Yusuf va Zulayho

0
3219
marta koʻrilgan.

Insonlar yashaydigan manzillardan olisdagi togʻlar boshiga yoqqan qorlarni sarsari shamol toʻzgʻitadi. Zarralarini toʻzon qilib oʻynaydi, qishning oqish samosiga toʻngʻoq quyosh koʻtarilib, och qizil alangalar hosil qiladi.

Kimdir u togʻlarda qor toʻzoniga, shamolga yo egasiz bir qabrga aylanib ketishni orzulaydi. Oppoq yolgʻizlik aro xor boʻlishni, yigʻlay-yigʻlay bir toshga aylanib qolishni, birov kelib suyanishini iltijo qiladi.

“Bu dunyoda oʻrnim yoʻqmish, axir… Koshki, borligim-mavjudligim yolgʻon boʻlsaydi”, deya boʻzlaydi…

 

* * *

Yusuf degan ozgʻin, boʻy-basti uzun, vujudiyu ust-boshi anchayin xarob yigit, qishloqdan xiyla olisdagi shifoxonada hamshira boʻlib ishlaydigan Zulayho degan juvonni yaxshi koʻrardi.

– Tavba, – deyishardi qishloq hayotining bilimdonlari, terak tagidagi koʻrimsiz choyxonaning kunda-shundalari. – Ustida yirtiq koʻylagidan boshqa hech vaqosi yoʻq yetim, shunday zeboni suyib qoptimi?

– Uyam mayli, boʻydoq-ku? Oriyati bor odam erdan chiqqan xotinga oshiq boʻladimi?

– E, siz nimaniyam bilardingiz? Ishq shundayki, siz aytgan narsalarning birontasigayam qarab oʻtirmaydi. Bilib qoʻying, u – qullikning, mahkumlikning naq oʻzginasi!

Zulayho – avvalgi turmushidan nimadir sabab boʻlib ajrashgan, koʻzlari qiyiqqa moyil, loʻppi yuzli, kichkinagina jamalaksoch qizalogʻi bor koʻhlik juvon edi. Shunday koʻrkli qiz, har holda, bekordan-bekorga ajrashmagandir, bir sababi bordiru uyidagilar yopigʻliq qozon yopigʻligicha qolsin, deb elga oshkor qilishmagandir? Lekin, qarashida yomon oʻti bor, deyishardi koʻcha-koʻyning takasaltang bekorchilari. Ha-a, yondirib yuboradigan qarashi bor. Shunday sanamning tul qolishi gʻalati emasmi? Bir oilaning gulday bekasi boʻlib yurishga bir emas, ming marta arziydi. Nega tul qoldi ekan-a? Kim bilsin, gohida Xudo chiroydan moʻl-koʻl bersa, baxtini kemtik qiladi deyishadi, balki rostdir?

Qashshoqmi, boʻydoqmi… yoqtirsa yoqtiribdi, el qatori roʻzgʻor qilib, umrini yashab yuraversin. Hayot hikmatlari turmushning oʻzi kabi oddiy. Yoqtirib qolgan boʻlsa, ana, odam joʻnatsin, qiz ham xohishi boʻlsa xoʻp desinu oʻz hollaricha, koʻzga tashlanib-tashlanmay hayot kechirayotgan son-sanoqsiz oilalar qatoriga qoʻshilib ketaqolishsin. Malikalar qullarga turmushga chiqqan, shahzodalar choʻriga oshiq boʻlgan. Erkagu ayol juft boʻlib yashashi shart, bu ham hayotning oʻzgarmas qonuniyatlaridan biri emasmi?

Ha-a… Son-sanoqsiz baxtli oilalar bor, ularning baxti ne ekani koʻzga tashlanavermaydi. Goho koʻcha-koʻyda ust-boshi yupun, ammo koʻzlarida baxt uchqunlari chaqnab turgan kishilarni koʻrib qolasiz. Goʻyo oʻzlaridan ezgulik taratib yurishganday, havasingiz uygʻonadi. Gohida hashamlarga burkangan kimsalar ham uchraydi, koʻziga qarasangiz, tubsiz boʻshliqqa yoki hirsu havas yiltiragan och nigohga duch kelasiz. Hayiqib, yuragingiz orqaga tortib ketadi.

Yusuf juvonni telbalarcha sevarmish. Shifoxona yonida terakday qaqqayib, chiqishini kutarmish. Juvon goh gaplasharmish, goh gaplashmay ketvorarmish. “Juvonni-ya?” hayratlanishardi choyxonadagilar. Juvon boʻlsa nima qipti? Tarixda Yusuf degan bir kishi yashagan, Zulayho degan bevaga uylangan. Yoki paygʻambarimiz-chi? Axir, olamda u bilmaydigan sir yoʻq edi, Tangri taolo istasa uning uchun oʻxshashi yoʻq bir hurni paydo qilib qoʻya olardi, ammo Hadicha degan bir beva ayol taqdiriga roʻpara qilindi… Tangrining paygʻambarigaki ravo koʻrilibdi, Yusufni qanday malomat qila olasiz?

Lekin choyxona shunaqa. U yerda boya aytganimizday, koʻzlarida baxt-saodat uchquni chaqnagan kishi koʻrinmaydi. Ulfatchilikda boʻlar-boʻlmas gaplarni bir-biriga maʼqullatib, shundan lazzatlanadiganlar ancha-muncha.

Har turli gap-soʻzlar aro nihoyat, koʻrimsizgina toʻy boʻlib oʻtdi. Goʻshanga koʻrmagan boʻydoq yigit juvonga uylandi.

Zulayho degan shu ayol qismatiga taqdir qalami qora siyohda baloyu qazo bitiklarini bitgan ekan. Kim rozi, kim norozi… nima boʻlsa ham kelin-kuyov baxtli yashay boshlashdi-yu, biroq, yil oʻtib-oʻtmay, oʻsha terak tagidagi choyxonada turli-tuman boʻlmagʻur gaplar oralab qoldi. Nima emish, Zulayhoni qop-qora ajabtovur arobada kimdir opketib-opkelib yurganmish.

Tevarakda odam koʻp, birov boʻlmasa boshqasining koʻzi tushadi. Koʻp oʻtmay u gaplardan hamma xabar topdi. Koʻchadayam shu gap, uydayam. Bulardan bir Yusufgina bexabar. Qoʻli yupqa edi shoʻrlikning, kun botib qosh qorayganida yoʻl yoqalab, qoʻlida roʻzgʻorga deb u-bu solingan xaltasi, uyiga borayotganida koʻchada oʻynab yurgan bolalardan biri oʻsha eski, xaroba choyxonadagi shinavandalarning qitmirona gapi bilan chopib kelib:

– Yusuf aka! Choping, oʻzingiz koʻring! – dedi hovliqib.

Yusuf avvaliga nima gapligini anglamadi, keyin oyoqlari beixtiyor uni bola koʻrsatgan tarafga surgadi.

Ne koʻz ila koʻrsinki, suyukli Zulayhosi qop-qora oʻsha aroba oldida jingalak sochli, bashang bir olifta bilan kulishib-soʻzlashib turibdi!

E tavba! Bu baxtsizlik manzarasiga ne deysiz? Olamning muhtasham hayoti vakili boʻlmish xoʻrozday kekkaygan, Tangri taoloning Zulayhosi tugul, Yusufini ham bir pulga olmaydigan kas bir yon, quyuq daraxtzor koʻlankasida, qoʻlida roʻzgʻorxaltasini osiltirib turgan, jufti halolini benihoya yaxshi koʻradigan Yusuf bir yon!

Mana, ular xayrlashishdi. Zulayho tars-tars yurib ketar chogʻi oliftaga bir tabassum hadya etdi. Soʻng Yusufni koʻrmay, oʻsha shaxdam yurishi bilan uyiga yoʻl oldi.

Yusufning miyasining ichida oʻsha chogʻ bir nima qattiq chirsilladi. Nimadir surildi, kulrang gʻoʻddali boʻrtiqlardan birida gʻalati, ogʻir siljish roʻy berdi.

Aytishlaricha, Yusuf oʻsha kuniyoq suyimli ayoli bilan ora ochdi qilib gaplashibdi. Ahvoliga qarab boʻlmasmish. Bir gangib tek qolar, bir gʻazabi qoʻzgʻab baqirar, qoʻliga tushgan narsani urib-sindirar, sira oʻziga kelolmasmish.

Juvon Yusufning oyoqlariga yiqilib, Xudoni oʻrtaga qoʻyib qasamlar ichibdi.

– Jon Yusuf aka! Turmushi oʻnglanmagan, baxtsiz xotin edim. Birov odam oʻrnida koʻrmasdi. Hech nimaga qaramay meni baxtli qildingiz. Sizga xiyonat qilgan boʻlsam, Xudo ursin, koʻr boʻlib oʻlib ketay!

Yusuf:

– Bu dunyoda bir Xudoni, bir seni yaxshi koʻrardim… Nima qilib qoʻyding?

– Axir, bor-yoʻgʻi moshinasiga chiqdim, xolos.

Yusuf esa koʻzlari olayib, burgutday hurpayib:

– Hoy, axir, jilmayib qarading-ku?

– Axir, u jilmayish… meniki edi-ku!

Shunday deb, boshi oqqan tomonga ketvoribdi. Birovga lom-mim demasmish, qayerlardadir adashib-uloqib yuraverarmish. Hushi kelsa uyiga kelar, boʻlmasa kelmasmish. Shu tariqa bir necha kun oʻtibdi.

Bir kuni shom mahali kirib kelibdi. Aftoda, abgor holda ayoliga debdi:

– Aqlim “Kechirma, bir toygan odam umrini oxirigacha toyadi”, deyapti. Koʻnglim esa “Kechir” deb faryod uryapti… Nima qilishimni bilmayman.

Ezilib-ezilib, ovozida bemisl dardu hasrat bilan:

– Koʻnglimni senga bergan edim-ku, nima qilding uni? Bir yaramasning oyogʻi ostiga tashlab qoʻyding-ku? – depti.

– Shaʼnu sharafimni, gʻururimni loy-balchiqqa qorishtirib yubording-ku?

– Sen axir, boru yoʻgʻim, or-nomusim eding-ku? Endi nima qilaman? – dermish.

– Odamlar oyogʻi tagida xor-zor boʻlsam ham, oʻz uyimda xon edim-ku? Yer bilan bitta qilib qoʻyding-ku?

Xotin hoʻng-hoʻng yigʻlabdi. “Jon Yusuf aka, axir, hech nima boʻlmagan” deb Xudoning zorini qilibdi. “U oliftaning otasi kasalxonada yotuvdi, yoʻlim shu tomonda desa, angrayib moshinasiga chiqib kelaveribman”.

– Toʻgʻri aytasiz, oʻylamay ish qildim, ammo qoshingizda tozaman! – deb yolvoribdi.

Bu tazarrudan Yusufning ham koʻzlarida yosh halqalanar ekanu, ammo oxiri koʻrinmas azobda qolganday, oʻt ichida lov-lov yonar ekan.

“Tavba, ishq-muhabbatning ham risoladagisi tuzuk. Yoʻqsa odamni odamlikdan chiqarib qoʻyar ekan”, deyishibdi sharhlovchilar.

Hamma tomoshabin. Gap chiqarganlar ham, masxara qilib kulganlar ham, ichida shodlanganlar ham, bularning taqdiriga qaygʻurganlar ham bor. Hammaning koʻzi shularning roʻzgʻorida, qani, endi nima boʻlar ekan, deb turishganmish. Pastkashlar, ezmalar, gʻiybatchilar ogʻzida shu gap aylanib qoldi. Yusuf-Zulayho ismi turli davralarga chiqib ketdi.

Olifta-chi? Oʻsha boʻyi gʻoyib boʻlibdi. Azozilday basharasi bir-ikki koʻrinib, shu bilan badar ketibdi. Ha, Iblisning ishi shunaqa: qutqu-gʻuluv solib, keyin achchiq tutunday tarqab-yoʻqolib ketadi. Nima boʻlganida ham u shaytoni laʼin Yusufning roʻzgʻorini rasvoi jahon qilib ketdi. Bular avvallari qizaloqni yetaklab kechqurunlari birga sayr qilishardi. Goh Zulayho gapirardi, goh Yusuf. Gaplari sira tugamasdi. Bir qarashdayoq yuz-koʻzlaridan baxtiyorligi bilinardi. Endi hammasi barham topdi.

Yusuf koʻcha-koʻyda koʻrinmay qoldi. Gohida Zulayho paydo boʻlardi: aftodahol, soʻlgʻin, avvalgi oroyishlari yoʻq, chaqnoq emas, shaʼni toptalgan, nazardan qolgan edi-da. Uncha-muncha kishi u bilan salomlashmay oʻtar boʻldi. Koʻcha-koʻyda oʻsmirlar goh hushtak chalib, goh atay qiyqirib mazaxlashardi.

 

* * *

“Xotin xiyonat qilibdimi, qilmabdimi?”

“Er nomusli ekanmi-yoʻqmi?”

“Hoy, katta-katta davlatlarda hatto qotillarga ham oʻlim jazosi berilavermaydi. Ammo xiyonatchi oʻlimga hukm qilinadi. Xiyonat shunchalik yomon, bilib qoʻyinglar!”

Muhokamalar shu tarz davom etar ekan, oʻsha kunlarda Yusufning holatida bir oʻzgarish sodir boʻldi.

Yurish-turishi oʻsha-oʻsha, soʻnik, ruhsiz… Bir kuni uyi oldiga kichikroq yuk arobasi kelib toʻxtadi. Yusuf undan kattakon muzlatkich, sovutkich, yapaloq televizor, yana ancha-muncha allambalolarni tushirib, uyiga tashiy boshladi. Ertasiga esa xotiniga bir dunyo qimmatbaho taqinchoqlar olib keldi!

Unaqa taqinchoqlar manaman degan boyonlarning xotinlaridagina boʻlarmish. Qoʻli yupqa edi-ku, pulni qaydan olibdi? Hech kim bilmasmish. Ayoli esa ayolligiga borib suyunib, taqqanida Yusufning koʻzi bir chaqnabdi, eski holiga qaytib, yuzida xiyol jilmayish paydo boʻlibdi. Bir lahza, atigi bir lahza, xolos! Keyin u uchqun yana soʻnibdi. Yana oʻz oʻylariga gʻarq boʻlib ketibdi.

Bularni koʻrib Zulayho na suyunishini, na kuyunishini bilarmish. Suyunay desa, bu ishlarda gʻalati bir junun bor. Kuyunay desa, goʻyo Yusuf hamma ishni unutganday, kechirganday…

– Nimaga bunaqa qilyapsiz? – dermish juvon. – Buncha narsani nega opkelyapsiz?

Yusuf javob qilmasmish. Faqat xotinining koʻzining ich-ichiga qarab qoʻyarmishu yana dardu iztirobiga gʻarq boʻlib ketarmish.

Vaqt har narsani davolaydi, deyishadi. Bir kuni qaylardadir sanqib-sanqib, yarim kechasi uyiga kirib kelib, xotiniga:

– Zulayho, seni kechirdim, – debdi boʻgʻiq ovozda. – Sen ham meni kechir. Gaplaringga ishonolmay qiynalib ketdim, jonim boʻgʻzimga keldi. Koʻzimga dunyo tor boʻlib qoldi…

Xotin shoʻrlikni koʻrsangiz. Bir yigʻlab bir kularmish. Tiz choʻkib, erining qoʻllarini tutib yuziga bosarmish, “men ahmoqni kechiring” deb zor-zor yigʻlarmish.

Risolaga koʻra, hayot shu bilan oʻzaniga tushishi kerak edi. Lekin, Yusufga haqiqatan ham bir nima boʻldi.

Aytmadikmi, oʻsha kech miyasining ichida bir nima juda qattiq chirs etdi deb? Chirs etish – sinishdan darak. Gohida choʻgʻ ham chirsillashini koʻrgansiz-ku?

– Axir, seni sezmayapman-ku? – debdi Yusuf, dardu dunyosi bir taraf, oʻzi bir taraf boʻlib. – Koʻzimni oldida boʻlsang ham… yoʻqsan-ku?

– Qani mening Zulayhom? – debdi odamlarga gapirgisi kelmay, goʻyo oʻz-oʻziga aytganday qilib. – Hoy Xudoyimning farishtalari, oʻngu soʻlimda, tepamda siz borsiz, ammo u yoʻq-ku?

“Yoʻq-ku?” – deb takrorlabdi u soʻzni tevarakning aks-sadosi.

“Yoʻq-ku”, deb qah-qah uribdi davvora shamoli yeru koʻkni enlab esib…

“Yoʻq-ku” debdi tabiat fasllari oʻzgarib, jaziramalar harsillab, kuz yomgʻirlari ezilib-ezilib, qish qirovlari xuddi oʻlim darakchisi kabi yaslanib-yaslanib…

Ha, yoʻq emish…

Yusuf qishloqqa kelmay qoʻydi.

Nega ishq-muhabbat savdosiga yoʻliqqanlar uzoqlarga bosh olib ketishar ekan? Majnunning boshiga ishq savdosi tushganida dashtga ketvorgan edi. Anchadan keyin topib borib qarashsa, tegrasida qurtu qushlar toʻplanib, qoʻlidan kiyiklar don yeb turgan ekan. Ne hikmati bor bu gʻalati savdoning?

Afsus, olomon orasida bilgich biron kishi yoʻq edi. Hammasi oddiy, mish-mishni, molu dunyoni, sarvatu hashamni yoqtiradigan, mayda-chuyda ashyolari bilan bilan maqtanishni yaxshi koʻradigan joʻn kimsalar edilar.

Kechirish… Kechirmaslik… Bagʻrikenglik… Muruvvat… Hoy birodar, umr shamolday yelib oʻtib ketadi, olamda sadoqatdan, mehru muhabbatdan qiymatliroq hech nima yoʻq, axir! To til soʻzga aylanar ekan, bir kulish, bir jilmayish ila bir ogʻiz shirin soʻzingizni aytib qolsangiz-chi? Qarang, tugʻilganingizdan bu yonga oʻtgan yillar atigi bir necha soniyaday. Qolgani ham shunday oʻtadi. Axir, hammamiz ham odam bolalarimiz, kelamiz-ketamiz, bu yorugʻ olamda qadr-qimmat ne, ezgulik ne – mulohaza qilsangiz-chi?

 

* * *

– Yusuf bolaligida koʻp shafqatsizliklarga duch kelgan edi, – deyishibdi choyxonadagilar. – Otasi barvaqt oʻtib ketib, hayotda bir ona-yu bir aka bilan qolgan, juda qashshoq yashashardi. Onasi odamlarning uylarini supurib-sidirib, kir-chirini yuvib, bolalarini katta qilardi. Keyin u ham oʻtib ketdi… Yusuf akasining titilib-sitilib ketgan kiyimlarini kiyib yurardi, koʻpincha qorni och boʻlardi. Terak tagidagi choyxona oʻsha paytda ham bor edi, u yerda mastona hiringlashib oʻtirgan yovuz kishilar yosh bolani ayamay masxara qilishar, shunda u labini qattiq tishlab, koʻzidan yosh chiqarmaslikka urinib dala-dashtga ketvorardi.

U yoqda nima qilardi?

Qush polaponlarining boshini ayamay uzib tashlardi. Mushukni yoqib yuborardi. Sigirning qorniga panshaxa tiqib olardi. Ilonni argʻamchiday tutib, tutga urib oʻldirardi.

Tushunyapsizmi? Bola yovuz edi… Yovuz boʻlib ulgʻayardi.

Yoʻq, keyinchalik aqli kirib, tuppa-tuzuk yigitga aylandi. Rostini aytsak, uni Zulayho odam qildi. Oqila xotin boʻlib roʻzgʻorini-yu ust-boshini tartibladi, kirlarini yuvdi, kechagina qarovsiz yurgan yigit bip-binoyi odam boʻlib qoldi. Shu Zulayhoga duch keldi-yu, hayoti yaxshiliklar tomon oʻzgarib ketdi.

Choyxonadagi shoʻring qurgʻurlar uylariga qaytishgach, hamma gapni xotinlariga yetkazishibdi. Ularning gʻaroyib jihati – erman deya koʻkrak kergani, or-nomusdan javragani bilan, uyda, xilvatda oʻzlarini pokdomon koʻrsatib, koʻzlarini maʼsumona yiltillatib, koʻcha-koʻyning gaplarini malikai davronlariga oqizmay-tomizmay aytib berisharkan-da. Xullas, tevarakdagi xotinlardan bir-ikkitasi Yusufni insofga chaqirishga urinib koʻrishibdi. Qayda? Yigit oʻzi bilan oʻzi kurashardi. Turmushning past-balandini koʻrgan keksalar “Bunaqa ishlar hayotda boʻlib turadi, gulday roʻzgʻoringni buzma, bolam” deb nasihat qilishsa, Yusuf boʻgʻiq ovozda, uzuq-yuluq qilib:

– Siz nimani bilardingiz… Ishingizni qiling! – derdi.

Dashtiga ketvorardi.

Dashtda nima qilardi?

Qush polaponlarini tutib, boshini ayamay uzib tashlardi. Yovvoyi mushukka oʻt qoʻyib yoqib yuborardi. Ilonni argʻamchiday tutib, daraxtga urib oʻldirardi…

U mashmashadan keyin Zulayho qizalogʻini bagʻriga bosib, ota uyiga joʻnadi. Yusuf oʻz xonadoniga qaytib oyoq bosmadi. Olingan ashyolar oʻshandayligicha qolib ketdi.

Yana bir-ikki kun oʻtib, kimdir choyxonani yoqib yubordi.

Oʻzi, hech kimga kerak emas edi u choyxona. Eski, guvalakdan tiklangan ikki-uch hujrasi bor, titilib chang bosgan sholcha solingan, bekorchi shinavandalar kir-chir toʻshaklarda gʻaribona yeb-ichib oʻtiradigan koʻrimsiz ovloq, mast-alast besh-olti kishining takyasi-da. Xaroba tunda yondi, kim oʻt qoʻyganini birov bilmasa-da, Yusufning ishi boʻlsa kerak deb tusmollashdi. Yigitning ahvoli barchaga maʼlum edi, shu sabab oʻzlaricha marhamat qilgan boʻlishib, mirshab-pirshab chaqirishmadi, oʻzi yonib ketibdi deb qoʻyaqolishdi.

Tavba… Aqldan emas edi bu ishlar!

Yusuf dashtda chayla qurib yashadi.

Bir kuni choʻponlardan kimdir uni koʻribdi. Feʼli tuzukroq payti ekan, u bilan bir-ikki ogʻiz gaplashibdi. Hamqishloqlardan biron kishini soʻraydimi desa, hech kimni, hatto qavmu qarindoshlarini ham soʻramabdi.

– Men kimman? – depti.

– Bu olamda bir Xudoyim, bir Zulayhom bor edi. Shular meni odam qilib turardi. Dunyo xuddi bir tutam xashakka aylanib ketdi. Odamlarning xaschalik qadr-qimmati qolmadi. Birovning betiga qaragim kelmaydi.

– Oʻshanda… – debdi xayolchan. – Ikki yo uch oʻt orasida qolib ketdim. Oriyatim Zulayhodan voz kech derdi-yu, ammo uni yaxshi koʻrardim, voz kecholmasdim.

– Bosh olib ketay desam ketolmasdim, shunchalik bogʻlanib qolgan edim. Ne qilarimni bilmay tentirardim, xolos. Bir kuni bir doʻkonga kirib qolibman. Qarasam, tilla taqinchoq sotayotgan ekan. Odam koʻrsa havasi keladigan yosh kelin-kuyov. Kelinchak eri olib bergan uzukni qoʻliga taqib, yashnab-yashnab “Yarashdimi” deb soʻrayapti. Eri esa koʻzi toʻla mehr bilan “Yarashdi” deyapti. Nigohi gapiryapti! Koʻzimdan tirqirab yosh chiqib ketdi. Bir paytlar Zulayhomga bir uzuk olib bergan edim. U mahalda bizlar farishtaday pok edik. Oʻshanda koʻzlari chunon chaqnagan, nigohi “Baxtliman, baxtimning sababchisi sensan!” deb minnatdor termilgan edi.

Aqlim ishlamay qoldi. Barmogʻimda nikoh uzugim haliyam bor, otib yubormagan edim. Uni berib, oʻrniga anavi baxtiyor juft olganga oʻxshash taqinchoq oldim. Miyam “Unday qilma” desa, koʻnglim “Qil” deb hayqiryapti… Tillani oldimu toʻsatdan… oʻzimni bir on, bir lahza baxtliday sezdim. Zulmat bosgan ongim yorishganday boʻldi, qalbimdagi dahshatli ogʻriq kamaydi. Zulayhom qoshiga yuribmas, uchib bordim. Uyda ekan, kirib kelganimni koʻrib koʻzini olib qochdi. Mehrim tovlandi, rahmim keldi. Yuzini kaftim orasiga oldim. Koʻzlarining ichiga termilib-termilib qaradim, oʻsha, avval bilganim mehribon farishtamni koʻrganday boʻldim. Hamma narsa esdan chiqdi, axir, shunaqangi roʻy-rost, ishonuvchan qarab turardiki! Yoʻq, aldamayapti, deb oʻyladim. “Koʻzingni yum” dedim, itoat bilan yumdi. Taqinchoqni olib “Endi och”, dedim. Ochdi-yu… Bir jilmayadi, bir hoʻngrab yigʻlaydi. Yigʻlashini koʻrib yurak-bagʻrim ezilib ketdi, ichim osmonday kengaydi. Yelkalaridan tutib, bagʻrimga bosardim, ammo ichimda shafqatsiz bir sharpa hingir-hingir kulib, ongim ustiga chiqib oldi. Bir nima demasdan tashqariga chiqqanimda togʻday bulutlar dilimni qoplab, dardu hasratim toshib keldi. Yelkam yana choʻkib, boshim yana egilib qoldi.

Keyin oʻsha tuygʻuni qoʻmsadim. Hayotimda shundan boshqa quvonch keltiradigan hech nima qolmaganday. Pulim yoʻq edi. Yor-birodarga bosh egib borib, qarz soʻradim. Xuddi qoʻynimda pul emas, xas-xashak olib yurganday edim. Yana tilla oldim. Keyin yana, yana… Choʻnqayib olib, koʻylaklarimni ishqalab-ishqalab yuvganlari, qoʻllari burishib-qavarganlari esimga kelardi. Ey Xudoyim! Oʻshanda baxtli edimmi? Shumi baxt, ayoling qoʻllari qizarib-qizarib kir yuvsa, uy supursa, qizigan yogʻlari sachraganida bilaklari dogʻ boʻlib osh pishirsa, koʻzidan yoshi tirqirab piyoz toʻgʻrasa… Kir yuvadigan moshina olsak deb orzulardi, yana bir dunyo narsalar olgisi kelardi. Barini koʻtarasiga uyga oborib tashladim. Qarasam, yana ozroq pul ortibdi. Shu narsa mening qora taqdirimning afsus-alamlarini ketkizadiganday, uniyam sarflab yuborib, dunyodagi eng qashshoq odamga aylangim kelardi. Oʻzimni-oʻzim qiynarmidim? Yoʻq, qilayotgan ishimni oʻylamasdim ham. Faqat oʻsha, bir lahza his qilganim oniy baxtga intilardim, xolos…

Shularni aytibdi.

Hamqishloqning ogʻzi ochilib qolibdi. “E tavba, bizni qishloqni odamidan ham shunaqa gaplar chiqar ekan-da” depti.

– Oʻzimcha oʻylayman, – debdi Yusuf. – Oʻshanda miyamda bir nima chirs etdi, bir nima ogʻriqli surildi. Oʻsha narsa meni shu ishlarni qilishga undadi. Aqlu ixtiyorim boshimdan uchgan, bari oʻz-oʻzidan boʻlayotganday edi. Alamimning zoʻridan odamlarning uylarini yoqvorishim hech gap emasdi.

– Hoy odamlar, xotin erkakning or-nomusi boʻlar ekan, – debdi. – Hozirgacha oʻylasam, oʻtday tutashib yonaman. Hoy yigitlar! Hozir yoshsizlar, uylansangiz, ayolingizni ehtiyot qiling! – dermish. – U Xudoning shunday neʼmatiki, gapirishlari, qarashlari, kulishlari – bari sizniki. Asrang-avaylang, faqat va faqat sizniki boʻlib qolsin!.

– Ey Xudoyim, dashtga ham sigʻmayapman-ku, – dermish. – Dunyo yoʻq boʻlib ketsa, bironta tirik jon qolmasa deb orzu qilaman. Bari nobud boʻlib ketsa deyman!

Aytishlaricha, Yusuf yanada olislarga bosh olib ketibdi. Uzoqlarda taskinu orom topdimikin? Bilganlar choʻlga ketgan deyishibdi. Sababi, u yerlar bepoyon, odam ozmish. Yusufning bir akasi boʻlardi, soʻrab-surishtirib, ukasini izlab boribdi. Lekin u bilan ham tuzuk-quruq gaplashmabdi. Qishloqqa ortiq qadam bosmayman, depti…

Darhaqiqat, qaytib oyoq bosmadi. Bu gaplar esa aytila-aytila, qiziq voqea tarzida bir qancha vaqt odamlar ogʻzida yurdi, keyin asta-sekin unutildi. Yangi nasl voyaga yetdi, ular na Yusuf degan nomusli kishini, na Zulayho degan baxtiqaroni bilishardi…

 

* * *

Shamol paydar-pay zabt urib, olisdagi togʻlarning oq qorlarini toʻzgʻitadi. “Oppoq qorlarga, yo daydi shamollarga, yo egasiz mozorga aylanib ketsam, meni izlab kelarmikinsan, ey jonimning madori?” deb yigʻlaydi birov.

U kim?

Aytsangiz, odamning yuragi achishadi. Zulayho emish!

Oradan allaqancha vaqt oʻtib, pahlavonday oʻgʻil tugʻibdi. Boʻy-basti, gavdasi, suyaklari, yelkalari, qosh-koʻzi Yusufning xuddi oʻzimish. Shoʻrlik, boshqa turmush qilmabdi. Beshikdagi qoraqosh, qorakoʻz oʻgʻlon boshida oʻtirib, koʻzlaridan yoshlari duv-duv oqib, alla aytar boʻlibdi. Allasi ham ajoyib ekan:

 

Shu togʻlarda qor boʻlsaydim, alla,

Bir daydi sarsor boʻlsaydim, alla,

Izlab toparmiding meni, meni,

Egasiz mozor boʻlsaydim, alla?

 

Ha-a… shunaqa emish:

 

Shu yarada qon boʻlsaydim, alla,

Toʻkilib ziyon boʻlsaydim, alla,

Bu dunyoda oʻrnim yoʻqmish, yoʻqmish,

Koshki bir yolgʻon boʻlsaydim, alla…

 

Shu tariqa Xudoning ikki bandasi bir diyonatsiz takasaltangning boʻlmagʻur hirs-havasi-yu befahm kishilar gap-soʻzlarining qurboni boʻlib ketaverishibdi.

“Hay attang, gulday oila barbod boʻldi-ya”, deyishibdi oqil kishilar.

“Nomusli yigit ekan, otasiga rahmat”, deyishibdi guvalakdan yangi takyaxona qurib olish orzusida yurgan, endilikda koʻchadagi xira sariq chiroqli simyogʻoch ostida toʻplanadigan shinavandalar.

“Asli xotinda imon sust ekan! Imoni kuchli boʻlsa, birov bilan gaplasharmidi?”

“Qoʻyavering, er yigitga xotin nima, yoʻlda, oyoq ostida-da! Unisi boʻlmasa, bunisi! Bitta xotinni deb shunaqa qilish aqldanmi?..”

“Qani, ovmin, nomusli er haqqiga duo qilinglar”, deb, mast-alast holda duo ham qilishibdi.

Hoy birodar, nimalar deyapsiz? Or ne, nomus ne… Hukm Parvardigordan, bu taqdirni oʻzi sarhisob qilsa ajabmas. Hayotda baʼzan shunday ishlar boʻladiki, yechishga bandasining aqli yetavermaydi…

 

* * *

Ha, shamol kimsasiz maskanlardagi oq qorlarning toʻzonini supurib oʻynaydi. “Togʻdagi qorlarga, yo daydi shamollarga, yo egasiz mozorga aylanib ketsam, meni izlab kelarmikinsan, ey qalbimning egasi?” deb yigʻlaydi birov.

Xayolda oʻsha yigitning gʻalati muhabbati, Zulayhoning “Jon Yusuf aka! Kechiring, axir qoshingizda shabnamday tozaman!” deya yolvorishlari, Yusufning “Qanday qilay? Axir, jilmayishlaring, ovozing, qarashlaring meniki edi-ku?” degan alam toʻla faryodi… toza qorlar ustida oʻynagan kumush toʻzonlar, kengliklar uzra hur-hur yelgan sarsari shamol… hamda u maʼvoda paydo boʻlgan egasiz mozor toshi jonlanadi, xolos:

 

Shu yongʻinda xor boʻlsaydim, alla,

Yiqiq, parishon boʻlsaydim, alla,

Yana sevarmiding meni, meni?

Sim-siyoh tuman boʻlsaydim, alla…

 

(2018)

 

Isajon SULTON

 

“Ijod olami”, 2018/4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.