Yoʻlovchilar

0
228
marta koʻrilgan.

Qishloqqa, singlimnikiga borishim kerak. Mashina izlab bekatga chiqdim. Eski “Jiguli” turibdi. Haydovchini tanidim. Narzilla degan yigit. Ozgʻin yuz, kalta moʻylov qoʻygan. Yoshi, chamasi, qirq beshlarda. Yuziga taram-taram chiziqlar tushgan. Tajang feʼlidanmi… Uch-toʻrt bor mashinasiga oʻtirganman. Bir qarasang, rulni siqimlaganicha, mum tishlaganday indamaydi. Bir qarasang, ochilib-sochilib gaplashadi. Gʻalati yigit. Lekin koʻngli toza. Yoʻl haqigayam talashmaydi. Berganingni olib, rahmat aytib ketaveradi.

Narzilla meni tanib, mashinadan chiqdi.

– Keling aka, – dedi. – Qishloqqami?

– Boʻshmisiz?

– Ha-da! – U kabinaga oʻtirib, yonidagi eshikni ochdi. – Anchadan beri qoqqan qoziqdek turibman. Mijoz yoʻq.

Men mashinaga oʻtirdim. Narzilla mashinani oʻt oldirdi. Bilak tomirlari boʻrtib turgan qoʻlini rulga urib qoʻydi:

– Ketdik-da!

“Jiguli” joyidan qoʻzgʻaldi. Peshonasiga tushgan bir tutam “oʻjar” soch, yoʻlga tikilgan chaqmoqdek koʻzlar, egnidagi yengi kalta qizil katak koʻylak chapanicha koʻrinish berib tursa-da, mashinani qonun-qoidasi bilan haydaydi. Biz mahallani kesib oʻtadigan tor koʻchaga burildik. Yoʻlning chap tarafida munkaygan qariya sekin-asta ketib borardi. Ozgʻin. Boʻyni bukchaygan. U juda sekin, bosaymi-bosmaymi, deb himo bilan yurardi. Yetay deganimizda Narzilla mashina signalini bir bosdi. Chol choʻchib qaradi. “Jiguli” tor koʻchadan sekin borardi. Cholning sovuq, nursiz koʻk koʻzlari biz tomonga tikildi. Men uni tanidim. Bu, Bozorvoy aka. Shu mahallaning qariyasi. Koʻpchilik undan oʻzini olib qochadi. “Gʻiybatchi”, “tili bilan yuradi”, “qarib quyulmagan”, degan yorliqlari bor. “Qariganda shu koʻyga tushmasin-da, odam”, deb qoʻydim oʻzimcha.

– He, onangni…, haliyam oʻsha-oʻsha yurish-a! – Narzilla yomon soʻkindi.

Men uning bunday soʻkinganini eshitmagandim. Indamay, unga qaradim. “Qarichilikdir, aynib qolgandir, deymiz bunday paytda. Keksa odamni soʻkish…”. Narzilla xayolimdan oʻtgan gapni payqagandek:

– Aka, uzr, soʻkinib yubordim, – dedi. – Lokin, bu iplosni koʻrsam portlab ketaman.

Uning ovozi titrab chiqdi. Chuqur-chuqur nafas oldi. Qizil katak koʻylagining choʻntagidan bitta sigaret chiqardi.

– Cheksam maylimi?

– Bemalol.

Sigaretini tutatib, kabina oynasini ochdi. Bosib-bosib tamaki tortdi.

– Aka, bu maraz bir ayolning hayotini buzgan! Meni ishdan ketkazdi, nomimni bulgʻadi… Umrimda birovning xotiniga koʻz qisgan yigitmasman. Tepamda Xudo turibdi. Bu!.. Mana shu qildi hammasini!

Biz tuman markazidan chiqa boshlagandik. Kabina oynasidan yengil shabada kirdi. Narzillani oʻz holiga qoʻydim. Sigaret tutunini ochiq oyna tomonga puflab, yoʻlga tikilganicha borardi. Koʻcha tarafiga terak ekilgan uylar boshlandi. Biroz yurgach, dala yoʻliga chiqdik. Ikki tomon tutkoʻchat. Ortida, gʻoʻzasi belga urib qolgan paxta dalalari. Zovur koʻprigidan oʻtdik. Tepaga koʻtarilganimizda Narzilla yana tilga kirdi. Yigirma yillar avval boshidan oʻtgan voqeani soʻzlay boshladi.

 

* * *

– U paytda yigirma beshda edim, – dedi oʻz-oʻzidan mamnun boʻlib. – Oʻylaysizki, men har doim shoʻpir boʻlganmanmi?.. Yoʻq. Savdo sohasiga oʻqiganman. Diplomim bor. Avval yordamchi, keyin sotuvchi boʻldim. Bizniki aralash mollar doʻkoni edi. Halol ishladim. Ishonmaysiz-a? Boʻrini ogʻzi yesayam, yemasayam qonda, a? Ammo-lekin hamma birdekmas, aka. Otam, halol boʻl, Xudo barakangni beradi, deb nasihat qilardilar. Ishga kirganimning uchinchi yilida zavmagimiz Hojiakbar aka idoraga ishga oʻtdi. Oʻrniga meni qoldirdi. Uyam insofli odam edi. Tarozidan urmasdik. Qolgan ushogʻiyam xarajatlarga yetib-ortardi. Planni doim oshirib bajarganmiz. Oylik, shunga qarab yaxshi chiqardi. Doʻkon oʻzimga qoldi. Qattiq harakat qildim. Eplab ketdim.

Idorada yomon gap eshitmadim. Hisobotni Nozima degan hisobchiga topshirardim. Nozima bilan yoshimiz teng. Bir-birimizni ismimiz bilan chaqiramiz. Har kelganimda bitta plitka shokoladmi, tansiq choymi olib kelaman. Xudoga shukur, koʻnglim oʻzimga toʻgʻri. Bizda, ayol bilan doʻstmiz, desang boshqacha tushunishadi. U haqida yomon xayolga bormaganman. Aqlli, shirinsoʻz edi. Xotinim ham shunday boʻlsaydi, degan oʻy kelgan xayolimga. Ammo-lekin bu bir havas-da, yaxshi maʼnoda. Uning ikki farzandi bor. Eri ishchi edi. Boya aytdim-ku, koʻnglimda zigʻirchayam egrilik yoʻq mani. Uylanganman. Xotinimni yaxshi koʻraman. Oʻgʻilchamiz emaklab qoldi. Tashvish yoʻgʻidi, aka. Oʻsha yaramas koʻp koʻrdi hammasini. Bozorvoy idoramizda boʻlim boshligʻi edi.

Narzillaning shundan keyingi hikoyasi bexosdan kelgan dahshatli zilziladek aqlu hushimni oldi. Odamga yomonlik qilish oson ekan-da? Yo tavba! Bir ogʻiz gap-a?! Lekin, uni botinib aytishga qora yurak kerak. Koʻmirdek qop-qora yurak!

– Bir kuni idoraga kelsam, Nozima oʻrnida yoʻq, – yoʻlga tikilganicha davom etdi Narzilla. – Xonadagi qizlar gʻalati qarashdi. Keyinroq kelarman, deb tashqariga chiqdim. Lotok-ariqdan sakrab oʻtayotgandim. Yelkamga birovning qoʻli kelib tushdi. Kuchsiz qoʻl urgandek, chimchilagandek boʻldi. Orqamga oʻgirilib, dahshatdan haykaldek qotib qoldim! Tizzam qaltiradi, tomogʻim qaqradi. Yuragim orqaga tortib, kalovlandim. Oq nuqtalari bor belburma qizil koʻylakli ayol hissiz koʻzlari bilan tikilib turardi. Labi shishib, doʻrdayib qolgan. Koʻzlarining atrofi, qovoqlari koʻkargan. Yonoqlaridagi qontalash jarohatlar uni rosa doʻpposlashganidan dalolat berib turardi. Xudo ursin agar, shu paytda bu yoqimsiz basharani tanimadim. Ilkis xayolimga ichib yuradiganlardanmi, degan oʻy keldi. Shu payt ayolning koʻzlarida bir maʼno paydo boʻldi. Bu qarash tanish, juda tanish, qadrdon edi! Begʻam, jaydari yuragim qalqib ketdi! Tanidim. Bu Nozima edi! U taʼna, gʻazab bilan qarab turardi.

– Narzilla! Erkakmisiz?! – dedi u oʻzinikiga oʻzshamagan gʻalati ovozda.

“Erkakmisiz?!”. Bu, men umrim boʻyi eshitgan haqoratlar, soʻkishlar ichida eng achchigʻi! Yigitlik gʻururimni chilparchin qilib yerga uradigan soʻz edi. Beixtiyor titradim, qaqshadim. Qoʻllarim oʻz-oʻzidan musht boʻlib tugildi.

– Nozi-ma?! – dedim tishimni gʻijirlatib.

Oʻzimning ovozimni taniyolmay qoldim. Qattiq qimtilgan lablarimdan ilonnikiga oʻxshash vishillagan ovoz chiqdi… Tushuntirib berolmayman… “Erkakmisiz?!” degan haqoratli soʻz meni qaynab turgan suvdek koʻpirtirib yuborgandi. Ikkinchi tomondan, Nozimaning ayanchli koʻrinishi, ahvoli yuragimni larzaga keltirdi. Bu oʻsha, men bilgan Nozimami?! Uni kim bu ahvolga soldi?

– Nima gap? – deyoldim angraygancha.

– Nima gapligini Bozorvoy akadan soʻrang! Nimalar degandingiz unga?!

Nozima ikki qoʻlini yuziga bosib uvillab yigʻlab yubordi. Men hamon nima gapligiga tushunolmay aftodahol turardim. Nimadir, qandaydir nihoyatda yomon voqea yuz bergandi. Unga iltijoli tikildim:

– Tushuntirib gapiring, Nozima?!

– Kimga, nima degansiz men haqimda?

– Hech kimga, hech nima…, – dovdirab qoldim.

– Unda… Bozorvoy aka nega…

Nozima oʻksib-oʻksib yigʻlay boshladi. Men unga achinib ketdim. Yuragimda vahima paydo boʻldi.

– Nima, Bozorvoy aka? – dedim xunobim oshib.

– Erimga… bizni oʻynashlar, debdi!

Men Nozima chekkan jabrning mohiyatini tushuna boshladim. Buning sababchisi Bozorvoy aka. Yana oʻsha! Idoramizda nechta odamni zir titratgan bu yaramas.

Men yosh boʻlsam ham mana shularni mushohada qila olardim. Aka, oradan shuncha yillar oʻtdi hamki, oʻsha kunni eslasam badanimga titroq kiradi.

U jim boʻldi. Men bu yigitning hikoyasiga ichu tashim bilan shoʻngʻib ketgandim. Voqea nima bilan tugashiga shu darajada qiziqardimki, Narzillaning taqdiri mening ham taqdirimga aylandi goʻyo. U esa, qayta junbushga kelgan hissiyotlarini bosib olmoqchidek biroz tin oldi. “Shoʻrlik Nozima! Shu kunlar peshonasiga yozilganmi? – xayol surayotgandek pichirladi u. – Eri bir ogʻiz gapga ishondimi? Oʻynashmish! Axir, Nozimadek pokiza ayol haqida bunday xayolga borishning oʻzi gunoh-ku?! Yolgʻonga ishontirish shunchalar osonmi? Gʻirt yolgʻon, tuhmat-ku bu?!”

– Men Nozimani ovutish uchun soʻz topolmasdim, – ovozini balandlatib davom etdi Narzilla. – Nima ham derdim? Hammasini toʻgʻrilayman, deymi? Lekin, qanday qilib? Eri bu tuhmatga ishongani aniq. Boʻlmasa, xotinini shu ahvolga solib doʻpposlarmidi? Balki… tushuntira olarman… Baribir, koʻnglida shubha-gumon bor. Ajrashib ketishsa-ya?! Yoʻq. U eri bilan ajrashmasligi kerak! Oʻrtada ikki bola bor. Uvoli tutmaydimi, anavi iflosni! Nimani oʻyladi? Nega bunday qildi? Nima qasdi bor menda? Oʻzimga aytmaydimi?!

Miyam qotib qolgandi. Nozimani shu yerda qoldirdim-da, qaytib idoraga kirdim. Koʻzimga hech narsa koʻrinmasdi. Yoʻlakda uchragan tanishlargayam qaramadim. Menga Bozorvoy kerak edi. Yaramas, shilliqqurt!

Shu ahvolda xona eshigiga qoʻl yubordim. U toʻrdagi stol ortida bezrayib oʻtirardi. Eshikni ochganimda koʻk koʻzlarini menga qadab oldi. Ichimdagi gapni oʻqib olmoqchidek kiprik qoqmay tikildi. Men yosh edim. Nimagadir, biroz boʻshashdim.

– Ha, – dedi u buni payqab, – oʻynashingni himoya qilgani keldingmi?

Men nima deyishimni bilolmay qoldim. Botiniy gʻazab, alamimni tashimga chiqarolmay qiynaldim. Nozimani, oʻzimni qanday qilib oqlab olishim mumkin? Buni bilmasdim. Yoʻl topolmay qiynaldim. Kuchli bir bomba portlagan-u, quloqlarim bitgan. Quloqlarimgina emas, miyam ham qotib qolgandi. Nima qilishim, nima deyishim kerakligini bilmasdim. Aqldan gʻazab ustun kelganda shunday boʻladi. Bu yaramasning qilmishi hech bir qolipga sigʻmasdi. Koʻzimdan olov chiqsa-yu, uni yondirib-kuydirib jizgʻanagini chiqarsa!

– Ilonga oʻxshab oʻqrayma, – dedi.

Men qarshimda eng yovuz dushmanimni koʻra boshlagandim:

– Sen ilonsan! – dedim ichkariga bir qadam bosib.

U oʻrnidan sapchib turdi:

– Yoʻqol! – dedi eshikni koʻrsatib.

– Yoʻqolaman!

Eshikni zarb bilan urib chiqib ketdim. Lekin oldinda meni katta sharmandalik kutardi. Oʻylab koʻring: birovning xotiniga, erlik ayolga koʻz olaytirishdan ortiq sharmandalik, tubanlik boʻladimi?! Bunday gunohga qoʻl urgandan koʻra eng baland togʻdan qulab parcha-parcha boʻlganing yaxshi emasmi?! Oʻzganing jufti haloliga qiyo boqqandan koʻra oʻzingni koʻpirib yotgan dengizga otib, nafs olovini oʻchirganing, suv ostidagi tubsizlik sendek nomardga qabr boʻlgani ming bora afzal-ku?!

Tashqarida qiy-chuv ovozlar eshitildi. Chiqqanimda, ne koʻz bilan koʻrayki, Nozimani eri sochidan ushlab urardi! Bir yigit bilan bir qiz qichqirgancha ularni ajratishga urinishmoqda. Menda goʻyo qanot paydo boʻldi. Oʻzimni oʻsha tomonga otdim:

– Toʻxta! Yolgʻon hammasi! – dedim gʻazabdan vahshiyga aylanib ketgan yigitga.

U Nozimani qoʻyib yuborib, men tomonga oʻgirildi:

– Hali senmi, xotinim bilan oʻynashadigan errayim?! – deb oʻkirganicha otildi.

Yuzimga zarb bilan tushgan mushtdan koʻz oldimda chaqmoq chaqnadi! Koʻzimni yumib oldim. Ochganimda, qonga toʻlgan vahshiy nigoh gʻajib tashlagudek nafrat bilan tikilib turardi. Bolalikda mushtlashib katta boʻlganmiz. Men ham oʻz-oʻzidan unga tashlandim. Qanday kalla tushirganimni bilmay qoldim. U qoʻrgʻoshinli qoʻgʻirchoqdek qalqib ketdi. Lekin, yiqilmadi. Bir-birimizni yoqamizdan olib yerga dumaladik. Uning alami kuchli edi. Jon-jahdi bilan musht tushirardi. Men gʻofil ham undan qolishmadim. Yuz-koʻzimiz qonga belandi! Koʻylaklarimiz pora-pora boʻldi! Atrofda yigʻilgan izdihom tomoshabin edi. Bir-ikki yigit bizni ajratishga urinardi.

Kimdir xabar qilibdi, militsiya mashinasi yetib keldi. Ikkalamizniyam olib ketishdi. Piyonistalarni terib yuradigan mashinaning temir qutisida oʻtirib, ancha oʻzimni bosib oldim. Nozimaning eri shu yerdayam bir-ikki tashlandi. Formadagi yigitlar ajratib qoʻyishdi.

Ichki ishlar boʻlimida obdon surishtirishdi. Idoramizga ham kirib chiqishgan ekan. Men bor gapni aytdim. Lekin Nozima bilan oʻrtamizda hech gap yoʻqligiga odamlarni ishontirib boʻlmasdi. Yaramas Bozorvoyning gʻiybatlari ustun keldi. Jinoyat ishi ochishmadi. Arz qiluvchi yoʻq edi-da. Nozimaning eri mum tishlagandek jim boʻlib oldi. Uni qoʻyib yuborishdi. Menga oʻn besh sutka berishdi.

Koʻcha supurib, ul-bul ishlarni qilib yuraverdim. Dilgirligim ancha bosilgandek edi. Faqat bechora Nozimani oʻylab siqilaman. “Nima boʻldi ekan? – degan oʻy tegirmon toshidek ezadi. – Eri haqiqatni tushundimi? Ahmoqqa oʻxshamaydi. Soʻrab-surishtirgandir, axir!”. Begunoh ayolning kaltakdan shishib ketgan yuzi koʻz oldimga kelsa, ingrab yuboraman…

Oradan uch kun oʻtdi. Oldimga Hojiakbar aka keldi. Oʻsha, oʻzimning ustozim! Endi u idoramizda rais oʻrinbosari edi. Koʻrinishi xotirjam. Qarashlaridan gʻazab ham, taʼna ham sezmadim.

– Shu ish boʻlmagan-a? – dedi tikilib turib.

– Yoʻq, – dedim boshimni chayqab.

– Menga qara, – dedi Hojiakbar aka. – Senga ishonaman.

Unga tikilib qoldim. Koʻzimga farishtadek koʻrindi. “Ishonaman”, dedi-ya! Bu, men alam-iztiroblar ichida yashagan soʻnggi kunlarda eshitgan birinchi iliq soʻz edi! Haqiqat yuzaga chiqqandek entikdim. Ichim toʻlib ketdi. Ikki kaftimni yuzimga bosib, unsiz yigʻlab yubordim. Yelkam silkinib-silkinib tushardi. Koʻzlarimdan tinmay yosh oqadi. Buning yana bir sababi bor. Sizga aytmabman. Meni qamashganining ertasiga xotinim uyiga ketib qolgandi. Buni ovqat olib kelgan onam aytdilar. Hatto onamning ham menga ishonib-ishonmayotgani sezilib turardi… Oʻzingiz oʻylab koʻring: butun dunyo menga qarshi. Nima qilishim kerak? Nozimani, oʻzimni qanday oqlab olay? Tuhmat toshni yoradi, deyishgan-ku. Bu tuhmat osuda kunlarimni mumdek eritib yubordi. Ana shu qorongʻilikda bir shuʼla koʻrindi. Bu Hojiakbar akaning “ishonaman”, degan soʻzi edi!

– Bozorvoyning hisobotlaridan Nozima bir necha marta kamchilik topgandi, – dedi ustoz. – Mana, oqibati. U orqadan pichoq uradiganlardan. Sen ham jabrlanding.

Hojiakbar akaning ogʻir-bosiq ohangda aytgan gaplari meni titratib yubordi. Bu Bozorvoyning oʻchi ekan-da?! Voy, ablah-yey! Gap buyoqda ekan-ku?! Shuni aytsang, soʻksang, ishdan boʻshatib yuborsang boʻlmasmidi?! Bir pokiza ayolning nomini bulgʻading. Uyini buzding! Men-chi, men?! Axir meniyam xotinim ketib qoldi-ku! Nomim xotinbozga chiqdi!

– Doʻkondan xavotir olma, – dedi Hojiakbar aka. – Yordamching eplayapti. Oʻzim qarab turibman.

Shu paytda meni bir soʻroq qiynardi: Nozimaga nima boʻldi? Uning boshiga tushgan gʻavgʻolarda qay bir maʼnoda oʻzimni aybdor hisoblardim. Aybsiz aybdor edim men! Uning alam bilan “Erkakmisiz?!”, degani qulogʻim ostida sovuq jaranglab turardi. Nahotki, u hamma gapni mendan chiqqan deb oʻyladi? Toʻgʻri, shunday yigitlar bor. Birorta ayol yaxshi muomala qilsa, meni yoqtirib qoldi, deya lof uradi. Men unday nomardlardan emasman-ku? Yuragimni tirnayotgan bu soʻroqqa ham Hojiakbar akaning oʻzi javob berdi:

– Nozima, sen kimgadir… oʻshanaqa gap qilgansan, deb oʻylagan ekan. Bunaqa gap chiqmadi. Hammasi oydinlashdi. Nozimaning eri ishxonaga kelib turardi. Unga Bozorvoy shipshitgan ekan oʻsha gapni.

Ilon ekan bu Bozorvoy! Uning zahari oʻtkir edi. Shuncha odamni qaqshatdi. “Suv balosi, oʻt balosi, tuhmat balosidan asrasin”, deya duo qilardilar buvim. Bu gapning maʼnosiga oʻshanda tushundim…

 

* * *

Mashina dala yoʻlidan oʻrtacha tezlikda borardi. Narzilla yoʻlga tikiladi. Oʻtgan gaplarni eslab, bir yondi-da, sekin oʻchdi goʻyo. Yanayam kim bilsin. Sirtdan sokindir u. Inson bunday zarbani unutoladimi? Hamon yuragi ezilayotgandir? Axir, men, Nozima bilan Narzillaga butunlay begona bir odam, qanchalar taʼsirlandim! Oʻzimdagi ularning keyingi taqdirlarini bilish istagini yengolmadim:

– Siz ishdan boʻshab ketdingiz. Shundaymi?

– Ha.

– Nozima-chi?

– Nozimani Hojiakbar aka ishda olib qoldi. Lekin, eri bilan ajrashdi.

– Eri haqiqatni bilmabdimi?

– Hammasini tushungandir balki… El ogʻziga elak tutib boʻlmaydi. Gap-soʻz oʻrmalab ketgandi. Qayta yarashmadi… Koʻngli boʻlmagandir… Aslida, ungayam jabr boʻldi. Men xotinim bilan yarashib ketdim. Uning oilasi parokanda boʻldi. Ikki bola sarson…

– Keyinchalik Nozima bilan gaplashdingizmi?

– Yoʻq. Koʻchada koʻrib qolsam beriroqdan oʻtib ketaman. Shunisi maʼqul. Hozir Bozorvoyning oʻrnida ishlayapti. Shunday deb eshitdim.

– U-chi? – beixtiyor savol berdim.

– Unga nima? Bundaylarni jin ham urmaydi. Pensiyaga chiqqan. Haliyam oʻsha-oʻsha yurish… Koʻrdingiz-ku…

 

* * *

Mashina jildirab suv oqayotgan ariq boʻyidagi oddiy qishloq uyida toʻxtadi. Hovli darvozasi ochiq edi.

– Yetib keldik, – dedi Narzilla. Signalni bir bosib qoʻydi.

Koʻchadan hovlidagi kishmish uzumlar osilib turgan soʻri koʻrindi. Soʻri ostidagi supadan boshiga oq roʻmol tashlagan ayol turdi. Meni tanib, roʻmolini toʻgʻirlay-toʻgʻirlay darvoza tomonga yugurdi.

– Aka! – dedi singlim yelkamdan quchib. – Otam oʻrniga otam!

Uning koʻzidan mehr yoshlari oqardi. Shu payt darvozadan devdek yigit bilan boʻy yetgan nozikkina qiz birin-ketin chiqib kelishdi. Ular ham “togʻajon”lab yelkamga osilishdi.

Men mehr ogʻushida qolgandim. Mashinaning qisqa signalidan oʻzimga keldim. Narzilla qaytib ketayotgandi.

 

Abdujalol RAHIMOV

 

“Yoshlik”, 2014 yil 8-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.