Yondaftardan

0
41
marta ko‘rilgan.

Hayot magnit – o‘ziga tortadi, yozuvchi shu magnitni o‘ziga yuqtira olsagina kitobxonni o‘ziga torta oladi.

* * *

Yaxshi yozolmaganingni kechirish mumkin, lekin yaxshi yozishni istamaganingni kechirish mumkin emas.

* * *

Mening bir qarindoshim bor, yozuvchi bґlish uchun ilmi ham, layoqati ham bo‘lmagani holda, yozuvchilikka havas qiladi; ilmi borligini, boshqa odamlarga qaraganda adabiyotga yaqin ekanini ko‘rsatish uchun hamma yerda «P» o‘rniga «F» ishlatadi.

* * *

Kishining bir g‘oyaga sadoqati tanlagan kasbi-hunari bilan shu g‘oyaga qay darajada yaxshi va ko‘proq xizmat qilgani, qilayotgani bilan o‘lchanadi.

* * *

Adabiyot atomdan kuchli, lekin uning kuchini o‘tin yorishga sarf qilish kerak emas.

* * *

Sergap, ezma odamni suhbatda izza qilish, sergap, ezma notiqa «qisqaroq bo‘lsin!» deb so‘z tashlash kifoya, lekin sergap, ezma yozuvchini albatta sudga berish kerak.

* * *

Mikrob qanchalik xavfli bo‘lsa, uni shunchalik katta qilib ko‘rsatadigan mikroskop kerak. Satira o‘tiga uchragan kishi, vijdoni bo‘lsa, odamlarning yuziga qarolmaydi, vijdoni bo‘lmasa, og‘zidan ko‘pik sochib, yozuvchining ketidan bolta ko‘tarib yuguradi.

* * *

Adabiyot hunar, uni kasbga aylantirib olgan yozuvchi olmaga tushgan qurtdan farq qilmaydi.

* * *

Adabiy asar yozish uchun, hech shubhasiz, talant kerak. Lekin yozilgan narsani o‘chirish, kitobxonga zarur gaplarnigina qoldirish uchun talantning o‘zigina kifoya qilmaydi, insof ham kerak.

 

Abdulla QAHHOR

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.