Abadiyat muhri bor goʻzallik tuygʻusida

0
157
marta koʻrilgan.

Nur

 

Nima qolur mendan dunyoda,

Farzandlaru toʻrt-beshta bayot.

Toliqsam-da haddan ziyoda,

Seni juda sevaman, hayot.

 

Fahm etarman, ne boʻlar keyin,

Marmar toshning narxi bir tiyin.

Qiyin, qiyin, ketganga qiyin,

Seni juda sevaman, hayot.

 

Tugʻilgandim mehrdan garchand,

Yashash uchun kurashdim harchand.

Turmush doim bersa hamki pand,

Seni juda sevaman, hayot.

 

Oʻz joyiga moslashgay yantoq,

Darranda ham apoq va chapoq.

Koʻnikmadim tegramga, biroq

Seni juda sevaman, hayot.

 

Zimistonning yuzin ters qilsin,

Umr qadrin bilganlar bilsin.

Bilmagan-chi, koʻksini tilsin,

Seni juda sevaman, hayot.

 

Yashayapman, tangriga shukur,

Derazamdan tushib tursin nur.

Men shundan ham qilurman huzur,

Seni juda sevaman, hayot.

 

26.08.2016

 

* * *

Shoir deganlari shahiddir – xunsiz,

Uchinchi dunyodir – kunduzsiz, tunsiz.

Bola kabi kular, biroq koʻzda yosh,

Bola kabi yigʻlar va lekin unsiz.

 

19.03.2015

 

Falamisga

 

Balki bir kun boʻlay deb odam,

Zoʻr taxallus topganding, bolam.

Oʻzing tushgan sassiq hovuzga

Tortaverma boshqalarni ham.

 

Xyuston, 10.10.2016

 

NASA[1]

 

Men hayron qolaman,

Odamzod goho

Koʻrgan moʻjizasin birdan unutgay.

Iskandar, Magellan dovrugʻi hatto,

NASA ignasining koʻzidan oʻtgay.

Qandoq bunyod boʻlgan hazrati Odam,

Hech kimsa koʻrmagan ilohiy damni.

Lekin mashq qilganlar ming yil muqaddam,

Oyda Armstrong[2] qoʻygan qadamni.

Konrad korjomasi osigʻlik turar,

Marhum fazogirlar koʻrgazmasida.

Shohlarning libosi yaxlit siymu zar,

Baribir, ilingay uning pastida.

Togʻning etagida oʻtirgan sayyoh,

Uning mahobatin koʻrmas hech qachon.

Asrlar qaʼridan tashlasang nigoh,

Inson qyrib olmish yangi bir jahon.

Nizolar yoʻqolur bir kun, albatta,

Odamzod oʻzligin topar qaytadan.

Shonli oʻtmishini eslab u paytda,

Kelgay maʼrakaga har bitta Vatan.

Bashar bolalari faxrga toʻlib,

Tafakkur toʻyida koʻtargaylar jom.

Ishongum, oʻsha kun birinchi boʻlib,

Yodga olinajak Ulugʻbek bobom.

 

Baxillik

 

Men deb bong urasan shomu saharda,

Goʻyo haqqoniydek aytar soʻzlaring.

Hammani bir xilda koʻrsang agarda,

Teshilib qolarmi sening koʻzlaring.

Yoʻlning chekkasida majruh bir inson

Madad tilab turar sendan, ehtimol.

Sen unga uzatsang agar parcha non,

Qoʻllaring mayishib, boʻlarmikan shol.

Qarshingda turibdi yosh bir isteʼdod,

Balki olamshumul boʻlajak daho.

Bir ogʻiz soʻz aytib, bersang gar imdod,

Tillaring kesilib qolgaymikan yo?

Bir siymo ilmning boʻlmish sardori,

Balli, el-yurtiga olib kelmish shon.

Sen uni qutlasang koʻplar qatori,

Chiqib ketarmikan tanangdagi jon.

Afsuski, yaxshilar tortadi kulfat,

Yomonlar gʻolibdir, yotar qalashib.

Yoʻqdir bundaylarda zarra fazilat,

Dunyoga kelmishlar ular adashib.

 

Xyuston, 24.7. 2015

 

 Inson

 

Insonning qoʻlidan kelar har balo,

Bir soat ichida toʻy qiladi, toʻy.

Zarra pisand emas dashtu Karbalo,

Faqat uni tingla, oʻz holiga qoʻy.

 

Dumaloq boʻlguncha koʻz yoshi xoblar,

Firʼavn umrini yashaydi kimdir.

Vaqt ham yuguradi aylab shitoblar,

Fursatdan ulushin ololgan erdir.

 

Texas, 18.10.2016

 

Shamol

 

Shamol uvillaydi.

Shamol izillar…

Bilaman u qaydan yelayotganin,

Bezovta ruh kabi tinsiz uvillab,

Sharqdanmi yo Gʻarbdan kelayotganin.

Shamol uvillaydi

Bilmasdan tinim,

Bilmasman qayoqdan yelayotganin,

Bilmasman shuncha vaqt topmasdan qoʻnim

Sharqdanmi yo Gʻarbdan kelayotganin.

Oʻrtada aralash girdob bor goʻyo,

Turibman oʻshaning qoq oʻrtasida.

Tegramda tinimsiz charx urar dunyo,

Doʻzax nafasi bor goʻyo sasida.

Faqat gʻalayondan chetda, tubanda

Bepisand jimirlab qaynaydi ummon.

Faqat ichkarida, qoʻltiq tomonda,

Albatros qushlari oh chekar nolon.

Hatto qum zarrasi emasman shu zum,

Essiz, nochorligim qiladi alam.

Nogoh koʻtarilsa shamol bilan qum,

Rasululloh unsiz chekar edi gʻam.

Shamol uvillaydi…

Shamol izillar…

 

Texas, 10.10.2016

 

Yoronlar

 

Oʻz davring nashʼasin meniki deb sur,

Hatto toʻfon tursin, hatto boʻronlar.

Doim ogʻzi biru qalqon boʻlib tur,

Orangizdan ola oʻtmas, yoronlar.

 

Boshqa yoqqa tortsa sen mingan tulpor,

Bundayin doʻstlikdan qandayin naf bor?

Kimdir aylamasa qasamingni xor,

Orangizdan ola oʻtmas, yoronlar.

 

Senga yot emasdir el quchgan zafar,

Oʻzimniki desang bu yutuqni gar.

Seni koʻrgan joydan qochgaydir xatar,

Orangizdan ola oʻtmas, yoronlar.

 

Hasadgoʻy ahliga duch kelding koʻproq,

Qayoqqa borsang ham bir xildir tuproq.

Barchaga barobar, demakkim, charoq,

Orangizdan ola oʻtmas, yoronlar.

 

Bemor izlar edi dardiga chora,

Uni topolmadi, afsus, bechora.

Kimdir yordam qoʻlin choʻzsa shu bora,

Orangizdan ola oʻtmas, yoronlar.

 

Mayliga, davron sur qishloq, shaharda,

Turfa odam uchrar shomda, saharda.

Sen ham kechirimli boʻlsang agarda,

Orangizdan ola oʻtmas, yoronlar.

 

Xyuston, 16.10.2016

 

Quyosh va shaʼm

 

Nabiram Mumtozbegimga

 

Abadiyat muhri bor goʻzallik tuygʻusida,

Qudratin u yoʻqotmas hattoki uyqusida.

Toblanib yursa arzir quyosh nurida, ammo

“Xamsa” yaratsa boʻlar shaʼmning yogʻdusida.

 

Xyuston, 22.08.2016

 

Abdulla ORIPOV,
Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri


 

[1] Xyustonda joylashgan AQSH fazogirlar tayyorlash va nazorat qilish markazi.

[2] Armstrong, Konrad  – Oyga qadam qoʻygan dastlabki fazogirlar.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.