Aylanib II

0
88
marta koʻrilgan.

Ergash boboning Buxoroyi sharifga kelgani xon mulozimlarining qulogʻiga chalinib, oqinni Oʻrdaga chaqirtiribdilar. Goʻyanda bir borar, bir bormas boʻlib, oxiri:

– Xon oʻz nomi bilan – xon. Uning oʻzidan koʻra saroy atrofida izgʻib juruvchi jugurdaklari jaman boʻladi. Men, men bor-joʻgʻi bir goʻyanda boʻlsam. Ular qayda-yu, men qayda. Bormasam, yana boshima bir baloni jabishtirib tashlamasinlar. Qolabersa, er siylagan jeriga aziz, – deb boribdi.

Oqinni siyi-sifati bilan kutib olibdilar. Dasturxondagi noz-neʼmatlarni koʻrib, beva-bechoralarning, yetim-yesirlarning bir burda nonga zor boʻlib kun kechirayotganliklari koʻz oʻngiga kelib, shoirning kayfiyati buzilibdi. Oʻsha yillari bir qurgʻoqchilik, bir surgʻoqchilik boʻlib eldan fayz-baraka koʻtarilgan chogʻlari ekan. Afsunsoz ichida: “Qovunning yaxshisini it jiydi, deganlari haq rost ekan. Kambagʻalding uli boʻlguncha boyding quli boʻlgan yaxshi, deb shuni aytadilar”, deya izzat-nafsi ogʻribdi.

Buning ustiga, hademay sharobbozlik boshlanibdi. Kimlar sarxush, kimlar behush boʻla boshlashi bilan poyga tomonda mardosh qurinib oʻtirganlardan biri debdi:

– Biz har kuni birgamiz. Endi gap navbatini badikka bersak.

Shu birgina “badik” soʻzi oqinning dilini vayron qilibdi. Haqoratlanibdi. Davradagi es-hushi joyidagilardan biri haligi ogʻziga kuchi yetmagan kasni jerkib, afsunsozga taskin-tasalli bergan boʻlibdi:

– Buning topib gapirganiyam shu, qopib gapirganiyam shu, akun. Oʻz nomi, oʻz laqabi bilan – Qodirqul Gʻajir. Ilinsa bas, gʻajiydi, ilinmasa, aljiydi, ukkagʻordi bolasi. Siz el odamisiz. Bu esa bor-yoʻgʻi bir tunqator – tungi soqchi. Boy oshini Boytevat qizgʻanibdi, deb eshitgandirsiz. Bulam shuning biri, man sizga aytsam. Keyin, Sizni chorlagan u emas, biz eduk. Endi Sizdan eshitayluk.

Qafasga tushgan qushday, bu davra oʻngi emas, tushday boʻlib oʻtirgan Ergash bobo qoʻliga otameros, bobomeros sozini olib toʻlib-toshib huylashga, kuylashga tushibdi:

 

Uy aylanib yashar xudbin, pahlavon maydon aylanib,

Er yigit qaytmas soʻzidin ketsa-da zamon aylanib.

Umr ham oʻtib boradir qora yer tomon aylanib,

Kundin kunga yeru osmon yomondin-yomon aylanib.

Birlar yashar harom xarish, chin turib yolgʻon aylanib.

Yuqa-yoʻqsil, yetim-yesir bir umr armon aylanib.

Ajal kelsa faryod qilma, tanga kirmas jon aylanib,

Kim oʻlimdin qutulmishdir taxti Sulaymon aylanib.

Arkoni davlat yasharlar qon yutib xoqon aylanib,

Dindin kechib boʻlsa hamki farmoyish, farmon aylanib.

Elnimas, Arkni qoʻriqlar tunqator qoʻrgʻon aylanib.

Oʻrda atrofi xatarli, yuribdi shayton aylanib.

Bu manzilga qayta kelmas bu kelgan mehmon aylanib.

Bir kunini koʻrar endi el-ulus, Turon aylanib.

Yashar terma, dostonlarim bu yorugʻ jahon aylanib.

Baytu bandim qadrin topgay laʼli Badaxshon aylanib.

 

Bu boʻlib oʻtgan hangoma tildan-tilga koʻchib xonning qulogʻiga yetib boribdi. Dargʻazab boʻlgan xon devonbegini chaqirtirib bor tafsilotni aniq-tiniq bilib olgandan soʻng haligi tunqatorning toʻqol enasini Uchqoʻrgʻondan koʻrsatib, qalʼaga, mirshabxonaga qadamini qayta bosmaydigan qilib qoʻygan ekan.

 

Toʻra SULAYMON

 

“Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.