“Zarbulmasal” va boshqa masalalar

0
105
marta koʻrilgan.

Neʼmat Aminov haqida hangomalar

 

***

Bundan oʻttiz yilcha avval jurnalistlar, yozuvchiyu shoirlar orasida Buxoro lahjasini aralashtirib soʻzlash bir muddat rasm boʻldiki, Murod Xidirov – Aka Murod, Nosir Fozilov – Aka Nosir… va boshqa qator kishilar ham shu kabi… peshi uyqash nisb bilan atalishiga hech kim ajablanmas edi.

Salom-alikdan keyin albatta “yomon yoʻqmi?” deb ahvol soʻraysiz. Bu – “ahvoling yaxshimi?” degan savolning buxorocha koʻrinishi. Binobarin, “anʼana”dan bexabar odam joʻngina “ahvoling qalay?” deb soʻrasa, unga albatta “yomon yoʻq”, deb javob berishingiz shart.

Ayniqsa, choʻntagidan puli tushib qolgan odamga “pulingiz yiqildi”, deb aytish zavqli edi.

Hovliga kelgan mehmonga: “Itimiz qopmaydi, huradi, xolos”, deyish oʻrniga, “Kuchukimiz chaqmaydi, faqat vav-vav qiladi”, deb tasalli berish gashtini taʼriflashga esa har qanday burro til ham ojizlik qiladi.

Adashmasam, oʻsha zamonda kinostudiyada ishlardim. Aniqrogʻi, tuzukroq ishlamasdan maosh olardim. “Ijodiy ustaxona” degan gʻaroyib bir boʻlim ochib, bir yilda bitta filmga matn yozish sharti bilan uch-toʻrt yozuvchini ishga qabul qilishgan edi. Ustamiz Odilsho Agishev Maskovda yashardi. Oyda bir marta kelib, biz oʻris lisonida “tvoya-moya” qilib yozgan uch-toʻrt varaq narsani oʻqiydi, maslahat beradi, soʻng yana Maskovga uchib ketadi. Xullas, bu dorilomondagi hayot shu qadar farogʻatli, shuning barobarida shu qadar betus va zerikarli ediki, koʻp vaqtim gazet-jurnallardagi akalar va doʻstlarni ziyorat qilish bilan oʻtardi.

Murod Xidirovning “Guliston” jurnalidagi xonasida gap sotib oʻtirgan edim. Telefon jiring­ladi. Murod aka trubkani oldi, kimnidir yuzi tirishib toʻrt-besh soniya tinglab turdi, soʻng “telefondan boxabar boʻp turing, shoir, meni enagʻar Stalin chaqiryapti” deb chiqib ketdi. Angladimki, uni bosh muharrir muovini Vahob Roʻzimatov huzuriga chorladi, endi injiq chol kap-katta odamni hovonga tiqadi-yu erinmasdan tuyadi: suvga siymang-da, okasi, bilaman, sizlarga gapim yoqmaydi, lekin na qilay, okasi, aytish – maning burchim, xohlaysizmi-yoʻqmi, man bir adabiyot darvozasiga boylangan itman… va hokazo va hokazo.

Telefon yana jiringladi. Bu gal qattiq jiringladi. Kimdir uzoqdan soʻrayotgani aniq edi. Trubkani koʻtardim.

– Assalomu alaykum, akajon! – dedi simning narigi uchidagi odam.

– Vaalaykum assalom, – dedim men. – Yomon yoʻqmi?

– E! Topdingiz, akajon! – deya xitob qildi. – Topdingiz, man Buxorodan! Man – oʻrt-toq Baqoyev!

Baqoyev kimligini bilmasdim, lekin sir boy bermadim.

– Uzr, Baqoyev aka, – dedim – Aka Murod Aka Vahobning kabinkasiga chigʻdi.

Bor-yoʻgʻi shu. Bir daqiqalik suhbat. Oʻrtoq Baqoyev bilan boshqa gaplashganimiz ham, koʻrishganimiz ham yoʻq. Tabiiyki, oʻrtoq Baqoyev Neʼmat Aminov asarlarida turli nomlar bilan elga doston boʻlishini tasavvur ham etolganim yoʻq.

 

***

Bilmagan odam buxorocha takallumlarimizni eshitib, bizni jinni deb oʻylardi. Bizni jinni qilgan “nobakor”ning oti ham ayon edi – Neʼmat Aminov. Aka Neʼmat. Asli buxorolik, Romitan muzofotining Pitmon qishlogʻidan. Otasining kasbi – temirchi. Oʻzi – bugun elga mashhur va matlub yozuvchi.

– Neʼmat aka, Baqoyev deganlari kim? – deb soʻradim bir gal.

Neʼmat aka, boʻliq vujudini mayda titratib, maza qilib kuldi, soʻng, arslon yoliday hurpaygan qalin sochlarini ikki panjasini keng yozib ortga taradi, kursiga joylashibroq oʻtirdi.

– Baqoyev – rais, ukajon, – dedi u nihoyat.

– Mansabi raismi? – deb soʻradim men.

– Endi, rais-da, ukajon…

Neʼmat akaning toʻgʻri savolga shu tarzda dudmalroq javob beradigan odati bor edi. Bir gal Erkin Aʼzam “Yolgʻonchi farishtalar” romanidagi Shamsi Toʻrayev kimligini soʻraganida ham shunday javob bergan edi:

– Shamsi Toʻrayevich – katta odam, ukajon.

– Katta boʻlsa, mansabi nima? Oblispolkommi, obkommi, kim?

– Endi, katta odam-da, ukajon…

 

***

Neʼmat Aminovning raislari, “katta odam”lari shu qadar koʻp ediki, baʼzida ularni adashtirib ham yuborardik. Bir qarasang, u yosh va keragidan oshiq darajada gʻayratli boʻladi. Yana bir qarasang, rais yetmishlarni qoralagan keksa odamga aylanadi. Munkillagan cholga aylanadi-yu, Buxoro radiosining kimdir eski boydan qolgan koʻrdevorli, chorburchak musulmoni gʻisht toʻshalgan hovlisida, namozshomgul va gultojixoʻroz ekilgan bir parcha yerda donlab yurgan chumchuqlarga uzoq tikilib qoladi. Keyin sekin ovoz beradi:

– Oʻrtoq Aminoʻ-oʻf, bu taraf keling…

Oʻrtoq Aminoʻf, yaʼniki Buxoro radiosi bosh muharriri Neʼmat Aminov raisga yaqinroq boradi:

– Chaqirdingizmi, domlajon?

– Qarang, oʻrtoq Aminoʻf, – deya uh tortadi rais. – Prastoy chumchuq… chiqadu – tushadu, chiqadu – tushadu… bir minutga qirk marta chiqadu-tushadu… bizga bir oyga bir marta yoʻq…

– Tuzoq qoʻysak-chi, domlajon? – deb soʻraydi Neʼmat Aminov ichidan toshib chiqayotgan kulgini zoʻrgʻa bosib. – Chumchuq goʻshti davo deyishadi…

– Foyda ne, – deydi rais faylasufona soʻlish olib, – odamizod shu ast, oʻrtoq Aminoʻf, avval u yoqi oʻladu, baʼdaz bu yoqi oʻladu… baʼdaz oʻzi oʻladu…

Neʼmat aka keksa raisning qartaygan ovozini ham, lahjasini ham rosa oʻxshatib koʻrsatardi. Biz Buxoroi sharifda shunday odam borligiga ishonardik, lekin, bari bir, bu odamning viloyat radiosiga raislik qilgani erish boʻlib tuyulardi.

– Lekin yomon rais emasdi, ukajon, – deb kulardi Neʼmat aka.

– Tilni bilarmidi oʻzi?

– Endi, rais tilni bilishi shart emas-da, ukajon, keyin bu radio boʻlsa, muxbirlar yozganini eshitsa boʻldi-da…

– Eshitarmidi, ishqilib?..

– Yoʻq, ukajon, eshitmasdi… Bizga ishonardi. Biz ishlardik, u kishi raislik qilardi.

Neʼmat akaning boshqa hikoyasida rais birdan yosharib qolardi.

Nedir bayram kuni. Rais oʻzining xonasida zerikib oʻtiribdi. Ijodkor xodimlar uy-uyida, ishxonada turli xabarlar va konsertlar yozib qoʻyilgan tayyor tasmalarni aylantirib turadigan texnik xodimlar qolgan, xolos.

Tushga yaqin obkomdan “vahiy” keladiki, palon kolxozdagi Eshmatov boshliq brigada viloyatda birinchi boʻlib paxta planini bajaribdi, Eshmatov degani ham brigadir, ham mexanizator, unga muxbir yuboring, zudlik bilan yozib kelib, ahli Buxoroni yangi mehnat zafaridan ogoh etsin.

Rais ogʻir ahvolda tushib qoladi. Oʻzi eplab yozolmaydi. Birorta jurnalistni uyidan chaqirib olay desa vaqt ketadi. Obkom topshirigʻi – koʻp qaltis masala, vaqtida bajarmasang mansabdan uchib ketasan. Noilojlikdan uning oʻzi, muxbirxonada qalashib yotgan “Reportyor” rusumli magnitofonlardan birini Vasyaning yelkasiga ilib, ilgʻor brigadir yashaydigan kolxozga zudlik bilan joʻnaydi. Borib koʻrsaki, ish juda qizgʻin – asfalt yotqizilgan keng maydonda uch-toʻrt kishi, qoʻllarida panshaxa, nam paxtani u yonu bu yonga agʻdarib qurityapti, paxta teradigan ikki-uch moshina ham shiypon yonida dalaga chiqishga shay boʻlib turibdi.

– Oʻrt-toq birgadir! Oʻrt-toq Toshmatov! – deya ovoz beradi rais.

Moshinalar atrofida kuymalanib yurgan odamlardan biri keladi, salom beradi. Rais gapni choʻzib oʻtirmasdan, uning burniga mikrofon tutadi. Soʻng Vasyaga imo qiladi. Vasya magnitofon murvatini buraydi.

– Siz, oʻrt-toq Toshmatov, bu xoʻjalik yiliga nechcha tonna paxta terding? – deb soʻraydi rais. Jumlani “siz”dan boshlab, “sen”da tugatganini sezmaydi ham.

– Man – Eshmatov… – deydi brigadir oʻngʻaysizlanib.

– Xay, mayli, oʻrt-toq Eshmatov… siz bu xoʻjalik yiliga necha tonna paxta terding?

– Siz – muxbirme? – deb soʻraydi brigadir.

– Muxbir, muxbir… – deydi rais betoqat boʻlib, soʻng, tagʻin bu koʻrgiliklarni boshqalarga sotib yurmasin, degan oʻy bilan shopiriga oʻqrayib qaraydi. Kuygan kalladay tirjayib turgan Vasya darrov lab-lunjini yigʻishtirib oladi. – Xoʻsh, oʻrt-toq Toshmatov, siz bu xoʻjalik yiliga…

– Man – Eshmatov… Ismim – Xayrullo, – deb eslatadi brigadir.

– Eshmatov, Eshmatov… Siz bu xoʻjalik yilida nechcha tonna paxta terib berding?

– Man, Eshmatov Xayrullo, bu xoʻjalik yilida ellik tonna paxta terib berdim…

 

Murod Muhammad Doʻst

 

“Ijod olami”, 2018/3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.