Yovvoyi mushukning muhabbati

0
343
marta koʻrilgan.

Mehmet TOSHTEMIR

 

Hech kim tushdagi roʻyolar ichra yashashni istamas zotan. Siniq, parishon tushlar oʻlimga oʻxshagan allanechuk sovuq hislar uygʻotadi qalbda. Tomdan tarasha tushganday nega sizga bundan gap boshladim, bilmayman.

Siz oʻylaganingizchalik erkatoy, bebosh emasman. Siz meni inson kabi muloqot qilayotganimga qaramang. Aslida bir tayin-turugʻi yoʻq, koʻchadan panoh topgan daydi, yovvoyi mushukman. Koʻcha menga pushti panoh boʻlganiga ham besh yil boʻldi. Jajjigina mushuk bolasi boʻlganimda neqadar baxtli edim. Onam zotdor uy mushugi edi. Biz yashaydigan xonadon bekasi Hijron xonim nihoyatda lobar ayol edi. Hatto qop-qorongʻu tunda ham husni yarqirab, koʻzni qamashtirar, rang barang liboslar bilan orolanganida esa hammani sarxush qiladigan goʻzal jonon edi. Onam ham goʻzallikda undan qolishmasdi. Oppoq, momiq tuklari koʻz quvnatardi. Harakatlari nazokatli, goʻzal edi. U yogʻini soʻrasangiz hamma mushuklar ham goʻzaldirlar. Axmoqlargina mushuklarni kamsitadi, yalqovlikda ayblaydi va ularning goʻzalligini koʻrolmaydi. Aslida mushuklarning dangasalik boʻlib koʻringan yuvvoshligi ortida chaqqonlik yotadi. Tugʻilganidan odobli, farosatlidir mushuklar. Ulardagi nazokat odobining toji hisoblanadi. Oʻrni kelganda aytib qoʻyay, mushuklarni nonkoʻr deydilar. Agar biror mushuk kimgadir nonkoʻrlikka oʻxshagan munosabat qilgan boʻlsa, oʻsha kimsa qilgʻiligiga yarasha javob olibdi! Mushukning koʻrnamakligi – oʻziga nisbatan haqorat va kamsitishga berilgan javobdir.

Hijron xonim onamni hech masxara qilmasdi. Biror marta onamning boshiga turtmadi. Axir onam zotdor mushuk edi-da! Onam xonimini shu qadar sevardiki, bu muhabbat uni sohibasining sevimli aksessuari darajasiga koʻtardi. Yaʼni Hijron xonim qayerga bormasin onamni quchogʻida koʻtarib ketardi. Har hafta onam bilan Hijron xonim sartaroshga borishardi. Tunda birga yotardilar. Bu hol menga yomon taʼsir qilsa-da, bilintirmaslikka harakat qilardim. Toʻgʻrisiyam-da, Hijron xonim onamni quchib yotishi ortiqcha edi endi. Ona degani bolasi bilan yotmasmi?! Oʻzimni yetimday his qilardim. Onamning Hijron xonim bilan uxlaganini oʻylab tuni bilan yigʻlab chiqardim, ustida yotganim – toʻshanchiq hoʻl boʻlardi koʻz yoshlarimdan. Tushlarimda onamni koʻrardim. Koʻzlarimni ochib onam tomonga chopardim. Hijron xonim sepgan ifor hidi anqib turgan onamni quchardim. Soʻng Hijron xonim meni koʻtarib toʻshanchigʻim ustiga olib kelib qoʻyardi. Men ham ular bilan bilan yotsam nima qilardi? Bilmadim, onamga hech bu haqida soʻz ochmagandim. Baʼzan Hijron xonim juda gʻazabga toʻlardi. Qoʻliga nima tushsa otqilab, asabiylashib erini kutardi. Shu holida ham bir qoʻli bilan onamning boshini silardi. Onam uning ahvoliga eʼtibor bermagandek, jimgina oʻtirardi.

Hijronning eri har doim xotinidan keyin yotoqqa kirardi. Uyatsiz, demasangiz aytaman: ular uzoq oʻpishishardi. Hijron nozlanishni boshlagan sari men ularni poylashga tushardim. Onam qoʻyib bersa-ku, bunaqa paytda yugurib borib oʻrtalariga kirib olardim. Nima qilardilar meni? Nari borsa oyoqlarimdan ushlab yotoqdan uloqtirardilar. Lekin hech bu ishga jasorat qilolmadim-da.

Har kecha bu manzara takrorlanardi.

Bir oqshom hech kimga bildirmay uydan qochib chiqdim. Zerikib, siqilib ketgandim shu uyda. Ammo yuragimda gʻazab, araz boʻlmasa, rohatli uyni, issiq toʻshanchigʻimni, onamni, mehrli qoʻllarni tashlab oʻzimni ishonchsizlikka toʻla oxiri-boshi yoʻq koʻchalarga, ochlikka, kichik peshonamga yopishgan tuzalmas yara kabi baxtsizliklarga tashlarmidim? Isyon – juda qimmat taqinchoqdir. Koʻchani oʻzlariga makon qilganlar oʻlimni choʻntaklaridagi biletday oʻzlari bilan birga olib yuradilar. Koʻcha – oʻlimday yoʻqotishlar makonidir. Bilmaganlar uchun yoʻqotish, koʻchada yashaydiganlar uchun esa haqiqiy tragedik asarning oʻzginasi! Koʻchada vaqt juda uzun kechadi. Yovvoyi mushuk uchun vaqt faqat ochlikdan iboratdir. Ammo sovuqni qanday unutaman men? Onamnikiga oʻxshagan koʻzni qamashtiradigan tuklarim qisqa paytda echkining juniga oʻxshab qoldi. Yuragimda dard, azob, xavotir koʻtarib yurgandim. Qayerga qaramay, oxiri oʻlim bilan tugashi muqarrar tuzoq koʻrinardi.

Uyni juda sogʻinardim. Ammo endi u yerga qaytolmasdim. Onam mening dardimda oʻlib ketgandi. Hijron xonim oʻziga boshqa bir mushuk topib olgandi. Qaysi bir mushuk edi u? Juda qiziqardim Hijron xonimning yangi mushugini koʻrishga. Onam kabi goʻzalmikan uyam? Hijron xonim goʻzallik shaydosi edi. Shuning uchun ham duch kelgan mushukni uyiga kirgizavermasdi. Agar unikiga borsam, onamga oʻxshaganim uchun balki meni qabul etarmidi? Avval meni hammomga tushiradi, soʻng vujudimdan koʻcha izlarini yoʻqotardi… Ammo… ruhimga koʻcha qusurlari singib ketgan-ku!

Uydan qochganimdan beri Hijron xonimni oʻylamagan, uni sogʻinmagan kunim boʻlmadi. U meni besh yildan beri biror marta ham koʻrmadi. Lekin men uni har kuni koʻraman. U hatto mening uni koʻrishimni xayoliga ham keltirmaydi. Xuddi hozirgidek. Ana yana yomgʻir boshladi. Hijron xonim pushti soyabonini ochdi. Ustiga yarashiqli palto kiygan. Sochlari qop-qora, tekis, uzun. Quv koʻzlari atrofga oʻyinqaroqlik va shoʻxlik bilan boqadi. O, Tangrim, bu qadar goʻzallik?! Bir zumda qarshisidan chiqib unga boʻlgan tuygʻularimni izhor etgilarim keladi. Oradan qancha yil oʻtdi. Meni tanimasa ham kerak hattoki. Balki meni bir tepib yoʻlida davom etar? Ammo bunchalik deb oʻylamayman. Hijron xonim bu qadar dagʻal emasdi. Faqat koʻnglimni oʻrtagan bir savol bor; shu paytga qadar unga tuygʻularini ochgan biror mushuk boʻldimikan? Eng yaxshi yoʻl – uning ortidan tushib, kuzatish!

Mana, soyabonini yigʻishtirdi. Bogʻ eshigidan ichkariga kirdi. Endi koʻrolmayman uni. Otga qoʻshilgan arava eshigining qars etib yopilgan ovozi eshitildi. Oradan biroz payt oʻtib yana qaytib chiqdi. Devor tagida biqinib uni kuzata boshladim. Balki sartaroshga bormoqchidir? Yuzida mamnunlik tabassumi zohir edi. Teatr yoʻlini tutdi. Ha, demak taxminim yanglish chiqmadi. Bu yomgʻirli havoda eshik oldida kutish jonimni hiqildogʻimga keltiradi. Ammo Hijron xonim koʻz oldimda ekan, hech qanday mashaqqat pisand emas. Nam suyak-suyagimdan oʻtib ketsa ham gʻam yemayman.

Bir payt ortiga oʻgirilib menga qaradi Hijron. Meni koʻrdi deb oʻyladim. Yuragim toʻxtab qolgandek boʻldi.

Uydan qochmasaydim Hijronning quchogʻida boʻlardim, uning ichimni titratgan taftini his qilardim hozir. Balki hech nimadan bexabar, baxtiyor tabassum bilan uxlab yotgan boʻlarmidim? Hatto tushlarimda ham Hijronning qoʻllari boshimni silardi. Ammo endi bularning bari – xayol! Umrining besh yilini koʻchada oʻtkazgan mushukni kim ham uyiga chorlardi?! Tabaqalanish hayot yoʻllarini ayricha etadi. Insonlar tabaqalanishni osonlikcha qabul etmaydilar. Odamzod oʻziga oʻxshagan mushukni oʻziniki qiladi. Mushuk egasiga oʻxshasagina hurmatga erishadi. Gʻalati paradoks; uy mushuklari koʻchani orzu qiladilar. Goʻyoki koʻchada ularga erkinlik beriladi, uyda esa bir buyum kabi his etadilar oʻzlarini. Koʻchadan ayri yashash mushuklarni gʻamgin etadi. Ammo uy halovat boʻlsa, koʻcha donishmandlikdir mushuk uchun. Menimcha har bir mushuk qalbida inson siyrati yotadi.

Ha, mayli, bu gaplar oʻz yoʻliga. Koshki shu on Hijronimning ovozini eshitardim. Ovozi oʻzgarganmikan? Balki oʻsha-oʻshadir. Uning shirin sasini eshitsam, oʻzimdan ketib qolsam kerak. Uning borligini oʻylasam aql-hushimdan judo boʻlaman. Bu telbalikning oti – ishqdir.

Goʻzallik salonida sartarosh Hijronning sochlarini tarayapti. Hijron har doimgidek suluv boʻlib oynaga qarayapti. Undan ajib ifor taraladi. Hidini tuyayapman shu onda. Ahd qildim – Hijron goʻzallik salonidan chiqqan zahoti qarshisiga chiqaman. U koʻcha mushugining sevgisini jiddiy qabul qilmasligini, hatto meni mazax qilishini-da bilaman. Nimadan qoʻrqishim kerak? Biz yovvoyi mushuklar insonlarga oʻxshaymiz. Ayrim insonlar “qilt” etmay jinoyat qila oladilar. Sevgisini izhor qilish jinoyat emas-ku? Aksincha, ishqiga iqrorlik qahramonlikdir! Menga nima ham boʻlardi? Shundogʻam koʻchada doim oʻlim bilan quchoqlashib yotaman. Hijronga “sizga oshiqman” deganim bilan meni oʻldiradimi? Besh yil ichida shu ikki soʻzni aytish uchun oʻzimda jurʼat topmadim-ye! Koʻcha mushugi boʻlsam-da, tomirlarimda odamiylik fazilatlari bor. Sevish uchun jasoratga ehtiyoj boʻlmaydi, ammo ishqni oshkor etish uchun jurʼat lozim! Suhbat mavzusidan uzoqlashsam-da, aytib qoʻyay, qahramonlik koʻpincha ojizlar ogʻzida safsataga aylanadi. Shuning uchun “oʻzidan qahramon yasayaptimi” deya meni xoʻrlamang, iltimos. Zotan shu kunlarda hattoki eng yomon kishilarning ham shafqatiga muhtojman. Koʻcha emas, rad etilish qoʻrquvi yolgʻizligimni battaroq vahimali qiladi.

Sartarosh qiz Hijron xonimning sochlarini turmaklab qoʻydi. Birozdan keyin chiqadi. Hanuz koʻrmayaptimi meni? Biroz yurgach unga sevgimni izhor qilaman. Yomgʻir ham tinmadi-ya! Hech qachon hozirgidek titrab-qaltiramagandim.

Nihoyat sartaroshxonada ishi bitdi. Sartarosh qiz Hijronga paltosini tutib, sumkasini uzatdi. Hijron xonim xuddi ertakdagi parilardek goʻzal boʻlib qoldi. Yuragimni gʻarib bir ogʻriq kemiradi husniga termulganimda. Yarador yurak goʻyoki tubsiz jarlik kabidir. Yuragida yarasi borlarning ovozi xuddi jarlikka tushib ketib, undan qanday chiqish yoʻllarini bilolmyotgan chorasiz kishilarning tovushiday dardli, iztirobli chiqadi. Hozir ikki-uch qadam yurganimizdan soʻng men ham ana shunday ojizona va gʻarib ovozda unga ishqimni izhor etaman.

Hijron xonimning ortidan yura boshladim. Oramizdagi masofa besh metr ham kelmaydi. Bir zum toʻxtadi, oʻgirilib qaradi. Koʻzlarimiz toʻqnashdi. Yuragim tanamdan chiqib ketgulik boʻlib potirlayapti. Kulimsirab qoʻydi menga. Egilib orqamni, loy, kir boshimni siladi. Ajabo, meni tanidimikan? Shaxdim kesildi. Aytmoqchi boʻlgan hamma gapimni unutdim. Parishon va kir holimda mendan irganmay quchogʻiga oldi. Balki bugundan boshlab iztiroblarim tugab-bitar?

Uyga keldik. Hech kim yoʻq odatdagidek. Meni xonasiga olib kirdi. Bir paytlar menga azobli orzular bergan tunlarni xotirladim. Muattar iforli suvlarda choʻmilganlarim koʻz oldimga keldi. Qornim toʻydi, isindim. Besh yildan soʻng ilk bora oqshomni huzurlanib qarshilayotgandim.

Tunda Hijron uyquga ketdi. Mening esa koʻzlarimga uyqu kelmasdi. Hijronning boshiga borib yuziga tikildim. Uy tor qafas kabi ruhimni siqa boshladi. Shaxd bilan koʻchaga otildim.

Hijron hanuz uyquda. Yer loy, nam. Bir burchakka tiqilib Hijronni oʻyladim. Men yovvoyi mushukman. Ruhim koʻchaga mansub. Xayollarim ustiga pagʻa-pagʻa qor tushmoqda. Hurpayib uvishib yotibman…

 

Turk tilidan Umida ADIZOVA tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2017–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.