Zumrad ot

0
378
marta koʻrilgan.

Aleksandr KUPRIN

 

Beqiyos yoʻrgʻa Xolstomer xotirasiga bagʻishlayman.

 

1

Toʻrt yashar poygachi aygʻirni Zumrad ot deb atashardi. U boʻychan, kulrang, qaddi tik, tanasi kumushrang. Odatdagiday yarim tunda sayisxonasida uygʻondi. Unga yonma-yon, chap va oʻng, dahliz orqali oʻtiladigan qarama-qarshi tomondagi otlar bir tekis, yoqimli tovushda pichan chaynashar, shirin gʻirchillatib, ahyon-ahyonda pishqirib qoʻyishardi. Navbatchi otboqar burchakdagi poxol uyumi ustida xurrak otardi. Zumrad Vasiliyni xurragidan tanidi, beixtiyor kunlarni sanadi. U hali yosh bola, otlar uni otxonada badboʻy tamaki chekkani uchun yoqtirishmasdi, tez-tez shirakayf kirib kelar, tizzalari bilan otlarning qorinlariga tepar, koʻzlariga musht koʻtarar, noʻxtalarini qoʻpollik bilan siltab tashlar, otlarga notabiiy, tahdidli, boʻgʻiq yoʻgʻon ovozda baqirardi.

Zumrad eshik oldidagi panjara yoniga bordi. Roʻparasidagi eshikda yoshgina, qorachadan kelgan biya Shegolixa turardi. Yoʻrgʻa qorongʻuda uni aniq koʻrolmasa-da, har gal pichan chaynashdan oldin bosh koʻtarib, orqaga qayrilib qarab qoʻyar, katta-katta koʻzlaridan qizgʻish binafsharang olov sachrab ketardi. Ot burun teshiklarini ohista kengaytirib, uzoq vaqt havo simirdi, biyaning terisidan bilinar-bilinmas kelayotgan toʻlqinlantiruvchi hidni his etdi va astagina kishnab qoʻydi. Biya ham shitob bilan orqaga qarab, mayin, titraganday, mehr bilan oʻynoqlab kishnadi. Shu payt Zumrad yonginasida, oʻng tarafda rashkchil, qahrli nafasni eshitdi. Oraga Onegin aralashdi – qari, qaysar, qoʻngʻir poygachi ot, koʻpdan buyon ahyon-ahyonda faqatgina shahar birinchiliklarida qatnashib yuradi. Ikkala ot ham yupqa notekis taxtalar bilan ajratib qoʻyilgan, bir-biriga koʻzi tushmasdi, biroq panjaraning oʻng burchiga yonboshlayotib, Zumrad toʻsqichlardan chaynalayotgan issiq pichan hidini tiniq tuydi, bu tez-tez nafas olayotgan Oneginning noʻxtalaridan sizayotgan edi… Otlar shu yoʻsin biroz vaqt bir-birini qorongʻuda hidlashdi, quloqlarini koʻtarishgan koʻyi boʻyinlarini egib, asabiylashishdi. Kutilmaganda ikkalasi birdan qahrlanib, bor ovozda kishnab yuborishdi, yer tepinishdi.

– Jim boʻl, jin ursin! – Otboqar uyqusirab, tahdidli qichqirdi.

Otlar panjaradan tislanishdi va hushyor tortishdi. Ular avvaldan bir-birini yoqtirishmasdi. Uch kun oldin otxonaga qomati kelishgan qora biyani olib kelishdi, odatda bunday qilinmasdi. Bu poygachi otlarga joy yetishmasligidan kelib chiqdi. Shundan buyon kunlari janjalsiz oʻtmay qoldi. Otxonada ham, aylanada ham, sugʻorilayotganda ham bir-birini olishuvga chaqirishardi. Biroq Zumrad ich-ichidan uzun boʻyli, niyati yovuz, yumaloq tuya tuyoqli, koʻzlari qaygʻuli, tanasi toshday mustahkam, yillar boʻyi yugurishlar, poygalar, olishuvlarda toblangan suyakdor ot oldida qoʻrquvni his etardi.

Yoʻrgʻa oʻzini hech nima boʻlmaganday, qoʻrqmayotganday koʻrsatishga urinib, qayrildi, oxurga boshini tiqib, pichanni maydalab, tez-tez kavshay boshladi. Avvaliga tantiqlanib, oʻt-oʻlanlarni saralab, terib yedi, chaynagani sari pichan shirinlashib ketdi, oxurdan bosh koʻtarolmay qoldi. Shunda xayoliga asta-sekin turfa oʻylar yopirila boshladi, xotirasidagi olis qiyofalar, hidlar, tovushlar bir-biriga ulanib, ayni chogʻda qop-qora girdob ichida butkul yoʻq boʻlib ketishardi.

“Pichan”, – deb oʻyladi va kechqurun pichan solgan katta otboqar Nazarni esladi.

Nazar – yaxshi qariya, undan hamisha xushboʻy qora non va sal-pal sharob hidi keladi, shoshmasdan yumshoq qadam tashlaydi, pichan va sulisi hammanikidan mazali tuyuladi, otlarni tozalayotganda yarim ovozda mehr bilan soʻzlashayotib, yoqimli tarzda tomoq qirib qoʻyadi. Unda katta, boshqalarga oʻxshamaydigan alohida xislatlar yoʻqday, faqat pichan solayotganda, jilov tortganda beoʻxshov qoʻllari titrab ketadi.

Vasiliy har qancha baqirib-chaqirmasin, olishmasin, qoʻrqoqligi bor, buni barcha otlar bilishadi, undan qoʻrqishmaydi. U otda yurolmaydi, tortadi, nuqul aylanadi. Koʻzlari qiyiq uchinchi otboqar ikkalasidan ham yaxshi, lekin otlarni xush koʻrmaydi, beshafqat va besabr, qoʻllari yogʻochday qattiq. Toʻrtinchisi – Andryashka, juda yosh, toychoqqa oʻxshab otlar bilan oʻynaydi, noʻxtalar orasidagi yuqori lablarini yashirib-yashirib oʻpib qoʻyadi, bu – yoqimli ham, kulgili ham emas.

Baland boʻyli, oriq, bukchaygan, yuzlari tekis qirtishlangan va tilla koʻzoynakli chavandoz esa – butunlay boshqa gap. U oʻxshashi yoʻq otga oʻxshaydi – aqlli, kuchli va qoʻrqmas. Hech qachon jahli chiqmaydi, xipchin bilan urmaydi, biroq ustiga minganda tulpor uning har bir ishorasi, barmoqlarining harakatiga soʻzsiz, allaqanday quvonch, gʻurur va qoʻrquv hissi bilan boʻysunardi. Bu Zumradga cheksiz xursandchilik ato etar, yugurayotib, butun vujudi qaynab-toshar, naqadar ajib, baxtiyor damlar edi.

Otning xayolidan otchoparga olib boradigan qisqa yoʻl, har bir uy, ustunchalar, toʻshalgan qum, chopayotgan otlar, yashil maysalar, bogʻichlardagi sargʻish dogʻlar oʻtdi. Uch yashar qora toʻriqni esladi, u shu kunlarda oyoq chigilini yozayotganday oqsoqlanardi. Zumrad ham bir zum oqsoqlanib yurishni tasavvuriga keltirdi.

Bir dasta pichan ogʻziga juda yoqdi, boshqalaridan oʻzgacha, ajoyib taʼmi bilan ajralib turardi. Aygʻir uni uzoq vaqt chaynadi, yutganida bir muddat qovjiragan gullar va maysalarning nafis xush boʻylarini ilgʻadi. Ot ongida noaniq, allaqanday ayqash-chuyqash, uzoq xotiralar sirgʻaldi. Bu kashanda odamlarda boʻlib turadigan holatga oʻxshab ketardi, yaʼni – koʻchada papirosni beixtiyor chuqur tortganda ushlab boʻlmas soniya, eski gulqogʻozlar yopishtirilgan gʻira-shira dahliz va bufetdagi yagona sham, yoki olis tun yoʻli, qoʻngʻiroqlarning tekis tovushlari, ogʻir mudroq, yoki yaqin oʻrtadagi zangori oʻrmon, qor, ochilib-ochilmayotgan koʻzlar, koʻchkilar guldurosi, ehtirosli betoqatlik, tizzalar qaltirashi – barisi bir daqiqada yelib oʻtishadi-da, yurakni unutilgan, hayajonli, yelvizak hislar ohista, gʻamgin va tushuniksiz qalqitib ketadi.

Qorongʻulikda bogʻcha uzra hanuzgacha koʻzga koʻrinmas narsalar boʻzarib, zoʻrgʻa koʻzga tashlanardi. Otlar erinchoqlik bilan kavshanishar, birin-ketin ogʻir va sekin xoʻrsinib qoʻyishardi. Hovlida tanish xoʻrozning jarangdor, tetik, karnayday keskin qichqirigʻi yangradi. Olis-yaqinlardan xoʻrozlarning birin-ketin xonishlari uzoq vaqt tinimsiz eshitilib turdi. Zumrad boshini oxurga egib, unda boyagiday zarif, jonli, uzun xotiraning aks-sadosi, gʻaroyib taʼmini ushlab qolmoqqa va kuchaytirmoqqa urindi. Lekin uni tiriltirolmadi, oʻzi ham sezmagan holda mudray boshladi.

 

2

Uning tanasi va oyoqlari benuqson, mukammal koʻrinishga ega edi, tik turib uxlar, oldga va ortga sal-pal chayqalib qoʻyardi. Baʼzan titrab ketar, shunda shirin uyqusi bir necha onga yengil mudrash bilan almashar, biroq uzoq davom etmagan orom shu qadar ajoyib ediki, bundan otning muskullari, asablari va terisi tiniqlashardi. U saharlab uygʻondi, tushini esladi. Tushida erta bahor tongi, koʻtarilayotgan qizgʻish shafaq, quyuq oʻtloqni koʻrdi. Maysalar qalin va shirali, tiniq, ertakdagiday sehrli, yam-yashil, borliq mayin binafsharangda jilolanardi. Bunday manzarani koʻrish odamlar va jonzotlarga faqat bolaligida nasib etadi, xolos. Shudringlar miltirab shuʼlalanar, tiniq havoda barcha-barcha islar ingichka jilvalanib, yoyilardi. Salqin havo oralab tutun isi uriladi, u qishloqdagi quvurdan esadi. Oʻtloq gullari turfa-turfa hid taratadi, shahar chekkasidagi namxush burama yoʻldan bir-biriga aralashib ketgan turli-tuman islar keladi: odamlar, qoramoy, ot yuklari, chang, oʻtib ketayotgan podadan sigir sutlarining bugʻi, devor ortidagi archa novdalaridan oqayotgan yoqimli qatron hidlari.

Yetti oylik Zumrad toychoq polda behol yotadi, boshini pastga tirab, orqa oyoqlari bilan tepinib-tepinib qoʻyadi. U havodan tushganday tanasining ogʻirligini sezmasdi. Oppoq quruq moychechak gullari oyoqlari ostida uchib yurishardi. U quyosh tomon parvozga intilardi. Ayollar tizzaga uradigan nam maysalar oralab oʻtishar, maysalardan sovuqlik sachrar, bora-bora qorayib koʻrinardi. Moviy osmon, yashil maysa, oltin quyosh, toza havo, bolalik, yoshlik hayratlari, kuch va poyga tezligi!

Biroq u qisqa, notinch, juda tanish kavshanishni eshitdi, buni minglab tovushlar ichidan olisdan boʻlsa ham bilib olardi. U yugurayotganda bir toʻxtab olar, bir soniya quloq tutar, boshini baland koʻtarib, bejirim quloqlarini qimirlatib, kalta muloyim supurgi dumini boʻsh qoʻyib, uzun quyma ovoz bilan javob berar, shunda tik, oriqroq, uzun oyoqli tanasi titrab ketar va onasi tomon chopardi. Onasi – keksaygan, vazmin biya maysadan hoʻllangan boshini koʻtarib, toychogʻini suyib, hidlab olardi-da, qilmasa boʻlmaydigan ishni bajarib qoʻyishi kerakday yana oʻt-oʻlanlarni yeyishga tushib ketardi. Toychoq kichik boʻynini egib, onasining qorniga tiqilib, yuzini balandga qayirib, shirin, salgina nordon sut bilan toʻlib turgan issiq yelinni topib olar, sut uning ogʻziga ingichka iliq jilgʻachalarday sharillab tushar, undan ajralgisi kelmasdi. Onasi uni itarib, oʻzini bolasining chotidan tishlab olmoqchiday koʻrsatardi.

Otxona butunlay yorishdi. Sersoqol, qari, badboʻy echki otlar orasida yashardi, ichkaridan qirrali narsa tiqib qoʻyilgan eshik oldiga borib, orqaga, otboqar tomonga qarab, maʼray boshladi. Vasiliy oyoqyalang, patak sochli boshini qashidi-da, eshikni ochish uchun turdi. Salobatli kuz tongi sovuq edi. Toʻrtburchak eshik ochilishi bilan otxonadan chiqqan issiq havo bugʻlanib ketdi-da, bir zumda qotib qoldi. Tollar va ularning toʻkilgan yaproqlaridan kelayotgan yoqimli islar nafis, ohista sayisxona boʻylab sirgʻalardi. Otlar hozir yem berishlarini yaxshi bilishardi, sabrsizlik bilan panjaralar yonida pishqirib qoʻyishardi. Ochkoʻz va injiq Onegin tuyoqlari bilan qoqib qoʻyilgan yogʻochni yuqori tishlari bilan tishlab-tishlab, oxurning temir bilan parchinlangan, chaynab tashlangan bort qirralariga boʻynini choʻzib, havo yutindi va kekirdi. Zumrad yuzini panjara yonboshlariga ishqaladi.

Boshqa otboqarlar ham kelishdi. Ular toʻrt kishi edi – qatʼiy oʻlchangan miqdorda oxurlarga yem tashlay boshlashdi. Nazar ogʻir shovdirab turgan yemni Zumradning oxuriga solarkan, tulpor yemga hovliqib, qariyaning yelkalari, qoʻllari oralab, issiq noʻxtalarini silkitib, bosh suqardi. Zumradning erka qiliqlari, besabrligi otboqarga juda yoqar, u ham ataylabdan shoshilmas, tirsaklari bilan oxurni toʻsib olar, samimiy dagʻallik bilan gʻudranardi:

– Obbo, ochofat-yey… Shoshilma, ulgurasan… Ha, seni-ya… qani basharamga yana basharangni tiqib koʻr-chi. Men ham yomon qilaman…

Oxur uzra pastga qarab toʻrtburchak ustunga quyoshning zarrin nurlari qiyalab tushib turar, unda millionlab tilla oʻrgimchak iplari aylanishar, boʻlinib-boʻlinib, deraza gulqogʻozlariga uzundan-uzun soyalar solishardi.

 

3

Uni tashqariga olib chiqish uchun kelishganida Zumrad endigina yemni yeb boʻlgan edi. Havo iliqlashdi, tuproq yumshadi, biroq otxonaning devorlari hali qirovdan oqarib turardi. Otxonadan olib chiqilgan, quyuq bugʻlar chiqarayotgan uyum-uyum goʻnglar ustida gujgʻon oʻynayotgan qargʻalar bor ovozda qichqirishar, bir-birlari bilan janjallashayotganga oʻxshardi. Boʻynini egibroq, ehtiyotkorlik bilan boʻsagʻadan oʻtayotib, Zumradni quvonch hissi qamrab oldi, toza havodan toʻyib simirdi, boʻynini silkitib, butun vujudi bilan jaranglatib aksirdi. “Sogʻ boʻl,” – dedi Nazar jiddiy ohangda. Zumrad bir joyda turolmasdi. U shitob bilan yelish, qitiqlovchi havo, koʻz oʻngida silkinayotgan noʻxtalar, yuraklarning olovli qalqib ketishlari, chuqur-chuqur nafas olishni istardi. Ot qoziqqa bogʻlab qoʻyilgan edi, orqa oyoqlari bilan oʻynoqlab, kishnadi, boʻynini avaylab qayirdi-da, ortiga, qoratoʻriq biyaga qaradi, uning katta qora koʻzlaridagi qizil qon tomirlari chiziqlarigacha koʻrdi.

Nazar qattiq-qattiq nafas olib, bor kuchi bilan boshi uzra suv toʻla chelakni koʻtardi va suvni tulporning yelkasidan oshirib, yagʻrinidan to dumigacha quydi. Bu Zumrad uchun juda tanish, yoqimli va baʼzan kutilmagan holatlarni tugʻdirguvchi dahshatli tuygʻu edi. Nazar yana suv keltirdi, yoʻrgʻaning yonboshlari, koʻkragi, oyoqlari, dumgʻazasi ostiga sepalab chiqdi. U qadoq qoʻllari bilan ot tanasini yunglari boʻylab qattiq, bostirib ishqalab chiqar, suvlarni chaplashtirardi. Zumrad ortiga qarab, oʻzining baland, quyoshda yaltirab, qoraygan va choʻgʻlanib turgan sagʻriniga koʻzi tushdi.

Poyga kuni edi. Zumrad buni oʻziga xos asabiy, shoshqin harakatlardan bilar, otboqarlar otlar atrofida aylanib, shapatilashlaridan sezardi, ayrim otlar tanasiga nazokat nuqtai nazaridan odatiy belgilarni qoʻyishar, biyalarga guldor terilarni ildirishar, baʼzilarning oyoqlarini qattiq bogʻichlar bilan boʻgʻinlaridan tizzalarigacha oʻrab tashlashar yoki koʻkrak ostidan old oyoqlargacha yung bilan qoplangan keng qoʻltiqchalarini ham bogʻlab qoʻyishardi. Saroydan xushbichim ikki gʻildirakli, baland oʻrindiqli ajnabiy rusumdagi aravalarni olib chiqishdi, ularning metalldan yasalgan ninalari, qizil chambaraklari, keng tortilgan qizgʻish shotidagi yangi boʻyoqlar koʻzlarni qamashtirardi.

Otxonaning bosh otligʻi yetib kelguncha Zumrad butkul qurib boʻlgan, choʻtkalar bilan tozalangan, jun matodan tikilgan qoʻlqoplar bilan artilgan edi. Uzun boʻyli, oriqdan kelgan, biroz bukchaygan, uzun qoʻlli bu odamni hamma birday hurmat qilishar, ayni paytda undan odamlar ham, otlar ham qoʻrqishardi. Uning yuzi kuygan, qirtishlangan, chizib quyilganday kulgili lablari qattiq, yupqa, egik koʻrinardi. U tilla koʻzoynak taqardi, koʻzoynak ortidan moviy, yorugʻ koʻzlari dadil va xotirjam tikilib turardi. Bosh otliq tozalash ishlarini kuzatar, uzun oyoqlarida baland etiklar, qoʻllarini pantolonining choʻntaklariga chuqurroq kirgizib olgan, sigarasini ogʻzining goh bu burchiga, goh u burchiga olib-borib keltirardi. Egnida – yoqasi yungli kulrang kurtka, boshida – ensiz hoshiyali va toʻgʻri chiziqli toʻrtburchak soyabonli qora shapka. Baʼzan keskin, pala-partish ohangda qisqa-qisqa tanbehlar berar, shunda barcha otboqarlar va ishchilar unga qayrilib qarashar, otlar ham quloqlarini dikkaytirib, hushyor tortishardi.

U Zumradning irgʻishlashlariga alohida eʼtibor berar, otning butun tanasi, peshonasidan tortib tuyoqlarigacha qarab chiqar, tulpor ham uning mehrli nigohini sezib, boshini baland koʻtarar, chiroyli boʻynini asta egib qarar, yaltirab turgan quloqlarini tikkaytirardi. U ot ayilining mustahkamligini koʻrdi, qoʻllari bilan qornini siladi. Otga kulrang matoli, qizil uqali, koʻz oldlariga qizil aylana qilib, orqa oyoqlariga qizil kashtali jul kiydirishdi. Ikki otboqar – Nazar va qiyiq koʻz ikki tomondan Zumradning yuganidan ushlab, tanish koʻprik usti boʻylab, ikki qatorli kamyob ulkan toshli binolar oraligʻidagi otchoparga olib chiqishdi. Yugurish aylanasigacha boʻlgan masofa toʻrt chaqirimga ham yetmasdi.

Otchopar hovlisida otlar koʻp edi, ularni doira boʻylab bir yoʻnalishda, yugurish aylanasida, soat millarining teskari harakatida olib yurishardi. Hovlida metin oyoqli, dumlari kalta qilib kesilgan, doʻgʻaga bogʻlangan otlarni aylantirishardi. Zumrad oq tulporni darrov tanidi, ular doim birga, yonma-yon yugurishardi, ikkalasi bir-biri bilan soʻzsiz, koʻzlari kulib salomlashishdi.

 

4

Otchoparda qoʻngʻiroq chalindi. Otboqarlar Zumrad ustidagi julni olib tashlashdi. Chavandoz quyosh nurlaridan qamashgan koʻzoynak ostidagi koʻzlarini qisib, uzun soʻyloq tishlarini irjaytirib, unga yaqinlashdi, yurgan koʻyi qoʻlqoplarini kiyib olarkan, xipchinni qoʻltiqlab oldi. Otboqarlardan biri Zumraddagi bashang nimarsalar, dumidagi kapalaklarigacha yigʻib oldi, ularni ehtiyotkorlik bilan oʻrindiqqa qoʻydi, bu bilan goʻyo goʻzal xotima yasadi. Ot gavdasining ogʻirligidan nozik arava shotisi tarang tortildi. Zumrad ortga koʻz qirini tashladi va otliqni koʻrdi. U ot sagʻriniga qulay oʻrnashib olib, oyoqlarini oldga tirab, arava shotisiga osiltirib turardi. Otliq shoshilmasdan jilovni oldi, otboqarlarga ovozini jiddiy tarzda balandlatib gapirdi, hammasi birday qoʻllarini ishdan tortishdi. Poyga sururidan quvonchga toʻlayotgan Zumrad shitob bilan oldga urindi, lekin uni kuchli qoʻllar ushlab qoldi, orqa oyoqlarini koʻtaroldi, xolos. Boʻynini silkitdi va sekin-sekin yoʻrtib, keng darvozadan yugurib chiqdi-da, otchoparga kirdi.

Hovlida har bir chaqirimda ellips shaklidagi yogʻoch ustunlar oʻrnatilgan, sariq qum sepilgan nam va zich yugurish yoʻlaklari oyoq ostida gʻirchillab, yoqimli ohangda qayishib ketar, bosim goh koʻtarilib, goh pasayib borardi. Tuyoqlarning tekis va oʻtkir izlari, temir chambaraklardagi toʻgʻri chiziqlar iz solib borardi.

Minbar choʻzilganday koʻrindi. Ikki yuzta ot sigʻadigan bu yogʻochli binoga baland ingichka ustunlar tirab qoʻyilgan, qora-qura olomon oldga intiladi, guvillaydi. Zumrad jilovning yengil, eshitilar-eshitilmas silkinishidan tushundiki, qadamini tezlatsa boʻladi, xursand pishqirib qoʻydi. U bir tekisda yoʻrtib borardi, belini urintirmasdan, yoʻlga dadil tikildi, chiroyli boʻynini chap tomonga qayirib, arava shotisiga qarab qoʻyarkan, yuzini toʻgʻriga qaratdi. Otning betakror uzun-uzun qadamlari uzoqdan kuzatilganda yugurish tezligi katta emasdek taassurot qoldirardi, u shoshilmasdan yoʻlni aniq oʻlchab borardi, sirkulga oʻxshab, old tuyoqlari uchini yerga sal-pal tekkizib qoʻyardi. Bu haqiqiy poygachi otning chiqishi edi. Yoʻrgʻa nafasini yumshatib olar, har bir qarshilikni oxirgi nuqtasigacha kamaytirib, qaytadan harakatlanish uchun barcha nokerak urinishlarni olib tashlar, kuchi, goʻzalligi koʻzni qamashtirar, u tirik, benuqson ishlaydigan mashinaga aylanganday tuyulardi.

Ikki yugurish oraligʻidagi antraktda otlarni sovutish boshlandi, bunda aygʻirlar nafasini rostlab olishadi. Otlarning koʻpchiligi aylanada Zumrad bilan bir yoʻnalishda, ichki aylanada esa unga qarama-qarshi tomonda yugurishardi. Tanasi kulrang, qora tanga-tangali, boʻyi uzun, yuzi oqish, boʻyni yumaloq, dumi quvurday, koʻrgazma otlariga oʻxshash, nasli sof orlovcha bedov Zumradni quvib oʻtdi. U yoʻl boʻyi sergoʻsht, keng, terdan qoraygan koʻkragi va hoʻllangan chotlarini silkitib chopar, old oyoqlarini tizzasidan yon tomonga uloqtirar, har bir qadamida jigarining loʻqillagani eshitilib turardi. Orqa tomondan tik qomatli, tanasi uzun, duragay naslli, qora yolli biya kelib toʻxtadi. U ham Zumradday ajoyib, poygaga puxta tayyorlangan edi. Kalta, ozoda qalin mato unga shunday yarashib turardiki, hatto teri osti muskullarining harakatlari bilinib turardi. Otliqlar bir-birlari bilan suhbatlashib borishardi, ikki ot birozgina yonma-yon yurishdi. Zumrad biyani hidlab koʻrdi, yoʻl-yoʻlakay u bilan oʻynamoqchi boʻldi-yu, bunga otligʻi yoʻl qoʻymadi, ot boʻysundi.

Roʻparadan dokalar, tizzabogʻlar va qoʻltiqosti bogʻichlari bilan tangʻib tashlangan katta qora argʻumoq bor kuchi bilan yoʻrtib, yelib kelar, oʻng tomonida yarim gaz keladigan uzunroq shoti doʻppayib chiqib turardi, boshi doira shaklida qattiq bogʻlab qoʻyilgan, temir tasmasi qayirib oʻralgan, beshafqatlarcha siqib tashlangan, ogʻriqdanmi otning asabiy xirillashi eshitilardi. Zumrad va biya bir vaqtning oʻzida unga qarashdi, ikkalasi ham shu lahzada kuchli, chopqir va chidamli yoʻrgʻani koʻrishdi, ayni paytda qoʻrqinchli, qaysar, jahldor, kekchi va izzattalabligini his etishdi. Qora otning ortidan kulgili darajada kichkina, och kulrang hashamdor tulpor chopib oʻtdi. Tashqaridan qaralganda, uni juda katta tezlikda yugurib ketayapti, deb oʻylash mumkin edi, oyoqlari bilan yerni tez-tez urib qoʻyar, tuyoqlarini tizzasidan yuqoriga koʻtarar, afti-angoridan tirishqoqlik, ishbilarmonlik nuqsi ufurib turar, chiroyli, kichkina boshiga silliq boʻyni yarashgan edi. Zumrad unga koʻzlarini olaytirib, kinoya bilan qaradi, bir qulogʻini u tomonga qimirlatib qoʻydi.

Boshqa otliq suhbatini tugalladi, baland ovozda qisqa-qisqa xoxoladi, goʻyo kishnab yubordi va biyani erkin yugurishiga qoʻyib berdi. U hech qanday zoʻriqishsiz, xotirjam chopardi, Zumrad bilan yoʻllari ayrildi, oldinga qarab yugurdi, yaltirab turgan boshini orqa yelkasidan bilinar-bilinmas oshirib, qora tasmasini tarang va tekis tortib qoʻyardi. Kutilmaganda tillarang-malla yoʻrgʻa shitob bilan sakradi, chopdi, uni Zumrad va oq biya oq toʻsqichlar oraligʻidan koʻrib turishardi, yoʻrgʻa ularni ortga irgʻitib yubordi. U uzun-uzun qadam tashlab yugurar, baʼzan choʻzilar, baʼzan yerga egilib, yo havoga koʻtarilib, oldingi oyoqlarini orqa oyoqlari bilan birlashtirib olardi.

Uning otligʻi bor gavdasini orqaga tashlab, oʻtirmasdi, tortilgan tizginga osilib, yotib olgan edi. Zumrad hayajonlandi, chap bermoqchi boʻldi, ammo otliq uning qizishib ketganini sezib, tizginni sezdirmay tortib qoʻydi, otning har bir harakatini oldindan bilguvchi epchil va sezgir qoʻllar birdan temirday qotib qoldi. Malla ot minbar atrofini yana bir bor aylanib chiqdi-da, Zumradni quvib oʻtdi. U chopib borar, terga botib ketgan, koʻzlari qontalash, xirillab nafas olardi. Oldinga egilib olgan otliq zoʻr berib beliga yaqin joylariga xipchin bilan savalardi. Nihoyat, otboqarlar darvozaga yaqin yerda uning yoʻlini kesib chiqib, tizgin va yuganni ushlab qolishdi. Terga botgan, titrayotgan, zoʻrgʻa nafas olayotgan otni bir muddatga otchopardan olib chiqishdi.

Zumrad bor kuchi bilan yoʻrtib, yarim aylanani bosib oʻtdi, keyin yoʻlga qayrildi, yugurish maydonini kesib oʻtuvchi yoʻldan darvoza orqali hovliga chiqdi.

 

5

Otchoparda bir necha bor qoʻngʻiroq chalindi. Har zamonda ochiq darvoza yonidan yugurayotgan otlar yelib oʻtishar, minbardagi odamlar qichqira boshlashar, qarsak chalishardi. Zumrad boshqa otlar chizigʻida koʻpincha Nazar bilan birga qadam tashlardi, boshini osiltirib, u yoq-bu yoqqa silkitganicha gʻilof ichidagi quloqlarini qimirlatib qoʻyardi. Sovutishdan soʻng tomirlaridagi qonlar osoyishta va qaynoq oqdi, nafasi chuqurlashdi, erkin tin oldi, vujudi shu qadar tiniqlashib, salqinladiki, butun muskullarida yana yugurish istagi yonayotganini tuydi.

Yarim soat oʻtdi. Otchoparda yana qoʻngʻiroq chalishdi. Endi otliq otga qoʻlqopsiz oʻtirdi. Bu qoʻllar oppoq, sehrli, keng, ayni paytda Zumradning qalbiga ham hayiqish, ham mehr tuygʻusini solardi. Otliq shoshilmasdan otchoparga chiqdi, bu yerda otlar sovutilgandan soʻng birin-ketin hovliga chiqishardi. Aylanada faqat Zumrad va u bilan oʻtish joyida uchrashgan ulkan qora yoʻrgʻa qoldi. Minbardan olomon boshdan-oyoq quyuqlashib, qoraygancha koʻrinar, bu qop-qora toʻdada son-sanoqsiz, quvnoq, pala-partish chehralar, qoʻllar tovlanar, rang-barang yomgʻirpoʻshlar, bosh kiyimlar koʻzga tashlanar, oq varaqdagi dasturlar havolanardi. Zumrad qadamlarini asta-sekin tezlatib, minbar yonidan yugurib oʻtayotib, minglab koʻzlar kiprik qoqmay uni kuzatayotganini sezdi, bu koʻzlar ochiq-oydin undan yeldan uchqur yugurishni, butun kuch-quvvatini ishga solishni, yuragi zarb bilan urishini istashardi. Bu idrok unga baxtiyor va tantiq lahzalarni baxsh etdi. Tanish oq yoʻrgʻada yosh bola oʻtirar, oti Zumrad bilan yonma-yon, oʻng tomonda qattiq kishnagancha sakrab chopardi.

Zumrad tanasi chap tomonga sal egik holda tekis va qadamlarni oʻlchab olganday yugurayotib, qayrilishni chamalab koʻrdi, qizil aylanadagi ustunga yaqinlashdi. Otchoparda qisqa qoʻngʻiroq chalindi. Otliq bildirib-bildirmay oʻzini oʻrindiqda bazoʻr oʻnglab oldi, qoʻllari qoʻqqisdan qattiqlashdi. “Endi yur. Kuchlaringni avayla. Hali erta”. Belgini tushundi Zumrad, bir lahza orqaga qayrilib, ziyrak quloqlarini dikkaytirdi. Oq yoʻrgʻa yonboshda tekis chopib borar, faqat ozroq orqada edi. Zumrad uning yagʻrinidan kelayotgan yangi va tekis nafasni yaqindan eshitdi.

Qizil ustun ortda qoldi, yana bitta keskin burilish, yoʻlakcha boʻylab rostlanib, yaqinlashgani sari ikkinchi minbar qorayib koʻrinar, olisdan gurillayotgan olomon yanada qalinlashar, har bir qadamda oʻsardi. “Yana! – qoʻyib berardi otliq, – yana va yana!” Zumrad biroz shiddatlandi, bor kuchini yigʻib, zoʻr berib, yugurishga sarflashni xohlardi. “Mumkinmi? – oʻyladi u. “Yoʻq, hali bor, hayajonlanma, – deya uni sehrgar qoʻllar tinchlantirardi. – Keyin”.

Ikki yoʻrgʻa ham ustunlarni birday aylanib oʻtishdi, faqat bu ustunlar diametrning qarama-qarshi tomonida, ikki minbarni birlashtiradigan joyda joylashgan. Qattiq tortilgan iplar ozgina qarshilikdan ham uzilib ketishi mumkin, shiddat zarbidan Zumrad bir lahzaga quloqlarini berkitib olishga majbur boʻldi. Biroq buni shu zahotiyoq unutdi, bor diqqatini ajoyib qoʻllarga qaratdi: “Yana biroz! Qizishma! Toʻgʻriga qarab yurish kerak!” – buyruq berdi otliq. Ot chayqalayotgan qop-qora minbar yonidan uchib oʻtdi. Yana bir necha sarjin va toʻrtalasi – Zumrad va uning otligʻi, oq yoʻrgʻa va doʻgʻaga bogʻlangan, kavsharlangan, qisqa uzangidagi bola ot yolidan koʻz uzolmay, baxtiyor yuzlari yashnab, butun borligʻi bilan otni yugurtirardi, ularga erkinlik jarangdor musiqaday ilhom baxsh etar, har biri oʻz vazifalarini aʼlo darajada uddalashmoqda edi. Ta-ta-ta-ta! – yerni ravon qoqib boradi Zumrad. Ta-ta-tra-ta! – gʻoʻla bola qisqa va keskin ravishda qaytaradi. Yana bitta burilish va ikkinchi minbar tomonga yuguradi. “Men ham tezlataymi?” – soʻraydi Zumrad. “Ha, – deydi qoʻllar, – faqat shoshilma”.

Ikkinchi minbar gʻizillab oʻtganini ilgʻab ham qololmaysan. Odamlar nimalardir deb qichqirishadi. Bu Zumradning eʼtiborini tortadi, u qizishadi, tizginning haroratini-da sezmay qoladi, bir muddat ichida yoʻllarni toʻgʻri chamalab, oʻng tomondan toʻrt marta qaysarlik bilan sakraydi. Biroq tizgin oʻsha zahotiyoq qattiq tortiladi va otning ogʻzini achitib oʻtadi, boʻynini pastga oʻrab oladi, boshini oʻng tomonga aylantirib tashlaydi. Endi oʻng oyoq bilan sakrash noqulay. Zumradning jahli chiqdi, oyoqlarini almashtirishni istamadi, otliq esa uning kayfiyatini payqab, sekin yoʻrtishiga qoʻyib berdi. Zumrad oʻz maqomiga kirib oldi, doʻstona qoʻllar mayinlashdi. Zumrad xatosini tushundi, tezligini ikki barobar oshirishga urindi. “Yoʻq, hali erta, – ochiq koʻngillik bilan yupatdi otliq. – biz buni toʻgʻrilashga ulguramiz. Hechqisi yoʻq”.

Ular havas qilgudek doʻstlarday bir-birini anglab, hech qanday savalashlarsiz yana bir aylana va yarim aylanani bosib oʻtishdi. Biroq qora ot bugun aʼlo koʻrinishda edi. Zumrad ishni buzib qoʻyganda otliq yoʻrgʻa ustiga qalin matoni tashlashga muvaffaq boʻldi, Zumrad koʻzdan yoʻqolgan, oxiridan oldingi ustunni izlardi, ustungacha uch chorak mil qolgan edi. “Endi – olgʻa. Qani, yur!” – buyruq berdi otliq. Zumrad quloqlarini dikkaytirdi va bir marta ortga ilkis nazar tashladi. Otliqning yuzlari qizarib ketgan, keskin, qatʼiy, besabr, sargʻish, katta-katta, burishgan, qattiq qisilgan lablari yaltirab ketdi. “Endi oʻzingni koʻrsat! – yuqoriga koʻtarilgan qoʻllardagi tizginlar buyruq berardi. – Yana! Yana!” Otliq birdan keskin dirillagan, sirenalarday chinqiroq tovushda qichqirdi:

– O – e-e-e-ey!

– Mana, mana, mana, mana! – gʻoʻla bola oʻtkir va jarangdor ovozda ot choptirib borardi.

Shiddat tuygʻusi eng baland choʻqqiga koʻtarildi, hozir uzilib ketgudek eng nozik tolada ilinib turardi. Ta-ta-ta-ta! – yerga oyoqlarini bir maromda urib borardi Zumrad. Trra-trra-trra! – oldda Zumradni ortidan ergashtirib kelayotgan oq yoʻrgʻaning sakrashlari eshitilardi. Arava shotilari chayqalar, sakrash maqomlari koʻtarilar, bola egarga oʻtirib, ot boʻyniga batamom yotib olgan edi.

Shamol qarshidan kelar, quloqlar yonidan hushtak chalib oʻtar, otning burun teshiklarini qitiqlar, boʻlak-boʻlak, katta-katta bugʻlar koʻtarilar, nafas olish qiyin edi, terisi qizib ketgan edi. Zumrad soʻnggi burilishni ham bosib oʻtdi, butun vujudi ichiga tortib ketganday edi. Minbar tirikday oʻsib borar, minglab tovushdagi qiy-chuvlar Zumradni ham qoʻrquvga solar, ham hayajonlantirardi. Unda yoʻrtish uchun boshqa kuch qolmadi, sakragisi keldi, biroq bu azamat qoʻllar ham buyruq berar, ham tinchlantirardi: “Azizim, sakrama! Faqat sakrama!… Mana shunday, mana shunday, mana shunday”. Zumrad ustun yonidan shitob bilan oʻtib borarkan, nazorat ipini uzib yubordi, buni hatto oʻzi ham sezmay qoldi. Minbardan qichqiriqlar, kulgi, qarsaklar sharsharaday oqib tushardi. Afishalarning oq varaqlari, soyabonlar, tayoqchalar, bosh kiyimlar chir aylanishar, harakatlanayotgan yuzlar, qoʻllar oralab lip-lip oʻtardi. Otliq tizginni ohista tashladi. “Albatta, rahmat, azizim!” – dedi Zumrad va bor kuchini qiyinchilik bilan boʻlsa-da, ushlab turdi va asta-sekin qadam tashladi. Bu paytda qora ot qarama-qarshi tomondagi oʻz ustuniga yetti daqiqa kechikib, yetib kelgan edi.

Otliq mashaqqat bilan uvishib qolgan oyoqlarini koʻtarib, Zumrad otning ustidan ogʻir sakrab tushdi va baxmal oʻrindiqni oldi, u bilan birgalikda tarozi tomon yoʻnaldi. Otboqarlar yugurib kelishdi. Uning issiq belini jul bilan yopishdi va hovliga olib chiqishdi. Olomonning shovqin-suronlari, hayʼat aʼzolari davrasida uzoq chalingan qoʻngʻiroq ovozi jaranglab turardi. Yengil, sargʻish ter tomchilari otning yuzidan yerga va otboqarlar qoʻliga tushardi.

Bir necha daqiqadan soʻng oʻzini tutib olgan Zumradni minbar yoniga keltirishdi. Egniga uzun palto va boshiga yangi yarqirab turgan shlyapa kiygan baland boʻyli bu odamni Zumrad otxonada koʻp koʻrgan, u tez-tez kirib turar, boʻyinlarini shapatilab qoʻyar, kaftiga bir boʻlak qand solib, otning ogʻziga tutardi. Otliq ham shu yerda, odamlar ichida jilmayib turar, aftini burishtirib, uzun tishlarini takillatardi. Zumradning ustidan julni olib tashlab, uni quti oldida uch oyoqlatib qoʻyishdi, qop-qora matoga oʻralgan quti ostida kulrang kiyimdagi janob yashirinib olgancha nimadir qilardi.

Odamlar minbardan qop-qora boʻtqa singari yoyilib tushib kelishar, bir-birini siqib, otni har tomondan oʻrab olib, qoʻllarini silkib, baqirishar, bir-biriga engashib, yuzlari qizargan, qizishib ketgan, koʻzlari yonib turardi. Olomon nimadandir norozi edi, har biri barmoqlarini Zumradga bigiz qilib, oyoqlarini koʻrsatar, bosh, qoʻllarini yonboshiga tiqib olardi. Chap tomondan ot sagʻrinidagi matoni hurpaytirib koʻrishdi, u yerda tamgʻa koʻrindi, barcha bir ovozdan qichqirishga tushdi: “Qalbaki, soxta yoʻrgʻa, aldov, firibgarlik, pulni qaytaringlar!” – Zumrad bu soʻzlarni eshitar, ammo maʼnosini tushunmasdi, quloqlarini bezovtalanib qimirlatardi. “Ular nima haqda gapirishayapti? – hayron boʻlib oʻylardi u. – Axir, men juda yaxshi yugurdim!” Shu payt uning koʻzi otliqqa tushdi. Uning hamisha xotirjam, yengil kinoya bilan kulimsirab turadigan jiddiy koʻzlarida gʻazab yonardi. U kutilmaganda baland boʻgʻiq ovozda qichqirib yubordi, qoʻllarini silkidi, banogoh uchgan tarsaki tovushi olomonning gʻovur-gʻuvurini boʻlib tashladi.

 

6

Zumradni sayisxonaga olib borib qoʻyishdi, uch soat oʻtgach, unga suli berishdi, qechqurun quduqdan sugʻorishdi. Katta sariq oy devor ortida turgan otning qalbiga qoʻrquv hissini soldi.

Shundan soʻng zerikarli kunlar boshlandi.

Uni boshqa agʻanatib oʻynatishlarga, sovutish, yugurishga olib chiqishmadi. Ammo har kuni notanish odamlar kelishar, hovliga olib chiqishar, obdon koʻzdan kechirishar, hamma joylarini ushlab koʻrishar, ogʻzini ochishar, chilvir toshga mahkam boylab, bir-biriga baqirishardi.

Kunlardan bir kuni uni kechqurun otxonadan olib chiqishgani, uzun, toshli, boʻm-boʻsh koʻchadan, chiroqlari yoniq uylarning yonidan olib oʻtishganini esladi. Keyin – vokzal, dirillab turgan qop-qora vagon, horgʻinlik va titroq uzoq yoʻlda oyoqlarini tark etmadi, parovozlar qichqirigʻi, relslar guldirashi, tutundan tarqalayotgan dimiqtiruvchi hid, fonusning jilvagar chayqalishlari. Bir stansiyada uni vagondan olib chiqishdi, notanish yoʻldan uzoq olib yurishdi, keng, boʻm-boʻsh kuzgi dalalar, qishloqlar oralab oʻtdi, nihoyat, notanish otxonaga olib kelishdi va boshqa otlardan olisroq joyga qoʻyishdi, lekin qamashmadi.

Avvaliga poygalar, yugurishlar, qadrdon otligʻi, Vaska, Nazar va Oneginni esladi, ularni tez-tez tushlarida koʻrdi, biroq vaqt oʻtishi bilan hammasini unutdi. Uni kimdandir berkitishardi, otning yosh, qaynoq va bemisl kuchga toʻla vujudi sogʻinch, noilojlik, harakatsizlikdan boʻshashib, soʻlib borardi. Baʼzan yangi notanish odamlar kelar, Zumrad atrofida toʻplanishar, paypaslab koʻrishar, tortib tashlashar, asabiylashib, bir-birlari bilan janjallashishardi.

Baʼzan Zumrad tasodifan ochiq eshikdan boshqa otlarni koʻrib qolar, ular erkinlikda yurishar, chopishar, shunda u otlarga qarab, achchiq va mungli ovozda kishnab yuborardi. Biroq odamlar oʻsha zahotiyoq eshikni yopib qoʻyishar, yana tussiz kunlar, yolgʻizlik tunlari boshlanardi.

Otxona boshligʻi – boshi katta, koʻzlari kichik, yuzi salqi, yupqa qora moʻylabli odam Zumradga loqayd koʻrinardi, lekin ot undan tushunib boʻlmas qoʻrquv hissini tuyardi. Bir kuni ertalab, hali boshqa otboqarlar uygʻonishmagan payt u sassiz, shovqinsiz, oyoq uchida Zumradning yoniga keldi, oxurga suli tashladi va ketdi. Zumrad biroz hayron boʻlib turdi-da, boʻynini egib, yeya boshladi. Suli shirin edi, salgina achqimtir, biroq tansiq taom edi. “Gʻalati, – oʻyladi Zumrad, – men hech qachon bunday sulini yeb koʻrmagan ekanman”.

Kutilmaganda qornida yengil ogʻriq sezdi. Ogʻriq yana turdi, keyin toʻxtadi, yana kuchaydi, daqiqa sayin zoʻraydi. Nihoyat, ogʻriq chidab boʻlmas darajaga borib yetdi. Zumrad boʻgʻilib zorlandi. Uning koʻz oldidan olovli gʻildirak aylanib oʻtdi, holsizlikdan butun tanasi terlab ketdi, zaiflashdi, oyoqlari qaltirab, bukildi va polga gursillab yiqildi. U turishga harakat qildi, faqat oldingi oyoqlarini koʻtaroldi va yonboshga yiqildi. Otning boshida shovqin gʻuvillardi, koʻz oʻngidan tishlarini gʻijirlatib otliqlar, baland ovozda kishnab-kishnab Onegin suzib oʻtdi. Nomaʼlum kuch Zumradni shafqatsizlik bilan pastga, qop-qora va sovuq girdobga tortib ketardi. U endi qimirlay olmasdi.

Qaltiroqlar avval oyogʻi, keyin boʻynini qotirib, belini sindirishdi. Ot tanasini bir nafasda oʻtkir hidli ter qopladi. Fonusning sirgʻalayotgan sargʻish nuri bir lahza uning koʻzlarini kesib oʻtdi va soʻnayotgan nigohlarida oʻchdi. Ammo quloqlari hali odamlarning qoʻpol qichqiriqlarini eshitar, afsuski, poshnalari bilan itarib, tepib koʻrishayotganini sezmasdi. Shundan soʻng hammasi birdan abadiy oʻchdi.

 

Rus tilidan Oygul SUYUNDIQOVA tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2015 yil 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.