nechun sizni qoʻymayman,

oʻ, mening xatolarim!

Men oʻzimni oʻylayman –

shu mening xatolarim…

 

Farzandim – unut olam –

dilginangning darziman;

bolam, dorga os, bolam,

bolam, shunga arziyman.

 

Hirqirating – bezarar,

ey, Haqdan atolarim;

sirtmoqda siltaniblar

toʻkilsa xatolarim!

 

Qargʻang! Soʻking! Turmang jim!

Oʻylay jon chiqar oni

qoldirdim deb shu chirkin

toʻzib yotgan dunyoni.

 

Xatolarim oʻrnini

nahot bosmaysan, nolam;

oʻzim keldim doringga,

nechun osmaysan, bolam?..

 

Uv, mening xatolarim!

Huv, mening xatolarim!

Bolam, keldimi navbat,

yuv mening xatolarim…

 

Meros edi xatolar,

voris boʻlar boʻtam ham;

xato sabab jannatdan

quvilgandi Otam ham.

 

Tan olmasam – bu gunoh:

yasholmayman begunoh…

meni buncha sevasiz,

o, ishtiboh, ishtiboh!

 

Sizga rahmat qarz boʻlsin,

o, mening xatolarim!

Buyur, Xudo, dars boʻlsin

to mening xatolarim.

 

Dono, Doro boʻlib gar

toʻradimmi Atodan?!

Qilingan xato! Qaytar

qilinmagan xatodan!

 

 

Iymon

 

Chiqib ketdim azal koʻshkidan –

chiqib ketdim padar pushtidan,

chiqib ketdim ajal burnidan –

muvallida onam qornidan;

chiqib ketdim siqiq beshikdan,

chiqib ketdim xona, eshikdan,

chiqib ketdim koʻcha, mahaldan,

chiqib ketdim qishloq, shahardan,

chiqib ketdim, qilmadim toqat…

quyushqondan chiqmadim faqat;

hech qayerga sigʻmagan savil,

quyushqonga sigʻdim muttasil.

Magar chiqib ketdimmi bir bor?

Kechirgaysan, o, Parvardigor!..

Men sabiyni vasli Yor tomon

omon olib borgin, quyushqon…

 

 

Bolalik

 

Qor jilgʻaga aylanib,

ketdi hayot soyiga:

ketaverdi loylanib

tanimagan joyiga.

 

Qorligidan asar yoʻq;

qayga yetdi?

aytmaydi…

…u qor boʻlib yashagan

choʻqqisiga qaytmaydi…

 

Mansur JUMAYEV

 

“Ijod olami”, 2017–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.