Ayol ketib borar yonib, guvillab

0
199
marta koʻrilgan.

ESHIK CHERTILADI…

 

Eshik chertiladi…

Hapqirar yurak.

Hayallab boʻlsa ham keldimikan

Baxt?!

Balki olib tushgan koʻkdan farishta

Koʻnglimga bir yorliq, Haqdan inoyat.

 

Eshik chertiladi…

Balki bu xayol?!

Xazonlar tovshidir quloqqa ingan.

Balki hasratidir darbadar shamol

Rangsiz umidlari shoxlarda singan.

 

Eshik chertiladi…

Vaqtdir bu balki,

Bevaqt yuragimni taqillatyotgan.

Besamar yillarning armoni kabi

Koʻngilni zanglatib, zil bosib yotgan.

 

Eshik chertiladi…

Turaman behol,

Balki olma otayotir dov-daraxt.

Balki udir ishqimni qilgan uvol,

Ayro yoʻlda tashlab ketgan

Muhabbat!

Eshik chertiladi…

Uzoq kuttirmay,

Balki doʻst kelgandir oʻzi choparga.

Koʻngil bilan hech kimga aytmay,

Otlanamiz yorugʻ safarga.

 

Eshik chertiladi…

Anglatgil, yo Rab,

Meni uygʻotguchi sirli lahzadir.

Kimni rozi qildim dunyoda yashab?

Shu savol oldida yurak lagʻchadir.

 

Balki eshik qoqar… qiladi isyon,

Boʻgʻzimga qadalib yigʻlayotgan soʻz.

Koʻkrak qafasimda xoʻrlangan vijdon,

Balki qishdan ogoh qilmoqchidir kuz.

 

Eshik chertiladi…

Ochaman asta,

Qarogʻimda sizib, qotib qolar yosh.

Ostonamda turar horgʻin, xijolat –

Men kutmagan doʻstday kulib

Oltmish yosh.

 

Eshik chertiladi…

 

VAQT

 

Koʻzin uzmas hatto biror on,

Taʼqib qilmoqlikni qoʻymaydi.

Daromadim hisoblab yurgan,

Soliq yigʻuvchiga oʻxshaydi.

 

AYOL KETIB BORAR…

 

Ayol ketib borar yonib, guvillab,

Koʻnglida tiriklik qoʻngʻiroqlari.

Shamollar poyida yigʻlar bosh urib,

Sochib yuboradi gul yaproqlarni.

 

Ketib borar ayol… koʻngliga ishqmas,

Tikib tiriklikning bayroqlarini.

Qulogʻi kar dunyo, hayhot eshitmas,

Selday toshgan faryod, ingroqlarini.

 

Ayol ketib borar… tunday yoyilgan

Baxtsizlikday qaro sochlarin gʻami.

Koʻngil mehrobiga yoqib qoʻyilgan

Qirq bitta jonining qirq bitta shami.

 

Ketib borar ayol… yolgʻizlik aro

Sirpanchiq yoʻllari, qirovli, muzli.

Onhazratning ummatlari, xeshlari,

Hazrati erkaklar, eshityapsizmi?

 

Bu ketishi goʻyo koʻchkilar kabi,

Qurbon qushday toʻzgʻir dil rishtalari.

Muhabbatdan ketar, koʻngildan ketar

Xudoning yerdagi farishtalari.

 

Ketib borar ayol yonib, guvillab…

 

USMON NOSIRNING SOʻNGGI NIDOSI

 

Tosh turmalar,

Jallod turmalar

Ayar mendan parcha qogʻozni.

Bunda mudhish sukut oʻrmalar,

Chiqarmaslik kerak ovozni.

 

Madorim yoʻq qalam ushlashga,

Yuraklarim ketgandir ozib.

Devorlarga,

Hattoki toshga

Koʻzim bilan qoʻyyapman yozib.

Havo yoʻqdir nafas olmoqqa,

Eshitilmas hatto mahkum sas.

Qad koʻtarsang boshing yormoqqa

Bunda shiftlar qilib turar qasd.

 

Qoʻlda kishan,

Boʻynimda sirtmoq,

Koʻrarmanmi erkingni, vatan?

Qonga toʻlgan yuragim bilan

Men qaʼringda qandoq yotaman?

 

Umidim bor, bir kun kelar

Erk,

Shu kun tinar zulm va faryod.

Kishanlarni parchalab, yorib,

Soʻzlarimni qilarlar ozod!

 

* * *

Odamlarning ocharmi koʻzin,

Bu qandoq ishq,

Qanday munojot?!

Miliard qushlar Haqqa tizilib,

Subhi sodiq qilar ibodat.

 

Gʻaflat bosmas birorta qushni,

Birortasi yoʻldan ozmagan.

Odamlar ham qush asli faqat,

Faqat… faqat… qanot yozmagan.

 

ANNA AXMATOVA

 

Tosh turmalar qoʻymas hech tongni,

Oʻtkazmaydi nazoratidan.

Bir koʻz boqar sogʻinchda mungli,

Nelar oʻtar xayolotidan.

 

Qontalash tong…

Goʻyo azador,

Hol soʻraydi tiriklaridan.

Soʻzlar qurbon qushdek yarador

Oʻtolmaydi tuynuklaridan.

 

Bir-birining yuragin choʻqir,

Eshitmaydi hech kimni xudo.

Qulogʻi kar,

Koʻzlari soʻqir –

Turmalardan farqi yoʻq Dunyo.

 

Enaxon SIDDIQOVA

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.