Yoʻli topildi

0
181
marta koʻrilgan.

Ikki oshna – Salim va Halim bozorligini qilishmoqda. Salim somon tiqilgan qopdek yum-yumaloq. Halim esa “em tegmagandek” ozgʻin va novcha. Salimning ikki qoʻltigʻida xarid qilingan mahsulot-masalliqlar. Halimning qoʻlida esa bor-yoʻgʻi bir varaq qogʻoz. Salim yuz koʻzidan sharros quyilayotgan terni qiyshaygancha yelkasiga artarkan, toliqqan tovushda dedi:

– Qoʻlingdagi roʻyxatga qara-chi… Yana nimalar qolibdi… Uf-f!

Halim yarim gʻijimlangan qogʻozning taxini yozib hijjalaydi:

– Olma… olindi. Sabzi… solindi. Sholgʻom, turp, koʻkat… Demak, sha-a… boʻyalib ketibdi. Sha-a-f…

Salim betoqatlandi.

– Shap-shap demay, shaftoli demaysanmi, naynov! Qoʻl toldi-ku…

– Shoshma… sha-a… Qara, haqiqatan shaftoli bilan anjir qolibdi…

– Anjir bilan shaftoli?! Xaltada axir, joy qolmadi-ku! Hammol qilib oʻldirarkansan-da meni…

Halim “roʻyxat” bilan ogʻzini berkitib xomuza tortdi.

– Boshida kelishdik-a? Savdolashish mendan, bozorlikni koʻtarib yurish sendan… Lekin, yana bir qogʻozxalta olsak, qanday qilib koʻtararkansan…

Salim hansiragancha ogʻirligini bir oyogʻidan ikkinchisiga soladi.

– Shoshma… shu, kallaga bir fikr keldi.

Halim esnagancha qoʻl siltaydi.

– Xoʻsh? Xaltaning bittasini koʻtarasan demoqchimisan?! Bekorlarning beshtasiga beshtosh oʻynabsan! Qani yur! Oldin anjir, soʻng shaftoli olamiz.

– Yoʻ-oʻq, – Salim qashingisi keldi shekilli, qiyshanglagancha yelka uchirdi. – Shu aytmoqchiman-ki…

Shunday deya Salim meva-chevalar rastasiga bir muddat tikilib qoldi.

– Shu aytmoqchimanki… Anjir, shaftoli… deb mayda-chuyda qilib yuramizmi! Undan keyin xaltada ham joy oz qolgan. Ke, shuning uchun biratoʻlasiga anjirshaftoli xarid qilib qoʻya qolamiz! Nima deding?! Ana, huv momoda bor ekan…

“Xalta koʻtarish xavfi” dan choʻchib turgan Halimga bu taklif halimdek yoqdimi barmogʻini osmonga nuqidi.

– Vo-o! Qoyil… Qorning semiz desam, kallang ham qolishmaskan. Ana topqirlik… Ham hamyon tejaladi, ham xalta… Qani ketdik joʻrajon! Iqtisod qilgan pulga esa… mayli yarimta bizdan!

 

Muhammad OCHIL

 

“Yoshlik”, 2014 yil 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.