Bahor ranglariga toʻlmoqda borliq

0
155
marta koʻrilgan.

   * * *

Soʻz nima

Sen   mening yonimda boʻlsang.

Koʻzlar tikiladi…

Tillar  tugiladi…

Sirlar  soʻkiladi…

Choki   chokidan,

Soʻzlar esa yoʻq.

Manzilin yoʻqotgan karvonday,

Tomoshabin  teraklar turar

Uyqusirab, egib boshini.

Tabiat sirlashar –

Ajib  sukunat…

Bizlar dardlashamiz,

Soʻzlar esa yoʻq.

Tunning koʻzlaridan quyiladi yosh –

Jimgina tark etar yulduzlar

Oppoq tongning soʻzlarini

Boʻyab tashlar

Ranglarga quyosh…

Oʻt-oʻlanlar  koʻzlarida yosh,

Biz hanuz sirdosh,

Soʻzlar esa yoʻq…

 

   * * *                                                               

Sening yigʻlayotgan,

Alam ichra sassiz

Soʻzlayotgan koʻzlaringga qarayman.

Tomchilab, dumalab ketar iztirob.

Soʻng esa…

Asta-asta taskinga aylanar.

Alamlar, armonlar sogʻinadi jim,

Dardu hasratlarim unsiz oh chekar,

Miskin qoʻshiqlarga aylanmoq uchun.

Dilimda bir ilinj,

Tilimda bir soʻz,

Tomchiday  turibdi titrab,

Najotsiz bir his,

Uni hech soʻzlarga tizib boʻlmaydi.

Ilojsiz chekinar,

Gʻazab jimgina…

Bizlarni tabriklar oʻksigan sabr.

 

* * *

Qishning oq koʻylagi yirtilib ketdi,

Endi iliq-iliq kunlar boshlanar.

Yupun daraxtlarning toqati bitdi,

Sevinchdan ochilgan koʻzlar yoshlanar.

Shudringga yuz yuvgan  barra maysalar,

Munavvar quyoshga umidvor boqar.

Anhor suvlariga yuzlarin chayar

Bahorni orziqib kutgan qizchalar.

Hali chimildiqdan  chiqmagan kelin,

Bahor iforidan sarxush entikar.

Baxtiyor yuzlari oydayin toʻlin,

Bitmagan kashtasin oʻltirib tikar.

Bahor ranglariga toʻlmoqda borliq,

Daraxtlar olmoqda hayotdan yorliq.

Barcha tashvishlarni unutib butkul,

Azizim, sen Navroʻz tongini  kutgil!

 

Abdugʻofir MAMATOV

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.