Yondaftarda qolgan satrlar

0
308
marta koʻrilgan.

Bu yil Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor (1907–1968) tavalludiga 110 yil toʻldi. Oʻzbek xalqining ardoqli adibi oʻzidan nodir badiiy durdonalar qoldirdi. Uning roman, qissa, hikoya va komediyalarida xalqimizning ogʻir oʻtmishi, oʻzbekning toʻlaqonli qiyofasi, ruhiyati professional qalam bilan aks ettirildi. Adib umrining soʻnggi oʻn yilida yashagan, hozirgi Yunus Rajabiy koʻchasida joylashgan hovli uy 1987 yili muzeyga aylantirilgan. Muzey faoliyati dastlab yozuvchining turmush oʻrtogʻi Kibriyo Qahhorova boshchiligida ish boshladi. Shundan beri Abdulla Qahhor uy-muzeyi muttasil ravishda faoliyat yuritib kelyapti.

Muzey arxivida saqlanib qolgan yozuvchining dastxati bilan yozilgan kundaliklar, xatlar, asarlarining qoʻlyozmalari (“Oʻtmishdan ertaklar”, “Zilzila” qissasi (“Zilzila” tugallanmagan qissa), “Nurli choʻqqilar” hikoyasi, “Tashvish”, “Ayajonlarim” komediyasi, oʻnlab publitsistik maqolalar qoʻlyozmalari) Abdulla Qahhor ijodini yangicha yoʻnalishda oʻrganish va talqin etishga yoʻl ochdi. Adib kundaliklari uch alifbo orqali – eski oʻzbek yozuvi, XX asr boshidagi lotin va kirill yozuvida yozilgan. Abdulla Qahhor kundaliklaridagi qaydlar tizimli, batafsil voqealardan iborat emas. Ular qisqa-qisqa qaydlar shaklida boʻlib, yozuvchi hayotiy kuzatuvlarini, ruhiy iztiroblarini, adabiyot, jamiyat, adabiy jarayon haqidagi xulosalarini ixcham shaklda qayd etib borgan. Bu qisqa qaydlar baʼzan hikoyalar, adabiy maqolalar, komediyalar matniga tatbiq etilgan. Baʼzan badiiy asarlar uchun xamirturush vazifasini oʻtagan.

Hurmatli mushtariy! Bugun Abdulla Qahhorning turli yillarda umumiy daftar, bloknotlarga yozib qoldirgan qaydlarini eʼtiboringizga havola etishni lozim topdik. Yuqorida eslatganimizdek, bu qaydlarni Abdulla Qahhor faqatgina oʻzi uchun yozgan. Keng kitobxonlar ommasi oʻqishini nazarda tutmagan. Biroq, shunga qaramasdan, shaxsiy bitiklar zamirida oʻquvchilarga katta maʼnaviy naf, foyda boʻlgani uchun, qolaversa, ulugʻ adib haqidagi tasavvurimizni kengaytirishini inobatga olib, ularni eʼlon qilishga jazm qildik. Eski oʻzbek yozuvidagi qaydlarni adabiyotshunos Otabek Joʻraboyev tabdil etgan.


***

Hozirgi ishingda saning ilming ham yoʻq, arzon taqachilikdan boshqa hunaring ham yoʻq; ahvoling shu boʻlsa, sal kunda yoshlarning oyogʻi ostida qolib ketasan. Adabiyotda Shukurlar, Oʻtkirlar, Uchqunlar paydo boʻlgan. Shularning oyogʻi ostida qolib ketasan! Seni hech kim koʻtarib ololmaydi, oʻzingni oʻzing koʻtarasan, unda senga qiyin boʻladi! Moʻmin Kofirlar zamoni adabiyoti qolib ketdi, bugun Pirimqullar, Odillar, Said Ahmadlar adabiyoti! Husniddin Sharipovlar, Erkinlar, Abdulla Oripovlar, Gulchehralar, Oydin Hojiyevalar adabiyoti! Tanqidda Ozod, Umarali, Qoʻshjonovlar bosh koʻtargan!

1960 yil

***

Bizda gʻalati odamlar bor, men bularga tushuna olmayman. Bular nima uchun oʻzlaricha yangi alifbe tuzib, bunga oʻzbek talaffuzida yoʻq tovushlarni kirgizib, tilni shu alifbega muvofiqlashdirishga tirishadi? “S” bizda yoʻq tovush. “X” ruslarda yoʻq tovush. Rus buning oʻrniga bazoʻr “ks” ishlatadi va “Marx”ni “Marks” yozishadi. Bizning tilchilar nima uchundir “Sirk”ni “Sirk” yoki juda lozim boʻlsa “Tsirk” yozishni gunoh hisoblashadi! Modomiki “S”ni “Ts” bilan almashtirish nomaʼqbul ekan, nima uchun “Shʼʼ” ham olinmaydi? “Borshʼ”ni “Borshch” yozish ham gunoh emasmi?

“”ni olishipti. Oʻzbek soʻzida bunga sira oʻrin yoʻq. Rus soʻzlarini toʻgʻri yozish uchun olingan boʻlsa, demak, ona tili darsini avval rus tilidan boshlash kerak. “ʼ” (‘) oʻrnida olinsa boshqa gap edi. Oʻz vaqtida daryo, sanʼatda ishlatilar, nobud boʻlmas edi.

Bizdagi “J” – Dj, yaʼni shu ikki harfdan kelib chiqqan emish! Ilmiy tekshirish! “D” necha harfdan kelib chiqqan emish?

Bular tilga muvofiq alifbo tuzish oʻrniga, tilni oʻzlari oʻylab chiqargan alifbega muvofiqlashdirmoqchi. Bular xayriyat ham falakiyotga aralashmaydi, yoʻqsa oʻzlaricha jadval tuzib, quyoshga “shu jadvalga muvofiq tutilasan” deyishar edi. Bular sarf, nahv, imloga har xil “ilmiy” nomlar qoʻyishipti. Shularga oid hamma atamalarni ruschadan olishipti. Ajabo, oʻzbek tili ruscha oʻqitiladimi! Gapni qarang: “Sintaksisning znaklaridan skobka, tochka, koviʼchkalarni koʻpincha oʻz oʻrnida qoʻyishmaydi”!

Bu arabchilikka qarshi emish! “Nuqta”, “qavs” arablarga xatlab oʻzi beriptimi! “Protokol” arab soʻzi desangiz, qaysi rus ishonadi? “Pederat (hatto federat)ga olganim yoʻq” deganda “pederat” soʻzi ruscha ekanligiga hozir qaysi oʻzbekni ishontira olasiz? “Choy” xitoycha, “choynak” ruscha-xitoycha, “quv” mugʻulcha, “gul” forscha, “hozir” arabcha. Shularni buzmasdan oʻzicha, oʻz imlosi bilan yozish kerak, degan daʼvoning keragi bormi? “Choyqonshi”ni oʻzicha, oʻz imlosi bilan yozib koʻring-chi!

 

1944 yil, 25 avgust.

*** 

Vaqtida bolta koʻtarib odam ovlagan hukumatning oʻzi-yu, endi bu jinoyatini odamlarga toʻnkayotipti: Usmon Nosir halol odam ekan-u, uni odamlar chaqqan emish.

Hukumat hamma gunohlarini shunaqa yuvayotipti.

Otilganlar, kesilganlar oqlanayotipti, lekin bular kimning chaquvi bilan halok boʻlgani aytilmaydi.

 

***

…Temir qoziqdan nom-nishon qolmapti, biroq fil yana 100 yil temir qoziq atrofidan nari ketmagan ekan. Fil – jonivor, aql-ongi yoʻq. Biz nega Stalin qoqib ketgan temir qoziq atrofidan yiroqqa ketolmaymiz?

 

***

Hozirgi adabiyotimizni obod qilib turgan Asqad Muxtor, Quddus Muhammadiy, Shukrullo, Odil Yoqubov, Hamid Gʻulom, Pirimqul, Ramz Boboyev, Shuhrat, Said Ahmad, Hakim Nazir, Turob Toʻla singari yozuvchilar adabiyotga ochilmay xazon boʻlgan yozuvchilardan ancha – 10-15 yil keyin kirgan!

Yozuvchilik hunari toʻgʻrisida soʻz borganda talantni birinchi oʻringa qoʻymaydiganlar ham bor. Ajab, nima uchun talantsiz odam ashula aytolmaydi, oʻyinga tusholmaydi, rasm chizolmaydi-yu, yozuvchi boʻlishi mumkin?

Durust, talant – urugʻ, xolos, uni undirish, koʻkartirish, undan hosil olish uchun avvalo zamin, undan keyin mehnat, yana mehnat kerak. Lekin mehnatning samarali boʻlishi uchun hammadan burun urugʻ kerak-da!

Diqqatlaringizni tortmoqchi boʻlganim narsalardan biri shu.

 

***

Toshkentga ketishda ayam irim qilib meni kuzatmadi. Dadam stansiyaga kuzatib chiqdi.

Toshkentga tushishing bilan bir piyola qatiq ich, tuz, bir chimdim turpoq yegin.

 

1925 yil

***

Mamlakatimizning ichkarisida, tashqarisida koʻmmunizm gʻoyasini beburd qilib qoʻydi.

Propagandamizning burdi ketdi.

Nazariyamizdan odamlarning ixlosi qaytayotipti.

 

Filologiya fanlari nomzodi Marhabo Qoʻchqorova nashrga tayyorladi.

 

“Yoshlik”, 2017–9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.