Yurakka yuk tushdi

0
113
marta koʻrilgan.

Sinfdosh joʻralarim – Sirojiddin va Madiyorning xotirasiga bagʻishladim.

 

– Oʻzi sening murting oʻsadimi? Yo koʻsa boʻlib yuraverasanmi?  – deya masxara qilishni boshladi Daryoboy.

Har kuni shu ahvol! Ishi tushsa, meni maqtab alqaydi. Darsdan soʻng, qoʻyarda-qoʻymay uyiga olib ketadi. Hurmat-izzat koʻrsatgan boʻladi.

– Ona, hov ona! Mehmon keldi, quymoq qilib ber.

Tan olishim kerak, koʻk piyoz toʻgʻrab solingan quymoqni faqat Daryoboyning onasi shirin qilib pishirardi.

Qorinni toʻqlab olgach, uvizga toʻymagan buzoqday moʻltirab, koʻzlarini pirpiratib yalinib-yolvoradi, qasam ichadi, beozor tahdid qiladi: agar meni joʻram desang, yoʻq dema! Shundaymi? Yoʻq, shumi  gaping? E, oʻzimning aqlim yetganda, senga sargʻayib oʻtirarmidim? Shu oxirgisi, yigit soʻzim! Yanagi safar iltimos qilgan nomard!

Keyin uy vazifalarini oʻzining daftariga muk tushib koʻchiradi. Oʻroqda yoʻq, mashoqda yoʻq, xirmonda hozir! Yana xuddi bir narsani tushunganday pichan tilaverib, qora yoriq boʻlib ketgan barmogʻini oppoq daftarimga nuqib yozishiga nima deysiz? U oʻqishni deyarli bilmasdi. Harflarni tanir edi-yu, qoʻshib oʻqiyolmasdi. Yozuvi ham “alang-jalang”, uchta harfli soʻzidan toʻrtta xato topiladi.

– Boʻlsangchi-yey! – dedim ensam qotib.

Uning esa bor diqqati koʻchirishda: “Hozir, mana!” deb, qovogʻini uchirib, burnini “shoʻlt” etib bir tortdi-da, miq etmay yozaverdi. Yozuv tugashiga  yaqin tirjayibmi, irshayibmi mazax qilishga oʻtdi.

– Qiz bolaga oʻxshaysan-yey!

– E, boshimni qotirma!

– Qani? Yoʻq-ku!

– Koʻrmisan?! – tutaqib ketdim. – Mana, turibdi-ku sargʻayib!

U esa battar kuldi:

– Hech zamonda yigit kishining moʻylovi sariq boʻladimi? Bunday qorayib, silaganda barmogʻing­ni qichitmasa? Unday tuk ana Sarvinozda ham bor! Sal tigʻ-pigʻ tekkizib tur, darrov qorayadi.

Eh-he, otamning ustarasini necha marta yashirincha ishlatganimni bilmaydi-da, bu toʻnka.

– Tur-e, meshqop! It ekansan-ku sen! Umuman odam boʻlmaysan sen! Hali yana boʻzlab kelarsan-a! Koʻramiz oʻshanda holingni!

– Hoʻv, ogʻzingga qarab gapir! Men hech kimga yalinmayman!

Alam qildi. Qani endi, kuching yetsa-da, xumordan chiqquncha doʻpposlasang! Hech boʻlmasa, bir musht tushirsang! Qayoqda?! Bilagi mening boʻynimday keladi. Maktabda Daryoboy polvon, degan oti bor. Koʻzoynagi boshidan katta qiltiriqning kuchi yetarmidi unga?! Lekin ming dagʻdagʻa qilgani bilan menga qoʻl koʻtarmasligini bilaman. Chunki, ertasiga yana ishi tushadi – tili qisiq. Shuni tan olmayotgani ochuvimni keltirdi.

– E, pashoʻl …! – chiyillab yubordim. Soʻng daftar-kitoblarimni tez yigʻishtirib, jildimni yelkaga osdim-u, qaytib uning uyiga qadam bosmasday, yuzkoʻrmas boʻlib uyimga joʻnadim.

Uning uyi ovulga kiraverishda: katta ariqdan uning joʻxori otiz[1]iga oʻtiladi, otizning narigi tarafida gugurtning qutisiday uy. Meniki esa hoʻv ichkarida. Bora-borguncha jinim qoʻzidi. Unga qarshi turli hiyla-nayranglarni pishitib bordim, qasos oʻtida yondim.

Daryoboy – mening “oʻl” degan joʻram[2]! Oʻzi joʻrachiligimiz qachon boshlangan: yetti chaqirim uzoqdagi maktabga birga qatnagan kezlarimizdami? Yo undan oldinroqmi? Buni ikkovimiz ham bilmaymiz. Alohida “Oting nima? Senikichi?” deb tanishmaganmiz, “Kel, shu kundan boshlab ikkov doʻst boʻlaylik, doʻstligimizga mana shu doʻng-qirlar guvoh boʻlsin, mana shu ariqdagi suv butun elga doston qilsin!” demaganmiz. Shunday, oʻz-oʻzidan doʻstmiz. Esimni tanibmanki, Daryoboy – mening joʻram!

Men-da, u-da oʻz uyimizning erkasi – soyamizni birovga bostirmaymiz. Mening erkaligim uyim­dagilargagina, uniki esa butun ovulga oʻtadi. U istagan uyga kirib, ketmonmi, xaskashmi, tandirdan uzilgan issiq nonmi yo palakda erta-indin yeymiz, deb qoʻyilgan qovun-tarvuzdan soʻrab-soʻramay olishi mumkin, birov unga “gʻing” demaydi: ha, Daryoboy oldimi? Mayli, indama!

– Oʻlsin shu jetimak! Koʻzlari olayib, bostirib kelaveradi. Qoʻliga ilingan narsani olib ketaveradi. E, qachongacha chidaymiz? – uning dastidan kuygan xotinlar shangʻillaydi.

– Oʻchir ovozingni! – deydi erlari. – Toshgul momodan baloga qolasan!

– Shu yalmogʻiz kampir oʻlmadi, biz qutulmadik!

– Jim-yey, oʻch-yey! Odamlar eshitsa, masxara boʻlasan-a, esini yegan xotin! Sen aytayotgan oʻsha yalmogʻiz hammamizning kindigimizni kesgan! Uqdingmi?

– Boʻlmasa ayting, nevarasini sal tiyib qoʻysin! Agar siz aytmasangiz, oʻzim aytaman!

Qaydanam aytsin! Hammasining dami ichida! Daryoboyga barmogʻini bigiz qilganning shoʻri quriydi, yuzi kuyadi, ovulda moxov boʻladi, qoladi: hech kim u bilan tillashmaydi, koʻrganda ters buriladi, uning uyidan etagini qoqadi. Yetti yoshmidik, yo sakkizmi… esimda yoʻq: Daryoboy kuppa-kunduzi Burgut traktorchinikidan  (u payt traktorchi edi, hozir oʻtday fermer) qatiq olib chiqib ketayotganda, Gulmira yanga uni ushlab oladi. Ovulga kelin boʻlib tushganiga endi uch oy boʻlgan yangamiz “oʻgʻri”ning dodini berib qoʻyish uchun unga bir shappat tushiradi. Daryoboy qatiq idishni yerga uloqtirib, sindiradi. Jazavasi qoʻzigan yanga uni savalab ketadi. Tomoshaning qizigʻi esa kechqurun boshlanadi. Burgut ogʻamiz ishdan kelib, ovqatini yeb, koʻk choyni sipqorib, yonboshlab yotmaydimi?! Yotsa, Toshgul momo bir qovoq qatiq bilan toʻrtta non koʻtarib keladi.

– Keling, Toshgul momo!

– Yotaver, bolam. Qimirlama. Men ketaman… Burgut bolam, ining sal shoʻxlik qilibdi, ayb qilmaysan!

– Qoʻysangiz-chi, momo, nimalar deyapsiz? – Burgut ogʻamiz hayron boʻlib, xotiniga qaraydi. Xotini oʻz ishidan mamnun, momoni uzr soʻragani chiqqan, deb oʻylab, gʻoʻddayibgina oʻtiradi.

– Bolaginam yangasining qoʻlidan bi-ir qatiq ichgisi kelibdi-da. U hali yosh-da, hech kimni yotsiramaydi.

– Daryoboyni kim begona, dedi? Ayting, oʻzim uning tugʻilganiga pushaymon qilaman! – ogʻamizning vajohatidan yangamiz sarosimalanib qoladi.

– Yoʻgʻ-a, hech kim begona demaydi, bolam. Aytdim, qoʻydim-da, – deydi momo xotirjam. Keyin yangamizga yuzlanadi. – Kelin, mana bu qatiqni ertalab ivitib edim. Ichinglar. Hammaginangizga yetadi. Endi nevaram qaytib bu yerga boʻyin choʻzmas-ku, mabodo, adashib-netib kelib qolsa, qoʻlini qaytarib oʻtirma, maylimi?

Shundan soʻng qiyomat boshlanadi! Yangamizning koʻrgan kuni qursin! Ertasiga Gulmira yangamiz – koʻzi koʻkargan, sochlari toʻzgʻigan, yuzi shilingan tugunchasini qoʻltiqlab, otasinikiga joʻnab qoldimi, deysiz-da? Yoʻq, u Daryoboyning oyogʻiga bosh urib keladi: “Qaynim-ov, senginaga koʻtargan qoʻllarim sinsin! Bir marta kechiraqol!”.

– Yoshsan-da hali, – deydi Toshgul momo yangamizga rahmi kelib. – Kimning kim ekanini bilmaysan! Koʻzim ochiqligida bolamga birovning nafasini ham tekkizdirmayman, aytib qoʻyay.

– Bildim, onajon, bildim!

Ana shunday erka mening joʻram! Buning boisi – uning otasida! Otasi bir paytlar nomi el-ulusni kesgan polvon oʻtgan, deyishadi. Aytishlaricha, olishlarda yutgan solimlarni ovuldoshlariga tarqatib yurar ekan. Davraning isini olgan kundan boshlab, biror marta kuragi yer iskamagan shunday norgʻul yigit Daryoboy tugʻilgandan ikki oy oʻtib, bir toʻyda qaltis yiqilibdi-yu, julini uzilibdi. Toshgul momo bamdod namozida ham, choy ustida ham, yotardan oldin ham (balki, tuni bilan ham) kelinini qargʻagani-qargʻagan: “Sen kasofat… sen shumqadam…sen ajinaning urgʻochisi kelib, bolaginamning boshiga yetding! Qanday ulim bor edi-ya, qatorida nor edi-ya! Ha, urugʻ-aymogʻing bilan qaro yer boʻlgur!”, haydagani-haydagan: “Yoʻqol, alvasti! Qirilib ket shaytonning urgʻochisi!”, tergagani-tergagan: “Ha, oʻlimimni kutib yuribsanmi? Ha, Daryoboyga nima berding, uni ham uv[3]lab oʻldirmoqchimisan?”. Kelini – yigirma ikki yoshida tul qolgan Daryoboyning tuqqan onasi esa “gʻiq” etib tovush ham chiqarmaydi. Oʻsha uyning choʻrisiday gap. Daryoboyni men tuqqanman, bola meniki, deb daʼvo ham qilolmaydi. Qaynonasi koʻzining oʻtini olib qoʻyganmi, yo erga tegish, kelin boʻlish shu ekan-da, manglayimizda borini koʻraveramiz, deydimi?! Odamning yuziga tik qaramaydi, roʻmolini peshonasigacha tangʻib, koʻzini yerga qadab yuraveradi.

Polvonlik Daryoboyga otasidan oʻtgan. Oʻziyam juda orkash bola. Men qizlarning orasida oʻsganim (uchta opam bor) uchunmi, janjal-toʻpolonlarga uncha xushim yoʻqroq – darrov murosa yoʻlini tanlayman, yo kaltak yesam ham javob qaytarmayman. U boshqa odam: bir boshga – bir oʻlim, deb joni chiqquncha olishadi. Ikkitasi bilanmi, oʻntasi bilan olishadimi unga baribir: qaytmaydi. Bir safar qoʻshni ovulning bolalari meni xafa qilganda ularning tanobini tortib qoʻygan ham shu Daryoboy boʻladi.

– Hoʻv Kesaktepaning shoqollari! Toʻrttangning kuchi bitta qiltiriqqa yetdimi? Qani jigit boʻlsang berman kel, – dedi-da oʻrtani yorib kirib, eng baquvvatining kekirdagidan olib, xuddi bir bogʻlam oʻtni irgʻitganday otib yubordi. Uning savlatiyu haybati manaman degan olgʻir bolaning ham tizzasini qaltiratadi. Manaman deganining qocharga soʻqmogʻi, bekinarga teshigi topilmay qoladi. Qolganlari sal talmovsirab, azbaroyi ovuldoshining ori uchun bir-ikki musht tushirgan boʻldi. Lekin Daryoboy quturib, barini yer tishlatmaguncha, tiz choʻktirib, uzr soʻratmaguncha tinmadi. Keyin ust-boshini qoqib, shilinib, qontalash boʻlib qolgan tirsagiga bir siqim tuproq surdi. Menga bir gʻijinib qaradi-da, indamay yoʻliga ravona boʻldi. Men ham ayni paytda unga biror gap aytish – oʻzimga musht sotib olish bilan barobarligini ich-ichimdan his qilgancha uning izidan jim ergashdim. Ancha vaqt sukutdan keyin yarim yoʻlda u ilkis toʻxtadi-da:

– Nega ustingdan kulishiga indamay qarab turibsan? – dedi qovogʻini uyub.

– Toʻrttasiga bas kelolmasdim-da, – aybdorona mingʻirladim.

– Baribir! Chotini moʻljallab turib, tepmaysanmi qarsillatib!

– E, men unday qilolmayman, – dedim, keyin darrov aybni otamga agʻdardim. – Otam hech kim bilan urishmaysan, yoqalashmaysan, degan. Eshitsa, xafa boʻladi-da. Boʻlmasa, oʻzim bilardim.

Daryoboyga otamni aytganim ogʻir botdimi yo gʻirt yolgʻon gapirayotganim, qoʻrqqanimni boʻlmagʻur bahona bilan xaspoʻshlaganim ensasini qotirdimi, hafsalasi pir boʻlib, qoʻlini siltadi.

– Lekin sen boplading, – dedim yana murosaga kelib. – Vey, oʻziyam och qashqirday tashlanding-a!

Maqtovim unga yoqdi (maqtov kimga yoqmaydi?) – chang bosgan, peshonasining teri chizib oʻtgan betiga kulgi yugurdi.

– Koʻrdingmi qanday olishganimni? – dedi mardiyib.

– Eh-he, aytyapman-ku, och qashqirday tashlanding, deb! Yedige[4] botirning oʻzi boʻlding-a!

– Sobit tuxumkallani yiqitganim-chi?

– Vo! Yomon yiqildi! Haliyam tirik qoldi!

– Oʻlmaydi-ye!

– Qolganlari ishtonini hoʻllab qoʻydi-yov!

– Yoʻgʻ-e, rostdanmi?

– Ha!

– Oʻzim ham aytdim-a, taqir yerda loy qaydan keldi, deb!

Miriqib kulishib olgach, yana gaplashib ketdik.

– Kimdir senga anov-minov deydigan boʻlsa, menga ayt, tushundingmi? – dedi u haliyam maqtovimning taʼsiridan chiqolmay. – Buytib koʻzing yoshovrab, dardingni ichingga yutib yuraverma. Senga “fisht” deganning oʻzim kallasini yulaman!

Uning qiziq qiliqlari bor. Bir-da menga ogʻamday gʻamxoʻr, mehribon, tanti, bir-da yosh boladay hokisor, sodda, yalinchoq.

Kunning tigʻida, ustiga-ustak ichimdan toshgan gʻazab oʻtida qovurilib, uyga lohas boʻlib keldim. Naridan-beri tushlik qilib, toʻrdagi xonaga – derazasiga parda oʻrniga otamning eski choponini ilib, qorongʻu va salqin qilib qoʻyilgan xonaga kirib, xayolan u bilan olishib, tavbasiga tayantirib yotdim.

Endi koʻzim ilinganida oʻrtancha opam Daryoboy chaqirayotganini aytdi.

– Chiqmas ekan, deb ayt!

– E, oʻzing ayt. Nima, men senga xabarchimanmi? – Opam ishini davom ettirish uchun oshxonaga chiqib ketdi.

Erinibgina oʻrnimdan turdim. Chiqmasam boʻlmaydi, baribir ketmaydi. Chiqmagunimcha ostonada serrayib oʻtiraveradi. Tashqariga chiqdim. Havo issiq – may oftobi kunbotar tomonga xiyol oqqan, uyimizning oldi quyuq soya boʻlgani bilan yerning hovuri hali bosilmagan edi. 

– Podaga chiqasanmi? – yaltoqlandi. Nigohidan qilgan ishidan afsuslanayotganini ilgʻash qiyin emasdi.

– Hali erta-ku, – dedim uning ahvolini pisand qilmay.

– Yurgin endi, – yalindi. – Bir yoʻla choʻmilib ham olardik. Kunning qizishini qara.

Biroz kalovlanib turdim-da:

– Opa, men molning oldiga ketdim, – dedim ichkariga ovoz berib va opamning javobini kutmay uydan chiqdim. Yoʻl-yoʻlakay shalvarimning poychalarini turib oldim.

Biz ovulning qibla tomonidagi Pardaboy sholikorning hovuziga bordik. Aslida, hovuzni ovuldagilar qazishgan, ariqdan suv keltirishgan. Hovuzga eng yaqini Pardaboyning uyi boʻlgani uchun hamma hovuzni uniki deb ataydi. Yuzlarimiz ishib, lablarimiz koʻkarib ketguncha rosa choʻmildik, kim suv ostida koʻp turish, kim uzoqqa suzish oʻynadik, har zamonda kuragimizni quyoshga tutib, isinib oldik. Sinfdoshlarimizni bir-bir aytib, ustidan kuldik. Lekin, baribir unga qarab jinim qoʻziyverdi, ichimni it tirnayverdi.

Hovuz labida qurinib oʻtirganimizda u toʻsatdan Sarvinoz haqida gapirib qoldi.

– Sarvinoz… yaxshi qiz, a? – dedi u ufqqa qadam tashlashga botinolmay turgan quyoshga termilib.

– A? – dedim unga angrayib. Uning qiyofasi jiddiy va mahzun –  Sarvinozning yaxshi qiz ekanini uning oʻziga hech qachon ayta olmasligidan pushaymonlik ufurib turardi.

– Menga… menga yoqadi-da! – dedi u va birdan qorayib ketdi: necha kunlab, oylab pinhon saqlagan siri yuzaga chiqqanidan uyaldi. Lekin ayni paytda favqulodda orzumandlik, tashnalik bilan gapirdi. – Ne qilayin, joʻra? Maslahat bersang-chi?

– Hah, tulkining koʻzini oʻygan tullak, hah, pismiq, hali sevib qoldim, de, – masxara qilish gali menga kelganidan quvonib ketdim: “Qoʻlga tushding-ku!”

– Kulma! Kulma deyapman senga! – dedi u ogʻrinib. – Men rost aytyapman.

Unga rahmim keldi. Devday yigit ishq oʻtida qovjirab, bir burda boʻlib oʻtiribdi-ya.

– Ertaga bor-da, uni bir chekkaga chaqirib,  shartta-shartta yuziga ayt, – dedim men ham bu mushkul vaziyatdan chiqish yoʻlini qidirishga tushib.

– Ranjib qolmasmikan? Toʻsatdan aytsa, boʻlmas-ov!

– Toʻgʻri, – dedim mulohaza yuritganday oʻychan qiyofada. – Ay, lekin buytib qiynalib yurguncha, yo u yoqlik, yo bu yoqlik qilasan-da. Senda koʻngli boʻlsa, xafa boʻlmaydi. Koʻngli boʻlmasayam, yuragingni ochganing foyda. Bunday yukni ichida koʻtarib yurmaslik kerak.

U menga tikilib qoldi. Mening chin yo hazil gap qilayotganimni bilmoqchi boʻldi, chamamda.

– Qoʻy-e, – dedi. – Uni ranjitgandan koʻra, aytmay qoʻya qolganim durust.

– Oʻzing bilasan!.. – Bu mushkulot meni ham oʻylantirib qoʻygan edi. Nima qilsa boʻladi? Bu-ku qaysar, oʻlsa ham dardini Sarvinozga aytmaydi. Mendan maslahat soʻrayaptimi, demak, qandaydir yoʻlini top, deyapti. Lekin muhabbat masalasida oʻzim ham andak tajribasizroqman-da. Xoʻsh, nima qilsa ekan? – E, aytgancha xat yozsang-chi?

– Xat?! – dedi u xuddi yolgʻiz oʻzi orolda qolib ketib, najot kemasiga koʻzi tushgan odamday. Nazarimda, bu fikrning qandaydir muqobili uning ham miyasida aylanib turgan, lekin, uni aniq ifodalashning usulini topolmay oʻzini qiynayotgan edi.

– Chiroyli soʻzlarni yozib, unga berib yuborasan. Koʻziga qarab, gapirib oʻtirishning hojati yoʻq. Agar javob qaytarsa, yaxshi. Qaytarmasa ham, hech narsa yoʻqotmaysan.

– Zoʻr fikr aytding! – dedi u hayajonlanib. Soʻng birdan ichi boʻshagan qopday shalvirab qoldi. – Men chiroyli yozishni bilmayman-da.

– E, shuyam ish boʻptimi? Yaxshi koʻraman, u qilaman, bu qilaman, deb yozib tashlayverasan-da.

– Shuni sen yozib bersang-chi? – dedi u koʻzlari chaqnab.

– E, tentakmisan? Men nima deb yozaman? Yaxshi koʻradigan sen.

– Yoʻq, dema, joʻrajon! Agar meni joʻram desang, yoʻq dema.

Kechlik ovqatdan soʻng otamning koʻzini shamgʻalat qilib, javonidan Ibrayim Yusupovning saylanmasini oldim va Sarvinozning chehrasini koʻz oldimga keltirib xat yozdim. Xatni “Sen men uchun dunyodagi eng yaxshi qizsan!” deb tugatdim.

 

* * *

Ertasiga dars boshlanmasdan oldin xatni Daryoboyga oʻqib berdim.

– Qoyil-e, soz qilibsan-ku! – dedi u mamnun boʻlib. – Endi buni Sarvinozga berishim kerak.

– Yur, birga beramiz, – dedim xavotirlanib va xatni qoʻliga tutqazdim.

Ikkalamiz Sarvinozning oldiga sekin borib, u bilan hol-ahvol soʻrashgan boʻldik. Daryoboyga imo qildim, xatni Sarvinozga tutqazdi. Qizning qiyiq koʻzlari katta-katta ochildi.

– Nima bu? – hayron boʻlib soʻradi.

– Oʻqib koʻrib, dars tugaguncha javobingni aytarsan, – dedi Daryoboy qizarib-boʻzarib.

Keyin Sarvinozni kuzatdim. U Daryoboy ikkimizga zimdan qarab-qarab qoʻyar, yonidagi puchuqburun Oygul bilan bir nimalarni pichirlashib, sekin kulardi. Daryoboy ikkimiz esa dars tugashini sabrsizlik bilan kutardik. Soʻnggi darsning qoʻngʻirogʻi chalinib, hammamiz oʻrnimizdan oʻrra turib, koʻchaga otilayotganimizda Oygul yonimizga kelib, menga toʻrt buklangan qogʻoz tutqazdi.  To oʻsha lahzaga qadar qilgan ishimdan qanchalik pushaymon boʻlishimni, Daryoboydan qasd olaman, deb boshlagan hazilimning tagi zil boʻlishini oʻylamagan edim. Daryoboy Oygulning xatni unga emas, menga berib ketganidan hayron boʻldi. Mening esa yuragim tez-tez urar, nafasim boʻgʻzimga tiqilib, peshonamdan ter chiqar edi. Xatda “Sen ham men uchun dunyodagi eng yaxshi yigitsan!” degan soʻzlar yozilgandi. Men Daryoboyning koʻziga qaray olmasdim. U menga bir zum shubhalanib, hayratlanib tikilib qoldi va qilgan ishimni sezdiyu shart burilib ketib qoldi.

Men xatga oʻzimning ismimni yozgan edim. Daryoboy esa, anqov, sodda Daryoboy menga shunchalik ishonganidan, xatni loaqal ochib ham koʻrmagandi. Men to oʻsha lahzagacha qilgan ishimdan huzurlanaman, uni boplab mot qilganimdan koʻnglim yayraydi, deb oʻylagan edim. Maktab dahlizida bir oʻzim soʻppayib qoldim. Yuragimni xuddi men dahlizda turganim singari huvillagan boʻshliq aro bir ogʻriq simillatib turardi.

Ovulga kelayotib, uning uyiga kirdim.

– Xafa boʻlma, joʻra! Men bir hazil qilmoqchi edim. Axir, sen ham nuqul meni masxara qilib, jigʻimga tegarding-ku!

U meni urmadi, soʻkmadi. Lekin, shunday qaradiki, urib, oʻldirib qoʻyaqolgani yaxshi edi. U nafrat toʻla koʻzlarini menga qadab, ayanchli jilmaydi.

– Lekin men hech qachon senga pastkashlik qilmagan boʻlardim. Agar “Men ham Sarvinozni yaxshi koʻraman” deganingda men indamay qoʻyaqolardim.

 

Uning bu gapi kechgacha miyamda aylanib, meni vijdon azobida kuydirdi. Oqshom koʻzim ilinmay hovlida oʻtirdim. Vaqtni orqaga qaytargim, qilgan xatomni toʻgʻirlagim kelar, lekin chorasizlik meni qiynardi. Osmonni bulut qoplab, oʻn besh kunlik toʻlin oyning yuziga qora tortdi. Atrof zim-zimiston boʻldi-qoldi va shivalab yomgʻir yogʻa boshladi…

 

Bayram AYTMUROD

1986 yili tugʻilgan.

Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida tahsil olgan.

Hikoyalari matbuotda eʼlon qilingan.

 

 

“Yoshlik”, 2018/4

 


[1] Otiz – dala, tomorqa.

[2] Qoraqalpoqlarda shunday ibora bor. Eng yaqin degan maʼnoni beradi.

[3] Uv – zahar maʼnosida.

[4] Yedige – qoraqalpoq xalq dostoni qahramoni.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.