Yongʻoq izlab…

0
257
marta koʻrilgan.

Kuzda mehnat taʼtiliga chiqaman. Bizda oʻn besh ish kuni bu. Lekin oʻzimning hisobimdan qoʻshtirib, bir oy qilib olaman. Bekorgamas. Qishlogʻimga boraman-da, akamga yordam beraman. Nima koʻp, Forishda qishloq koʻp. Har qir oshganingda bir qishloq. Ularni oralab yongʻoq yigʻamiz. Rostini aytsam, men shu taʼtil vaqti yongʻoq yigʻmayman, mening yigʻarim boshqa narsa.

 

Pari momo

 

– Yongʻoq olyapsanmi, bolam, – deydi ozgʻingina, yongʻoq poʻstini tozalaganidan qoʻllari qorayib ketgan momo menga dadil boqib.

– Ha, – deyman jilmayib. Buni menga akam oʻrgatgan. Agar kulib qarasam, sotarmon tez erir ekan.

– Qanchadan olyapsan?

– Har xil, olti minggacha.

– Hmm, yaxshi olarkansan. Lekin men vaʼda qilib qoʻyganman.

– Zakalat olmaganmisiz? – deydi akamning oʻrtogʻi Sodiq aka (u kishi men bilan mashinasida yongʻoq yigʻishga chiqadi).

– Nima deysan? – momo diqqat bilan tikiladi.

– Uchidan pul olmaganmisiz? – bosh barmogʻim bilan koʻrsatkich barmogʻimni bir-biriga ishqalab ishora qilaman.

– Yoʻq, lekin lafz qilganman.

– Kim bilan? Men taniymanmi?

– Qizil “Damas”da keladigan yigit bor-ku, oti nimaydi, Lazizmidi?

– Ha, Laziz, – deyman kulib, – u kishi akam boʻladi. Hozir shaharga ketgan magʻiz topshirgani. Shunga men keldim.

– Aldama meni. Uyat boʻladi. Yongʻoqsiz qolsang ham yolgʻon gapirma.

– Rost aytyapman, momo, – ishontirishga urinaman. – “367” “Damas”i bor. Qizil.

– Raqamini bilmayman.

– Men oʻxshamayapmanmi akamga?

– Yoʻq, u shilqim emas senga oʻxshab.

– Qanaqa shilqimlik qildim, momo, – deyman jahlim chiqqanini yashirmay.

– Lafz qildim, deganimni eshitsa, u allaqachon ketgan boʻlardi. Sen esa hali ham oldimdasan.

Endi gapim ortiqcha ekanini tushunaman. Akamning oʻzi kelmasa, bu momodan yongʻoq olib boʻlmaydi.

– Telefon qilib berayinmi, gaplashasizmi? – deydi Sodiq aka yongʻoqdan umidini uzgisi kelmay. – Narxini kelishgan boʻlsalaring olib ketaveramiz-da. Baribir bir joyga boradi hammasi.

– Hammamiz ham bir joyga boramiz, – deydi achchiqlanib momo.

– Ismingiz nima, momo? – deyman gapidan zavqlanib. – Uyga borganimda akamga aytaman, oʻzi kelib oladi.

– Ma, – deydi xalatining choʻntagidan uch-toʻrtta yongʻoq chiqarib. – Akangga bersang, oʻzi biladi.

Rostdan ham, akam bu qishloqdagi qaysi yongʻoqni koʻrsatsangiz egasini, egasini aytsangiz yongʻogʻi qanaqa ekanini aytib beradi. Axir, oʻn yildan beri shugʻullanadi bu ish bilan.

– Mayli, – deyman momo bergan yongʻoqlarni qisib koʻrib. – Oq magʻizmi?

– Sendan shaharning isi kelyapti, – deydi momo savolimga javob bermay. – Qishloqning bolasi boʻlganingda, qirs qilib chaqqan boʻlarding hozir. Qohati bu. Bu yil kamroq soldi. Baribiram poʻstlogʻi yupqa.

Ishonmaganimdan qattiqroq qisib koʻraman yana. Yorilgan poʻstloq ichidan pilladay oppoq magʻiz koʻrinadi.

– Shuni bizga soting, – deyman ichim qizib. Axir, bunday chiroyli magʻizning narxini bilaman – da. – Akam aytganiga besh yuz qoʻshaman.

– Meni kim deb oʻylayapsan? – deydi momo hovlisi sari yurib. Keyin bir nima esiga tushgandek ortiga qaytadi. – Lazizga telefon qil. Akang boʻlsa bir gaplashay.

Umidvor boʻlib akamning raqamlarini teraman, ovozini balandlatib telefonni momoga uzataman.

– Lazizmisan? – deydi momo u tomonda javob boʻlgach. – Mana bu sening ukangmi?

– Ha, – deydi akam. – Pari momo sizmisiz?

– Ha, oʻsha momongman.

– Ukam boʻladi shu bola, menga yordamlashayapti. Yongʻoqni tozalab boʻlgan boʻlsangiz, momo, undan berib yuboravering.

– Sen aytib ketgan pulga besh yuz soʻm qoʻshib berarmish, yongʻoqni bersam, – deydi momo boshini egib, bir nuqtaga tikilgancha. – Senga yordam beradigan bola shunaqa boʻlami?

– Bermaganingizga aytishgan-da, momo. Oʻzi yaxshi yigit, Samarqandda ishlaydi.

– Qoʻy, bolam, senga lafz qilganman. Koʻzingni koʻrmasam, baribir koʻnglim xijil boʻlaveradi. Berolmayman.

– Mayli, momo, indinga oʻzim boraman…

– Negadir shu yigitni yaxshi koʻraman, – deydi momo telefonni menga berayotib. – Pulida baraka bor.

Akamga oʻxshamaganimdan uyalib ketaman.

 

Izzat

 

– Orif aka bormi? – deyman akam aytgan kishining uyini surishtirib topgach, yoʻqlab borganimda uyidan chiqqan qizga.

– Yoʻq, – deb javob beradi qiz.

Nigohlarim qizni boshidan tovoniga qadar suratga oladi. Qaldirgʻoch qanotlarini-da yoʻlda qoldiruvchi qoshlar, qoshdan-da tim qora koʻzlar, silliq taralib, bitta qilib oʻrilgan sochlar va ularning barchasini mukammal etib, goʻzal libosga oʻralgan qaddu – qomat.

– Yongʻoq bor degan ekan, – deydi Sodiq aka, qiz savol nazari bilan qarab turgani uchun oydinlik kiritadi.

– Toʻyga ketgan edilar. Qishloqni aylanib, qaytishlaringda soʻrab oʻtinglar, balki ungacha kelib qolarlar.

– Onangiz ham yoʻqmi? – deyman umid bilan.

– U kishi ham ketgan edilar toʻyga. Uyda boʻlganlarida ham sizga benaf. Bizda savdoni erkak kishi qiladi.

– Unda akangizmi yoki ukangiznimi chaqiring.

– Akam oʻqishda, ukam esa dadam bilan birga. Toʻyda.

– Siz ham bormabsiz – da, – deyman piching qilib, – Hovlini, ana, – tilini chiqarib bizga qarab oʻtirgan itga ishora qilaman, – olapar qoʻriqlab turardi.

– Hali ham shunday boʻladi, – deydi qiz kinoyamni havoga sovurib. – Bazmgacha boraman-da.

– Unda bizga yoʻlboshchi boʻling, Orif aka bahonasida toʻy yeb qaytardik.

– Bahona qidirmay boravering. Bizning qishloqdagilar taklifnomasiz ham kiritaveradi toʻyxonaga.

– Yomon chiqdi-ku bu qiz, – deydi Sodiq aka sekin shivirlab. – Gapdonlikni qoʻy, soʻz topolmay qolmasingdan ketaylik.

– Shoshmang, – deyman qoʻl silkib qoʻyib, keyin qizga soʻzlanaman: – Toʻgʻriku-ya, lekin Orif akaning tanishlari ekan deb toʻrga oʻtkazib yuborarmidi deyman-da.

– Telefon qilib aytib qoʻyaman, – deydi qiz nim tabassum bilan. – Borgunlaringizcha toʻrdan joy ajratib qoʻyishadi. Ammo ilik yetmay qolsa, oʻpkalamay ketasiz-da.

– Xoʻp, – deyman Sodiq akaga ketdikmi deb ishora qilib, – Iligimiz toʻq, ilikka muhtojligimiz yoʻq.

Qiz bir zum jimib qoladi. Mashinamiz joyidan jilayotgan paytda chaqiradi:

– Hoyo aka!

– Toʻxtang-chi, – deyman Sodiq akaga. – Tinchlikmi?

– Men hazillashdim, ammo oʻzingiz birinchi boshladingiz…

Sodiq aka signal chalib, gazni bosadi. Men esa xayrlashganday qizga qoʻl siltab qoʻyaman.

– Qanday, – deydi Sodiq aka toʻyxonani soʻrab ketarkanmiz, – bopladi-ya?

– Maza qildingizmi?

– Ha-da.

– Endi unga nisbatan fikringizni ayting.

– Tashqaridan qarasang, shaddod, betgachopardek, lekin toʻgʻri qildi. Sen bilan laqillashib oʻtirsinmi…

– Toʻgʻri qilmadi, – deyman ichimda qizni oqlasam-da. – Biz mehmon edik. Tanimagan, bilmagan odamiga ham shunday gapiradimi?

– Qanaqa mehmon?! – deb qizishadi Sodiq aka. – Biz kliyentmiz. Sen yongʻoqqa emas, oʻziga xaridor boʻla boshlading. Oʻzing aytganingday mehmon boʻlsang, izzatingni bilishing kerak edi. Endi nima deb oʻzingni oqlaysan.

Sir boy bermaslik uchun kiftimni qisaman.

 

Dallol

 

Toʻyxonadagilar sira qoʻyishmagach, ichkariga kirdik. Dasturxonga palov tortgan chogʻda bir kishi kelib salom berdi, keyin oʻzini tanishtirdi.

– Ismim Orif, soʻrab kelgan ekansizlar? – Yuziga qarab asabiylashganini sezaman, lekin oʻzini sipo tutishga urinadi. – Men boyvachcha bilan edim. Kutib ololmadim, uzr.

– Boyvachchangiz kim? – deyman oʻzimni tanishtirib.

– Uka, – deydi Orif aka ovqatga ishora qilib. – Sizlar ham qishloqning bolasisizlar. Shu paytgacha qishloqlaringda birortasi toʻy-maʼrakasiga ofitsiant olib kelganmi?

– Yoʻq, – deymiz Sodiq aka bilan bir-birimizga qarab.

– Bizning olifta ukamiz esa shahardan oltita yigit olib kelibdi. Nima emish, “Toʻyimda hamma maza qilib oʻtirsin” emish. Toʻyda kuyovdan boshqasi xizmat qiladi, oʻynaydi. Mana shu-da mazasi. Otasi yer boʻlib oʻtiribdi. Buni tushunmaydi boyvachcha kuyov bola. “Sen bilan yelka tirashib katta boʻlgan joʻralaring oʻlganmi?” dedim, oxiri jahlim chiqib. “Koʻpchiligi uylanganda toʻyiga kelolmaganman, xizmat qilmaganman. Ular ham qaytarsa kim qiladi xizmatni?” deydi oʻzini oqlamoqchi boʻlib. Shu ham gapmi, ukalar?! Toʻgʻri, nomus qilayotgandir, ammo sababi bordirki, kelolmagandir. Qolaversa, yuziga soladigan nomard boʻlganida shu paytgacha nomi chiqardi. Bir haftadan beri qishloq shu yerda, hech kim oʻzini tortgani yoʻq. Bugun bu shunday qilsa, ertaga yana bitta ahmoq chiqadi-da unga ergashadigan, “Toʻy-maʼraka qilsam, ofitsiant olib kelaman”, deb elga el boʻlgisi kelmaydigan. Odamning kimligini bildiradigan shu toʻy bilan aza-ku, toʻgʻrimi? Maxtumquli aytganmidi, “Maʼrakada oʻtirib turishin koʻring”, deb? Uzr, ukalar, qizishib ketdim. Sizlar ovqatdan olaveringlar. Qonim qaynab ketdi-da. Oxiri chidolmaganimdan boʻralatib soʻkdim. Haqqim bor-da, otasi bilan amakivachchamiz. Anavi xizmatga kelgan yigitlarga bittang turib xizmat qilmaysan, deb aytdim. “Mehmonday oʻtirib, yeb – ichinglar. Keyin oʻzim olib borib qoʻyaman shaharga. Pulingniyam beraman”, dedim, bittasi taraddudlanib turgandi. Pul odamning oridan azizmi?!

– Biz aslida sizni yoʻqlab kelganmiz, yongʻoq yigʻib yurgan edik, – deydi Sodiq aka muddaoga koʻchib. – Uyingizni soʻragan edik, bu yoqdaligingizni aytishdi.

– Men bugun boʻshamayman. Yigitlardan birortasini qoʻshib yuboraman. Yongʻoqni koʻringlar, keyin insofga qarab narx qoʻyib olib ketaveringlar. Men Lazizni bugun koʻrgan emasman, oʻrtamizdagi yongʻoqni puchga aylantirmanglar.

Borligʻimni egallab borayotgan allaqanday vahm bilan toʻyxonadan chiqaman. Endi men xaridor emas, akam va Orif aka oʻrtasidagi dallolman.

 

Mehrning aksi

 

– Kelinglar, kelinglar! – ochiq chehra bilan kutib oladi Mehrigul opa (ismini keyinroq bilib olganmiz).

– Assalomu alaykum, – darvozadan ichkariga kirib salom beraman opaga. – Yongʻoq olib yurgandik.

– Yaxshi-yaxshi, – deydi opa, keyin uyi tomonga qarab oʻgʻlini chaqiradi. – Davron, bu yoqqa qara, bolam. – Davron chiqib kelgunicha, bizni temir chorpoyaga taklif qiladi. – Havo ham isib ketdi. Hozir tarvuz soʻyib beraman. Bir salqinlab olinglar.

– Opa, tashvishga qoʻyamiz sizni, – deyman xijolat tortib. – Biz qaytamiz. Yongʻogʻingiz boʻlsa koʻraylik.

– Xijolati bormi? Musofir boʻlsalaring. Mana, Davronim ham yaqinda chet eldan keldi. Boshidan oʻtkazganlarini aytsa, yigʻlab yuboribman. Hamma oʻzbek boʻlolmas ekan. Boʻlolmaydi ham.

– Biz shu yerning bolasimiz, opa, – deydi Sodiq aka. – Lazizni taniysizmi? Qizil “Damas”i bor. Joyi kelsa, kirakashlik qiladi. Mavsumida tarvuz-qovun sotadi. Mana, endi yongʻoq yigʻyapti. Bu ukasi boʻladi, – deb meni koʻrsatadi. – Yordamga kelgan. Birga yuribmiz.

– Tilla bola-da, – deb menga tikiladi Mehrigul opa. – Akang kam boʻlmasin, baraka topsin. Menga koʻp yordami tekkan. Davron chetda, kattam Toshkentda. Nabiralar bilan qolgan paytlarim qishloqqa yoʻli tushsa, nimani iltimos qilsam yoʻq demaydi. Roʻzgʻor-da, hali u, hali bu kerak boʻlib turadi. Tuman markaziga borib-kelishning oʻzi boʻlmaydi. Shunaqa paytlar “Uka, yana qachon kelasiz, menga falon narsa kerak edi”, desam, aytgan narsamni olib kelib berib ketadi. Baraka topsin, ilohim. Menda telefon nomeri ham bor. Davronim kelguncha ham bir-ikki telefon qilib u-bu tayinlaganman. Endi aytay desam, oʻgʻlim unamaydi, tashvishga qoʻymang, deb.

– Toʻgʻri-da, – deb gapga qoʻshiladi Davron, – u kishining tashvishi kammi? Aytishga uyaladi odam. Yozda kelib qolishsa, ikki-uchta qovun bilan tarvuz tashlab ketisharkan. – Xijolat tortasan kishi.

Akam haqidagi iliq soʻzlardan toʻlqinlanib ketaman.

Tarvuzni yeb boʻlgach, dasturxonga duo oʻqib, oʻrnimizdan turamiz. Shunda Davron bir qop yongʻoqni olib chiqadi. Chaqib koʻrmoqchi boʻlsam:

– Shartmas, – deydi Mehrigul opa. – Bu akangga, dehqonchiligimizdan.

– Akam olmaydi, – deyman qatʼiy qilib. – Feʼlini bilsangiz kerak, opa?

– Unday boʻlsa aytmaysizlar-da, – deb kuladi opa. – Oʻng qoʻling berganini chap qoʻling bilmasin deydi-ku.

– Sotsangiz olib ketaman, boʻlmasa qoladi yongʻogʻingiz, – deyman nima deyishni bilmay.

– Buni atab olib qoʻygandim. Sotiladiganlarini keyinroq aytarman, sotadigan paytimda. Hozir pulga zaruratimiz yoʻq.

– Bitta ish qilaylik, – deydi Davron. – Laziz aka berganingiz bilan baribir bir qop yongʻoqni olmaydi. Duongiz yetadi, deb ketarkan-ku. Shuning uchun hamma yongʻoqni olib ketishsin. Sotib, puldan foydalanib turishsin. Bu yerda turganidan nima naf?!

Menga yaxshi yoʻldek tuyiladi bu ish. Lekin yongʻoqni olib kelganimni eshitgan akam mendan ranjiydi.

– Bekor qilibsan. Bir oymi, ikki oymi oʻtib, yongʻoqning narxi oshsa afsuslanishadi. Yaxshi ish boʻlmabdi.

Shunday deb Mehrigul opaga qoʻngʻiroq qiladi:

– Opa, ukam xato ish qilib kelibdi. Pul kerak boʻlgan vaqti aytsangiz, oʻsha paytdagi narx bilan beraman pulni. Agar narx-navo tashlasa, bugungi narx bilan. Boʻlmasa, yongʻogʻingizni ololmayman…

Mehrigul opa rozi boʻlgach, goʻshakni qoʻyadi.

– Oʻsha yongʻoqlarni bir chetga olib qoʻy, – deydi akam.

– Nega?

– Menga omonat ular.

 

Aka

 

– Men senga narxini aytdim, uka, – deydi Shomir degan kishi savdomiz kelishavermagach. – Aytganimdan bir tiyin ham tushmayman.

– Aka, siz ham tushuning, bir-ikki soʻm naf koʻraylik deb yuribmiz. Sizga dehqonchilik-ku, bunchalik qattiq boʻlmang-da.

– Sen olmasang, boshqasi oladi. Kunda nechta xaridor keladi. Yaxshi foyda qilishyaptiki, qishloqma-qishloq yurishibdi.

– Toʻgʻri, pulni pulga almashtirib yurish uchun chiqmaydi hech kim bozorga. Lekin sotarmonda ham ozgina xayr-baraka boʻlishi kerak, aka. Injilmay bersangiz, sotib olgan baraka topadi.

– Menam yomon narx aytmadim, yongʻogʻim sinovdan oʻtgan, uka.

– Poʻchoqning ichida hammasi. Biz Xudoga tavakkal qilib olamiz. Magʻzi yaxshi chiqsa, baxtimiz. Boʻlmasa – peshona, puch yongʻoqni qoʻltiqlab ketganimiz qoladi.

– Mening yongʻogʻim puch emas.

– Biror ishimiz Xudoga xush kelmasa, puchga aylanadi-da, aka. Men aytgan narxdan baland soʻrab kelishsa, berib yuboravering. Lekin siz istayotgan narx hali yoʻq. Balki keyinchalik boʻlib qolar, ungacha kutsangiz, albatta.

– Mayli, kimga taqdir qilgan boʻlsa, oʻsha oladi-da.

– Aytganingizdan qancha oʻtib berasiz. Mana, oxirgi marta soʻrayin. Mol bozoriga chiqsangiz, “Devorning ham kemtigi bor”, “Kindigingni oʻzing kesganmisan?” degan gaplari boʻladi-ku, – kulib qarayman Shomir akaga. – Ana shunday siz ham aytganingizga sotmay, bir nima oʻtib bering.

– Boʻlari shu.

– Mayli unda. – Shomir akaning xonadonidan ortimga qayta boshlayman. Shu payt bogʻ tomon bir ayolning shoshib kelayotganiga koʻzim tushadi. “Yongʻogʻi boʻlsa, aytishga kelayotgandir balki?” – oʻzimcha xayollanib yurishdan toʻxtayman. Ayol hansiragancha yaqin kelib:

– Yongʻoq olyapsizmi? – deydi.

– Ha, – deyman ayol tomon yurib. – Qancha bor?

– Koʻp emas. Bor-u, hali tozalab ulgurmadim. Bolam kasalxonaga tushib qoldi, aka, – ayol Shomir akaga qarab qoʻyadi-da, yana menga yuzlanadi. – Hozir oʻn-oʻn besh kilocha bor.

– Yuring, – deyman-da ayol kelgan bogʻ tomon qadam bosaman. – Shu tomondan boramizmi?

– Ha-ha, yuravering.

– Bolangga nima qildi? – jimgina qarab turgan Shomir akaning koʻzida xavotir akslanadi.

– Hali bilmayman. Isitmasi tushmayapti. Analiz topshirtirib, yotqizib keldim, – deb ayol koʻziga yosh oladi.

– Uka, – deydi Shomir aka meni chaqirib, – Boya yongʻogʻimga qancha beraman deding?

– Kilosiga olti ming uch yuz.

– Oʻsha aytganingga olaqol. Ikki qopdagi ellik kilodan oshsa kerak. Oʻzimiz tortaveramiz. Hozir mana bu opangga uch yuz ming berib yubor. Qolganini hisob-kitob qilaveramiz. Bolasining oldiga ketaversin. Yongʻogʻini keyin kelganingda olarsan. Ungacha tozalab qoʻyishadi hammasini.

Hozirgina bir tiyin ham tushmayman, deb turgan odamning birdan oʻzgarib qolishidan hayratlanaman. Yongʻoqni tortib olayotib soʻrayman:

– Shomir aka, opa kimingiz boʻladi?

– Singlim, – mehr bilan javob qaytaradi Shomir aka. – Oʻgʻli bilan yolgʻiz yashaydi. Shu yerdan uy solib berganmiz.

Oʻsha ayol kelgunicha, tasavvurimda poʻstlogʻi oq-u, magʻzi qorayib ketgan yongʻoqqa oʻxshatib turganim Shomir aka toʻgʻrisidagi fikrlarim tubdan oʻzgarib ketadi.

***

“Yongʻoq qirq dardni qoʻzgʻaydi, koʻp yemanglar”, derdi Iqbol momom. Taʼtil vaqtim nihoyalab akam bilan bozorga chiqdim. Odamlarga: “Yongʻoq oling, yesangiz qirq dardni qoʻzgʻaydi bu. Dard qoʻzgʻasa, davosini izlaysiz”, deyman. Odamlar menga “jinnimi” degandek qarab qoʻyishadi. Akam eʼtirozli ohangda:

– Shoir, puch yongʻoqday koʻp shaqillama, – deydi. Soʻng “Kelasi yil yana kelasanmi?” deb soʻraydi.

– Kelaman, – deyman beixtiyor.

 

Asliddin MUSTAFOYEV

 

“Yoshlik”, 2016 yil 1-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.