Alvon-alvon qoʻshiqlardan ayt

0
254
marta koʻrilgan.

* * *

Omon-omon qoʻshiqlardan ayt,

Alvon-alvon qoʻshiqlardan ayt,

Ohang boʻlib qoʻshiqqa bu kech

Qoʻshilishib ketadigan payt.

Omon-omon qoʻshiqlardan ayt.

 

Yuraklarga oʻt boʻlib kirib,

Oʻzing ham kuy, kuyla kuydirib.

Bari-bari tushsin yodimga,

Bari-bari chiqsin oldimga.

 

Yiroqdagi oppoq soch onam

Kelmoqdadir kiprigida nam,

Onam, onam tushsin yodimga.

Qamchin urib kelmoqda otam,

Otin surib kelmoqda otam.

Suron solib yashab ketdi u,

oʻolib-gʻolib yashab ketdi u.

Qamchin urib kelmoqda otam.

 

Odil Daroz bor edi bir choq,

Otaginam sirdoshi edi.

Qoʻmsab qolar Darozni goh-goh

Chavandozlar davrasi endi.

Odil Daroz bor edi bir choq.

 

Aytaversam jonga tushar oʻt,

Yosh toʻkmoqqa chogʻlanar bulut.

Tutashmoqda oʻtlarga koʻksim,

Qoʻy, yaxshisi, men tinglayin jim,

Oʻzing alvon qoʻshiqlardan ayt,

Omon-omon qoʻshiqlardan ayt.

 

 

SHEʼRIMGA

Men seni kitobga yozdim-u…

Payt poylab kitobdan chiq, sheʼrim.

Soʻkilgan dillarni tik, sheʼrim,

Behuda oʻrtanib yozdimmi?

 

Men seni kitobga yozdim-u,

Izlasam kitobdan topmayin.

Goʻdak boʻl, men uzay qarzimni,

Onaga aylanib qol, mayin.

 

Kitobda sheʼr holda qolmasdan,

Omad boʻl, oʻyinda yutay men.

Mard oʻgʻlon koʻzida ayt doston,

Umrbod shu koʻz deb oʻtay men.

 

Kitobda qolmagin sen tinib,

Oʻjarlik, oʻt bilan koʻtar bosh.

Bazm aro eshitay shovqining,

Azada koʻrayin, toʻkkin yosh.

 

Chiqa qol, kitobning qatin och,

Taysallab boʻlmagin arosat.

Bolaning koʻzida boʻl ishonch,

Ulgʻaygach odamda farosat.

 

Balki men sen deb ham oʻlmasman,

Hech kimga ishonmas bisotim.

Men seni baholay bilmasman,

Sen mening hayotim, hayotim!

 

Istamam, hayotni men chindan

Kitobda yoʻqolsa imi-jim.

Sargʻaymay varaqlar ichinda

Kitobdan chiqadi hayotim.

 

Men seni kitobga yozdim-u…

 

 

* * *

Ajralishdik, koʻtar boshing,

Koʻzlaringda nega gʻam?

Mardim, toʻkma koʻzing yoshin,

Tomchisiga arzimam.

 

Ne kun solding sen boshimga,

Bu qanday ishq, qay firoq?

Arzimaysan koʻz yoshimga,

Men ham yigʻlayman biroq.

 

 

BAXT

 

Sen kelding shamolday shaylanib,

Derazalar yopildi darhol.

Soʻng kelding yomgʻirga aylanib,

Derazani yopdilar. Uvol.

 

Soʻng qor boʻlib kelding, koʻzlarin

Derazaning zichlab yopdilar.

Qaytmas boʻlib ketding. Oʻzlari –

Seni izlab ortdan chopdilar.

 

Oʻng kelarding, men derdim: “Bu – tush”, –

Shunday oʻtdi gul yillar uryon.

Avval quvib qancha vaqt sarxush –

Keyin izlab qancha vaqt giryon.

 

 

* * *

Bilmam, adashdimmi yo toʻgʻri qildim,

Bagʻringga yaproqday toʻkildim.

Aslida bu baytni men yozganim yoʻq,

Mening umrim – moʻljal sari ketgan oʻq.

 

Vaqtida keldim yo bevaqt, ancha kech,

Afsus aytganimni eshitmadim hech.

Boʻlmasni boʻldirgum deb qilaman qasd,

Men yashash sururin shunday deb bildim.

Arosat, bu satr meniki emas:

“Bilmam, adashdimmi yo toʻgʻri qildim”.

Kamon egildi-yu otdi – uchyapman,

Yoʻq, ikkilanish yo bir soʻz aytish yoʻq.

Mayli, sharob yoki zardob ichyapman,

Men otilgan oʻqman, oʻqqa – qaytish yoʻq.

 

 

KOʻZ

 

Balli, koʻzlarimdan dardimni uqding,

Ammo koʻzlarimga kelmagil kirib.

Dardimni qoʻymoqqa boshqa joy yoʻqdir,

Koʻzimga qoʻyaman yashirib.

 

Buncha sinchkov boʻlma, buncha topongʻich,

Koʻzim daryosiga shoʻngʻimagil, jim.

Axir bu dunyoda eng bexavf va tinch

Dard yashirar joyim – mening shu koʻzim.

 

 

* * *

Qushlar – aka-ukalar,

Gullar – opa-singillar.

Shunday yashash boʻlmasa,

Bir kun hamma yengilar.

 

 

KEChIRING…

 

Men Sizdan soʻrayman bu kech kechirim,

Hijron boʻlganim-chun boʻlmayin visol.

Garchand umringizni tongi, kechini –

Aralash qildim men kartalar misol.

 

Oʻylaysizmi, meni qildi deb atay,

Sizga burilmasdan ketganim-chun tik.

Men dardli koʻksimni yorib koʻrsatay –

Bormi unda Sizga zarra yomonlik.

 

Garchand, oqlay olmas oʻzin aybdor dil,

Ishoning, sezmasdan qoldim men u choq

Tabib boʻlayin deb boʻlganim qotil,

Malham boʻlayin deb urganim pichoq.

 

Beayov ishqingiz oʻtin oʻchirdim.

Kechira olsangiz agar, kechiring.

 

Halima XUDOYBERDIYEVA,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

“OʻzAS”dan olindi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.