Yoʻlovchi

0
276
marta koʻrilgan.

Onaning koʻngli – bolada, bolaning koʻngli – dalada, deb shuni aytsa kerak-da. Yoʻq, bu bolasi tushmagun mehrsiz emas, har haftada bir marta boʻlsa-da volidasini borib koʻrib kelarkan. Shunday ekan, ish va roʻzgʻor tashvishlardan ortib, har doim ham bunga vaqt ajrata olmasa, undan gina qilish oʻrinlimikan? Darvoqe, ona kenja oʻgʻli va kelini bilan yashaydi, demak, ishonchli qoʻllarda. Osh-ovqatidan, issiq-sovugʻidan hecham xavotir olmasa boʻladi. Ana boringki, zarurat tugʻilgan taqdirda ham, sim qoqsa, oyogʻini qoʻliga olib yetib boradi.

Afsuski, bu gal nimadir boʻlibdi-yu, toʻngʻich oʻgʻil kelolmabdi. Albatta, ona farzandidan xavotir ola boshlagan. Haynohoy, kenja oʻgʻli bilan keliniga buni aytsa, ular “Qoʻngʻiroqlashdik. Hammasi joyida ekan. Shunchaki, ishlari koʻpayib ketib, bu hafta kelishga vaqt boʻlmabdi”, qabilida javob qaytarishgan. Xatti-harakatlaridan koʻrinib turibdiki, onaning koʻngli baribir taskin topmaydi. Axiyri hech kimga, hatto nabiralariga ham biron soʻz demay koʻchaga chiqib, duch kelgan mashinaga qoʻl koʻtaradi. Eng qizigʻi, kampir oʻgʻlining uyi shaharning qayerida ekanini aniq bilmaydi. Bilgani yangi qurilayotgan chet-chekka joyda ekani, xolos. Buning uchun uni ayblab boʻlmaydi: qarib xotirasi susayib qolgan. Shu boisdanmi toʻngʻich oʻgʻli hamisha uni oʻzi mashinada uyiga olib kelib, keyin yana ukasini eltib qoʻygan ekan.

Anglagan boʻlsangiz, kechki payt yoʻlovchi sifatida mashinamga oʻtirib qolgan kampir bularni menga gapirib berdi. Avvaliga men ham borar manzilini noaniq aytganida, yaxshilab soʻramasdan, aksincha, “Shaharni besh qoʻlday bilaman. Albatta, oʻgʻlingizning uyini topamiz”, deb vaʼda berib yuborgan ekanman, keyin atrofga qorongʻilik tusha boshlagach, bunga oʻzim ham ishonmay qoʻydim. Chunki oʻsha yangi mavzeda yangidan qurilgan uylar juda koʻp, qaysi koʻchaga kirib, soʻrab-surishtirmaylik, kampirning oʻgʻlini bilishmas ekan. Shunga qaraganda, bu yerdagi qoʻni-qoʻshnilar bir-biri bilan tanishib ham ulgurishmagan-da.

Xoʻsh, shunday vaziyatda nima qilishim kerak? Birinchidan, kampirni koʻchada yolgʻiz tashlab ketolmayman. Ikkinchidan, kenja oʻgʻlining uyiga olib borib qoʻyay desam, kampir roʻyxushlik bermayapti. Xayriyatki, “Onaxon, sizni uyimga olib ketaman. Mening ham siz tengi onam bor, ikkalangiz maza qilib suhbatlashasiz. Xudo xohlasa, ertalab oʻgʻlingizning uyini, albatta, topamiz”, degandim, koʻna qoldi.

Ochigʻi, koʻp yillardan beri mashina rulini boshqarib, xoʻp qiziq voqealarga guvoh boʻlganman-u, lekin kap-katta oʻgʻlini sogʻinib, uning uyini qidirib yoʻlga chiqqan kampirga ilk bora roʻpara kelishim edi. Qarang-a, farzand necha yoshga kirsa ham, ona uchun bolaligicha qolaverarkan-da.

Shu oʻrinda men ham bolaligimni eslasam, onamning aytishicha, gʻildirak yumalatib oʻynashni xush koʻrgan ekanman. Biroz ulgʻayib, velosiped mindim. Ana undan keyin mototsikl haydashni oʻrgandim. Bu xatti-harakatlarim texnikaga juda erta qiziqqanimni bildiradi, albatta. Maktabni bitirib, haydovchilik kursida oʻqidim, bir yilcha avtokorxonada ishladim.

Hamon yodimda, birinchi ish kunim tushlik payti qornim rosa ochiqdi. Qator karavotlar qoʻyilgan oshxonaga kirib ovqatlanib oldim. Qornim toʻygandan keyin lanj boʻla boshladim. Qarasam, bir chetda koʻrpa-yotiq turgan ekan. Sekin yonboshladim. Koʻzim ilinib uxlab qolibman. Bir vaqt irgʻib oʻrnimdan turdim-da, tashqariga chiqdim. Koʻchada bizning mahalladan oʻtadigan avtobus kelayotgan ekan, shosha-pisha chiqdim. Uyda onam meni qarshi oldi: “Bolam, ish kuning yaxshi oʻtdimi? Mashinangni garajga topshirib qaytdingmi?” deb soʻradi. Shundagina oshxona yonida mashinamni qoldirganim esimda tushdi. “E, ona bir narsa xotiramdan koʻtarilibdi. Men hozir kelaman”, deb koʻchaga yugurdim. Xayriyat, mashinam bus-butun turgan ekan.

 

***

– Men tengi kampirni ovora qilmasdan toʻgʻri uyga olib kelib, yaxshi qilibsan, bolam, – deb onam xursand boʻldi.

Ikki kampir tezda til topishib, allamahalgacha suhbatlashib oʻtirishdi. Mening fikru xayolimda esa “Onaxonni oʻgʻillari qidirib yurishgan boʻlsa-chi”, degan xavotir bor edi. Qani, bu ayol farzandlarining qoʻl telefonini, jilla qursa, uy telefonini bilganida, qoʻngʻiroq qilib qayerda ekanini aytib qoʻyardik. Shunda ular xavotir olishmasdi. Men ham tinchgina uxlardim.

Ertalab nonushtani qilib olib, savob ishni oxiriga yetkazib qoʻyishga bel bogʻladim. Yana kampirni mashinamga mindirib, toʻngʻich oʻgʻlimining uyini izlashga kirishdim. Tevarak-atrof yorugʻ boʻlgani uchunmi, onaxonning eslash yaxshilandi.

– Ha-ha, mana shu chorrahadan oʻtib, oʻngga burilsangiz, qarshingizdan katta koʻcha chiqadi. Oʻsha koʻchadagi toʻrtinchi uy oʻgʻlimniki, – deb xursand boʻldi va qoʻshimcha qildi. – Darvozasi koʻk rangga boʻyalgan. Hali ishga ketmagan boʻlsa, bolajonimni koʻrishga urgiraman.

Xuddi onasi kelishini sezgandek, kampirning oʻgʻli darvozasi qarshisida alangab turgan ekan. Kampir mashinadan tushar-tushmas farzandiga dakki bera ketdi:

– Qanaqa bolasan? Nega uyga bormading? Sendan rosa xavotir oldim. Uyingga kelayotib yoʻlda adashib qoldim. Xudodan xabari bor haydovchiga uchragan ekanman. Baraka topkur meni uyiga olib borib onasi bilan tanishtirdi. Mehmon qildi. Yana…

Oʻgʻli kiyib olgan kiyimiga, yaʼni egnidagi qimmatbaho kostyumiga, boʻynidagi boʻyinbogʻiga qaraganda, biron joyda amaldor boʻlib ishlasa, ajabmas. Lekin hozir gap bunda emas. Oʻgʻil bir dam angrayib, soʻngra birdan oʻziga kelib, onasiga talpindi.

– Bormisiz, onajon! Kechasi bilan sizni qidirmagan joyimiz qolmadi, xayriyat, xayriyat, – u shunday deb, oʻpkasi toʻlib turgan ekan shekilli, yosh boladay yigʻlab yubordi.

Onasi uni bagʻriga bosib, boshini silab yupatar, tashqaridagi gʻala-gʻavurni eshitib yugurib chiqqan jajji bolakaylar ham buvisi tomon talpinishar edi…

 

Suyundik MAMIROV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.