Yolgʻiz odam

0
302
marta koʻrilgan.

Arkadiy AVERCHYeNKO

 

Buxgalter Kazanlikov xotiniga dedi:

– Unga shu qadar achinamanki… Doim yolgʻiz, u bilan deyarli hech kimsa qiziqmaydi, gap qoʻshmaydi… Lekin koʻrinishidan tuppa-tuzuk, baodob kishi, axir u bizga xalal bermaydi-ku! U ham menga oʻxshagan bank xizmatchisi. Qarshi emasmisan, azizam? Bugungi ziyofatga uni taklif etdim.

– Bemalol! – javob berdi xotini picha ajablanib. – Xursand boʻlaman.

Mehmonlar soat oʻnda jam boʻlishdi. Choy ichishdi, mezbonni ism kuni[1] bilan tabrik etishdi va yosh juftlik – buxgalter Kazanlikovning singlisi va uning qalligʻi, talaba Anichkinga hazil-mutoyiba qilishdi.

Soat oʻnda Kazanlikov va xotinining suhbatiga mavzu boʻlgan oʻsha odobli janob ham tashrif buyurdi… U baland boʻyli, gavdasi xuddi yashinqaytargichdek tippa-tik kishi boʻlib, sochlari poʻlat choʻtka kabi siyrak va qattiq, quyuq qora qoshlari ajablangandek kerilib turardi. Egnidagi qora syurtuk tugmalari oxirigacha qadalgan, bosiq va muloyim, lekin taʼsirli gapirar, oʻzini eshitishga majbur etardi.

Choyni rom bilan ichardi.

Ikki stakan choy ichgach, uchinchisini rad etdi va mezbonga iltifot yuzasidan nigoh tashlagach, soʻradi:

– Bolalaringiz bormi?

– Kutyapmiz! – jilmaydi Kazanlikov, dik etib oʻrnidan turgan va semiz odamlar singari yaqqol turtib chiqqan qornini kichraytirib koʻrsatmoqchi boʻlgandek harakat qilgan xotiniga xijolatomuz ishora qilib.

Yolgʻiz janob viqor bilan bekaning qorniga razm soldi.

– Kutyapmiz deng? Ha… Hm… Bola tugʻilishi – xavfli narsa.

– Nega? – soʻradi Kazanlikov.

– Xavfli boʻlmay nima? Bunaqa ishlar koʻpincha oʻlim bilan yakun topadi. Tugʻruq vaqtida bezgak yoki boshqa biron dard tutsa bormi, tamom deyavering!

Kazanlikov oʻlganining kunidan jilmaydi.

– Nachora, hammasi xayrli tugaydi deb umid qilamiz. Pahlavondek, doʻmboqqina oʻgʻilchamiz boʻladi… He-he!

Yolgʻiz janob terlagan kafti bilan boshidagi siyrak qora sochlarni silarkan, oʻylanib qoldi.

– Oʻgʻilchamish… Hm… Ha, oʻgʻilchalar ham, bilasizmi… Koʻpincha oʻlik tugʻiladi.

Mezbon yelkasini qisdi.

– Kamdan-kam hollarda shunday boʻladi.

– Kamdan-kam? – eʼtiroz qildi mehmon. – Yoʻq, bunaqa hollar kam boʻlmaydi. Baʼzi ayollar mutlaqo farzand koʻra olmaydilar… Organizmlari yoʻl qoʻymaydi. Mana, siz, xonim… Bolangiz dunyoga kelishi – siz uchun oxiri qaygʻuli boʻlgan juda jiddiy xavf-xatar bilan tahdid soladimi deb qoʻrqaman…

– Bu nimasi, boshqa gap qurib qolganmi, janoblar? – dedi amaldor Fitilevning xotini. – Hech qanaqa noxushlik boʻlmaydi. Hali siz, – u yolgʻiz janobga murojaat qildi, – chaqaloqni choʻqintirish marosimida ham kayfu safo qilasiz!

Yolgʻiz janob hasrat bilan boshini chayqadi:

– Xudo nasib etsin. Ammo gohida shunday boʻladiki, bola duppa-durust voyaga yeta boshlaydi, soʻng birdan oʻlib qoladi. Bola organizmi juda moʻrt, nozik… Shamol esib, changmi yo boshqa narsani uchirib keladi va – tamom. Bolalar oʻlimi statistikasiga koʻra…

Kazanlikovning xotini mehmonning bosiq va nazokatli gaplarini boʻzdek oqarib, yuzlari qoʻrquvdan burishib tinglab oʻtirardi.

– E, qoʻying oʻsha statistikani! Mening uch farzandim bor, bari sogʻ-salomat, – uning soʻzini boʻldi Fitilevning xotini.

Mehmon lutf bilan tabassum qildi.

– Bu vaqtincha, xonim, vaqtincha. Darvoqe, shaharda boʻgʻma tarqalganini eshitdingizmi? Bolakay bemalol oʻynab yuradi, shoʻxlik qiladi va birdan yoʻtala boshlaydi… Tomogʻida noʻxatday qizillik paydo boʻladi… Bir qarashda hech vahimali joyi yoʻqdek…

Fitilevning xotini titrab, koʻzlarini katta-katta ochdi.

– Voy oʻlmasam! Kecha oqshom mening Seryojkam rostdan ham bir-ikki marta yoʻtalgandek boʻluvdi-ya…

– Ana, koʻrdingizmi? – bosh irgʻadi mehmon. – Erka oʻgʻilchangiz boʻgʻmaga chalingan boʻlsa sirayam ajab emas. Umuman, hozircha tinchlaning, chunki bu boʻgʻma boʻlmasligi ham mumkin. Balki u qizilcha bilan ogʻrigandir. Kecha yoʻtaldi, dedingizmi? Hm… Agar u alohida ajratilgan boʻlmasa, boshqa bolalaringizga ham osongina yuqtirishi mumkin…

Boʻzdek oqarib ketgan Fitilevning xotini ogʻzini ochar va yumar, ammo loaqal bitta soʻz aytishga majoli qolmagandi.

– Siz koʻpam hayajonlanmang, – yupatdi uni mehmon. – Qizilcha har doim ham oʻlim bilan tugayvermaydi. Baʼzida u shunchaki eshitish aʼzolariga taʼsir etib kar qilib qoʻyadi yoki, bunisi, albatta, bir oz xavfli – oʻpkani ishdan chiqaradi.

– Qayoqqa otlandingiz? – hadiksirab soʻradi Kazanlikovning xotini, Fitileva xonim qaltiroq qoʻllari bilan shlyapasini gʻijimlayotgani va tishini-tishiga qoʻygancha shlyapa toʻgʻnogʻichini barmoqlariga suqayotganini koʻrib.

– Meni kechiring, jonginam, ammo… dahshatga tushyapman. Ehtimol… Seryojka… rostdan ham betobdir.

Ayol mehmonlar bilan xayrlashishni ham unutib, eshikni qattiq yopdi va gʻoyib boʻldi.

Yolgʻiz mehmon rom qoʻshilgan choyini mayda hoʻplab ichar va har zamonda qarshisida oʻtirgan talaba Anichkin va uning qalligʻiga qarab qoʻyardi.

– Qaysi fakultetda oʻqiysiz? – soʻradi u, chap koʻzini odob bilan qisib.

– Huquqshunoslik fakultetida.

– Aha! Shunday deng… Oʻzim ham bir mahallar universitetda oʻqiganman. Yoshlarni sevaman. Ammo, ochiq soʻzlaganim uchun maʼzur tuting: huquqshunoslik maʼlumotidan naf chiqishi gumon.

– Nega endi?

– Hozir tushuntiraman. Mana siz, oʻqiyapsiz, rosa toʻrt yil oʻqiysiz, toʻgʻrimi? Axiyri bir kun tamomlaysiz (agar orada biron koʻngilsizlik roʻy berib, haydalmasangiz!)… Xoʻsh keyin-chi? Amaliyotingiz boʻlmagani holda yoqlovchi advokatga yordamchi boʻlasizmi, yoki qirq soʻm maoshlik joy boʻshashini kutib temir yoʻl boshqarmasida tekinga ishlab yurasizmi? Turgan gapki, bunaqa vaziyatda uylanishdek xatoga yoʻl qoʻymaysiz, ammo…

Talaba aybdorlardek yer suzdi va jilmaydi.

– Men aynan uylanmoqchiman. Mana – tanishtirishga ruxsat eting – qalligʻim.

– Demak, uy-lan-yap-siz, – hasratli tovushda maʼnodor choʻzib dedi yolgʻiz janob. – Ana xolos! Nachora, oyimqiz… Sizlarga baxt va poyonsiz farovon hayot tilayman. Harholda, oilali talabalar qanday yashashini koʻrganman: oltinchi qavatda torgina xona, parda orqasida kasal chaqaloq (aynan kasal – diqqat eting!), nobop turmush tufayli barvaqt qariyotgan, ozgʻin, qaygʻuli xotin, ochlik va omadsizlikdan sillasi qurigan er… Albatta, xayrli istisnolar ham bor: chaqaloq – oʻlib qolishi, xotin esa kelishgan qoʻshni erkak bilan qochib ketishi mumkin, ammo bu taassufki, kamdan-kam hollarda yuz beradi… Kunlarning birida er paltosini garovga qoʻyishi uchun xotinini lombardga joʻnatadi, oʻzi esa kamarini shipdagi ilgakdan oʻtkazadiyu, shu bilan…

Xonaga sukunat choʻkdi.

Talaba junjikkancha nariroqdagi stulga borib oʻtirdi, qushchalar qafasiga qattiq tikilib oʻtirgan qalligʻining esa koʻzlarida yosh tomchilari yiltirar va bu tomchilar toʻlqinlanayotgan koʻksiga dumalab tushishi bilan oʻrnini yangilari egallardi…

– Qoʻying bunaqa gaplarni, – ogʻzini qiyshaytirib tirjaydi buxgalter Kazanlikov. – Kelinglar, yoqimli narsalar haqida soʻzlashaylik.

– Siz hayotga juda maʼyus va biryoqlama qarar ekansiz, – dedi soliqchi amaldor Tyulyapin. – Mana, masalan, meni olaylik: yaxshi koʻrib uylanganman va xotinim bilan baxtiyorman. Oilamiz tuzuk taʼminlangan, er-xotin juda inoqmiz… U menga hech ham ozor bermaydi… Mana bugun – uning boshi ogʻriyotgandi, hurmatli mezbonni tabriklagani kelolmadi – ammo “loaqal siz boring” deb qattiq turib oldi…

Yolgʻiz janob shubha bilan bosh chayqadi:

– Ehtimol… ehtimol… Lekin men negadir baxtiyor oilalarni koʻrmadim. Vafodor, erini sevadigan xotinlar – bu shunday nodir narsalarki, ularni muzeylarga qoʻyish kerak… Hammadan dahshatlisi, – u qovogʻini uygancha baqrayib qarab turgan talabaga yuzlandi, – xotin qancha muloyim, sertakalluf boʻlsa, bilingki, u zimdan eriga shuncha katta kulfat keltirmoqda.

– Mening xotinim unday emas! – xafa boʻlib gʻoʻldiradi soliqchi.

– Ishonaman, – viqor bilan bosh irgʻadi mehmon. – Men umuman aytdim. Oʻz umrimda xotinlari haqida toʻlqinlanib, koʻzlari yoshlanib gapiradigan necha-necha odamlarni koʻrdim, aksar hollarda bu gaplar bir necha soat burun oʻsha xotinning quchogʻida yotgan begona erkak huzurida aytilardi…

– Jin ursin, nimalar deb aljirayapsiz! – birdan qichqirib yubordi soliqchi Tyulyapin.

– Xoh ishoning, xoh ishonmang! Bir paytlar allaqanday advokatning uyida ijarada yashardim. Uning xotini “tobim yoʻq, yotmoqchiman” degan bahonada har oqshom erini klubga borib koʻnglini xushlashga qistardi. Goʻyo, ishlab charchagan eriga rahmi kelgandek. Erini silab-siypalar, hayotim chirogʻi deb atardi. Tentak er klubgami, boshqa goʻrgami ketgani zahoti javondan jazman (xotinlarning oʻynash yashiradigan joylari koʻp) chiqib kelar va ikkovlari chinakamiga oʻpisha boshlashardi. Men bularni devorning narigi yogʻidan eshitardim.

Soliqchi oqarib-boʻzarib oʻtirar, zoʻrgʻa nafas olardi… U, xuddi shu bugun xotini uni “hayotim chirogʻi” deb erkalagani, ishga berilib dam olishni unutgani haqida achinib gapirganini esladi. Tyulyapin turasola uyiga yugurishni xohlar, ammo bunaqa qilish oʻngʻaysiz edi.

Oshxonadan yigʻidan koʻzlari qizarib, kalovlanib Kazanlikovning xotini chiqdi va kechki ovqat tortilganini maʼlum qildi.

Gʻamgin kayfiyat bir oz arigandek boʻldi. Barcha oʻrnidan turdi, yuzlar yorishib, yengil shovqin-suron koʻtargancha oshxonaga yoʻl oldilar.

Qadahlar toʻldirilganda yolgʻiz janob turdi va dedi:

– Muhtaram bazm sababchisini muborakbod etishga ijozat bersangiz. Xudo unga yana oʻn-oʻn ikki yillab umr va bir etak bola-chaqa hadya etsin!

Qadah soʻzi juda ham zoʻr chiqmagan boʻlsa-da, hamma ichdi.

– Ikkinchi qadahni, – tantanavor dedi yolgʻiz janob, – boʻlgʻusi toʻngʻich farzandingiz sharafiga koʻtaraman.

Boʻlajak ona gul-gul yashnab ketdi va yolgʻiz janobga shunday nigoh tashladiki, undan mehmonning avval aytgan barcha sovuq gaplarini kechirishga tayyorligini oʻqish mumkin edi.

– Boʻlajak oʻgʻlingiz uchun ichaman! Rost, bolalar har doim ham qobil boʻlaverishmaydi. Toʻqqiz yoshidan otasining puli va arogʻini oʻgʻirlay boshlagan bir bolani bilardim, yana, oʻziga enagalik qilgan qari kampirning qornini yorib tashlagan oʻn toʻrt yashar oʻspirinni ham koʻrsatishgan menga, keyin, uni qamoqqa olmoqchi boʻlishganida, ikki mirshabni revolverdan otib oʻldirgan edi… Lekin, harqalay…

– Qoʻying, yaxshisi tamaddi qiling, – maslahat berdi mezbon, xoʻmrayib. – Manavi ajoyib syomga baligʻidan oling, bodringdan tatib koʻring…

Mehmon odob bilan minnatdorchilik bildirdi va syomga baligʻini talabaning qalligʻi tomonga surib, dedi:

– Kuni kecha bir tanishim baliqdan zaharlanib oʻldi. Xuddi shunaqa syomga baligʻidan yegan ekan…

– Syomga yegim kelmayapti, – dedi qiz. – Kolbasa tuzuk.

– Marhamat, – iltifot qilib kolbasa uzatdi mehmon. – Baliqdan koʻra trixindan zaharlanish koʻproq uchraydi. Yaqinda gazetada oʻqib qoldim: bir kampirni kasalxonaga eltishibdi, sil boʻlgan deb oʻylashibdi, yorib koʻrishsa – choʻchqa trixinlari urchib yotganmish…

Soliqchi amaldor xayr-xoʻshlashib, Kazanlikovlarnikidan chiqqan paytda yolgʻiz janob mezbonga taʼzim qilib, ajoyib mehmondorchilik uchun minnatdorchilik bildirib boʻlgan va qorongʻi, chiroq xiragina yoritib turgan zinapoyadan pastga tushayotgan edi.

Soliqchi Tyulyapin ovqat ustida oʻzini allanechuk gʻalati tutdi, koʻp ichdi. U yolgʻiz janobga yetib oldi va yelkasidan tutib, chayqala-chayqala dedi:

– Siz, iblis tilka-pora qilgur, hali xotinlar haqida nimalar deb vaysadingiz… Hozir men manavi tayoq bilan kallangizga solaman – bunaqa gaplarning oxiri voy boʻlishini bilib olasiz.

Yolgʻiz janob unga oʻgirildi va sal-pal qunishdi, ammo pinagini ham buzmadi:

– Tayogʻingiz yoʻgʻongina ekan, buning ustiga temirdan… U bilan boshimga ursangiz, oʻldirasiz. Menga-ku hech balo boʻlmaydi, chunki oʻlikman, lekin sizni qoʻlga olib, Sibirga surgun qilishadi. Xotiningiz qashshoqlikda qolib abgor boʻladi, siz esa surgun sharoitiga chiday olmay oʻzingizga sil orttirasiz… Bolalaringiz har yoqqa daydib ketadi, kissovurlarga qoʻshiladi, onangiz esa jinoyat qilganingizdan xabar topganida yuragi yorilib oʻladi… Shunaqa!

 

1908 yil.

 

Rus tilidan Oybek MOʻMINOV tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2013 yil 11-son

[1] Ism kuni (den angela) – ayrim nasroniy xalqlarida ism qoʻyilgan kunni bayram sifatida nishonlash odatga tusini olgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.