Zilzila

0
136
marta koʻrilgan.

1966 yilning 26 aprelga oʻtar kechasi. Qorongʻi osmonda yulduzlar ham, oy ham arang koʻzga tashlanadi. Atrofdan esa onda-sonda daydi itlarning ovozi eshitilib qoladi. Bunga yaqin oʻrtada joylashgan koʻlmakdagi qurbaqalarning qurillashiyu chirgirtkalarning tinimsiz chirillashlari joʻr boʻladi.

Pastak devorning hovli tomonidan kimningdir boshi koʻrindi. Koʻchada begona sharpa yoki tovush yoʻqligiga amin boʻldi chogʻi, qoʻlidagi tugunni devordan oshirdi, soʻng oʻzi ham apil-tapil harakat qilib oʻtib oldi. Ortidan qurigan kesaklarning tuproqlari toʻkildi. Koʻzlari javdirab u yoq-bu yoqqa qaradi. Qoʻlga tushib qolsa, urkaltak-surkaltak boʻlishdan qoʻrqib, zudlik bilan sal naridagi tor koʻchaga oʻzini turdi.

 

* * * 

Hovliga darvozadan emas, joʻxoripoya bilan berkitilgan devor teshigidan kirdi. Oyoq uchida yurib kelib, chetdagi xonaga quloq tutdi. Otasining kalta-kalta yoʻtali quloqqa chalingach, uygʻoq emasligiga ishonch hosil qilib, yotogʻiga oshiqdi. Dahlizga kirdi, shamni qayerga qoʻygani esida, topib yoqishga qiynalmadi. Xona ichi yorishgach, avval eshikning zanjiriga yogʻoch qoziqni tiqdi, soʻng har ehtimolga qarshi deb derazaning eski sargʻish pardasini ham tortib qoʻydi. Burchakka bordi-da, sham yorugʻida tugunni ochdi. Uch-toʻrt boʻlak oddiy mato qoʻlga ilindi, peshonasi tirishib tagini koʻtargandi, shamning lipillagan shuʼlasida koʻzlari yaltirib ketdi: tugunning tagida yigirmanchi ipda erinmay boʻlak-boʻlak qilib bogʻlagan pullar bor edi. Shoshib birini qoʻlga oldi. Qarasa, pulga bir parcha qogʻoz ham qistirib qoʻyilgan ekan. Qiziqib shamning yorugʻiga tutdi. “Goʻrkovga besh soʻm”. Ikkinchi bogʻlamga koʻz yugurtirdi: “Yuvgʻich xotinga uch soʻm”, yana birida “Sovunga”, keyingisida “Durraga” degan yozuvlar bor edi. Harflarning qingʻir-qiyshiq, ammo diqqat bilan yozilganiga qaraganda kampirning oʻzi erinmay, bittalab tayyorlaganga oʻxshaydi. Oʻgʻri yigit pullarni jamlasa, ancha kunga yetadigan mablagʻ boʻlishini xayolidan oʻtkazarkan: “Ovim baroridan kelibdi”, – dedi kaftini bir-biriga ishqab. Ammo shu payt tugundagi yana bir boʻlak qogʻozga koʻzi tushib, hayron boʻlib qoldi. Negaki, katak daftardan yirtib olingan qogʻozchaga pul qistirilmagan edi. Biroq unga: “Oʻttizta roʻmolchaga pul yigʻishim kerak!” – deb yozib qoʻyilgan edi. Oʻylanib qoldi. Kattagina undovi bor yozuvga qayta nigoh tashlarkan, kampir echkisini astoydil qoʻriqlab yotishining boisini endi tushunganday boʻldi. Tokchadagi sopol kosalarda turgan sutni ertalab sotsa kerak. Tushgan pulning bir qismini yeb-ichsa, bir boʻlagini… Oʻyini davom ettirolmadi. Saksonga kirgan kampirki, gʻimirlab, ham bir kunini koʻrsa, ham oʻlimlikka pul yigʻayotgan boʻlsayu u qaysi vijdon bilan birovning peshona teri evaziga toʻplanayotgan mablagʻini “gʻiq” etmay hazm qiladi. Birinchi marta gʻalati holatga tushdi. Narigi xonada yotgan kasal otasini oʻyladi. Uning ham kunda soʻraydigan narsasi bitta: “Oʻlimligimga deb yigʻib qoʻygan pulimni ishlatib qoʻyuvding, joyiga qoʻydingmi?”

“Ha-a!” – deydi ensasi qotganini bildirmay. “Unda menga koʻrsatib, koʻnglimni tinchlantirmaysanmi!” “Ha, xoʻp”. “Menga qara, hov bola, bunaqa narsalar bilan hazillashma. Boshingga bir baloni orttirib olmagin tagʻin. Yolgʻiz oʻgʻilsan-a. Ajalimdan burun sen oʻlib ketsang, meni kim koʻmadi? Orqamda qolishingni istayman, axir”.

Biror ishning boshini tutmay, koʻcha-koʻyda, bozor-oʻcharda kissavurlik qilib yurgan yigit shundan keyin otasining pulini joyiga qoʻyish harakatiga tushib qolgandi. Oʻylab-oʻylab narigi mahalladagi kampirning uyini tanladi. Kattagina echkisi bor. Ogʻzini bogʻlab, bir amallab koʻchaga olib chiqsa boʻldi. Toʻgʻri bozorga olib boradiyu koʻtarganiga pullaydi. Biroq kampir shundoq ogʻilxonaning oldida yotarkan. Undan oʻtib, ogʻilxona eshigini ochish mushkul. Noiloj, uy ichini titkilab, eski koʻrpa-toʻshaklarning orasidan tugun topib oldi. Bekorga bu yerga yashirmagandir deb, qoʻyniga tiqdi. Mana endi shu tugun oldida boshi qotib oʻtiribdi. Nima qilsa ekan? Ertalab pullarni otasiga koʻrsatib, koʻnglini xotirjam qilsamikan? Yoki… qaytarib qoʻyib kelsamikin-a? Yoʻgʻ-ye? Shuncha pulni-ya?

Biroq otasining taʼkid bilan aytgan gaplarini eslab, yana tagʻin biror baloga giriftor boʻlishdan qoʻrqdi. Puli yoʻq qogʻozchaga qarab-qarab qoʻyarkan, birdan mardligi tutib ketdi. Temir karavotining bosh tomonidagi yaltiroq qismini tagidan bir urgandi, ajralib chiqdi. Ichi boʻsh trubaga – karavotning oʻng oyogʻiga xuddi biror narsa koʻrinadiganday koʻzini qisib qaradi. Keyin shurup bilan qotiriladigan teshikchaga diqqat bilan razm soldi. Qirqtalik gʻaltak ip joyida turardi. Qora ipni asta tortgandi, bir nechta obdon oʻralgan va bogʻlangan pullar birin-ketin chiqib kela boshladi. Bogʻlamlarni bittalab sanadi: oʻn ikkita chiqdi, demak, oltmish soʻm puli joyida turibdi. Eng oxiridagi bogʻlamni ushlab, ipni tishi bilan uzdi, oʻralgan bir soʻmlik pullarni sanadi, besh soʻm, toʻgʻri. Keyin oʻttizta dastroʻmolchaning puli qancha boʻlishini hisoblab koʻrdi. Oʻn olti tiyindan boʻlsa, toʻrt soʻmu sakson tiyin boʻlarkan, endi bu yogʻiga oʻylanib oʻtirmadi, shoshmasa boʻlmaydi, tong otib qolishi mumkin. Besh soʻmlik oʻramni kafti bilan tekislagan boʻldi, unga qogʻozchani qistirdi-da, tugunga soldi. Ketish oldidan karavotini toʻgʻrilab qoʻydi.

 

* * * 

Kampir hali uygʻonmagan ekan. Mushukday pisib kirib, tugunni joyiga qoʻydi. Yana devor oshib koʻchaga chiqdi. Voajab, biror ishidan bunchalar koʻngli toʻlmagan edi. Toʻgʻri, oʻgʻirlik qilib, uch-toʻrt soʻm topsa, xursand boʻlardi, ammo kimnidir qaqshatgani uchun baribir yuragidan sevinmasdi. Bu safar butunlay boshqacha hissiyotda edi. Yaxshi ish qildimikan-a? Oʻzi sezmagan holda yoqimli oʻylarga berilib borayotgan lahzada birdan qattiq tebranib ketdi. Yiqilib tushishiga bir bahya qoldi. Nima boʻldi oʻzi? Yana tebrandi va u shundagina yer qimirlayotganini payqab qoldi. Koʻcha oʻrtasiga yotib olmoqchi edi, ammo atrofdan qasir-qusur ovozlar eshitilib, esini chiqarib yubordi. Sal oʻtmay odamlarning yarim yalangʻoch holatda baqir-chaqir bilan koʻchaga otilib chiqayotganini koʻrdi. Hamma sarosimada edi. Kimdir tomi oʻpirilib tushgan uyiga qarab dod soladi, kimdir beshikdagi bolasini quchoqlaganicha qayerga qochishni bilmay atrofga alanglaydi. Shu payt oq yaktak-ishtondagi cholning bir qavatli yogʻoch darvozasi ostida qoqilib tushganiga, endi oʻzini oʻnglab turmoqchi boʻlganida ustiga eski devor agʻdarilganiga koʻzi tushib qoldi. Iy-ye! Axir uniyam kasal otasi bor edi-ku, unga nima boʻldiykin? Devorlari nurab yotgan uyi bosib qolmadimikin? Yigit koʻz oʻngida roʻy berayotgan hodisalardan dahshatga tushib, gandiraklab, yigʻi-sigʻi qilayotgan, bir-birini axtarayotgan odamlar oralab chopib ketdi. U qarsillab agʻdarilayotgan uylarning chang-toʻzoniga chap berishga harakat qilar, biroq sal oʻtmay kimgadir turtilib ketar yoki oyoq ostida yotgan nimagadir qoqilib zabti bilan yerga agʻdarilardi. Lekin darhol oʻrnidan turar va yana ildam qadam tashlardi. Qancha yugurmasin, yoʻli koʻpaymayotganga oʻxshardi. Qarasa, oqsoqlanib qolibdi. Demak, oyogʻi qattiq lat yegan. Ammo bunga eʼtibor qilib oʻtirmadi. Otasi tirikmikin, uylari agʻdarilib tushmadimikan? Va nihoyat… qoʻshnining uyi koʻrindi. Koʻcha devor qulab tushgani uchun ustunlari qiyshayib yon tomonga ogʻib qolgan ayvoni bir ahvolda koʻzga tashlandi. Yuragi tipirchilab oʻz uyiga qaradi. A-a! Uyi qani? Nega yer bilan yakson boʻlib yotibdi? Iy-e, axir otasi bor edi-ku! Unga nima boʻldiykin? Qoʻrqinchdan yuragi yorilib bandalikni bajo keltirdimikan yoki qulab tushgan uylari bosib…

– Ota!

Otasidan ayrilib qolganiga aniq ishongan oʻgʻri yigit ayqash-uyqash boʻlib yotgan taxtalar, sinchlar va kesak guvalalarni bosib oʻtib oldinga intildi. Otasi yotgan xonani taxmin qilib, yaqinroq bordi-da, ovozini boricha yana baqirdi:

– Ota!

Hech qanday javob eshitilmadi. Qanday eshitilsin! U vayrona ostini qarashga qaror qildi. Yogʻochlarni koʻtarib nariga otmoqchi boʻldi, ammo bir-birini bosib qolgan sinchlarning birortasini ham joyidan qimirlata olmadi. Ana endi taqdirga tan berib rostmana yigʻlab yubordi.

– Meni deb shu koʻyga tushdingiz! Mening kasrimga siz qoldingiz! Bu baloga men giriftor boʻlishim kerak edi, ota. Ayting, qayerdasiz? Qanday qutqaray, sizni?! – deya tizzalariga ayovsiz mushtlay boshladi. Zirqirab ogʻriyotgan oyogʻini ham unutib, ustma-ust zarba tushirdi. – Ota, meni kechiring, men nodon oʻgʻlingizdan rozi boʻling!

– Fayzulla!

U dong qotib qoldi. Kimdir chaqirganday boʻldimi? Ovozi tanishmi?

– Fayzullamisan?

Yigitning yuragi qoʻyib yubordi. Turgan joyida shart orqasiga oʻgirildi va hojatxona tomonda qoʻliga tunuka chovgum ushlab olgan otasiga koʻzi tushdi.

– Tirikmisan, oʻgʻlim?

– Tirikman, ota. Tirikman.

– E, xayriyat-yey… Men seni… Buni qara-ya, Xudoga aytgan joyimiz bor ekan-a?

Fayzulla bunga javoban hech nima deya olmadi. Faqat vayronalar orasidan bir amallab oʻtib bordi-da, otasining dir-dir titrayotgan gavdasini mahkam quchib, bagʻriga bosdi.

 

Akbar MIRZO

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–10

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.