Yomgʻirdan soʻng

0
133
marta koʻrilgan.

Allamahal. Oʻgʻlini oʻylab, nabirasi bilan yotgan moʻysafidning uyqusi qochgan. Oʻzini oʻzanda qolgan baliqday his etyapti. “Seni shu umid bilan katta qildimmi? Shu umid bilan oʻqitdimmi?  Shuncha gaplarim – nasihatlarim havoga uchganmidi, bolam? Sen shu ishni ravo koʻrsang, tarbiyangni olgan zurriyod ertaga qanday odam boʻladi?”

Kechqurun ota-bola tortishib qolishdi. Moʻysafid  xunob. Keliniga yozgʻirib,  yuragini biroz boʻshatmoqchi edi, u eri tomonga oʻtib qoldi.

– Qoʻying, xafa boʻlmang, –  dedi Shahnoz unga, yelkasidan changni mehribonlik bilan qoqarkan. – Otangizni endi koʻryapsizmi?

Kelinidan tasalli kutgan moʻysafid boʻshashdi. Badaniga sovuq narsa tekkanday titrab ketdi. “Hm-m, bu erini ovut­yapti-ku. Mengamas, eriga dalda boʻlyapti!”

Kelin nima dedi? “Endi koʻryapsizmi?”

Ha-da, bir gapni ming marta qayta-qayta gapiradagan, qarigani sayin  ezma va injiq boʻlib borayotgan cholni Sulton endi koʻrib turibdimi?

Shahnoz qaynotani iliq kutib olgan edi. Koʻrgan zahoti bobosi tomon talpingan bolalarining ortidan peshvoz chiqarkan:

– Yaxshi keldingizmi, dada? – dedi ochiq chehra bilan.

Samimiy kutib olinganidan koʻngli togʻdek koʻtarilgan moʻysafid soʻridagi muloyim koʻrpachalar ustiga oʻtirgach, nabiralari Umid va Naima unga yopishdilar. Shahnoz ham yoniga kelib oʻtirdi.

– Xush kepsiz, dadajon!

Ha, kelinning kayfiyati yaxshi edi. Lekin keyinroq…

Er-xotin pichirlashdilar. Shahnozning: “Birov soʻrab qolsa, rostini  gapirib berib, sharmanda qip qoʻymasin-da, deb boladan qoʻrqqandim, dadasi. Mahmadona Umiddan! Lekin otangiz… Kelib-kelib, shu paytda kirib kelishlarini qarang!” – deyishi toʻsatdan qaynotaning qoʻlogʻigʻa kirdi-yu, koʻngli ezilib, esankirab qoldi.

Hammasi  Sultonning hovliqib  kirib kelganidan boshlandi. U otasi bilan sarosimada soʻrashdi-yu, xotiniga yuzlanib:

– Kelishyapti, –  dedi. – Osh nima boʻldi?

– Hozir damlayman.

Shahnoz oshxona tomon yurib ketdi.

Moʻysafid:

– Kim kelyapti? – soʻradi.

– Komissiya. Sugʻurta inspeksiyadan, – javob qildi oʻgʻli.

Sulton otasining hayron qolgan nigohini koʻrib, unga yaqinroq oʻtirdi-da:

– Eski uyning bir tomonini agʻdarvordim, – dedi ovozini pasaytirib. – Ichkari hovliga kirmadingiz-a? Yogʻingarchilikdan qulab tushdi, deb ariza tashlab qoʻyuvdim. Ana, kelishyapti koʻrgani.

Sulton omonatgina oʻtirarkan, noxush xabar eshitganday qotib qolgan otasining koʻnglidan nimalar kechayotganidan bexabar, xush kayfiyatda qoʻshib qoʻydi:

– Inspektor oʻzimizniki. Odamgarchilik qilsa, anchagina pul chiqishi mumkin. Harna-da, ota. Hech boʻlmasa, yangi uyning shiferiga yetar? Nima dedingiz?

Avzoyi oʻzgarib ketgan moʻysafid: –  Nima ham derdim, – deya dardli jilmaydi. – Balli, oʻgʻlim. Barakalla!

Sulton bir seskandi va:

– Dada! – dedi oʻqrayib qararkan.

– Nima, dada?

– E, nimaning tashvishini qilyapsiz?

– Sen qilgan ishning tashvishini, bolam! Eshitgan quloq nima deydi?

– Kim bilib oʻtiribdi?

– Kim bilib oʻtiribdi, degin. Xoʻp, hech kim koʻrmadi bu ajabtovur tomoshani. Hech kim xabardor boʻlmadi. Lekin sen shuni oʻzingga ravo koʻrasanmi?

Axir…

Bas. Hoziroq nazoratchi oshnangning yoniga joʻna. Qaytarvor. Toʻgʻrisini gapirishga uyalsang, biror bahona top!

Gangib qolgan Sulton harakatsiz oʻtirardi:

– Tura qolsang-chi! – oʻdagʻayladi moʻysafid. – Men nima dedim? Hoy,  seni halol luqma bilan boqqanman, – uning oʻksik koʻzlari pir-pir uchdi. – Lekin sen arzimagan harom pulni deb…

– Nima? – tutaqib ketdi Sulton.

Moʻysafid choʻntagiga qoʻl solib: – Senga qancha kerak? – degan edi,  koʻzidan oʻt chaqnab:

– Hm-m, sizdek puli koʻpayganni… – olayib qaradi oʻgʻli.

– Menga unaqa qarama!

Sulton istar-istamas oʻrnidan turdi-da, ortiga qaray-qaray koʻcha eshigi tomon ketdi. Darvozani sharaqlatib yopgan edi, moʻysafid bir qalqidi. Ancha vaqt iztirob bilan yopiq darvoza tomon tikilib oʻtirdi. Kelini yaqinlashgan edi, dardli nigohini unga qadab:   

– Zardasini koʻrdingizmi? – dedi shikoyatomuz.

Shahnoz yerga qaradi. Nimadir demoqchi boʻldi, ammo botinolmadi. Soʻng qovogʻi solingan koʻyi qaynotadan uzoqlashdi. Umidvor moʻysafidning koʻziga dunyo battar qorongʻilashdi. Omon boʻlgur,  bir ogʻiz “xafa boʻlmang” ham demadi-ya!

Koʻp oʻtmay moʻysafid hovuridan tushdi, ammo yuragi hamon gʻash edi. “Xafa qip qoʻyding bolani. Yotigʻi bilan, muloyimlik bilan tushuntirsang ham boʻlardi-ku!”– malomat qildi oʻzini.

Sulton tushkun kayfiyatda darvozadan kirib kelar, nigohida “Qaytarvordim, koʻnglingiz joyiga tushdimi?”– degan malomatomuz ifoda aks etardi. Buni anglagan moʻysafid: – Kechir, oʻgʻlim, – dedi xijolatli jilmayarkan.

Sulton otasining yoniga oʻtirdi.

– Dada…

Moʻysafid oʻgʻlining qoʻlini kaftlariga oldi.

– Qoʻy, xafa boʻlma.  Bilasan-ku, xasdek bir “vagʻgʻ” etib yonganimda  ranjitib qoʻyaman-da, ke­yin pushaymon boʻlaman.

Moʻysafid hammasiga oʻzi aybdorday boshini egdi va oʻta soddalik, mehribonlik bilan davom ettirdi:

– Ha, aytmoqchi, oʻzim bersam-chi, oʻsha davlat beradiganni. Chin yurakdan aytyapman, bolam. Pulim bor.

Sulton qoʻlini tortib olarkan:

Bilaman, puldorsiz, – dedi istehzo bilan. – Lekin biroz undirsak, davlat kambagʻal boʻp qolarmidi? Sugʻurta badalini toʻlayapman-ku!

Qoʻllari muallaq qolgan moʻysafid tagʻin mulzam tortib: – Oʻgʻlim-a… – deya boshini sarak-sarak qildi. – Nima, oʻsha pul bilan boyib ketarmiding? Muallim  bolam! Tushunsang-chi, moʻysafid otangni.

– Tushunyapman, dada! – ovozini koʻtardi Sulton.

– Tushunib turib ham… – jigʻibiyroni chiqqan moʻysafidning lablari oʻzidan-oʻzi tit­ray boshlagandi, oʻgʻlining:

– Hamma shunaqa qiladi! – deyishidan portlab ketdi: – Nima deding? Hamma shunaqa qiladi?!

Moʻysafidning avzoyi butkul buzilgan edi. “Shu mening bolammi? Muallim bolammi?”

U gʻazabini ichiga yutib, gʻamgin jilmaydi-da: – Hammani oʻz toshing bilan tortma, bolam! – dedi siniq ovozda. – Darvoqe, sugʻurtachilar kimnikida?

– Hasan kirakashnikida. Nima edi?

– Hasan kirakash ham senga oʻxshab…

– Bilmadim, –   choʻrt kesdi Sulton. –  Boshqalar bilan nima ishim bor?

– Oʻzing hamma shunday qiladi, deb aytding-ku. Boshqalar shunday qilgan taqdirdayam, sen qilma, uqdingmi? Muallimsan. Adabiyot muallimi! Adab…

Avzoyi tundlashib:

– Bas. Zor qolguring bahridan oʻtdim-ku! – baqirib yubordi Sulton. – Qutulmadimmi?!

Taom tayyor boʻlgan ekan, Shahnoz suv olib keldi.

– Kam boʻlmang, qizim, –  titroq qoʻllarini yuvarkan, moʻysafid duo qildi va kelinning  taʼbi gʻoyat tirriqligini angladi: “Bunisi ham xafa”.

Osh ham keldi. Ota-bola dasturxonga qaradilar.

Darvozani taqillatdi-yu, ostonada koʻringan qoʻshni bolakay: –  Sizni bir odam soʻrayapti, Sulton aka! – dedi baland ovozda.

Xuddi shuni kutib oʻtirganday Sulton darhol qoʻlini artib, oʻrnidan turdi.

U ketdi-yu, moʻysafid ham sochiqqa qoʻl uzatdi.

Tez ortiga qaytgan oʻgʻliga:  “Kim ekan?” deganday qaradi moʻysafid.

– Abbos amaki.

Moʻysafid taraddudlandi: –  Abbos?..  Oʻrtogʻimmi?

Qoʻzgʻalgan edi, Sulton shashtidan qaytardi:  – Ketib qoldi, qoʻshnisining mashinasiga oʻtirib. Kiring, dedim, unamadi.

– Dadam shu yerda demapsan-da…

– Shoshib turgan ekan. Uyi – toʻyxona! Boribsiz-ku.

– Ha, boruvdim. Eh, esimdan koʻtarilibdi! Sulton bolamga  yetkazarsan, endi oʻzi oqshom bazmiga bosh-qosh boʻlsin, deb  iltimos qiluvdi, boyaqish. Ovora boʻp oʻzi ham kepti-ya. Borarsan, “rais bolam?”

Otaning beozor jilmayishi Sultonga istehzodek tuyuldi va: – Xotirjam boʻling, bormayman, – dedi sovuqqina ohangda.

Tabassum moʻysafidning labida yaxladi.

– Bu nima deganing? “Rais”liging, vaʼzgoʻyligingga men qarshimanmi? Aksincha, faxrlanaman suxandon oʻgʻlimdan.

– E, qoʻying!

Moʻysafidning yuziga xavotirlik soya soldi: – Aytmoqchi, yoʻq demadingmi Abbosga?

– Mensiz ham oʻtadi toʻyi.

– Yaxshi emas. Abbosning oʻzi kepti-ya,  muhtoj boʻlib. Toʻy sensiz ham oʻtadi, lekin…

Xayolchan oʻtirgan Shahnoz:  –   Bu kishi “raislik”ni allaqachon tashlagan, ota, – dedi zaharli kulimsirarkan. – Ha, endi toʻy qayda. Ish faqat azama-aza yurish!

Moʻysafidning aʼzoyi badani muzlab ketdi. “Nimaga shama qilyapti kelin?”

Ha, Chaman xolaning qazo qilgan kunimidi?  Oʻgʻli televizor koʻrib oʻtiruvdi, u kirib keldi.“Nega bormading? Nima, fursating boʻlmadimi? Toʻy boʻlsa, vaqt topilardi, shundoqmi? Suxandonlik qilarding tun boʻyi?!”

Xayollarini yigʻib, ichida nimadir uzilgandek boʻlsa-da, iztirobini jilovlashga tirishib, allaqanday xavotir bilan:  – Rostdan ham… borging yoʻqmi? –  dedi moʻysafid.

Sulton devorga qarar, yuragiga qil sigʻmayotgani sezilib turardi.

– Bilaman, kayfiyating yoʻq.

Oʻgʻli ichkari tomon qadam bosgan edi: –  Bolam, – dedi titroq ovozda moʻysafid.

– Ha, yana nima? – ogʻrinib soʻradi Sulton. Ota: “Abbosni pisand qilmaysan. Boyvachcha yoki mansabdorning toʻyi boʻlganida “ucharding!” demoqchi boʻldi-yu, ammo tilini tiydi. Bechorahol doʻsti Abbos haq-hurmati:    

– Bolam, bor… – dedi yolvorgan ohangda. – Oʻzi ovora boʻp kepti-ya, qariya.  Yosh oʻtgan sari koʻngli nozik boʻp ketarkan odamni. Moʻysafid otang ham – shu. Arzimagan narsaga  boshi osmonda, arzimagan narsaga yuragi chilparchin. Abbos xafa boʻp qolmasin, toʻyiga bor. Boraqol, jon bolam…

Allamahalda mikrofon orqali butun mahallada eshitilayotgan kuy-qoʻshiq, tantanali soʻzlarga ulanib ketgan suxandon oʻgʻlining vaʼzgoʻyligi nihoyasiga yetdi-yu, moʻysafid yengil tortganday  “xayriyat-ey!” dedi ichida. Xotirjam uxlamoqchi edi… boʻlmadi – kunduzgi manzara hamon koʻz oldida jonlanar, xunobi oshib borardi. “Avlodimizda aldoqchi yoʻq edi, bolam, kimga tortding? Bergan tarbiyam, pand-nasihatlarim qayoqqa ketdi? Bolang bor seniyam. U nima boʻladi? Ertaga qanday odam boʻladi?!”

Ich-etini yeb adoyi tamom boʻlayotgan chol beixtiyor chuqur “uf” tortib, boshqa tarafga agʻanadi-yu, Umidning ovozi qulogʻiga kirdi:

– Buva.

– E, buvang tasadduq,  – moʻysafid nabirasi tomon qaytdi va  uni bagʻriga bosarkan:  – Uygʻoqmiding? – dedi mehribonlik bilan.

– Buvajon, –  dedi Umidjon boʻgʻiq ovozda. – Xafasiz, a?

Moʻysafid boshini koʻtardi va: – Yoʻgʻ-e! – deya yuzida mung aks etgan nabirasiga mehrli tikildi. – Nega xafa boʻlarkanman, shirintoyim?

– Dadamlar… – bolakay yigʻlamsiragan koʻyi bir zum jimib qoldi va: – Siz xafa boʻlmang, buvajon! – deya bobosini mahkam quchoqladi. – Buvajon, xafa boʻlmang!

Bunday yupatish va hamdardlik tuygʻusini kutmagan moʻysafid bir nafas oʻzini yoʻqotdi. Qattiq taʼsirlanganidan koʻziga yosh keldi.

– Buva?!

– Ha bolajonim?

Bolakay yuragi dard-hasratga toʻla bobosining lablari titray boshlagani, koʻzlari jiq-jiq yoshga toʻlganini sezdi-yu: – Mayli, – dedi.

– Nima?

– Buvajon, yigʻlab oling.

– Nega… yigʻlarkanman, bolam? – dedi bobo tutila-tutila. Ovozi titrab chiqdi. Butun vujudi qaltirar, qattiq hayajondaligi sezilib turardi.

Moʻysafid oʻzini tutolmadi – yigʻladi. Oʻksib-oʻksib, unsiz yigʻladi. Biroq bu uzoqqa choʻzilmadi – sharros quyilayotgan yomgʻir birdan tinib, bulutlar tarqalib, quyosh charaqlaganday yuragi ravshan tortdi. “Bu bola… boshqacha. Bu odam boʻladi!”

Tabassum qildi moʻysafid. Koʻzlarida yosh jilolayotgan bolakayning ham yuzi yorishib: – Ana endi menga soʻz bering! – dedi.

– Soʻz beray? Nima deb?

– Boshqa hech qachon koʻzimga yosh olmayman deb! Yigʻlamaslikka soʻz bering, buvajon!

– Xoʻp, soʻz beraman! – hozirgina yigʻlab oʻtirgan moʻysafid endi beixtiyor kular, nabirasining yuziga yuzini bosgancha gʻalati entikardi. U mamnun jilmayarkan, tor kulbadan yorugʻ dunyoga, musaffo havoga chiqqanday boʻldi – oʻzanda tipirchilab qolgan baliq oʻzini daryoi ravonda his etar, yengil nafas olardi bamisoli. – Senday aqlli bolajonim bor ekan, koʻnglim toʻq. Xavotirim tarqaldi, Umid!  Xursandman. Hamisha shunday kulib yurishga vaʼda beraman, jon bolam. Oʻgʻlonim!

 

Muhammad ShODIY

 

1959 yili tugʻilgan.

Xoʻjand davlat universitetini tamomlagan.

“Yurakda qolgan muhabbat”, “Ikkinchi bahor”, “Soʻxdaryo sadosi”, “Lolazor”, “Sajdagoh” kabi nazmiy va nasriy toʻplamlari chop etilgan.

 

 

“Yoshlik”, 2018/2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.