Zarba

0
167
marta koʻrilgan.

U bobosining allaqachon bu dunyodan koʻz yumib ketganini bilmas edi.

Roppa-rosa oʻn bir yil muqaddam bobosi uni shaharga tashlab ketgandi. Tanimagan, bilmagan odamlar orasiga tashlab ketdi uni. Samolyotlarni osmonda koʻrib yurgan bolakay – shahardan behad qoʻrqar, mashinalar shovqini yuragiga vahm solardiki, u baʼzan tunlari mijja qoqmay chiqar, alahsirayotganday, bu voqealar tushidami, xayolidami sodir boʻlayotganday tuyulardi unga. Har kun shahar shovqinini tanida his qilishi qanchalik ravshan boʻlsa, boʻlayotgan voqealar ham aynan haqiqat ediki, bunga koʻnikmaslik, chora topmaslik, oʻrganmaslik mumkin emas edi. U bora-bora barchasiga koʻnikdi: shahar – shahar ekanligini tan oldi, doʻst orttirdi. Odatdagi kunlarda odatlanmagan mashqlar qilinar, goh bir mashq ustida oylab ishlashi uni tinka madorini quritar, dod deb yuborgisi kelar, qayoqqalargadir qochib ketgisi keladi uni. Biroq u – uyga qaytish yoʻlini bilmas edi…

Zarba berish kerak deb oʻylada u va koʻz oldida yopirilib kelgan tumanni haydar ekan, beixtiyor: keng yaylovda oʻtlab yurgan qoʻzilar, baland togʻlarda qotib qolgan qor, bargi koʻpligidan mevasini koʻrib boʻlmaydigan murut daraxti nigohida qadalib qoldi. U kenglikda xuddi mashq bajarayotganday, ozod va tutqich bermas togʻ shamoliday harakatlana boshladi. Tizzasiga yetay deb bosh tebratayotgan bedalar, beligi urilayotgan kungaboqarga oʻxshagan yovvoyi oʻtlarni ham his qilib turardi u. Qizgʻish rangli irgʻay tayogʻi bilan quyosh nurini kesayotganday, yana kimdir uni zoʻr qiziqish ila kuzatayotganday tuyuldi. U ringda emas – behad kenglik – adirda edi, goʻyo. Togʻ havosidan simirgisi keldi uning. Keyin podrab chiqayotgan suvdan toʻyib-toʻyib ichgisi va koʻm-koʻk maysalar bilan tutashib ketgan osmonga termulib yetigilari kelib ketdi. Mallarang togʻlarga toʻsh berib yotgan togʻlar bagʻridan parvozga shaylangan burgutlar, osmonda biroz qanotinida qoqmay turadigan qirgʻiy koʻziga koʻringanda, beixtiyor olis tumanlar orasidan bir siymo koʻz oʻngidan gavdalandi. “Barchasi siz uchun”, deya pichirladi.

Tuman tarqadi va zarba berildi. Raqibi yerga qular ekan, shovqin-suron, olqishu qutlovlar qulogʻiga kirmas, negadir kuchli shamol boʻlganday, shuning barobarida u sokin, osuda ediki, toʻyib-toʻyib uxlagisi kelib ketdi. Shamol bilan uyquning bir vaqtdagi tashrifi toliqa boshlagan vujudiga ogʻirlik qilganday, beixtiyor burchakka yoʻnaldi. Va hakamning ovozini aniq eshitdi:

– Oʻzbekistonlik Nodir Qodirov gʻolib boʻldi…

U nimadir qilish kerak edi. Masalan, bayroqni koʻtarib yugurishmi, muxlislarga tashakkur bildirib qoʻl silkishmi, shunga oʻxshash bir nima. Biroq uning negadir murit yegisi, adirda yotgisi va toqqa chiqqisi keldi…

 

* * *

 

Kech pishar murutning yer bilan bitta boʻlib toʻkilib yotganini koʻrgan bobo dong qotdi. Koʻrayotgani tush yoxud sarob boʻlishini istabmi biroz tikilib turdi-da, soʻng jadal qadam bosib kapa tomon yuzlanib:

– Nodir, qanisan? – deb tayogʻini yerga nuqidi.

Ichkaridan birov ovoz bermadi. Kuchukvachcha gʻingshib qoʻydi. Atrofi tova tosh bilan oʻralgan qoʻra ichidagi ikki kichki qoʻziyu uloqlar, chang yutib oʻpkasi sob qilgan qoʻy ojiz maʼradi. Boboning xunobi oshib kaftini yuziga soyabon qilib gazaga qaradi. Qirda – bola gʻalati bir mashqlarni qilar, oyogʻini koʻtarib, bir vaqtda sakrar va qoʻli bilan nimanidir mushtlaganday harakatlanardi. Gazaga biroz tikilib turgach, beixtiyor choʻkkaladi va yerga sochilib yotgan murutdan bir dona olib tishladi: toshday qattiq edi. Hayrati oshib atrofga alanglarkan, buni nima yerga toʻkdi, deya kaltakmi, toshmi izladi. Biroq yaqin oʻrtada na tosh, na kaltak bor edi.

Quyosh botishidan ikki soat oldin bobo nabirasining qoʻlidan tutib qishloqqa – jismoniy tarbiya oʻqituvchisi oldiga ketib borardi. Bola bobosiga yetib olish uchun deyarli chopqillar, bobo boʻlsa belbogʻini toʻldirib pishmagan tosh murutdan solib olgan, katta qadam bosgandan koʻk soqoli shamolda ohista tebranar, qirra burnining uchi biroz qizargandi. Bir qoʻli belbogʻni mahkam tutgan, ikkinchisi bolani omburdek qisib olgandi…

–… Qoʻylarni Irismat bovaga tashlab keldim. Bilasiz, ikkimizning oramizda bir qir bor. Shu bolada bir gap bor… – dedi bobo oʻqituvchini qoʻlidan ushlarkan, – Mashq qildiring, tirinofka qildiring, bu bola bukuschi boʻlsin. Ha, aynan bukuschi boʻlishi kerak… – boʻlib oʻtgan murid voqeasini batafsil gapirib berdi.

Oʻqituvchi ichidan toshib kelayotgan kulgini, xuddi oʻylanib qolgan kishi boʻlib burni ushlab tinchidi-da, va:

– E, bova, bir murutni yerga toʻkkan bolalar bokschi boʻlsa, yer yuzida bittayam murut pishmasdan sob boʻlib ketardi-ku…

– Man, bilaman, oʻgʻlim. Bu bolada bir nima bor. San shu bilan shugʻullan, ustozlik qil, bir-ikki hunaringni oʻrgat, qolganini oʻzi amallab ketadi.

– Bovajon, nabirangizga shunchalik ishonasizmi? – dedi oʻqituvchi quvlik bilan.

– Otamga ishonganday, ishonaman shu bolaga…

Oʻqituvchi bir nima deyolmadi. Baribir bolani olib qolishdan, unga ustozlik qilib hech narsaga erishib boʻlmasligini allaqachon tushunib yetgandi. Biroq oʻjar bobo unamayapti.

– Xoʻsh, – dedi oʻqituvchi muskuldor bilagini oʻynatib, – qancha vaqt shugʻullantiray, bir muddatini aytingda, – deya yana koʻzini qisib qoʻydi.

Uning qancha vaqt degani boboning qulogʻiga qancha berasiz deganday tuyuldi va hafsali pir boʻlidi-qoʻydi.

– San, – dedi bobo dona-dona qilib – qarab tur. Man shu bolani bukuschi qilmasam… shu yer, shu togʻ menga harom boʻlsin, harom boʻlsin…

Oʻqituvchi yoʻl oʻrtasida ularning ortidan qarab qolar ekan, hoʻv olis bolaligida, birinchi bor chempion boʻlganida, – badani oʻsha paytdagiday junjikayotgani – hayratini oshirdi. Yuragidan bir nima koʻchib ketganday, shalvirab holsiz boʻlib turaverdi. Bolaning qoʻlidan mahkam tutib birovga-da qaramay ketayotgan boboni birinchi bor koʻrayotganday angraydi qoldi. U hali bir kun afsus qilishini, bobodan ming bor uzr soʻrashini oʻsha vaqt bilmas edi.

– I-e, buyogʻi qiziq boʻldi-ku. Qaysi kuni Irismat boboning nabirasiyam shaharga qochib ketuvdi. Shoir boʻlarmish… tavba. Endi siz bukuschi qilaman deyapsiz. Unda – qoʻylarni kim boqadi, bova, kim boqadi. Bunaqamas-da, odam tugʻilgan tuprogʻiga tupurmasliga kerak. Hamma shaharga ketaversa, kim qoladi bu tomonlarda. Keyin, oʻzingiz bilasiz, hozir ota-ona qayerda boʻlsa bolayam oʻsha yerda taʼlim olishi kerak. Ha, xuddi shunday boʻlishi kerak…

Boboning yuragi ogʻridi.

Nabirasini yetakladi-da ketdi.

Mahalla oqsoqoli oradan yillar oʻtganda, oʻsha suhbatni eslab koʻzi toʻla yosh boʻlib: oʻylamay gapirib qoʻydim, axir bolaning ota-onasi yoʻq edi-ku, deya, nadomat chekishi xayoliga ham kelmagandi oʻshanda.

Bobo tushundiki, yomgʻir ham, qor ham yerga yogʻar ekan. Keyin ikkisining ham boshlanishi osmondan ekan. Bobo “haqiqatlar”dan, “qarashlar”dan charchadi. Oson yopilgan eshiklaru isteʼzodan moʻmiyolangan yuzlar tinka madorini quritar, biri sportchilik – mehnat, mashaqqat bilan egiz desa, yana biri, sport – bu pul, agar shu mullajiring boʻlmasa, bari chepuxa deb boboni tang qoldirdi. Toʻgʻri, sport mashaqqat boʻlsa bordir, zahmatdan bola qochmas, agar pul boʻlsa, ana, togʻ boshida tumanday qorayib turgan bir otar qoʻy, shu nabiraniki. Yetsa moli, yetmasa joni shu bolakayniki.

Uzoq sarson-sargardonlik bir boʻldiyu ikkovining yoʻli unmagani bir boʻldi. Yetti oʻlchab bir kes deganlaridek, bobo yetti kishini oldiga bordi. Oʻqituvchi nedandir umidvor boʻldi. Mahalla oqsoqoliga bukuschi emas, aksincha, choʻpon darkor ekan. Ahmad biznes, mayli, shaharda tanishlarim bor, aytaman, deb mingʻirladiyu, shunda boboning yuragiga qurt tushdi: erta bolamni pullab yuborsa-chi? Ha, eshitgan, baʼzi bir odamlar, sportchilarga “ustoz” boʻlarkan-da, keyin sotib yuborarkan. Boboni kayfiyati tushib ketdi. Boʻlmadi.

Toʻrtinchi va beshinchisi shaharda oʻqiyotgan talabalarning – ota-onalari oldiga borgani nima boʻldi, boshiga balo boʻldi. Mana, ikkita katta, tugunni koʻtarib kelishyapti. Musofir yurtda odamning dili nozik boʻlarmish.

Ular poyezdga chiqqanida quyosh allaqachon botgan, osmonda qizgʻish bulutlar suzib yurar, Zuhro yulduz miltirab turar, shamol vagonga boshini urardi. Bobo derazadan tashqarini kuzatar ekan, ha, olis yoshlik, ha, yuzi qora yoshlik deb oʻylardi. Qorongʻulik qaʼriga mangu muhrlanib qolayotgan togʻlarga qarab boboning yuragi toʻlib ketdi. Lahzama-lahza oʻtayotgan umrning nechogʻlik babaqo ekanligi, uch pulga qimmat hayotning, nega oltindan narxini baland qoʻyilishi, dunyoni soʻrab yotgan insonning ham bir siqim tuproq boʻlajagi, isyonkorona fikrlar miyasini zabt etardi. Poyezd tezlashar, yoʻlovchilar tezlikka mos bir holatda tebranishar va xayolini oʻz erkiga qoʻyib yuborishgandilarki, beixtiyor jilmayib qoʻyar, yumilgan koʻzlarini ochib atrofga biroz muddat tikilib turar va tushiniksiz bir holatda yana yumib olishardi. “Ex, olis yigitlik – derdi bobo ogʻir xoʻrsinib. – Umr oʻtdi, ha, oʻtdi umr. Kecha adirlarni gursillatib yurgan qadamlar bugun ogʻirlashdi, vazminlashdi. Otga sakrab intiladigan vujud bugun tebranishga-da holi yoʻq, madori yoʻq.

Bizning avlod – yashab yasholmagan, oʻlib qutilolmagan bir kunga qoldi. Tengdoshlar bilan bir zamonlar biz ham orzu qilardik, maqsadimiz boʻlardi, uchuvchimi, quruvchimi, injenermi, huquqshunosmi – bir niyatlar bor edi bizlarda ham. Erta gullagan oʻrikni bemahal yoqqan qor yoki sovuqmi, chaqmoqmi bir kechada urib ketganiday bizning avlod orzularini ham – qattol jamiyat yuragimizdan yulib oldi, sugʻurib urish maydoniga uloqtirdi. Men, va mening tengdoshlarim qoʻlimizning shunchalik qattiq qisib musht qildikki, bu mushtlar zarbaga aylanmadi, birovni burnida qonatmadi. Bu yerlar, togʻi toshlar uchun besh barmoq birikmadi, biriksa-da zarba berolmadi. Agar, tengdoshlarimning qabrini ochib koʻrishsa barining qoʻli oʻsha mushtligicha qotib qolgan koʻrinadi. Zarbaga aylanmagan mushtlar, qatʼiy maqsadga aylanmagan orzular…” Bobo koʻp oʻyladi. Qiziq, u oʻyladimi, gapirib berdimi, bilmadi. Koʻzini ochganida nabirasi poyezd oynasida shahar chiroqlariga ham zavq, ham biroz qatʼiylik bilan qarab turardiki, beixtiyor bolaning qoʻli mushtga aylanib borayotganiga koʻzi tushdi…

– Ota, – dedi shaharlik murabbiy. – Sizga bir nima deyishim qiyin. Siz bu bola, bukuschi boʻladi deb shunday ishonch bilan gapiryapsiz-ki, rosti kulishniyam bilmay qoldim.

– Boʻladi, dedimmi, boʻladi.

– Tushunmadim. Oldin, qandaydir sinab koʻrish…

– E, malim bolam, san bilgan hunaringni oʻrgataver. Bu bolada gap koʻp.

– Xoʻsh, eshitaylikchi?

– Eshitsang, eshit. Man yoshligimdan bukuschi boʻlmoqchiydim. Ha, xuddi shunchalik paytimdayoq, kechayu kunduz mashq qilardim. Agar bilsang, biz tomonlarda murut degan bir daraxt bor. Mevasi toshdan qatiq boʻlgani uchunmi, bandidan uzilishi juda qiyin. Keyin naqd sentyabrning oxirida pishadi. Unga yerga bir donayam toʻkilmaydi. Shu desang, oʻsha daraxtni har kuni tepardim, oʻyladimki, agar men shu mevalarni toʻksam bukuschi boʻlaman. Biroq, men qoʻy boqardim-da. Choʻpon edim-da… – Bobo biroz jimib qoldi. – Bir kun kelsam, shu bola barcha murutni yer bilan bitta qilibdi. Tepib tushiribdi. Avvaliga ishonmadim, yaqin atrofda na tosh bor edi, na kaltak. Axir, kapa tevaragini besh barmogʻimday bilaman-ku…

– E, bova, siz hali shunga ishonib keldingizmi? Xuddi yoʻq bolaga karnay-surnay deganidek…

– Bola, unday dema.

– Boshqa nima dey. Sizningcha, shu burnidan suvi oqib turgan mishiqi, bukuschi boʻladi. Bunda nima axir…

– Bunda yurak bor – dedi deyarli baqirib…

– Bu yer sizga togʻ emas, baqiradigan.

– Bola…

– Sizga bola emasman. Keyin… siz…

Bobo uning ovozini eshitmadi. Tayoqni sermab yubordi. Murabbiy lahzalar ichida serrayib turdi va gurs etib yerga quladi. Boʻgʻziga pichoq solingan qoʻyday tipirchilay boshladi.

– Bolam dedi bobo oʻktam ovozda. – eshit, man sen uchun, kerak boʻlsa, butun dunyoga shu bitta tayogʻim bilan qarshi turaman. Ha, sen uchun shunday qilaman. Bilib qoʻy, – boboning mijjalari namlandi, yutinib olgach davom etdi. – Hayotda har kimning zarbasi boʻladi. Oʻz nuqtasi boʻladi. Shoir boʻlaman deb shaharga qochgan joʻrang aytuvdi: vergul qancha koʻp boʻlsa odam zerikadi, bitta nuqta barini hal qiladi qoʻyadi. Bu katta gap edi. Bu ulugʻ gap edi. Oʻsha oʻrtogʻingga man aytgan edim: qoch, bu yerlardan qochib ket. Ketmasang, hayoting xuddi men va bobongni umridek vergullardan iborat boʻladi, deb men aytib edim. Bolam… san kuzatib, koʻrib kelding, man to shunga dovur biror kishini urmadim. Oʻsha maktab oʻqituvchisiniyam, mahalla oqsoqoliniyam, boshqasiniyam… Hech kimni urmadim. Bilki, bukusda ham har doim zarba berilavermaydi. Sabr, chidam, qanoat, va matonat kerak. Keyin eng muhimi zarba boʻlishi shart. Sen shuni unutma. Zarba berishni unutma. Men endi ketdim…

– Bobo… Men axir yoʻlni bilmayman-ku… Keyin qayoqqa boraman?

– Sen qaytishni oʻylama. Senga odamlarning oʻzi yoʻlboshchi boʻladi. Keyin, sen shu yigitning yonida qolasan. U mening zarbamni bir umr unutmaydi. Yaxshi qol. Ortimdan qarama. Men ketdim…

 

***

 

Yigit gʻolib boʻldi. Ustozi mahkam quchoqlab qulogʻiga shivirladi: men oʻshanda bobongga zarba berishni biladimi oʻzi, degandim… Zarba berildi. Sen hali eng zoʻr boʻlasan…

U hali Oʻzbekistonga kelgach uni kimlar kutib olishini, toqqa – odamlarning oʻzi yoʻlboshchi boʻlishini bilmasdi. U yana shuni bilmasdiki, olis togʻ boshida bobosi tush koʻrib, nabirasining baland toqqa chiqqanini va shu kecha olamdan koʻz yumganini u hali bilmasdi.

U faqat zarba berganiyu va chempion boʻlganini bilardi, xolos.

 

Sanjar Tursunov

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.