Yurtkezar

0
39
marta koʻrilgan.

Amakim – dongʻi chiqqan tabib. Sindi-chiqdi, koʻz-nazar – bariga davo topadi. Uni Surxon elida, azbaroyi hurmat yuzasidan mulla Toshboy, deb atashadi.

Birida uyimizga boysunlik chol daraklab keldi. Kampiri eshakdan yiqilib, oyogʻi sinibdi. Toʻpigʻi borgan sari kadiday shishayotgan ekan. “Bir qadamam bosolmayapti, bi-ir borib koʻrib bering”, deb turib oldi. Amakim oʻtgan kuni Bobotoqqa chiqib-tushgandi. Horiganidanmi, “oʻzini ob kelaqoling”, dedi. Chol oyoq tirab turib oldi, duolar qildi. Amakim yoʻl yurishga ishqibozmasmi, sal yumshadi. Manzil-makonini surishtirdi, maʼqul keldi, shekilli, bugun bizning musofirxonada tunang, olisdan kelganlar bor, soʻng erta saharlab yoʻlga tushamiz, dedi.

Tongda joʻnadik. Amakim kasbi taqozosi bilan butun Surxonni aylanib yuradi. Buyogʻi Regardan tortib Mozori sharifgacha qadami yetgan. Kurash, koʻpkari bormi, qoldirmaydi. Shu bois odamlar orqavarotdan “yurtkezar” deb atashardi.

Mana, koʻrib turganingizdek yana yurt kezishga tushdik. Amakim bilan men qirchangʻida, chol esa orqada, eshakda. Dalalar oshib borayapmiz. Kun koʻtarilgan sayin olovday qizdiradi. Koʻm-koʻk yoʻngʻichqazor bijirlaydi, bosh tortgan gullari ummon kabi sollanadi. Xushboʻyi dimogʻni qitiqlaydi, kayfiyatni koʻtaradi. Oq, sariq tusdagi kapalaklar shodlanib oʻynaydi. Bedanalar biri qoʻyib, biri sayraydi. Gohi-gohida olovday porillab tustovuq koʻtariladi, boʻynini choʻzgancha uchadi va yana yoʻngʻichqazor bagʻriga gʻarq boʻladi. Bir xillari havoni zirillatib osmonga sapchiydi-da, allatovur qilib qichqiradi. Ayni shundaylari boshqalariga nisbatan kattaroq, semizroq va yana olisroqqa uchadi. Shunda amakim, bunisi xoʻrozi ekan, deb gʻudranadi.

Bunday dalalardan oshayotganingizda, ayniqsa, agar u choʻl va adirliklar bagʻrida yo unga yondosh kengliklarda boʻlsa, albatta, sizga mullatoʻrgʻay hamroh boʻladi. Ular sizni kun choʻkkuncha kuzatib boradi. Mullatoʻrgʻayning qiziq odati bor: yoʻlingizdan bexosdan chiqadi-da, havoga koʻtariladi, muallaq turgancha chuldiraydi, soʻng tezlik bilan yana yerga shoʻngʻiydi. Amakim uni juda shum qush, deb aytadi. Chunki u sharpa sezishi bilan inidan halisroqqa uchib, goʻyo polaponlariga qaygʻurganday sayraydi. Tabiiyki, shu yoʻl bilan xavfni aritadi, bolalarini omon saqlaydi. Xalq orasida olashaqshaq, degan oti boʻlishiga qaramay, hakkani xoʻp maqtaydi. Alqashi barobarida koʻp yillar burungi gʻaroyib voqeani gapirib beradi. Yaʼniki, saratonda Oqtumshuqdan arpa oʻrib qaytayotganida Qorasuv daryosi boʻyidagi xarsang supaga chiqadi. Issiqdan lohas boʻlib, mulgib qoladi. Bir payt deng, tushidami, oʻngidami, qulogʻiga hakkaning shaqillagani chalinadi va sakrab oʻrnidan turadi. Qarasaki, biror terak boʻyi narida yiltillab semirgan, sap-sariq mor sudralib kelaveradi. Hakkayu maynalar tevaragida chagʻillab, oldinga yurishga qoʻymaydi. Oʻtakasi yorilayozgan amakim qishloqqa qarab chopadi. Shu-shu, yotaridayam, turaridayam halovat yoʻqoladi. Ozib-toʻziydi. Axiyri qishloqning mullasi – Mengboy xalfaga yoriladi. “Xalfa – qiziq odam edi-da, – deya eslaydi u. – Hech narsa qilmaydi, isiriq tutatib yubor, hammasi yaxshi boʻp ketadi”. Meni yosh bola koʻrdi, deb yomon ochuvi chiqadi, shunda. Senday xalpani, deb soʻkadi. Soʻng qoʻshni qishloqdagi Moʻmin xalfaga boradi. U darrov kitob varaqlay ketadi. Amakimning rangi-roʻyiga qarab, yuragingiz tushibdi, hozir joyiga solamiz, deb koʻkragiga tepib qoʻyadi va yana tayinlaydiki, albatta, oʻzingizni xaloslang, butunlay kushoyish topasiz, deydi.

Ertasigayoq qishloq ahlini aytib, jonliq soʻyadi. Koʻpning duosi koʻl, deganiday, dard sekin-asta ariydi. Biroq u ancha bosiq, kamgap boʻlib qoladi. Shundan buyon yolgʻiz yurmaydi, qavatiga akamni yo meni ergashtirib oladi.

Darvoqe, chol ham kamgap. Yoʻlga tushgandan beri miq etmaydi. Dala-tuz tugab, past-baland adirliklar qoʻyniga kirdik. Biron zogʻ yoʻq. Quyosh zabtiga olib, odamni elitmoqda. Amakim munkib ketmay, deb cholni gapga tuta boshladi.

– Bova, bu, Boysunning uchi-quyrugʻi yoʻq-da,

he-yech adogʻiga yetib boʻlmaydi, – dedi.

Chol durust eshitmadi, nima deyapsiz, deganday boshini sarakladi.

– Boysunning keti keng, deyman.

– Ha-a, Xudo Boysunga kelganda saxiylik qilgan. Togʻidanam, choʻlidanam ayamagan.

Uning gapi amakimga yoqib tushdi. Mushtdaygina, pahmoqqina boʻlgani bilan gaplari toʻqmoqday.

– Togʻlaringiz zoʻr…

– Bundayini boshqa joydan topolmaysiz. Shvetsariya togʻlariga oʻxshaydi, deydi. Bekor gap. Bu – ulardan aʼlo. Ilk insoniyat qadam izlari ayni shu yerda qolgan. Ishonmasangiz tarixni varaqlab koʻring. Hammasiga guvoh boʻlasiz. Boyligini aytmaysizmi, ming xil va bitmas-tuganmas. Olimlar uning jismlarini oʻrganolmay, nom topolmay sarson. Ana, Qizilqoyani oling. Axir bu – sof, yer yuzidagi eng qimmatbaho granit. Unga ishlov berish, foydalanish kerak. Sizga aytsam, Boysun – ochilmagan qoʻriq.

Choli tushmagur tarixchi yo geolog boʻlgan, deb oʻyladi amakim. Oʻzidan soʻrashga botinolmadi. Kechadan buyon durust izzat-ikrom koʻrsatmaganidan xijolat chekdi.

Olis yoʻlga tushsak, albatta, oʻrik qoq olvolamiz. Odamga ancha quvvat. Chol roʻzador. Hozir qaysidir hijriy-qamariy oyning boshlanishi.

Osmondagi taqir bulutlar qizgʻish tusga kira boshladi. Kun botmoqda edi. Biz qoʻngʻir togʻ bagʻriga kirib borardik. Havo salqinlamoqda. Yupunman. Amakimning belbogʻidan mahkam ushlab, engashib oldim. Biroz issiq tutdi.

Birpasda qosh qoraydi. Qorongʻuda qushlarning sayrashini birinchi marta eshitdim. Ajoyib boʻlar ekan. Biroz yurib, yoʻl boʻyidagi toʻmpaygan kulbaga duch keldik. Toʻxtadik. Ulovlarni tosh devor biqinidan chiqib turgan qoziqqa qantardik. Chol zim-ziyo kulbaga kirib ketdi. Shitir-shitir ovoz keldi, gugurt chaqildi va toshdan terilgan boshpana yoridi, devorda cholning ulkan gavdasi akslandi. Kelaveringlar, dedi. Uzun-kalta boʻlib kirdik. Xona tor, devorlari tutundan qoraygan va allaqanday yoqimsiz hid oʻtirib qolgan. Yerda kigiz, ustida girbishin koʻrpacha. Oʻtiringlar, degan amrona xitob boʻldi. Oʻtirdik. U belbogʻini yechib, oʻrtaga yozdi. Qoʻynidan bir necha boʻlak qotgan non va qurt chiqardi. Amakim irgʻib turib, xurjundan oʻrik qoq bilan suv ola keldi. Qani olinglar, dedi. Oldik. Qotgan non biram shirin ekan.

Keyin bilsak, bu yoʻlovchilarning qoʻnogʻi ekan. Bunga qoʻngan odam dam oladi, oʻzidan nima ortsa – gugurt, shox-shabba, qoq non va boshqa narsalarni keyingi yoʻlovchilar uchun tashlab ketarkan.

Chol amakimga zimdan qaradi, uzr ohangida, endi, mulla aka, toʻgʻri tushunasiz, bizning Machay qishlogʻimiz shunday olisda, dedi.

– Men Boʻrijardan oʻtgandagi Machaymikan, deb oʻylab edim.

– U – oddiy Machay. Bizniki togʻning tepasidagi. Katta Machay, deb aytiladi. Oz qoldi. Bu yoqlarniyam koʻrgan yaxshi-da. Tabiati butunlay oʻzgacha.

– Zoʻr ekan. Rosti, Katta Machayga qadamim yetmagan. Bir paytlar Chak-chak tomondan baland dovondagi ovulga olib borishgan. Menimcha, u sizlardanam narida boʻlsa kerak. Qandaydir amaldorning qizi betob ekan. Yarim tunda bemorni kirib koʻrdim. U qoqsuyak boʻlib yotardi. Vaqti-soati yaqinlashgan, ramaqijon boʻlib yotardi, yordam berib boʻlmasdi. Bechora onasi holi-jonimga qoʻymadi. Unga haqiqatni aytmadim. Uy sohibi safarda ekan. Yotigʻi bilan tushuntirmoqchi edim.

Chol qilt etmasdan, sovuqqon boqqancha eshitib oʻtirdi.

–… boumid turli muolajani bajardim, qizning koʻnglini koʻtarishga, hayotga boʻlgan muhabbatini uygʻotishga harakat qildim. Ikkimiz yolgʻiz qolganimizda u qoʻlimni mahkam siqib, doktor, bari befoyda, oʻzingizni qiynamang, dedi. Hafsalam yanada pir boʻldi. Boyaqish onaga sabr tilab, tong boʻzarmasdan qaytdim.

Olov soʻnib, lagʻcha choʻqqa aylandi. Atrof qizgʻish rangga kirdi.

– Nechchiga chiqdingiz, bova, – soʻradi amakim. – Bollardan nechov?

– Saksonni oʻrib qoʻydik, mulla aka. Bunday qarasak, jarning yoqasiga kep qobmiz. Baholi qudrat gʻimirlab yuribmiz. Lekin sizniki maza. Yoʻl yurgan, el koʻrgan qarimaydi.

– Sizni hech kim saksonga kirgan, demaydi. Koʻz tegmasin hali dayovsiz.

– Sizga oʻxshab yoʻlovchimiz-da. Yanayam, hammasi odamning oʻziga bogʻliq. Har kim oʻzini yaxshi koʻrishi kerak.

Gurung qizidi. Chol otga ishqiboz ekan. Tarlon, jiyron, boʻz ot, chavkar otlar haqida gapirildi. Bizning otni maqtamadi. Aksincha, roʻzgʻorbop, dedi. Qiziq, togʻ kechasi vahimali, jimjit boʻlsa kerak, deb oʻylardim. Unday emas, ming xil ovozga, sayroqqa toʻlib ketarkan. Tevarakda shoqollar ulidi. Tulkilar choʻzib-choʻzib akilladi. Ovozi gʻalati va qoʻrqinchli. Chol togʻlik-da, qush, hayvon, hasharot, garandayu guranda ovozini ajrata biladi. Bir mahal uzik-uzik chirillagan tovush keldi. Bu – yerilon. Odamga ziyoni yoʻq. Qaynatib ichsa, yuz xil dardga davo… Uxlab qolibman.

Azonda uygʻonsam, ular ot boldirini qarichlab oʻlchayotibdi. Qancha uzun boʻlsa, shuncha yaxshi boʻlarkan. Bu – govlak ot, dedi chol. Boʻrini koʻrsa, oʻzi yerga yiqiladi. Zotdor va yana shum, abjirlari esa boʻrini oʻynatadi. Baribir, boʻri ularniyam gallaydi. Qurgʻur, dumiga osiladi-da. Ot oldinga chiranganda, qoʻyvoradi. Qarabsizki, jonivor oʻmganlaydi. Jondor kelasolib, qornini yoradi. Yana deng, otning tumshugʻidan tishlab tortgan boʻrini koʻrganman. Eski usul – mahkam tortib qoʻyvoradi va oʻtirib qolgan otning boʻgʻzidan oladi. Jondor degani juda aqlli hayvon. Faqat zabon yoʻq.

Yerga shudring ingan. Otning abzali ham olachalpoq nam. Bobo ufqqa qaragancha, hozir moʻjiza koʻrasizlar, dedi. Qontalash ufq asta-sekin kengayayotir. Quyosh oltinday yaraqlab, bosh koʻtarmoqda. Avval gardishi, soʻng boʻy-basti koʻrina boshladi. U sekin, lekin bir zaylda koʻtarilmoqda. Shu payt harakatdan toʻxtaganday, osilib qolganday tuyuldi. Chindan ham u qotib qoldi. Sal chekindi va yana yuksakka talpindi. Zamin uni qoʻyvormayapti. Odamni vahm bosdi. Endi nima boʻladi? Quyosh silkina-silkina oxiri yer qobigʻidan chiqib ketdi. Soʻng, butun olam nurga toʻldi.

– Quyosh har tongda shunday azoblanadi, – dedi chol. – Bu holni boshqa joyda kuzatolmaysiz.

Yana yoʻlga tushdik. Archa, gujum va yana bir qancha daraxtlar bilan qoplangan qoʻngʻir togʻ oralab ketayapmiz. Osudalik. Tungi qaynoq hayotdan nishon ham yoʻq. Birgina qushlar sayraydi. Osmonda tasqaralar qanotlarini keng yozib, oʻlja poylaydi. Lekin ular hech sayramaydi.

Amakim cholning tilini ancha tushunib qoldi. Galma-gal qishloqlarni, polvon va otlarni maqtaydi.

– Polvonlarning zoʻri Toshtemir, – dedi amakim.

– Be, uning davri oʻtdi. Hozir Qaytmas qishlogʻidan Lochin laqabli polvon chiqqan. Qurmagʻur, oʻynoqlab olishadi. Kuchi koʻp. Kelbatiyam Toshtemirlardan kam emas.

– Bizdagi Eralini ololadimi?

– Eralingiz mugʻombir. Agar u halol olishsa, bemalol oladi.

Gurung bilan boʻlib choʻqqilarini oppoq qor qoplagan qoya poyiga borib qolibmiz.

– Bu – bizning qishloq, – dedi chol.

– Jannatday yerda yasharkansizlar.

Lekin bunda na Oltinsoyni, na Sherobodni koʻrib boʻlardi. Toʻrt tomon ham choʻqqilar edi.

Toshdan terilgan, biqinib, mingashib ketgan uylarning biriga kirdik. Tim qora, koʻzi sargʻish, boʻydor, baquvvat it qarshimizga yugurib chiqdi. Laqabi Muxtor ekan. Egasi tanbeh bergach, bizga izzat-ikrom koʻrsatib, qirqilgan dumini likillatdi. Hovli keng, qayroq toshni tarashlab, yotqizgan. Mezbon kunchiqarga qaragan boʻlmaga boshladi. Keng va yorugʻ xonaning toʻrida, qavat-qavat koʻrpacha ustida mushtdekkina kampir choʻzilib yotibdi. U oʻrin ichiga choʻkib ketgan, dabdurustdan kirgan kishi, tabiiyki, koʻrmasdi. Salom berdik. Nimjongina ovoz alik oldi. Amakim toʻrvasidan dori-darmon, tayoqcha, allaqanday yogʻlarni oldi. Chol kampirning qalin paypogʻini yechdi. Toʻpiqning usti koʻm-koʻk, atrofi oqarib shishgan.

Amakim shishni avval sugʻur, keyin, ot, yovvoyi choʻchqa, koʻlvor ilon yogʻi bilan obdon ivitib, ishqadi. Tana yogʻni birpasda shimib oldi. Kampirning inqillashiga qaramay, bir-ikki burab ham koʻrdi. Keyin paypoqni kiydirib, yana koʻrpaga oʻradi. U uxlab qoldi.

Bemor shomga yaqin uygʻondi. Oyoqdagi shish qaytib, kampirning yuziga qon yugurgan. Lekin toʻpiq haliyam qizib, qotib turibdi. Amakim suyak inidan koʻchib, pay choʻzilibdi, dedi. Kampirning oh-vohigayam qaramay, oyoqni yana bir-ikki qirsillatib buradi, tortdi, paxta oʻradi va bintli tayoqchalarni mahkamlab bogʻladi.

Shu kecha cholnikida tunadik. Ertalab qarasak, bemor hovlida hassada yuribdi.

– Boringizga shukr, umringizdan baraka toping, – dedi u amakimga. – Odam oyoqdan qolmasin ekan. Hafta tugal yotdim. Jonim halqumga keldi.

U qishloq kampiriga oʻxshamaydi. Turish-turmushi, gapi ziyolinamo. Yo shahardan koʻchib kelgan, yo Katta machayliklarning bari adabiycha gaplashadi, oʻzicha tusmolladi amakim.

Uyda ikkisidan boshqani uchratmadik. Chol qoʻy soʻydi. Qoʻshnilar chiqdi. Ziyofat tugagach, qaytdik. Ular bizni pul-chaqa, yana turli gazmol bilan siyladi. Kampir boʻsagʻagacha kuzatib qoʻydi. Chol esa bizga hamroh boʻldi.

Pastga enish oson. Hademay, Boysundan chiqib, Handalga yetdik. Chol kampirini geolog olima Maryam Aliyeva, dedi. “Asli Kavkazdan. Bir ugina ajdodlari udumini buzib, oʻzga elga keldi. Ammo haligacha, oʻlsam, yurtimga, otamning poyiga eltib koʻmasiz, deb qoʻymaydi. Xoʻp, deyman”.

Ular Moskvada oʻqishgan. Maryamga koʻngil qoʻyib, yetti yil chechen yurtiga qatnagan. U oilada oʻn qizning biri. Otasi chapdast odam. Udumga koʻra, eshikdan kelgan mehmonga hurmat koʻrsatadi. Yaxshi gap va sovgʻa-salom bilan oshiq yigitni qaytarib yuboraveradi. Oxiri, yigit togʻdan bir choʻponni topib, oʻgʻil tutinadi. Soʻng choʻpon Maryamni oʻgʻliga soʻraydi. Ota rozi boʻladi. Shunday qilib, Maryam Boysunga kelin boʻlib tushadi. U bu yerga tez koʻnikkan. Uning Kavkazga oʻxshash jihati koʻp. Qariyb qirq yil institutda ishladi, Boysunda tadqiqot olib bordi.

– Siz kasaliga davo topolmagan oʻsha qiz – mening yagona qizim edi, – dedi chol ogʻir xoʻrsinib. – Toshkentda oʻqidi. Asli chechen boʻlgan samarqandlik kursdoshidan koʻp sovchi keldi, qaytardim. Oʻzimning Boysunimga beraman, dedim. Ikkisigayam buyurmadi. Oʻldiyu ketdi. Qaynotam aytgich edi, qiz bolani birinchi va qoʻymay soʻraganga ber, shunisi chinbaxt, qolgani badbaxt.

Amakim bir muddat cholga qarab qoldi. Iskandar koʻprigining ustida edik, xoʻshlashdik. U ketdi…

 

Dilmurod SODIQ

1984 yili tugʻilgan.

Oʻzbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.

“Oltin koʻprik” toʻplamida hikoyasi chop etilgan.

 

“Yoshlik”, 2018/3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.