Ajoyibxona

0
744
marta koʻrilgan.

KEKSA ARINING ARMONI

 

Takror ertak boshlar u:

– Bor ekan-da,

Yoʻq ekan.

Arilarda bir vaqtlar

Boʻlgan ekan keng Vatan…

 

Doim shuni aytardi,

Nabiralar yonida.

Eski ertak

Hech kimning

Tegmas edi joniga.

 

 

OʻRMONDA ZIYOFAT

 

Sher oshxona ochibdi

Oʻrmonda bugun,

Yovvoyi va xonaki

Hayvonlar uchun.

 

Pishar turli taomlar

Qozonda “jaz-jaz”.

Boʻrivoy – oʻt qalovchi,

Quyon – bosh oshpaz.

 

Yumronqoziq masalligʻ –

Tayyorlashda band.

Hoʻkiz bobo – qorovul,

Echki – ofitsiant.

 

Oshxonaki – hashamdor,

Koʻrinmaydi gard.

Eshikka xat yozilgan:

“Tuyogʻingni art!”

 

Birin-ketin hayvonlar

Keldi har yondan:

Togʻ-u qishloq, yaylovdan

Hamda oʻrmondan.

 

Xoʻrandalar behisob,

Zoʻrgʻa yetdi joy.

Kuchuk suyak buyurdi,

Maymun – limonchoy.

 

Mushuk dedi: “Keltiring –

Sutga toʻgʻrab non.

Yoʻqmi sizda, mabodo,

Yangiroq sichqon?”

 

Tulkivoy der: “Bugun sal

Tashqari sovuq.

Menga – qaynoq kakao

Va tirik tovuq”.

 

Qoʻzi beda soʻradi,

Olmaxon – yongʻoq.

Toʻngʻiz esa buyurdi

Chirik oshqovoq.

 

Talab qildi Buzoqcha

Kunjara, somon.

Yoqib tushdi Kirpiga

Chagʻir suvilon.

 

Ishtahadan nolimay

Suli kavshar Ot.

Ikki lagan baqani

Yedi Begemot.

 

“Menga hang…

ham qarang!” deb

Baqirdi Eshak.

Sekingina dedi Fil:

“Bir tonna xashak!”

 

Xoʻp yayrashdi hayvonlar,

Boʻlib jamuljam.

Faqatgina Toshbaqa

Edi bunda kam.

 

Toshbaqa ham uzoqdan

Koʻrindi, ana…

Afsuski, u kelguncha

Berkir oshxona.

 

 

QAHRATONDA

 

Gʻor ichida

Och-nahor

Barmoqlarin soʻrishib,

Oʻtirishar Boʻrilar

Televizor koʻrishib.

 

Paydo boʻlgach ekranda

Oʻtlab yurgan qoʻy-qoʻzi,

Birdan

Hamma yirtqichning

Oʻynab ketdi och koʻzi.

 

Tish qayrashib

Soʻng ular

Ur-yiqitni boshlashdi.

Televizor shoʻrlikni

Paqqos gʻajib tashlashdi.

 

 

JANGCHI ChUMOLI

 

Oʻtyurak yosh Chumoli

Jangga ketdi.

Minib olib Qoʻngʻizga,

Tankda ketdi.

 

Samolyotdek keldi-yu

Ochkoʻz Hakka,

Hujum qildi havodan

Qoʻqqis tankka.

 

Oʻlja boʻldi Qoʻngʻizvoy,

Tugadi jang.

Tanksiz qolgan jangchining

Ahvoli tang.

 

Xafa boʻlib Chumoli

Qaytdi ortga.

Qiyin ekan bas kelish

Samolyotga.

 

 

HAMMOMDAGI MOJARO

 

Oʻrmon bilan adirning

Oʻrtasi dala.

Hammom qurdi shu joyga

Fil kuzak palla.

 

Suv isitish boʻyicha

Timsoh boʻldi bosh.

Oq Mushukxon pattachi,

Qora It farrosh.

 

It hammomning eshigin

Ochmoq boʻlgan on,

Kirib keldi teshikdan

Bevosh bir Sichqon.

 

Mushukdan u oʻzini

Olib panaga,

Dedi: “Bitta chipta yirt

Menga… vannaga”.

 

Keyin vaysab oʻzicha

Keldi yosh Xachir:

“Tfu!

Bugun goʻng tashib

Boʻpketdim yagʻir”.

 

Boʻri kirib soʻradi

Gʻildirab koʻzi:

“Yuvingani keldimi

Bironta Qoʻzi?”

 

Gavjum boʻldi yuvinish –

Xonasi rosa.

Qani endi hammayam

Qilsa murosa.

 

Ayiq ezib Yumronni

Chinqiratgan on,

Quva ketdi Baqani

Jomda Suvilon.

 

Ishqagichim qani, deb

Boʻkirdi Hoʻkiz.

Yirtib qoʻydi Echkining

Lungisin Toʻngʻiz.

 

Dadasiga arz qildi

Dingquloq Quyon:

“Sovunimni yeb qoʻydi

Anov Karkidon”.

 

Eshak haydar Pashshani,

Ot turtar Gʻozni.

Joy talashib Tulkivoy

Quvlar Xoʻrozni.

 

Bezor qilgach sur Maymun

Tinsiz qitiqlab,

Tashqariga yoʻl oldi

Burundiq yigʻlab…

 

Soʻng kiyinish xonasi

Boʻldi toʻpolon.

Bosib olib Kirpini,

Dod soldi Qoplon.

 

Birdan kimdir baqirdi:

“Muttaham Chivin!”

…Kiyib qochgan emish u

Zebraning shimin.

 

 

SINFDOSHLAR

 

Tulki boqar alang-jalang:

– Ih-hi, razm solib qarang,

Ayiqchaning labi shira…

Hoy, Quyonboy,

Qani, soʻra,

Nima yedi ekan maymoq?

– Nima yeding, ayt-chi, oʻrtoq?

– Opkeluvdi oyim asal,

Tegib ketdi tumshugʻim sal.

– Nima uchun koʻp yemading,

Nega yana ber demading?

– Menga qolsa, yerdim barin,

Quvlab soldi bir toʻp ari…

– Ari degin?

– E, yoʻq…oyim!

Adashaman gapdan doim…

 

Turgan chogʻda Ayiqcha lol,

Pismiq Tulki berdi savol:

– Chaqmadimi oʻsha “oyi”ng,

Shishmadimi biror joying?

 

Oʻgrilib, koʻz qisdi Tulki,

Koʻtarildi birdan kulki.

 

 

BOʻRICHANING MEHRIBONLIGI

 

Quloncha ham chiroyli,

Quyoncha ham chiroyli.

Buncha goʻzal Qoʻzichoq,

Kiyikcha – naq qoʻgʻirchoq.

 

Hammasini erkalab,

Boshlarini siypalab,

Juda suygim kelyapti,

“Xap” qipqoʻygim kelyapti!

 

 

BEBOSH

 

Tangabaliq tashvish chekar

Oʻgʻli qaytmay xonaga.

Yo ataylab erkatoyi

Berkinganmi panaga?

 

Shoʻx emasmi, sayr qilib

Ketgandir yo uzoqqa.

Yosh emasmi, toʻrni koʻrmay

Tushgandir yo tuzoqqa.

 

Balki kimdir uni aldab,

Qarmoq bilan tutgandir.

Balki uchrab ochkoʻz choʻrtan,

Tiriklayin yutgandir.

 

Tangabaliq tashvish chekar

Oʻgʻli qaytmay xonaga.

Bebosh boʻlsa erkatoyi,

Qiyin ekan onaga.

 

 

QORA XUM

 

– Tuya keldi

Qoraqumdan.

Ustidagi

Qora xumda

Nimalar bor,

Soʻra-chi.

 

– Ustimdagi

Qora xumda

Jun opkeldim

Qoraqumdan,

Xoʻjayinim –

Podachi.

 

– Tuya ketdi

Qoraqumga.

Ustidagi

Qora xumda

Nimalar bor,

Soʻra-chi.

 

– Qaytayapman

Qoraqumga,

Bugʻdoy solib

Qora xumga.

Och qolmasin

Podachi.

 

– Buncha shoshgay

Qoraqumga,

Nimalar bor

Qora xumda

Tuyavoyning

Oʻziga?

 

– Menga naf yoʻq,

Qora xumdan.

Boʻtalogʻim –

Qoraqumda…

Yosh olgandir

Koʻziga!

 

 

PUFAKFURUSH

 

– Salom, Baqa!

– Salom, vaq!

– Pufak bormi?

– Tamom, vaq!

– Ke, beraqol,

Mana, haq.

– Kerak emas

Chaqa, vaq.

– Ol, Baqajon,

Yongʻoq chaq.

– Ma, qaqajon,

Pufak, vaq…

 

 

LAQMA LAYCHA VA TULKICHA

 

Kech qolmay, deb Tulkicha

Shoshilardi maktabga.

Yoʻlda tanish bir Laycha –

Uchradi, tutdi gapga:

– Quloq sol, hoy Tulkiyev,

Koʻrdim bugun ajib tush.

Naʼra tortib kelar dev,

Kimlar qochar, kim behush.

Dev-chi kelar lapanglab,

Ogʻzin ochib tandirday.

Toychoqni u qildi daf

Goʻyo kichik chandirday.

Xippa boʻgʻib Eshakni,

Ikki yamlab bir yutdi.

Soʻng buzib bor katakni,

Tovuq, xoʻrozni tutdi.

Paqqos yedi Hoʻkizni,

Tatib koʻrdi Boʻridan.

Soʻng simirdi dengizni,

Chanqovining zoʻridan…

Koʻrmasa-da naf picha

Laqma Laycha arzidan,

Uni tinglab Tulkicha

Qolib ketdi darsidan.

 

 

BUYUK XAYOLPARAST

 

Bir Qoʻzi bor, xush koʻrar

Kuylamoqni u juda.

Kuylab yurar Boʻrini –

Yegan qoʻylar haqida.

 

Boʻri qonxoʻr va kuchli,

Qoʻzi buni biladi.

Qoʻylar ham zoʻr boʻlishin

Faqat orzu qiladi.

 

 

CHETDAN QARAGANDA…

 

Yonida bir paqir suv,

Hoʻkiz soʻzlar minbarda:

– Insof bormi oʻzi bu

Eshak degan xumparda!

Biz dalada ishlaymiz

Koʻzimizni tindirib.

Yallo qilib yurar u,

Birovlarni mindirib.

 

 

BAHONACHILAR KASALXONASI

 

Doktor Quyon sertashvish,

Hamshira Gʻozlar notinch.

Kasalxona

Toʻsatdan

Boʻlib ketdi tiqilinch.

 

Boʻri keldi inqillab,

Chivin chaqib oldi, deb.

Ayiq yotar,

Olmaxon –

Yongʻoq bilan soldi, deb.

 

Echki der:

– O, doʻxtirjon,

Boʻl uvali-juvali.

Panjasini koʻzimga

Tiqib oldi Chumoli.

 

Qoʻngʻiz mayib qilganmish

Bosib Itning oyogʻin.

Sichqon esa

Choʻzganmish

Xachirvoyning qulogʻin.

 

Yigʻlamsirab

Keldi Sher,

Tepdi deb qoʻrs Suvarak.

Otning boshin yorganmish

Shoxdan tushgan duvarak.

 

Karavotda oʻtirar

Hoʻkiz

Choʻmib sukutga,

Bechorani sababsiz

Kaltaklabdi Chigirtka.

 

Ogʻir yotar,

Ayniqsa,

Karkidon degan nusxa.

Bexos tishlab olganmish

Uni yirtqich Qumursqa.

 

Alohida xonada

Arslon uxlar

Shohona.

… Ishlar faqat goʻl Eshak

Topolmasdan bahona.

 

 

QUYOSHNI QARSHILASH

 

Paydo boʻlgan choq quyosh,

Jilmayib koʻz qisdi Mosh.

Qichqirdi soʻng yosh Baboq:

– Omonmisan,

Hey, oʻrtoq!

 

It ulidi ayvondan:

– Salom hamma hayvondan!

 

 

ROSTGOʻYLIK

 

Sargʻish Mushuk bekaning

Bordir ikki farzandi.

Biri – juda erka qiz,

Biri – oʻgʻildir tanti.

 

Ismlari ja oʻxshash:

Miyovxon va Miyovjon.

Miyovxoni – sal nozik,

Miyovjoni – pahlavon.

 

Mushukchalar bir kuni

Uyda yolgʻiz qolishdi.

Javonchani ochishib,

Asta nazar solishdi.

 

Kavshay ketdi Miyovxon

Topib olib quymoqni,

Chaqib koʻrdi Miyovjon

Bir-ikkita yongʻoqni.

 

Bir payt kelib oyisi

Qarasa-ki – ish chatoq:

Quymoq sira qolmabdi,

Kamayibdi sal yongʻoq.

 

Miyovxonga boqdi u:

“Javob ber,

Bu qanday gap?”

“Nega mendan koʻrasiz?” –

Deya qizi burdi lab.

 

Oyisi der oʻgʻliga:

“Toʻymas ekan hech koʻzing!

Ham yongʻoq, ham quymoqni –

Yeb qoʻydingmi bir oʻzing?”

 

Yerga egib boshini,

Dedi rostgoʻy Miyovjon:

“Shu aytgan gapingizning –

Yarmi – rost,

Yarmi – yolgʻon!”

 

 

ESKI TOʻPPONCHA

 

Oʻynab yurib oʻrmonda

Shoʻx va quvnoq Quyoncha,

Topib oldi soʻqmoqdan

Bitta eski toʻpponcha.

 

Soʻng borib, yosh Ayiqning

Qarshisida toʻxtaldi.

“Koʻtar, Maymoq, qoʻllingni!” –

Deb, qurolin oʻqtaldi.

 

Agʻnab tushdi Ayiqcha

Toʻsganicha yuzini.

Toʻpponchaga boqdi u,

Baqraytirib koʻzini.

 

Dingquloqning quroli –

Oddiy yogʻoch, koʻrsaki.

…Shunday qilib, Quyoncha –

Yeb oldi bir tarsaki.

 

 

BEZORI

 

Qargʻa kirdi

Kinoga,

Oʻxshab

Buratinoga.

Hamma joylar

Edi band,

Borib dedi

Nopisand:

– Menga qara,

Vey, Laylak,

Yeganmisan

Hech kaltak?

Qani,

Tur-chi oʻrningdan.

He, oʻrgildim

Burningdan!

 

 

VAHIMACHI

 

Qochib kelar qari Fil,

Hayajonda boshqalar.

Qichqirdi u hansirab:

– Qutqaringlar, oshnalar!

 

Meni yovuz bir Sichqon

Quvlab kelar uzoqdan.

Gʻajib tashlar miyamni

Kirib olsa quloqdan.

 

Ayiq, Boʻri va Qoplon

Juda hayron boʻlishdi.

Lekin, sayoq Mushuklar

Maza qilib kulishdi.

 

 

KOLLEKSIYACHILAR

 

Kapalakni ushladilar,

Shishachaga tashladilar.

Unga oziq berishmadi,

Yigʻlaganin koʻrishmadi.

Qotirib ham qoʻyishdi soʻng,

Chiroyli deb suyishdi soʻng…

Qiynadilar soʻldirishib,

Maqtadilar oʻldirishib.

 

 

NIQOB

 

Tumshuqqinangdan akang,

Qalaysan, Laylak?

Tikib bergin menga ham

Bitta oq koʻylak.

 

– Kaptar boʻlging kepti-da,

Mugʻambir Qargʻa?

Tanib olar gapingdan

Baribir hamma.

 

 

MASHHUR TOʻPOLONCHI

 

Tanishaylik, joʻralar,

Soʻng mendan… hol soʻranglar…

Rosti,

Juda zerikdim,

Qani, menga sherik kim?

Mayli, kelsin Tuyaqush,

Boʻrsiq yoki Kalamush.

Gʻoz kelsa ham ayb emas,

Yaxshi oʻrtoq boʻlsa, bas.

Axir,

Kimga kelar xush

Koʻchada yolgʻiz turish?

Uf-f…

Chiqdim men uyimdan

Gap eshitib buvimdan,

Gap eshitib ayamdan,

Gap eshitib dadamdan

Va opamdan turtki yeb…

Ismim – Saʼva Ukkiyev!

 

 

MATEMATIKA

 

Savol berdi

Muallim,

Tulki gangsib yoʻtaldi,

Sichqon qochdi teshikka…

Chumoli qoʻl koʻtardi.

 

Chumolining,

He, attang,

Yana ishi yurmadi.

Oʻqituvchi Fil uni

Bu safar ham koʻrmadi.

 

 

ChITTAK XOLA

 

Toʻqir edi savat uy

Chittakvoyning xolasi.

Bu nima, deb soʻradi

Undan Filning bolasi.

Javob qildi tumtayib

Qari, jahli tez Chittak:

– Kattalarning ishiga

Aralashma,

Tirmizak!

 

 

OHUCHANING ONASI

 

Qulab ketdi yosh Ohu

Tikan bosgan jarlikka.

Quvontirib onasin,

Turdi darhol u tikka.

 

Zulmat desak jarlikni,

Yoshlik oʻxshar chaqmoqqa.

Sakrab-sakrab Ohucha

Chiqib oldi soʻqmoqqa.

 

Bolasiga suykanib,

Yarasidan qon yalab,

Shivirladi onasi

Uni suyib, erkalab:

 

– Shox-shabbalar yuzingni

Tilgan boʻlsa, satqayi.

Chagʻir toshlar belingni

Shilgan boʻlsa, satqayi.

 

Satqayi sar, darz ketsa

Tishing yoki muguzing.

Sogʻ boʻlsa bas, oppogʻim,

Oyoqlaring va koʻzing.

 

Faqat qonxoʻr Boʻrilar

Boʻlar “temir” tish-jagʻlik.

Muguz bizga ne darkor,

Qismatimiz – qochmoqlik.

 

Jardan dangal sakramoq

Tengdir bizda mardlikka…

Yovlar yegan otangni

Qulatvolib jarlikka.

 

Butkul xalos boʻlguncha

Yirtqichlardan bu olam,

Koʻz va chopqir oyoqlar

Faxrimizdir, jon bolam.

 

 

GEOGRAFIYa DARSIDA

 

Sichqonchalar – partada,

Qari sichqon dars oʻtar.

Tayoqchani oʻynatib,

Xaritadan koʻrsatar:

– Kichraytirib olganmiz,

Mitti demang siz uni.

Asli,

Salkam qirq sarjin

Bu chiziqning uzuni.

Eni esa, kamida

Oʻn besh sarjin keladi…

Shu omborning hammasi

Bizning Vatan boʻladi!

Omborning uch yoni – choʻl,

Tuproqlari toʻq sariq.

Kesib oʻtgan bir yondan

Cheksiz-tubsiz oʻqariq.

Bu ariqning naryogʻi

Poyonsiz yashil qirgʻoq…

Qisqasi, u tomonlar –

Ombordan ham kattaroq.

 

 

ZOʻRAVONLIK

 

Ochkoʻz, surbet kanalar

Maslahat qilib birga,

Doʻq urib xat yozishdi

Yuvosh ola Sigirga:

“Shartimiz bor.

Koʻnmasang,

Koʻrsatamiz kuningni.

Biz qoningni soʻrgan payt,

Oʻynatmay tur dumingni!”

 

 

TOGʻ QUSHI

 

Yurar edi

Yosh Kaklik

Togʻlarda yayrab.

Quvnatardi

Chechakni

Yoqimli sayrab.

 

Endi

Ingrar qafasda,

Kelmay uyqusi…

Yoqimlidir

Kaklikning

Hatto yigʻisi.

 

 

SIZDAN UGINA…

 

Yalinar quv Sinchalak

Oʻqituvchi Kaptarga:

– Mumkin boʻlsa,

Bitta “besh” –

Qoʻyib bering daftarga.

Toʻgʻri, ishim sal chatoq,

Mazam yoʻq shu “sanoq”dan.

Lekin ayam, “besh” olsam,

Bermoqchiydi qoʻnoqdan.

Qoʻnoq nima, bilmayman,

Bir totay-chi taʼmini.

Shirin boʻlsa,

Sizga ham –

Opkelaman yarmini.

 

 

OCHLIK

 

Surnayin chalar

Chiyillab boʻron.

Oʻynar butoqlar,

Raqs tushar oʻrmon.

 

Kuylar Tulkivoy

Uvlab gohida,

Pati yulingan

Tovuq haqida.

 

 

BOSHMA-BOSH

 

Boʻyin choʻzib qichqirgancha

“Shara, bara-a!”

Koʻcha kezar Echki

Eshakaravada.

Der:

– Bolalar,

Zor emasman

Choypuliga.

Pufaklarni almashaman

Koʻk suliga.

 

 

TILLAQOʻNGʻIZNING JAVOBI

 

– Tillaqoʻngʻiz,

Nega sen

Gapirishni bilmaysan?

Gʻoʻngʻillaysan oʻzingcha,

Chaqchaqlashib kulmaysan.

 

– Boʻlardi oʻz makonim,

Faqat, picha tor edi.

Tor boʻlsa ham,

Har qalay

Hamma narsa bor edi.

 

Zoʻr qoʻshiqlar aytardim,

Yurar edim erkalab…

Bir kun

Toʻp-toʻp Chigirtka

Bosib kirdi ertalab.

 

Bor narsani yamlashib,

Ular rosa yayrashdi.

Doʻq urishdi

Oʻrgan deb,

Chigirtkadek sayrashni.

 

Yolgʻiz,

Nochor boʻlsam ham,

Qoʻshilmadim men yovga.

Sekingina oʻzimni,

Solib oldim soqovga.

 

 

BEOZOR KUCHUK

 

Oʻsha surbet Koʻppakni

Tishlab oldim,

Na chora?..

Oqsab-ingrab, uyiga –

Qaytdimikan, bechora?

 

Tinmagandir

Tonggacha

Balki uning nolasi.

Balki koʻrib ahvolin,

Yigʻlagandir bolasi.

 

Unga rahmim kelsa ham,

Majbur boʻldim tishlashga.

Axir,

Nima haqqi bor

Meni nohaq mushtlashga?

 

Kirib birdan uyimga,

Tortib oldi suyakni.

Keyin,

Chil-chil sindirdi

Yuvindili tuvakni.

 

Turtkiladi soʻng meni,

Choʻzib iflos oyogʻin…

Aytmasam ham,

Bilasiz

Voqeaning u yogʻin.

 

Tishlamasdim ilgidan,

Buzmas boʻlsa

Tinchimni.

Men vahshiylik qilmasdim,

Men bajardim burchimni.

 

 

ShIRIN TUSH

 

Chakalakda Sichqon

Boʻlib qoldi sulton.

Toʻngʻiz unga vazir,

Lashkarboshi – Qoplon.

 

Yasovuli – Boʻri,

Tulki xola – choʻri.

Mushuk esa, tomda –

Tozalardi moʻri.

 

 

JONSIZ BEDANA

 

Oʻljasidan shod ovchi

Oʻtarkan shitob,

Bedanaga mung bilan

Boqdi bichiqchi:

– Bu olamda qushxoʻrning

Urugʻi serob,

Ammo qaytib tugʻilmas

Bunday qoʻshiqchi!

 

 

GAZANDA

 

Tillarangsan bunchalar,

Chayonboy?

Xunukmassan unchalar,

Chayonboy.

 

Dumginang ham gajjakdor,

Chayonboy.

… Dumginangda zahar bor,

Chayonboy!

 

 

NAVBATI BILAN

 

– Doʻstlar,

Saxiy Burgutga

Boʻlsin sharaf-shon!

Kepqoling,

U tekinga

Ulashmoqchi don…

Shunday deya jar soldi

Jarchi Chugʻurchiq.

Qushlar turdi qatorga,

Oldinda – Chumchuq.

Burgut kelib, soʻradi:

– Eng birinchi kim?

 

Xullas,

Chumchuq eng oldin –

Boʻldi unga yem.

 

 

PARDOZCHI

 

Echkiyemar xolaning

Bir qizi bor – arazchi.

Oʻta ketgan yalqov-u,

Lekin juda pardozchi.

 

Toshoynakka temulib,

Oro berar oʻziga.

Ilonlarni choʻchitar

Surma qoʻyib koʻziga.

 

Tirnoqlarin boʻyaydi,

Xinagulni xom chayib.

Soʻng oqshomda sayr etar

Yantoqzorda iljayib…

 

Ie, bugun xafami?

Egib turar boshini.

… Oʻsma qoʻyay desa u,

Topolmabdi qoshini.

 

 

TULKILAR QOʻYGAN TOMOSHA

 

Tul kampirning makkasin

Yeb qoʻydi bir sur Tovuq.

Naqadar u insofsiz,

Koʻzi xunuk va sovuq.

 

Kelib “qalbi pok” Tulki,

Shum tovuqdan oʻch olar…

Pastdan qarsak urishar

Tomoshabin Joʻjalar.

 

 

ESHAKLARCHA MAQTANISH

 

Chala yegan pichanin

Qilvolib toʻshak;

Maqtanardi yonboshlab,

Xachirga Eshak:

– Asta minib ustimga

Bugun xoʻjayin,

Olib bordi sayilga

Meni atayin.

Bogʻlab qoʻydi chetdagi

Serajriq joyga.

Birozdan soʻng boshlandi

Olamonpoyga…

Achinaman

Oʻzimdan koʻproq yotlarga.

Rahmim keldi

Qamchi yeb

Chopgan otlarga.

Insofli-da, oshnajon,

Bizning xoʻjayin.

Choptirmaydi ortiqcha,

Kaltaklar mayin.

 

 

AYBSIZ AYBDOR

 

Qumursqalar qurishdi

Oʻn qavatli zoʻr maktab.

Buni Qargʻa oʻrmonda

Hammaga aytdi maqtab.

 

Kirtumshuqli yosh Toʻngʻiz

Bilim olishni koʻzlab,

Qayinzorga joʻnadi

Yangi maktabni izlab.

 

Yoʻlda chirik toʻnkani

U tepalab oʻtgan on,

Eshitildi “qiy-chuv”lar…

Bu qanaqa toʻpolon?

 

Tepakal bir Qumursqa

Toʻngʻizga musht oʻqtaldi:

– Boʻpketdingmi zoʻravon?

Shoshmay turgin sen hali!

 

Yelka qisdi Toʻngʻizcha:

– Nima qildim, amaki?

Ji-i-m maktabga ketyapman,

Boʻlmang buncha jirraki.

 

Kuyunib der Qumursqa:

– Qarab qoʻying bu gapni.

Axir, ezib oʻtding-ku

Hozir oʻsha maktabni.

 

 

ONDATRA

 

Shovqin soldi Qurbaqa:

– Balo yogʻildi,

Voy-dod!

Koʻlda paydo boʻlibdi

Ondatra degan zot.

 

U baligʻu baqani

Quvlab mazax qilyapti.

Ana oʻzi,

Qaranglar,

Biz tarafga kelyapti!

 

Kuldi qari Toshbaqa:

– Kelsin-chi,

Bir koʻramiz.

Hozir oʻsha kazzobning

Taʼzirini beramiz.

 

Uzoq joyga ketuvdi,

Qaytibdi-da

Boyoqish.

Oʻzgartibdi ismin ham,

Asli u – Suvkalamush.

 

 

ESKI TOM

 

Tongda yomgʻir

Quydi shov-shov.

Loyqa suvga

Toʻldi tarnov.

Inda titrar

Olahakka.

Eski tomdan

Oʻtdi chakka.

Hakka bordi

Maynaxonga:

– Joy bering

Men… “polapon”ga…

Mayna aytdi:

– Mana, joy bor.

Sovqotibsan,

Iliq choy bor…

Endi, Hakka,

Kamroq oʻyna.

Oʻynaguncha,

Tomni oʻyla.

 

 

KOʻLVORI ILONNING NASIHATI

 

Inga qaytdi Iloncha

Koʻzlarida yosh munchoq.

Yuziga bir Qurbaqa

Urgan emish shapaloq.

 

– E, oʻgʻlim, – der dadasi,

Oʻpib uning betidan.

– Oʻjarlarni tinchgina

Yutish kerak ketidan.

 

 

ChOʻChQA

 

Nazoratchi quyonlar

Turar jagʻin silashib.

Kelib qoldi mast Choʻchqa

Avtobusga ilashib.

Olmoq boʻlib jarima,

Toʻsdi uni quyonlar.

Choʻchqa dedi:

– Chektiring,

Hur-r…

Hur-r-matli jiyanlar…

 

 

BURUNDIQ

 

Qamish unga

Oʻrindiq.

Dutor chertar

Burundiq…

Dingʻir-diq.

 

Soʻngra qoʻshiq

Boshlar u.

Yana koʻzin

Yoshlar u…

Dingʻir-diq.

 

Har kuni –

Shu ashula,

Takrorlanar

Bir jumla…

Dingʻir-diq.

 

– Demang:

“Botqoq befoyda…”

Biz yashaymiz

Shu joyda…

Dingʻir-diq…

 

 

PANDAVAQI

 

Qargʻa dedi:

– Yur, Bulbul,

Gulzorda sayr qilamiz.

Asli,

Gullar qadrini

Sendan koʻproq bilamiz.

 

Karnaygulni koʻrsatib,

Bulbul der:

– Bu qanday gul?

Javob qildi Qargʻa:

– Bu…

Oʻzimizning… surnaygul.

 

KAMTARIN

 

Xunuk Laycha bor edi,

Kaltatumshuq – puchuqcha.

Akillardi unga koʻp

Chiroyli Oq kuchukcha.

 

Jim oʻtardi Laychavoy

Xafa boʻlmay kichikdan.

Eslik edi u ancha

Chiroyli Oq kuchukdan.

 

 

SOBIQ VAHSHIY

 

Boʻri turar soʻqmoqda

Latta bogʻlab oyoqqa.

Tinmay javrar,

Suyanib –

Yogʻoch qoʻltiqtayoqqa:

– Yurar edim yaylovda

Qoʻylar holin tang qilib.

Boʻldim qattiq yarador,

Itlar bilan jang qilib.

Oʻljangizdan ozgina

Tashlab oʻting, Sher ogʻa.

Sizdan sobiq mard vahshiy

Soʻramoqda sadaqa.

 

 

TAXIR SOVGʻA

 

Maysa chaynar qoʻy-qoʻzi

Daradagi oʻtloqda.

Uloq chiqdi qoyaga,

Tirmashib tik soʻqmoqdan.

 

Lola terdi chidab u

Qoqinsa ham goh toshga.

Axir, doʻsti Xachirvoy

Toʻlar bugun bir yoshga.

 

Qaytib tushgach Uloqcha,

Guldastani tuzatdi.

Soʻng oʻrtogʻin tabriklab,

Sovgʻasini uzatdi.

 

Lolalarni kavsharkan

Xachirvoy qilib huzur,

Dedi:

– Taxir boʻlsa ham,

Xashak uchun tashakkur!

 

 

ShOIR

 

Sheʼrlar yozar Iskabtopar,

Oy botsa ham uxlamay.

Quvnab-quvnab yozar,

Keyin –

Hoʻngrab-hoʻngrab yigʻlagay.

 

Qiynalganmish shirin joni…

Yoʻq,

Qiyini – yozishmas.

Gap shundaki, bechoraning –

Sheʼrlarini bosishmas.

 

 

TOʻRTKOʻZNING ChAQALARI KIMDA?

 

Bu voqea oʻxshar ertakka…

Toʻrtkoʻz

chaqalarni solib choʻntakka,

ertalab yoʻlga chiqdi,

duch kelgan kavakka

burnini tiqdi.

U bozorga bormoqchi,

yangi ityaloq olmoqchi edi.

Lekin

koʻlning boʻyida

pulini yoʻqotib qoʻydi,

ha, hamma chaqalarini!

Chaqirib u

koʻlning baqalarini,

akillab dedi:

– Aqcham bor edi,

shu atrofda tuyqus yoʻqoldi,

uni kim oldi?

 

Baqalarning boshligʻi

qildi yigʻilish,

vaqilladi kuyunib:

– Vey, bu qanday ish?

Yashar edik halol va toʻgʻri,

qarangki,

oramizdan chiqibdi oʻgʻri.

Tagʻin,

kelib-kelib

itdan uribdi,

ana, Toʻrtkoʻz shoʻrlik

yigʻlab turibdi.

Qur-r-r…

qaysi qurgʻur-r-r

olgan boʻlsa,

chiqsin oʻrtaga.

Tonsa joʻrttaga,

unda, hamma qasam ichadi,

shunda Toʻrtkoʻz

daʼvosidan kechadi.

 

Hech kim oʻrtaga chiqmagach,

boshliq boshlab berdi,

qolganlar joʻr boʻlib

ichishdi qasam:

“Pulni olgan boʻlsam,

ushlab olsin uyqumda Laylak.

Piypalasin,

qilsin koʻp halak,

tumshuq urib

qornimni yorsin,

vaqillatib yutib yuborsin!”

 

Baqalarning boshligʻi

dedi Toʻrtkoʻzga:

– Qasam ichib aytilgan soʻzga

ishonmasdan

hech ilojim yoʻq.

Koʻngling boʻlsin toʻq,

pulingni olganlar

baqalar emas.

It huridi:

– Bas!

Eh, qasamxoʻr, aldoqchilar!

Qaroqchilar!

Teshib chiqsin halol pulim…

Baqalarga

tilab oʻlim,

bechora Toʻrtkoʻz

besoʻz,

yigʻlamsirab ortga burildi,

yoʻl-yoʻlakay

rosa ulidi.

 

Oʻshanda yoz edi,

keldi, mana kuz.

It hanuz

uyda,

koʻcha-koʻyda

baqalarni qargʻab yurarmish,

tinmay hurarmish.

Zoʻr qasamni

qilmasdan hurmat,

yogʻdirib tuhmat,

bizni nohaq laʼnatladi, deb,

uyoqda ham xafa emish

itdan Baqalar…

 

Hey, bola,

mabodo,

sendamasmi oʻsha chaqalar?

 

 

TOʻTINING TALABALARI

 

Toʻtiqushga yalinishdi

Qargʻa, Choʻchqa, It, Mayna:

– Odamlardek gapirishni

Bizga ham oʻrgat, oshna. Toʻti dedi:

– Men roziman,

Mushkul ishdir bu garchi.

Qani, aziz talabalar,

“Ar-r-rabaliq” denglar-chi.

Qargʻa dedi:

– Qar-r-rabaliq!

“Ir-r-rabaliq” dedi It.

“Xur-r-rabaliq” dedi Choʻchqa,

Mayna dedi:

– Vit-vit-vit…

 

 

YIRTQICH

 

Oyisiga ergashib

Oʻynab kelgan Tulkicha,

Qoʻshni qari Boʻriga

Maqtanib qoldi picha:

– Ayiq katta boʻlarkan,

Hech koʻrmagan ekanman.

Boʻri dedi gerdayib:

– Men Ayiqni… yeganman!

– Koʻrdim xunuk hayvonni,

Qoʻpol-u, chopar “gʻiz-gʻiz”.

– XIX-xi,

Tishi uzunmi?

Yeb koʻrganman, u – Toʻngʻiz.

– Uchrab qoldi dalada

Shoxi oʻtkir bir Taka…

– Be-e, u tayyor oʻlja-ku,

Taʼmin totganman, uka.

– Soʻng yoʻliqdi shudgorda

Traktor degan narsa.

Shovqin solib, Boʻkirib,

Quvladi bizni rosa.

Boʻri dedi:

– Traktor?

Koʻrmaganman hech uni.

Lekin, uka, sogʻ boʻlsak,

Yeb koʻramiz bir kuni.

 

 

SPORT MAKTABI

 

Tashkil topib yaylovda

Sport maktabi,

Oʻsib borar polvonu

Chaqqonlar safi.

 

Taʼlim olar Qoʻzichoq

Bunda boksdan.

Endi qoʻrqmas, duch kelsa

Boʻri qoʻqqisdan.

 

Itga yozdi ariza

Shaddod yosh Taka:

“Boʻlmoqchiman qilichboz,

Murabbiy aka”.

 

Murabbiyning jiyani

Olapar shovvoz,

Yugurishda zoʻr emish

Quyonlarga xos.

 

Musobaqa gʻolibi

Boʻldi u kecha,

Suyak turgan marraga

Chopish boʻyicha.

 

Tinim bilmay Choʻchqacha

Mashq qilar kunda.

U shtanga koʻtarar

Ogʻir vaznda.

 

Yashil futbol maydoni

Ayniqsa gavjum.

Ana, Toychoq pishqirib

Qilmoqda hujum.

 

Darvozani Mushukcha

Qoʻriqlar hushyor.

Chunki, qizil koptokda

Sichqon rasmi bor.

 

Koʻlda maymoq Boʻtaloq

Chalqancha suzib,

Lol qoldirdi hammani

Xachirdan oʻzib.

 

Kechagina maktabga

Qoʻshilgan Buzoq,

Gimnastlarga qoʻshilib

Otar shataloq…

 

Tashkil topib yaylovda

Sport maktabi,

Oʻsib borar polvonu

Chaqqonlar safi.

 

Ammo Xoʻtik shubhada

Yuribdi hamon:

“Eshakdan ham, nahotki,

Chiqsa chempion?!”

 

 

GʻALAMIS QOʻShNI

 

Eski devor bor edi,

Juda serkavak.

Bittasida yashardi

Oʻrtoq Suvarak.

Zoʻr uloqchi edi u,

Kamtarin behad.

Katta-kichik qoʻshnilar

Qilardi hurmat:

Qovogʻari – eng qari,

Buzoqboshi – eng yoshi.

 

Suvarakvoy poygada

Olib mukofot,

Qoʻshnilarga kechqurun

Berdi ziyofat.

Dasturxonga yoprilib

Bir guruh mehmon,

Ziyofatni xapir-xap

Qildi talamon:

Qovogʻari – eng qari,

Buzoqboshi – eng yoshi.

 

Chumakari darchada

Chaldi soʻng gʻijjak.

Boshlab berdi oʻyinni

Shaddod Oʻrgimchak.

Kaltakesak davrada

Aylandi gir-gir.

Boshqalar ham oʻyinga

Qoʻshildi bir-bir:

Qovogʻari – eng qari,

Buzoqboshi – eng yoshi.

 

Qiyqirigʻu quvonchga

Toʻldi hammayoq…

Shunda birdan voydodlab

Qoldi Qirqoyoq:

“Oyogʻimni bosding deb,

Chaqvoldi Chayon!”

Barcha birdan dong qotib,

Boʻpqoldi hayron:

Qovogʻari – eng qari,

Buzoqboshi – eng yoshi.

 

Tindi gʻijjak tovushi,

Buzildi oʻyin.

Tarqalishdi mehmonlar,

Egishib boʻyin.

Mezbon noxush tirkadi

Eshikka tamba.

Xafa edi jirraki –

Chayondan hamma:

Qovogʻari – eng qari,

Buzoqboshi – eng yoshi.

 

 

AJOYIBXONA

 

Aytib qoldi xushxabar

Ertalab Dona:

“Kelgan emish chet eldan

Ajoyibxona!”

 

Yetib bordik u yerga,

Ikkovlon mamnun.

Chipta sotib turardi

Olakoʻz Maymun.

 

Darvozadan oʻtdik biz,

Sira hayiqmay.

Chiptamizni tekshirib,

Yirtdi Ayiqvoy.

 

Yonimizga keldi-yu

Koʻkish bir Boʻri,

Bizni shagʻal yoʻlakdan

Boshladi toʻgʻri.

 

“Bolalarni, – dedi u, –

Yaxshi koʻraman.

Hayvonlar bilan sizni

Tanishtiraman…”

 

Olib borib bizni u

Filning yoniga,

Dedi:

– Meva-chevalar

Uning joni-da.

 

Soʻng Begemot oldida

Toʻxtalib dedi:

– Bultur uch yuz kilolik

Chaqaloq edi.

 

Maʼlum qildi siypalab

Tulki bolasin:

– Kecha Sherxon yeb qoʻydi

Buning onasin…

 

Sherdan esa, tumtayib,

Oʻgirdi yuzin:

– Ana, koʻrib turibsiz

Qonxoʻrning oʻzin.

 

Yoʻlbarsni ham koʻrsatdi,

Keyin – Qoplonni.

Ayniqsa, koʻp maqtadi

Toʻlpoq Quyonni.

 

Karkidonu Silovsin,

Jayradan oʻtib,

Keldik choʻyan panjara

Yoniga yetib.

 

Bu xonada

Sochilib –

Yotardi xashak.

Chaynar edi xashakni

Qoramtir Eshak.

 

Tanishtirdi Boʻrivoy:

– Bu – yangi mehmon.

Juda oʻtkir tovushli

Va xavfli hayvon!

 

Dona dedi qoʻl siltab:

– Buni koʻrganmiz.

Ochiq aytsam,

Hattoki,

Minib yurganmiz…

 

“Qoyil!” deya bosh chayqab

Qoʻydi-yu Boʻri,

Bizni shagʻal yoʻlakdan

Boshladi toʻgʻri.

 

 

ONANING JASORATI

 

Ona Sichqon baxtiyor,

Qaygʻurmoqqa yoʻq oʻrin.

Tez kunda boʻlar dastyor

Biri-biridan shirin

Uning olti bolasi.

 

Kun-tun yemish qidirib

Ombor kezar, charchamas.

Kulbasini toʻldirib,

Shodu sogʻlom oʻssa bas

Uning olti bolasi.

 

Lekin hozir noiloj,

Omborda shum Mushuk bor.

Uyda esa yotar och

Qotgan nonga boʻlib zor

Uning olti bolasi.

 

Oʻtirsinmi shu alfoz? –

Ona hanuz oʻylardi.

Chandir topsa, qanday soz! –

Tortqilashib oʻynardi

Uning olti bolasi.

 

Ona nochor qoʻzgʻaldi

Oziq topmoq kuyida.

Umidvor boqib qoldi

Huvillagan uyida

Uning olti bolasi.

 

…Oʻlja boʻlib Mushukka,

Ona ingrar, qaltirar.

Asta boqar teshikka,

Olti juft koʻz moʻltirar –

Uning olti bolasi.

 

 

GULDOR PUFAKCHA

 

Topib oldi Ninachi

Guldor pufakcha.

Undan shinam uy qurdi

Urinib picha.

 

Ichi yorugʻ,

Tomidan –

Oʻtmaydi chakka.

Havas qildi Chigirtka:

– Chir-r-roylik-ku ja!

 

Hoʻkiz aytar:

– Uy emas,

Moʻ-oʻ-jiza, qarang!

“E-ha, e-ha!” der Eshak,

Boʻlib hangu mang.

 

Koʻzi kuyib der Baqa:

– Vaq, vaq-tim chatoq,

Qur-r-volardim men ham uy

Bundan durustroq.

 

Mushuk kelib,

“Px-x!” deya

Purkab koʻrdi suv.

Xoʻroz boqdi ichkari:

– Qupquruq-ku bu…

 

Kalondimogʻ Xoʻrozga

Oʻqraydi Gʻulgʻul:

– Muhimi – uy boʻlsa bas,

Topilar ul-bul.

 

– E-e… Be-e…

Echki taʼrifga

Topolmadi soʻz.

– Ir-r…

Bir-r uyga kiray, – der

Jilpanglab Toʻrtkoʻz.

 

Mezbon uni toʻxtatdi:

– Axir, xona tor.

Mayli, kirsin Itpashsha,

Itga nima bor?

 

Qargʻa dedi:

– Qar-r… Qar-r-shi –

Boʻlmasang agar,

Kengaytirib ber-r-rayin

Uyingni, jigar.

 

Soʻng pufladi pufakni

Qargʻavoy – “qagʻ, qagʻ…”

Uy tarvuzdek boʻlgan choq,

Portlab ketdi:

“Paq!!!”

 

 

PARVARDA

 

Tugʻilgandi Boʻricha

Sakkizinchi yanvarda.

Bugun bir yil toʻlibdi,

Adashmasa agarda.

 

Vaʼda qildi oyisi

Unga quyon goʻshtini.

Vaʼda qildi dadasi

Unga kiyik toʻshini.

 

Bilmasa ham yosh Boʻri

Dunyoning keng-torligin,

Eshitgandi dunyoda –

Shirinliklar borligin.

 

Injiqlandi u birdan:

“Sovgʻa qiling parvarda,

Hech boʻlmasa yeb koʻray

Sakkizinchi yanvarda”.

 

Taskin berdi oyisi:

“Bolam, adir – doʻkonmas”.

Dadasi der: “Shaharga –

Borib kelmoq osonmas”.

 

Fursat poylab erkatoy,

Chiqdi-yu gʻor – uyidan,

Shahar tomon yugurdi

Chopqir anhor boʻyidan.

 

Chiroqlarga angrayib,

Tushib borgan choq pastga;

Uni ushlab shaharda,

Qamadilar qafasga.

 

Endi uni yosh-qari

Qilar har kun tomosha.

U termilar adirga

Baland-baland tom osha.

 

…Yillar oʻtib oradan,

Sakkizinchi yanvarda,

Bir qiz yuvvosh Boʻriga

Tashlab oʻtdi parvarda.

 

 

OLIFTACHILIK

 

Chumchuqlarni choʻchitib,

“Gʻoq-gʻoq” qilib kuylar Gʻoz.

Qoʻshiqlarim juda ham

Yoqimli deb oʻylar Gʻoz.

 

Patlariga burkanib,

Uxlar parquv bolishda.

Yoʻlaklarda gerdayib

Yurar qizil kalishda.

 

Tiniq suvga termilib,

Goh pardozga berilar.

Qoʻshni chipor Tovuqqa

Oppoqman deb kerilar.

 

Katakda ham yashar u

Manmanlikdan kechmasdan.

Chiqib olar toʻriga,

Kalishini yechmasdan.

 

 

JUDA QIZIQ VOQEA

 

Qamish bosgan va loyqa

Eski hovuzda,

Juda qiziq voqea

Yuz berdi kuzda.

 

Boʻlib oʻtdi, buzilib –

Koʻpning tinchligi,

Suzish boʻyicha hovuz

Birinchiligi.

 

Musobaqa boisin

Soʻrama, oʻrtoq.

Hammasiga sababchi

Bir burda pishloq.

 

Paydo boʻlib “masalligʻ”

Hovuzda birdan,

Xabar topdi zumdayoq

Barcha bu sirdan.

 

Keldi avval Choʻrtanvoy

Moʻylovin silab.

Qisqichbaqa keldi soʻng

Oyogʻin sudrab.

 

Suvkalamush shay turar,

Choʻchchaytib burnin.

Yaqinlashdi Baqa ham,

Ishirib qornin.

 

Goʻyo totib koʻrgandek

Pishloq taʼmini,

Yalar edi Suvilon

Tinmay labini.

 

Shu tob beshta kallada

Chaqnar bir fikr.

Ammo oʻlja hammaga

Yetmaydi, axir.

 

Shunda aql oʻrgatib

Yotlarga Baqa,

Dedi: “Tashkil qilaylik…

Vaq…musobaqa.

 

Suzishda kim marraga

Birinchi kelsa,

Arzir ushbu taomning

Yarmini yesa.

 

Yeyar qolgan qismini

Hakam boʻlsa kim…

Xoʻp desangiz, shu ishni

Bajaray oʻzim”.

 

Boshqalar bu taklifga

Boʻldilar rozi.

Faqat Qisqichbaqaning

Chiqmas ovozi.

 

Hamma safga tizildi

Boʻysunib shartga.

Shangʻilladi Baqa: “Vaq!

Shaylan startga!”

 

Hakam qoʻlin silkitib,

Ruxsat bergan kez,

Suzuvchilar marraga

Intildilar tez.

 

Shiddat bilan oldinga

Otildi Choʻrtan.

Suvkalamush chiranar

Qolishmay undan.

 

Sustkash Qisqichbaqaning

Kallasi ishlab,

Jadal borar Ilonning –

Dumidan tishlab…

 

Yolgʻiz qolgach orqada

Baqaning oʻzi,

Suqin soldi oʻljaga

Toʻymasdan koʻzi.

 

Sabri yetmay, oxiri,

Birpas kutgani,

Bilmay qoldi pishloqni

Qanday yutganin.

 

Ammo yutib ulgurmay

Hali “malham”ni,

Yuqoriga nimadir

Tortdi hakamni.

 

Baqa toki bir yumib

Ochguncha koʻzin,

Koʻrdi eski hovuzning

Labida oʻzin.

 

Keyin bilsa, chang solib

Tekin pishloqqa,

Tomogʻidan ilingan –

Ekan qarmoqqa.

 

Uni qargʻab baliqchi,

Irgʻitdi chetga.

Hakam shoʻrlik yem boʻldi

Daydi Burgutga…

 

Baqa koʻpga xiyonat

Qilmoqchi edi,

Makkorligi oʻzining

Boshini yedi.

 

 

UCHINCHI POLAPON

 

Hayajondan qotgandi

Namxush, sovuq xarsanglar.

Tirmashardi qoyaga

Och va yovuz bir jangar.

 

Koʻzlab Lochin inini,

Oʻrmalardi Oqilon.

Chorlar edi onasin,

Dodlab ikki polapon.

 

Lek uchinchi bolajish

Qilmadi hech nola-zor.

Bosqinchining turqiga

Koʻz qadadi jim, oʻchkor.

 

Ikki qabih hamladan

Qonga toʻldi sokin in.

Oʻldi ikki polapon,

Tirik qoldi bir Lochin.

 

Ajdod qoni, oʻch hissi

Berdi unga kuch, dalda.

Choʻqib oldi raqibin,

Boʻyin choʻzgan mahalda.

 

Choʻchib oʻtli nigohdan,

Yov toʻlgʻanar dovdirab.

Magʻrur turar yosh Lochin,

Boqmas koʻkka jovdirab.

 

U biladi,

Onasi –

Hozir olis bir joyda.

Boʻm-boʻsh koʻkka termilib

Qichqirmoqlik befoyda.

 

Oʻchkor boqar qotilga

Onaning mard Lochini…

Omon qolsa,

Bir kun u –

Yanchar Ilon boshini!

 

 

VATAN

 

– Senga bitta savol bor,

Menga quloq sol, hoy, qush.

Vayronada yashaysan,

Noming esa naq Boyqush.

Ayt-chi, nahot sen boysan?

 

– Asl boylik neligin

Tushunmaysan, chamasi.

Bu – vayrona boʻlsa ham,

Oʻzimniki hammasi.

Shuning uchun men boyman!

 

 

KICHKINTOYLAR BOGʻI

 

Mushuk uchar hayinchak,

Quchogʻida – yosh Sichqon.

Baqalarni qayiqda

Sayr qildirar Karkidon.

 

Kiyikchani mindirib,

Timsoh yurar emaklab.

Tulki oʻtdi yoʻlakdan,

Joʻjalarni yetaklab.

 

“Otoʻyin”da bir Laylak

Aylantirar Ilonni…

Faqat, Boʻri baribir

Quvlab yurar Quyonni.

 

 

CHET TILI

 

– Ruschasiga “olcha” nima? –

Deb soʻradi Zagʻizgʻon.

– Vish-sh-nya, – deya

Javob qildi,

Oʻylab turib Suvilon.

 

– Xoʻsh,

“Makka”ning ruschasi-chi? –

Savol berdi satang Gʻoz.

– Quqquruza, quqquruza! –

Deb qichqirdi yosh Xoʻroz.

 

 

ORIYATLI MUSHUK

 

Oriyatli Mushukman,

Nafsimga bosh egmayman.

“Ochkoʻz” nomin olmay deb,

Sut-qatiqqa tegmayman.

 

Burdim ketar deb, hatto,

Quvlamayman Sichqonni.

Kerak boʻlsa, ishlating

“Taxtamushuk” qopqonni.

 

Hidlamayman, mabodo,

Goʻshtni ochiq qoʻysangiz.

Juda hursand boʻlardim

Oʻzingiz yeb toʻysangiz.

 

Mendek halol Mushukni

Topish mumkin bemalol:

Ana, plastilindan

Oʻzing darrov yasab ol.

 

 

ITIM

 

Orqangdagi kim oʻzi?

Bejoroq-ku sal koʻzi.

Sen tanishsan, u – birov,

Vov, vov, vov!

 

Boshlab kelib har kimni,

Chiqarmagin jahlimni.

Soqchi itman men, axir,

Ir-r-r!

 

Qolaversa, qornim och,

Oʻtiribman noiloj.

Yuvindi ham yoʻq, attang,

Vang, vang…

 

Iy! Ochligim bildingmi,

Suyak olib keldingmi?

Ha, manavi boshqa gap…

Xap!

 

 

ERKA BUZOQ

 

Bir kuni novvos boʻlaman,

Hozir sigir buzogʻiman.

Choʻyan bobo, Chaman momo

Ardogʻida oʻynoqiman.

Choʻyan boboga rahmat,

Chaman momoga rahmat.

 

Yem qoradi Choʻyan bobo,

Chaman momo oʻt beradi.

Onamniyam qorni toʻyib,

Chelak toʻla sut beradi.

Choʻyan boboga rahmat,

Chaman momoga rahmat.

 

Qashlagʻichi mazza rosa,

Erkalatib qashlashadi.

Kasal boʻlib qolsam agar,

Koʻzlarini yoshlashadi.

Choʻyan boboga rahmat,

Chaman momoga rahmat.

 

Menga chuchuv berdi, mana,

Choʻyan bobo nabirasi.

Buyam oʻsha mehribonim

Chaman momo tarbiyasi.

Choʻyan boboga rahmat,

Chaman momoga rahmat.

 

 

KIM TUZATADI?

 

Quyonim bor – “vov-vov” der,

Kuchugim bor – beda yer.

Xoʻrozim suvda suzar,

Mushugim arqon uzar.

Tongda qichqirib: “quq qu-u”,

Baligʻim bermas uyqu.

Eshagim poylar sichqon,

Toshbaqam uchqur, chaqqon.

Toychogʻim koʻp sustqadam,

Yura olmas hech ildam.

Tuxum bosar buzogʻim,

Oʻrdakkinam – suzogʻim.

Kunu tun hangrar echkim…

Hoy, gapimdan kulgan kim?

Soʻylagan boʻlsam chatoq,

Oʻzing toʻgʻri ayt, oʻrtoq.

 

 

MUZ TOM

 

Bekor yotib Uloqcha,

Juda sovqotdi.

Chiqib muzli hovuzga,

Yaxmalak otdi.

 

Baqa pastdan qichqirdi,

Boqib muz romdan:

– Teshib qoʻyma, bezori,

Qani, tush tomdan!

 

 

ONA QUYON

 

Onamni, uch akamni –

Gʻajidingiz, bu kammi,

Qashqirlar?

 

Siz bois tun-saharda,

Jonim doim xatarda,

Qashqirlar.

 

Siz kuchlisiz, siz – ajal,

Endi insof qiling sal,

Qashqirlar.

 

Taniguncha olamni,

Yeb qoʻymanglar bolamni,

Qashqirlar…

 

 

ECHKI–ECHKI-DA

 

Kostyum oldi Echkivoy

Bashang,

Sap-sariq.

Guldor koʻylak tanladi,

Kiydi koʻk choriq.

 

Tuya uni tanimay,

Dedi:

– Iy, kimsiz?

Nega kostyum kiyvolib,

Yuribsiz shimsiz?

 

 

HADIKSIRASH

 

Mushuk goʻyo

Nay chaladi:

– Pakana It

Laychaladi!

Gʻingshib yotar

Uchta Kuchuk.

Kishandamas,

Bari – yechiq.

Toʻngʻichining

Boʻyni buqoq.

Oʻrtanchasin

Afti soʻpoq.

Kenjatoyi

Ishmaqorin…

Tezroq xudo –

Olsin barin.

Uchchovi sogʻ

Oʻssa agar,

Bu hovlidan

Meni quvar!

 

 

ESHAKNING ERTAGI

 

Boʻlgan ekan bir Xoʻtik,

Shoʻx va qaysarroq.

Oʻgʻirlarkan qizlardan

Koʻzgu va taroq.

 

Boqar ekan koʻzguga,

Tarab yollarin.

Hayron qilib yurarkan

Echki-mollarni.

 

Ulgʻayib ham, uning hech

Kirmabdi aqli.

Egarlamoq boʻlishsa,

Chiqibdi jahli.

 

Olgan chogʻi egasi

Qamchini qoʻlga,

Dumin xoda qilgancha

Qochibdi choʻlga.

 

Yozda maysa chaynabdi,

Tomir yeb qishda.

Koʻnikibdi, shu zayl,

Yangi turmushga.

 

Uchratibdi bir kuni

Oʻtinchi cholni.

Oqsab yurgan emish u,

Silab soqolni.

 

Mindiribdi, rahm etib,

Uni ustiga.

Chol minnatdor boqibdi

Yangi doʻstiga.

 

Hozir ham u chol bilan

Inoq ekan ja…

Oʻsha Eshak, rost aytsam,

Menman… I-hah-ha!

 

 

ISHTAHANGDAN OʻRGILDIM

 

Balchiq kechib, belanib kirga,

Oshxonaga men bilan birga –

Kirib keldi lavoq Karkidon…

Oldi birdan ellik beshta non,

Yeb olti qop bodringni faqir,

Karamshoʻrva ichdi qirq paqir,

Soʻng yetmishta tuxumni urib,

Sakson choʻmich kompot simirib,

Toʻqson tovoq osh yedi goʻshtlik…

Xullas,

Menga yetmadi tushlik.

 

 

BOʻRINING TABIB BOʻLGANI

 

Nelar boʻlmas jahonda,

Yer goʻyo ters aylandi.

Tabiblikka

Oʻrmonda

Yirtqich Boʻri joylandi.

 

Ana, qarang,

Tish qayrab –

Oʻtirar shum shifokor.

Yoʻlga boqar jovdirab,

Tezroq kelsa deb bemor.

 

Keldi

Ingrab Quyonvoy,

Shalvirab ding qulogʻi.

Qadamlari poyma-poy,

(Balki, tortmas oyogʻi).

 

– Qani, oʻtir,

Hih-hih-hi…

Darding nima, ayt, inim?

– Boʻri ogʻa, uch kunki,

Tinmay ogʻrir biqinim.

 

Boʻri yaqinroq jildi,

Dono tutib oʻzini.

Biqin qolib,

Tekshirdi

Quyonning chap koʻzini:

 

– Kechikamiz, dingquloq,

Koʻrmasak tez chora gar.

Oshqozoning sal chatoq,

Buni…

“Tumov” deydilar.

 

Biz tabiblar bu dardni

Juda yaxshi bilamiz.

Dadilroq boʻl,

Sen mardni

Jarroh boʻlib tilamiz.

 

Qani, rozi boʻl shartta,

Keyin rahmat aytasan.

Omon qolsang,

Albatta –

Uyga tirik qaytasan.

 

Tikkalatib dumini,

Qochib qoldi tez Quyon.

Bechoraning biqini

Ogʻrimas

Shundan buyon.

 

Keyin, ogʻrib tomogʻi,

Keldi yigʻlab yosh Toʻngʻiz.

Ushlab koʻrib oyogʻin,

Boʻri dedi:

– Voh, esiz!

 

Tomoq ogʻriq boshlanar

Oʻng oyoqning poyidan.

Kesib olsak

Soz boʻlar

Goʻshtlikkina joyidan.

 

Boʻri

Tayyor deb oʻlja,

Yutar ekan soʻlagin;

Fursat poylab Toʻngʻizcha,

Rostlab qoldi juftagin.

 

Keldi Tulki

Mingʻirlab,

Tikan kirib qoʻliga.

(Boʻri der: “Bu boshqa gap!”

Uchrab goʻshtning moʻliga).

 

– Uzr, doʻxtir,

Keldim kech,

Juda chatoq ishlarim…

– Dard koʻrmaysan endi hech,

Omon boʻlsa tishlarim!

 

– Kecha tunda

Uzoqdan

Tinglab shirin ovozin;

Tutib keldim qishloqdan,

Bir kampirning xoʻrozin.

 

Yoʻlda

Maraz boʻztikan

Yaraladi qoʻlimni.

Ogʻrigʻi ja zoʻr ekan,

Bukchaytirdi belimni.

 

“Shoshmay turgin, muttaham!”

Der Boʻrivoy ichida.

– Koʻz tegmasin,

Oʻzing ham

Yetilibsan-da juda.

 

Mana, tugmadori ol,

Beriroq kel,

Jon ini…

Xullas, Boʻri bemalol

Yedi-qoʻydi Tulkini

 

Soʻngra

Ochib bemorni

Qabul qilish daftarin;

Silab-siypab qornini,

Yozdi ushbu gaplarni:

 

“Qoʻlin tirnab boʻztikan,

Tulki keldi notetik.

Ahvoli ogʻir ekan,

Chora topmadik…

Yedik!”

 

Kechga yaqin kekkayib,

Kirib keldi qari Sher.

Boʻri yetti bukchayib:

“Xush koʻrdik,

O, shohim!” – der.

 

Sher harsillab,

Oʻzini

Keng kursiga tashladi.

Chaqchaytirib koʻzini,

Dargʻazab soʻz boshladi:

 

– Yuray desang sogʻ, quvnoq,

Yaxshilab koʻr, akasi.

Bir haftaki,

Sal yoʻqroq

Ishtahamning mazasi.

 

Boʻri dedi

Qaltirab:

– Gapiray, xoʻp desangiz.

Semirasiz yaltirab,

Darmondori yesangiz.

 

Emchi oʻtgan

Yuz pushtim,

Ular aytishgan har on:

“Semiz hayvonning goʻshti

Darmonga qoʻshar darmon”.

 

Turgandek tor qolipda,

Tugatgach u gapini;

Boqib

Semiz tabibga,

Sher yaladi labini:

 

– Yaxshi emas, har holda,

Darmondori izlasam.

Shoh boʻlsam-u,

Oʻrmonda –

Shoqoldek giz-gizlasam.

 

Qoʻldan bersam imkonni,

Soʻng yurarman armonda.

Sendan semiz hayvonni

Topish mushkul

Oʻrmonda.

 

Qadrlayman men

Har choq

Shifokorlar soʻzini.

Tatmoqchiman hoziroq

Darmondori tuzini…

 

Sher tabibga tashlandi,

Boqmay ohu zoriga.

Boʻri

Birdan aylandi

Oddiy darmondoriga.

 

Lekin

Shunday keng oʻrmon

Tabibsiz qolsa – chatoq.

Yigʻildi-yu bor hayvon,

Kengashdi uzoq-uzoq.

 

Pokdil, tili biyronni

Tanlaylik deb bu ishga,

Yubordilar

Quyonni

Tabiblikka oʻqishga.

 

Anvar Obidjon

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.