Bagʻri quyosh, oy bu el, yaxshilikka boy bu el

0
198
marta koʻrilgan.

YURT MADHI

 

Yurtimizdan aylanay,

Tarixiga shaylanay:

Toshkent asli bosh shahar,

Bagʻri nur-quyosh shahar.

 

Sirdaryo – Gulistonim,

Jizzax – bogʻu boʻstonim,

Maydonlarda mard kelgan,

Qashqadaryo, Surxonim.

 

Samarqanddan aytaymi,

Yer yuzining sayqali,

Gʻurur qoʻshar koʻksiga

Temur bobom haykali.

 

Ilm uyi Buxoro,

Har toshi hikmat, maʼno,

Xorazmning savlatu

Sanʼatiga tasanno.

 

Qoshi qora, qalbi oq,

Qadrdon qoraqalpoq.

Navoiy nomin olib

Oltin berar bu tuproq.

 

Fargʻona-yu Andijon,

Namangan – shohi gulim,

Nomin tilga olsang bas,

Ochilar bahru diling.

 

Nomi dilga darmonim

Ulugʻ Oʻzbekistonim.

 

BAXSHI BOLA

 

Oʻzbek oʻgʻli boʻlaman,

Kichik bekman, toʻraman.

Elim aytgan oʻlanga

Joʻr boʻlaman, joʻraman.

 

Orzudan qanotim bor,

Dil toʻla bayotim bor.

Elimdan aytar boʻlsam,

Tilimda novvotim bor.

 

Bagʻri quyosh, oy bu el,

Yaxshilikka boy bu el.

Kafti ochil dasturxon,

Saxiy, hotamtoy bu el.

 

Qalbi qaynar xumchaday,

Zavqi qaynab tinmagay,

Atoyi Xudo, deya

Mehmonlarin siylagay.

 

Niyatlari pok-asl,

Ichda yoʻq kir-qorasi.

Uning jondan suygani

Dalasiyu bolasi.

 

Toʻkib halol terini,

Yashnatgan yurt-yerini.

Halol topib yedirib

Oʻstirar qiz-oʻgʻlini.

 

Shu el manim, agarda

Barin yozsam daftarga,

Quvonchdan qanot qoqib

Uchadi u kaptarday.

 

Oʻzbek oʻgʻli boʻlaman,

Kichik bekman, toʻraman.

 

SICHQONNING ShIKOYATI

 

“Sichqon sigʻmas iniga

Gʻalvir bogʻlar dumiga”.

Xafa boʻlib ketdim-da,

Buni eshitib juda.

 

Mazax qilib kulmang, hay!

Kichik koʻrib jussamni.

Xuddi shohlar qasriday,

Keng uy-joyim bor mani.

 

Ishonmasa kim bunga,

Mayli, kelib qarasin.

Sigʻdirganman uyimga,

Bir omborning gʻallasin.

 

BOTINKANING ShIKOYATI

 

Tepib oʻtar albatta,

Yerda yotgan har toshni.

Tergaydigan kishi yoʻq,

Bu betamiz, beboshni.

 

Ogʻzim ochilib qolsa,

Tuzatishga chopadi.

Axir usta ungamas,

Mixni menga qoqadi.

 

 

XIRMON

 

Bugʻdoy ekdi Ketmonboy,

Sugʻordi, oʻgʻit berdi.

Pishib yetilgach uni

Oʻroqboy oʻrib berdi.

 

Xaskash toʻpladi barin,

Xoʻp ham boʻldi haydalib.

Oʻroqda yoʻq… Panshaxa

Hozir boʻldi qaydandir.

 

Ogʻrimagan-da beli

U och-yupun qolgurning!

Shuncha xirmonni kelib

Zumda yelga sovurdi.

 

QOʻLNING TILGA DEGANI

 

Menikiday mehnatdan

Qaqshamas, yoʻq suyaging.

Javraysan, oʻz holiga

Qoʻymay jagʻu iyakni.

 

Gap-soʻz boʻlsa qop-qopu,

Ishga kelsa, tormoz-da.

Bajarasan har ishni

Faqatgina ogʻizda.

 

URUSHQOQ BOLAGA

 

Hoy bola,

Urush qilma.

Qoʻllaringni

Musht qilma.

Bir-ikkisin

Urasan,

Soʻng-chi, soʻng

Ne qilasan?

Uchinchisi

Tushirar,

Tumshugʻingni

Shishirar.

Ish tut

Aqlu hush bilan.

Yashash qiyin

Musht bilan.

 

Dilshod RAJAB

 

“Yoshlik”, 2015 yil 6-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.