Yuqumli odat

0
110
marta koʻrilgan.

Normurod ham koʻp qatori ichib turadi. Lekin kishini xursand qiladigani, u baʼzilarga oʻxshab “oʻchib” qolmaydi. Davralarda oʻtirib qolsa, sheriklarini birma-bir yiqitib, hech narsa koʻrmaganday turib ketaveradi. Shunga yarasha el-ulusning orasida hurmati baland. Baʼzi xotinlar mast boʻlaverib bezor qilib yuborgan erini: “Normurodga oʻxshab ichsangiz oʻlasizmi?” – deya yozgʻirishadi.

Buning ustiga, Normurod juda mehmondoʻst. Bot-bot ulfatlarini uyiga chorlab, ziyofat berishni yaxshi koʻradi. Oʻzi kambagʻalgina yigit, lekin himmati uncha-muncha boylarnikidan ziyod. Bir marta tuzini totgan odam ancha vaqtgacha uni ogʻzidan bol tomib maqtab yuradi.

Yaqinda Normurodnikiga uzoqroqda yashaydigan jiyani Mirzaboy mehmon boʻlib keldi. Bundan uning boshi osmonga yetdi. Togʻa-jiyan anchadan beri koʻrishmagani uchun bir-birini sogʻinib qolgan ekan. Kechqurun toʻkin dasturxon ustida rosa hangoma qilishdi. Birin-ketin boʻshayotgan shishalar ikkovining ham qulfi-dilini ochib yubordi. Lekin koʻp oʻtmay Mirzaboyning koʻzlari suzilib, oʻtirgan joyida chayqala boshladi. Gap-soʻzlaridan maza qochdi. Normurodning ikki yilcha oʻsal yotib, bultur qazo qilgan onasini eslab koʻziga yosh oldi.

– Bittayu bitta momomning qadriga yetmadim, togʻa! – dedi u koʻksiga mushtlab. – Uni hali-beri oʻladi deb oʻylamabman. Bilganimda kunda-kunora kelib ahvolidan xabar olmasmidim… Momojonim-ov!

Aslida mast boʻlishning ijobiy jihatlari ham yoʻq emas. Baʼzilar toʻyib ichsa, koʻngli yumshab, ancha odamshavanda boʻlib qolishadi. Mirzaboy ham rahmatli momosi kasal yotganida biron marta qorasini koʻrsatmagan edi. Ichkilikning sharofati bilan ana shu xatosini tan olib, chin dildan nadomat chekib oʻtiribdi.

Lekin shakarning ham ozi yaxshi deyishgan. Qoʻyib bersa, Mirzaboyning marhum kampirga atab marsiya aytadigan shashti bor. Normurod uni toʻshakka yotqizdi-da, goʻdakka alla aytganday bir amallab uxlatdi.

Normurodning ozgina irimkashligi ham bor. U ochilgan shishadagi aroq oxirigacha ichilmasa, choʻntakdan baraka koʻtariladi degan gapga ishonadi. Shuning uchun yarimlab qolgan “yarimta”ni oʻzi boʻshatib qoʻyishga qaror qildi.

Xullas, ayvonda yolgʻiz oʻzi bazm qurib oʻtirgan edi. Kutilmaganda mehmonxonadan uvullagan ovoz eshitilganday boʻldi. U avvaliga qoʻshnimizning kuchugi uliyotgan boʻlsa kerak degan xayolda unchalik eʼtibor bermadi. Ammo vahimali ovoz tobora zabtiga olib, bir chekkada uxlab yotgan xotini ham uygʻonib ketdi.

– Ichkarida boʻri uvullayaptimi?

Mehmonxonada jiyani yotgani esiga tushib, Normurodning kapalagi uchib ketdi. Xontaxtaning tagida yumalab yotgan boʻsh shishani qoʻliga olib oʻsha yoqqa yugurdi. Eshikni sharaqlatib ochib, mehmonxonaning chirogʻini yoqdi. Xayriyat, uyda boʻri yoʻq ekan…

Unda vahimali ovoz qayerdan kelayotgan ekan? Qavat-qavat koʻrpachada yalpayib uxlab yotgan Mirzaboy uyqusida osmonga qarab uv tortardi.

Odam bolasi chin dildan uvullasa, boʻri-yu shoqollar ham uyatdan yer chizib qolarkan. Mirzaboy ham bu ishning juda hadisini olgan shekili, choʻzib-choʻzib, ohangdor nola qilyapti. Baʼzan nafas olmasdan biriga ikkinchisini ulab yuboradi. Ovozida cheksiz gʻam-gʻussa, hasrat bor. Eshitgan odamning koʻngli buzilib, koʻziga yosh keladi.

Normurod xotinining oldida juda izza boʻldi. Jiyanini turtkilab-siltalab bir amallab uygʻotdi.

– Nega uvullaysan? Yoki biron joying ogʻriyaptimi? – deb soʻradi undan.

Kayfi tarqab ulgurmagan Mirzaboy javob oʻrniga qontalash koʻzlarini xunuk olaytirib qoʻyib, yana oʻzini toʻshakka tashladi. Normurod bir tekis yotsa ovozi oʻchar degan umidda uning boshidan yostiqni olib qoʻydi. Lekin hayal oʻtmay jiyani yoqimsiz xonishini qolgan joyidan davom ettirdi. Uning dastidan Normurod ertalabgacha mijja qoqmay chiqdi.

Mirzaboy choshgohga yaqin hech narsa boʻlmaganday bardam-xushchaqchaq boʻlib uygʻondi. Aftidan, oqshom uvullaganida ichidagi gʻuborlari yuvilib ketgan boʻlsa kerak. Lekin Normurodning ahvoli maqtagulik emas edi. Uyqusizlikdan kallasi battar ogʻirlashib, qovoqlari doʻmbiraday shishib ketgan. Quloqlarining tagida qovogʻarining gʻoʻngʻillashiga oʻxshagan shovqin eshitiladi. Nahorlikda bir-ikki piyola ichsam oʻzimga kelarman deb umid qilgan edi. Lekin bu tadbir ham kor qilmadi. Mirzaboyning esa battar qulfi-dili ochilib ketdi. U ancha vaqt bir nimalarni valdirab oʻtirdi, biroq Normurodning qulogʻiga hech narsa kirgani yoʻq.

Nihoyat Mirzaboy togʻasining dasturxoni enigayam-boʻyigayam kengayishini tilab duo qilib, oʻrnidan turdi.

– Bir-birimizdan uzoqlashib ketmaylik, togʻa, – dedi u keta turib. – Vaqt topib siz ham biznikiga yotadigan boʻlib boring. Miriqib gurunglashamiz.

– Nasib… – deya gʻoʻldiradi Normurod yon tomonga qiyshaya boshlagan kallasini qoʻli bilan toʻgʻrilab qoʻyib.

Mirzaboy u bilan quyuq xayrlashib, uyiga joʻnadi. Normurod kun boʻyi jiyanining ahvolidan qaygʻurib yurdi.

– Odam haddini bilib ichmasa qiyin-da, – dedi u kechqurun xotiniga. – Shoʻrtumshuq bu ketishda adoyi tamom boʻladi. Buguncha mehmon deb izzatini qildim. Biron kun uyiga borib, yaxshilab nasihat qilib kelmasam boʻlmaydiganga oʻxshaydi. Jonday jiyanim, ichim achiydi-da.

Koʻp oʻtmay Normurod togʻalik burchini ado etish uchun jiyaninikiga yoʻl oldi. Shu ketganicha ertasi kuni shomga yaqin chayqala-chayqala uyiga kirib keldi. Mirzaboynikida ham mehmondorchilik quyuq boʻlgani koʻrinib turardi.

– Jiyanni rosa tuzladim, – dedi u xotiniga maqtanib. – Biznikida qilgan bemazagarchiligini… roʻy-rost betiga aytdim. Odam degan boʻriga oʻxshab ulisa, hayvondan nima farqi qoladi… dedim. Ogʻzimga kelganini qaytarmadim. Nasihatim taʼsir qildi kallavaramga! Shoʻrqillab yigʻlab qoʻyaverdi… “Keliningiz ham shu odatimni yuzimga solaverib bezor qildi. Tavba qildim, togʻajon, ertadan boshlab ichishni kamaytiraman” deb soʻz berdi… Ishqilib, borganim yaxshi boʻldi, xotin…

– Ha, qoyillatibsiz, – uni maʼyus kuzatib oʻtirgan xotini maʼnoli bosh chayqab qoʻydi.

Normurod jiyaniga pand-nasihat qilaverib charchagan shekilli, bir piyola choy ichishga ham holi kelmay uxlab qoldi. Xotini odatdagiday roʻzgʻor tashvishlari bilan andarmon boʻlib kechroq yotdi. Lekin koʻzi ilinar-ilinmas shundoqqina yonida eshitilayotgan allaqanday qoʻrqinchli ovozdan choʻchib uygʻonib ketdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, qavatida chalqancha uxlab yotgan eri doʻrdoq lablarini choʻchchaytirgancha boʻri boʻlib uvullardi…

Xullas, boyaqish Normurod savob ish qilaman deb kutilmaganda shunday illatga duchor boʻlib oʻtiribdi. U juda oriyatli yigit. Kunda-kunora uvullab, uydagilarning ham, qoʻshnilarning ham tinchini buzayotganidan doim koʻngli xijil boʻlib yuradi. Oʻzini dami oʻtkir domlaga oʻqitdi, qoʻshnoch kampirga alaslatdi, lekin foydasini sezmadi. Yaqinda azza-bazza shaharga borib, katta doʻxtirlarga ham koʻrinib keldi. “Hozircha bu kasallikning davosi topilgani yoʻq, – deyishibdi ular. – Biron yangilik boʻlsa, oʻzimiz xabar beramiz. Ungacha siz bemalol uvullayvering, buning hech qanday zarari yoʻq”. Shundan beri Normurod umid bilan doʻxtirlarning xabarini kutib yuribdi.

 

Gʻafur SHERMUHAMMAD

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.