“Bahor bizga, biz ham bahorga oshiq”

3
160
marta koʻrilgan.

Berdinazar XUDAYNAZAROV

(1927–2001)

XX asrning 60-70 yillarida turkman poeziyasining yetuk namoyandalari qatorida ijod qilgan Berdinazar Xudoynazarov 1927 yil Ashxobod tumanidagi Qizilsoqol qishlogʻida dunyoga kelgan, Turkmaniston xalq yozuvchisi. U 1959 yilda Moskvadagi adabiyot institutini tamomlab, dastlab turli gazeta va jurnallarda, 1991 yildan Turkmaniston Yozuvchilar uyushmasi raisi vazifasida ishlagan.”Maxtumquli huzurida”,”Choʻl tuyasi”, “Hayronlar qolasan”, “Ishonch”, “Choʻpon” kabi qator gʻoyaviy yetuk, badiiy yuksak sheʼrlari bilan adabiyot muxlislarining qalbidan mustahkam oʻrin ola bilgan isteʼdod egasi. Turli yillarda uning qator sheʼriy toʻplamlari chop etilgan. Shuningdek, U “Suvning hidi”(1983), “Sahroyilar” kabi birqancha romanlar muallifi hamdir. Yozuvchining “Sahroyilar” romani Habiba Mansurova tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilinib, 1984 yilda “Gʻafur Gʻulom” nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotida chop qilingan.


 

Biz – turkmanlar

 

Biz – turkmanlar,

Sahroyi xalq, sahroyi.

Sahrodek, olamdek kengdir yuragimiz.

Sahroda kutib olsak kunni, oyni

Hamda, doʻstlar, butun boʻlsa choʻragimiz[1].

 

Har kun eshiklardan nur sochib porlab,

Chiqqan Oftobni shoshtiramiz er bilan.

Toki silla qurigunicha, “miriqib” ishlab,

Ona Yerni qondiramiz ter bilan.

 

Yozning harorati qizdirib bizni,

Kuzda qozonimiz shaqirlab, toshar.

Bahor eshitiboq kuzning soʻzini,

Xonamizga kirmoqqa shoshar.

 

Bahor bizga,

Biz ham bahorga oshiq.

Payqaganlar, bizni egizakmi der.

Shoirmiz barimiz,

Yuraklar toshib,

Bahorning shaʼniga toʻqiladi sheʼr.

 

Turkmanchadan Qurbon MUHAMMADRIZO tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2017–6

 


[1] Choʻrak – non.

3 Mulohaza

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.