Yo oting chiqsin, yo oʻting

0
294
marta koʻrilgan.

Voqeiyhikoya

 

Bu yigit hamqishlogʻim boʻladi. Jussasi kichikroq, lekin chayir, xushchaqchaq, gapni choʻrt kesadigan “qaysar” yigitlardan. Biz onda-sonda uchrashib qolardik. Ammo koʻnglimda bir armon bor edi: u bilan oʻtirib bemalol gaplashgim keladi. Bilaman, akamning boshidan koʻp savdolar oʻtgan, negaki u kishi Toshkentda yer qimirlagan oʻsha algʻov-dalgʻov yillarda katta ishlarda ishlagan. Sharof Rashidov bilan kunda boʻlmasa-da, tez-tez koʻrishib turgan.

Bir kuni shahar markazidagi bir shifoxonaga bordim. Qarasam, roʻparamda iljayib Toʻlan aka kelayapti.

– Ha, Qarnoqiy, bu yerda nega adashib yuribsan, yosh bola degan ham kasal boʻladimi? – deb hazil qildi.

– Toʻlan polvonga tekin quloq kerak emasmikan, deb keldim, aka.

Toʻlan aka “taslimman” degandek ikkala qoʻlini koʻtardi.

– Boʻldi. Oʻn-oʻn besh kun oʻtgan-ketgan gaplarni ezib bir moyini chiqaramiz. Seniki qaysi boʻlim?

Xuddi kelishgandek, ikkalamiz sanatoriyning yurak boʻlimiga yoʻllanma olgan ekanmiz.

Yana ikki-uch kun oʻtdi. Tushlikdan keyin Toʻlan aka xonaga kirib keldi.

– Huv, Qarnoqiy, ketdik, aylanib kelamiz.

– Gapning moyini chiqarsangiz boraman, boʻlmasa bormayman, – dedim yolgʻondan qovoq solib.

– Boʻpti, injiq, kiyinib pastga tush.

Shifoxonaning orqa hovlisi istirohat bogʻiga tutash edi. Kech kuz. Ariqlarda suvlar tip-tiniq. Daraxtlar tillo libosda. Havo ham muzdek. Atrof jimjit.

Xoliroq bir joyga borib oʻtirdik. Avval bittadan huzur qilib chekib oldik. Toʻlan aka boshidan oʻtgan mojarolarni aytsammi-aytmasammi, deb ikkilanayotgandek edi.

– Menga qara, inim, shu gaplarni qayta kavlab, eski yarani tirnab oʻtirish shartmi? Davay, qoʻl siltaymiz, a?

– Yoʻq, shart, – dedim, – ichingizda qolib ketsa armon boʻladi. Siz bilan mendan keyin keladigan avlod bilib qoʻyishi kerak haqiqatni.

Toʻlan aka shart qoʻydi:

– Mayli, boʻlgan gaplarni qisqacha aytib beraman. Lekin yozadigan boʻlsang, otimni oʻzgartirasan. Bilasan, men birovlarning nomini sotib obroʻ olishni yomon koʻraman.

Toʻlan aka yigirma yil burungi voqealarni qayta esladimi, jim boʻlib qoldi. Chehrasiga yoqimli bir kulgu yoyildi. Soʻng, oʻzi aytmoqchi “tragikomik” hangomasini boshladi.

– Bilasan, temir yoʻl institutini bitirganman. Bir joyda mazza qilib ishlab yuruvdim. Uy tinch. Maishat yaxshi. Zeriksak, ogʻaynilar bilan ulfatchilik qilamiz. Xullas, erkin qush edim. Omadimning kelganimi, ketganimi, bir kuni xoʻjayin chaqirtirib qoldi. Qiyshayib kirdim. Xoʻjayin hovliqib ketgan edi. Meni ostonaning yarmiga kelib kutib oldi. Keyin tomdan tarasha tushganday qilib, “Siz ertaga… Sharof Rashidovning qabuliga borishingiz kerak ekan”, dedi. Hayron boʻldim. Yurt kattasining menday bir injenerda nima ishi boʻlishi mumkin?

– Xullas, ertasiga oppoq koʻynakni kiyib, yangi galstukni bogʻlab, yasan-tusan boʻlib Markazqoʻmga kirib bordingiz?

– Bordim. Umrim bino boʻlib Markazqoʻmning eshigidan oʻtmagan edim.

Qabulxonada u yoq-bu yoqqa koʻz qirimni solib oʻtiribman. Oʻylab oʻyimning oxiriga yetolmayman: “Bunchalik eʼtiborning sababi nima ekan?” Biroq ming oʻylasam, otam xayolimga kelmaydi.

Kelishgan, xushmuomalali yigit ichkariga kirib-chiqib turibdi. Nihoyat, menga navbat keldi shekilli, haligi yigit “Yuring!” deb ishora qildi. U yoq-bu yogʻimni toʻgʻrilab yigitga ergashdim.

Ichkariga qadam bosdimu bir zum toʻxtab qoldim. Tortinib toʻrga qarab yurdim. Sharof aka oʻrnidan turdi. “Keling, keling!” dedi ochiq yuz bilan. Keyin “Marhamat, oʻtiring”, deb yonboshidagi oʻrindiqni koʻrsatdi. Xuddi issiq bir narsaga oʻtirayotgandek omonat choʻkdim. Sharof aka yordamchisiga qaradi.

– Bizni xoli qoldiring.

Xodim yigit qalin papkasini koʻtarib koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Sharof aka menga boshdan-oyoq razm soldi. Xuddi biron gunoh qilib qoʻygandek oʻzimni battar oʻngʻaysiz sezdim. Bilasan, men ham unaqa birovlardan tap tortadiganlardan emasman. Oʻrischa maktabda oʻqiganman. Odamning betiga qarab tikka gapiraveraman. Lekin, gapning toʻgʻrisi, Sharof akaning susti yomon bosdi-da, inim.

Men Toʻlan akaga sigaret choʻzdim. U sigaretni xushlamay tutatdi, qayta-qayta tortdi. Men uning ogʻziga tikildim. U hikoyasining eng qiziq yeriga kelgan edi.

– Sharof aka “Biz koʻrmagandan beri katta yigit boʻlib qolibsiz, Toʻlanbek” deb kuldi. Uy ichimizni, bola-chaqani soʻradi, ishlarimni surishtirdi. Keyin koʻzimga qarab, “Siz meni eslaysizmi, Toʻlanbek?” dedi. Shoshib qoldim. Qanaqasiga eslayman axir, bu kishi bilan birinchi marta yuzma-yuz oʻtirgan boʻlsam… Sharof aka bosh silkidi: “Toʻgʻri, eslay olmasangiz kerak. U paytlar siz juda yosh edingiz. Biz Samarqandda oʻqib yurganimizda sizlarnikida turganmiz. Hovlining etagida bir-ikki hujra boʻlardi. Besh-olti student ana shu hujralarda yashardik. Otangiz rahmatlik yaxshi odam edi, bagʻri keng edi, qoʻlidan kelsa birovga yaxshiligini ayamas edi. Men Karim akaning tuzini koʻp ichganman, buni hech qachon unutmayman”.

Koʻzim yarq etib ochildi. Hamma savollarimga birdan javob topdim. Ayam yaqin-yaqingacha aytib yurardi. “Otang qoʻli ochiq odam edi, borini birovdan ayamasdi, – derdi, – oʻzi universitetning kattasi boʻlishiga qaramay kim uy-joydan qiynalib qolsa ergashtirib kelaverardi. Yil oʻn ikki oy hovlimizda qishloqdan kelgan student bolalar turardi. Menga, “Onasi, ularning issiq-sovugʻiga qarab tur, savob boʻladi, bu bolalar bir kuni Oʻzbekistonning yukini koʻtaradigan kishilar boʻlib chiqadi”, deb qoʻyardi.

Sharof akaning nimaga chaqirtirganini endi tushundim. Oradan shuncha yil oʻtib, u kishi oʻziga, vaqtincha boʻlsa-da, boshpana bergan, taʼlim bergan domlasining farzandlarini bir koʻrib qoʻymoqchi boʻlgan, shekilli. Sharof akaning odamgarchiligi menga qattiq taʼsir qildi.

Qayta-qayta rahmat aytib xayrlashdim. Sharof aka yelkamga qoʻlini qoʻydi:

– Eshigimiz siz uchun doim ochiq. Biror iltimos boʻlsa, tortinmay kelavering, – dedi. Boshim osmonga yetdi.

Hech narsa koʻrmaganday yana ishga tushib ketdim. Bir-biriga oʻxshagan zerikarli kunlar. Ertalab idoraga chop, kechqurun – uyga. Xullas, ikki oymi, uch oymi oʻtdi. Meni bir boʻlimga boshliq qilib qoʻyishdi. U yerda koʻp ishlamadim. Mansabimni yana bir pogʻona koʻtarishdi. Oradan yarim yil oʻtdi-yov. Tagʻin Markazqoʻmga chaqirishdi. Bordim. Oʻsha oʻzim koʻrgan katta kabinet. Besh-olti kishi oʻtiribdi. Baʼzilarini taniyman.

Sharof aka darhol maqsadga oʻtdi: “Biz sizga yangi vazifa yuklamoqchimiz. Oʻrtoqlar sizni Toshkent shahar ijroiya komiteti raisining oʻrinbosarligiga tavsiya qilishmoqda. Nima deysiz?” dedi.

Boshimdan bir paqir muzdek suv quyilgandek boʻldi. Kechagina injener boʻlib yurgan mendek yigit qaydayu ijroqoʻm qayda! Bilasan, men realist odamman, oʻz kuch-qudratimni chamalayman. Boʻyim yetmagan dorga osilmayman. Shuni oʻylab choʻchidim. “Ishonchingiz uchun rahmat. Sharof Rashidovich, – dedim ming azobda, – biroq bunday ulugʻ vazifani eplarmikanman, deb qoʻrqib turibman”.

Gapim Sharof akaga yoqmadi. “Bu ishni eplaymanmi, yoʻqmi, deb ikkilangan kishi hech qachon eplay olmaydi. Eplayman, deb astoydil uringan odam har qanday ogʻir yumushning uddasidan chiqadi”, dedi. Uni yonidagilar quvvatladi. Sharof aka gapni choʻzmadi: “Yosh yigitsiz, bir yigitlik gʻayratingizni koʻrsating, qiynalsangiz, mana biz yordam beramiz”.

Masala hal boʻlgan edi. Eʼtirozga oʻrin qolmadi. Ertasiga shahar ijroiya qoʻmitasi raisining uy-joy masalalari boʻyicha oʻrinbosari etib tayinlandim. Men hali oʻttiz beshga ham kirmagan edim. Men uchun endi butunlay boshqa hayot boshlandi.

Toshkent hozir juda kengayib ketgan. Yunusoboddagi teleminoraga chiqib qarasang, uchi-qiri koʻrinmaydi. Lekin oʻsha oltmishinchi yillarning oʻrtalarida ham Toshkent kichkina emasdi. Bir milliondan ortiq xalqi bor edi. Keldi-ketdi bilan bir yarim million. Toshkent baribir Toshkent-da! Endi men ana shu bir mamlakatday shaharni boshqarishim kerak edi.

Toʻlan aka roʻparamizdagi azamat daraxtga qoʻnib olib qaqagʻlayotgan qora qargʻalarga qarab soʻradi:

– Sen burgutning bolalari bilan oʻynaganini hech koʻrganmisan?

– Yoʻq, nimaydi?

– Men ham koʻrmaganman. Biroq qayerdadir oʻqiganman.

Burgutning polaponlari sal katta boʻlib qanot chiqarganda otasi uni changaliga qisib keng dalaga olib chiqar ekan. “Qani endi uchishni oʻrgansinlar, burgutcha!” degandek bolasini yerga tashlab yuborar ekan. Polapon jon holatda qanot qoqib oʻzini oʻnglasa-oʻngladi, boʻlmasa otasi uni ilib olib qayta mashq qildirar ekan. To polapon oʻzi qoʻrqmay uchadigan boʻlguncha otasi uni balandroqdan yerga qarab otib yuboraverar ekan… Men ham xuddi shu burgut bolasining ahvoliga tushgan edim. Oldimda ikki yoʻl turibdi: yo qanotimning kuchiga ishonib uchib ketishim kerak, yo yerga tushib pachaq boʻlishim kerak. Boshim qotib qoldi.

Sharof akaning nasihatini esladim. Bilib turibman, u kishi menga juda katta muruvvat qildi. Menga ishondi, meni sinab koʻrish uchun yuqori mansabga qoʻydi. Endi jonimni ayamay ishlamasam, avvalo, u kishining yuzini yerga qaratgan boʻlaman.

Ana shunday xayollar bilan bilakni shimarib ishga kirishdim. Bu orada boshimga yana bir sinov tushdi. Toshkentda yer qimirladi. Hamma narsa ostin-ustin boʻlib ketdi. Toshkent yomon vayron boʻlgan edi.

Minglab kishi boshpanasidan ayrildi, oʻn minglab odamning uy-joyi buzildi. Ularga yangi vatan kerak, tomorqa kerak, buzuq uylarni qaytadan tiklab berish kerak. Jabrdiydalarning savdosini oʻylasam, badanim qizib oʻzimni qoʻyarga joy topolmay qolardim.

Sharof aka bilan, onda-sonda boʻlsa-da, koʻrishib turamiz. U kishi zilzilaning ertasiga shaharning hamma rahbarlarini chaqirib katta yigʻilish oʻtkazgandi. Yigʻilishdan keyin meni olib qolib ikki ogʻiz nasihat qildi: “Siz uchun sinov vaqti keldi, uka. Qatiqqoʻl boʻling. Koʻngilchanlik qilmang. Qamishni qattiq ushlasang qoʻlingni kesmaydi, degan gap bor.

Har xil odamlar bor, har xil gap-soʻzlar boʻlishi mumkin. Hushyor boʻling. Xalqning yana bir gapini eslatib qoʻyay: yo oting chiqsin, yo oʻting chiqsin, deydilar. Men sizning otingiz chiqishini juda istayman”.

Toʻlan aka uzun uh tortdi, goʻyo qizib ketganday yoqasini ochibroq qoʻydi.

– Yoz oʻtdi, kuz keldi. Zilzilada boshpanasiz qolgan kishilarga atab qurilayotgan koʻpqavatli uylar birin-ketin bita boshladi. Minglab odam vaqtinchalik chodirlarda, yotoqxonalarda yoki qarindosh-urugʻlarnikida yashab turardi. Xayriyat, sovuq tushguncha ularni yangi uylarga koʻchiradigan boʻldik…

Toʻlan aka fikrini jamlagandek jim boʻlib qoldi, yuzidagi tundlik tarqab, oʻrnini iliq bir ifoda egalladi.

– Ana endi Sharof akaning bir xislati haqida ikki ogʻiz gapirib beray. Bilgan u deydi, bilmagan bu deydi. Mayli, qizil til hammada ham bor. Aslida Sharof aka vatanim, millatim deb kuyib ketgan chin inson edi. Oʻzbekning shaʼniga tirnoqday gap tegsa, jigarlari ezilib ketardi.

Sharof akaning dala hovlisi shundoq shahar biqinida edi. Zilzilaga bir yil boʻlgan, ayni bahor payti. Sharof aka meni boqqa boshladi. Majnuntollar tagida aylanib yuribmiz. Sharof aka ishlarimni surishtirdi, dalda bergan boʻldi. Keyin birdan toʻxtab yuzimga sinovchan boqdi.

– Sizga bir gap bor, – dedi, – hali bu kunlar ham oʻtib ketadi. Shaharni butunlay boshqatdan quramiz. Maskovdan yana pul soʻradik. Xudo xohlasa Toshkent chiroyli shahar boʻladi. Lekin oʻn-oʻn besh yil oʻtgandan keyin shahar aylangan odam…

Sharof aka bilan boʻlib oʻtgan boyagi gapdan keyin bir necha kungacha oʻylanib yurdim. Odamlar bilan hayot meni tobora siqib iskanjaga olib borayotgan edi. Yil oʻtgan sari ish ogʻirlashaberdi. Bir yoqda qurilish janjali, tanbeh ustiga tanbeh, bir yoqda tepamda turgan baʼzi amaldorlarning zugʻumi, yangi paydo boʻlgan doʻstu tugʻishganlarim, ming bir hiyla bilan yoʻl topishga urinayotgan puldorlarning hujumi, ishxonadagi korchalonlarning nayrangi… Uning ustiga hademay “yoz-yoz!” boshlandi.

Xullas, komissiya ustiga komissiya bosdi. Hammayoqni elak-elak qildi. Kovlagan odam ayb topadi. Beayb Parvardigor. Menga hayfsan berishdi. Alam qildi. Huzur-halovatdan kechib, sogʻliqni yoʻqotib, oʻn besh soatlab ishlab, oxir topganing taʼnayu tanbeh boʻlsa – alam qilmaydimi?

Bir-ikki yilda sochim quv oqardi. Qon bosimi paydo boʻldi. Sal narsaga jahlim chiqadi, baqiroq boʻlib qoldim. Demak, “etilibman” deb qoʻydim ichimda. Goho Sharof aka bilan yuzma-yuz boʻlganda, “Endi bizga javob bera qoling, bu yogʻini sogʻliq koʻtarmayapti” degan gapni aytib yuboray deyman. Aytolmayman. Yomon fikrga bormasin, deb nomus qilaman.

Baribir boʻladigan ish boʻlmay qolmas ekan. Tomchi tosh teshadi, degan gap bor. Koʻzyoshday tomchi chak-chak etib tomib turaversa, bir kuni uyday toshni ham teshib yuboradi oxiri…

Meni ishdan olishdi, partiyadan oʻchirishdi. Biroq mening qoʻrqadigan yerim yoʻq. Harom ishga qoʻl urmaganman. Bilganlarini qilsin, deb uyga kirib yotib oldim.

– Boyagi yarim yoʻlda qoʻshilgan qarindosh-urugʻlaringiz toʻsatdan gʻoyib boʻlgan boʻlsa kerak?

– Albatta. Kuniga ikki marta telefon qilib, haftasiga yoʻqlab turadigan qadrdon “doʻstlarim” ham qorasini koʻrsatmay ketdi. Lekin men mansabda oʻtirganimda deyarli yoʻqlamagan, biron narsa soʻramagan ogʻaynilarim boshimga ogʻir kun tushganda hol soʻrab kelishdi. Ana shunda men chin doʻst bilan yolgʻon doʻstning farqiga bordim. Mol doʻsting boshqayu jon doʻsting boshqa, deb shunga aytsalar kerak-da.

– Sharof Rashidovich ham yoʻqlatmadimi?

– Yoʻqlatdi. Ishdan boʻshaganimga ikki oymi, uch oymi boʻlgandi. Uyda yotaverib zerikdim. Oʻz soham boʻyicha bir ish topib ermak qilib yuruvdim. Bir kuni Markazqoʻmdan uyga telefon qilishdi. “Sizni Sharof Rashidovich yoʻqlayaptilar”, dedi eskidan tanish ovoz… Ertasiga Sharof akaning qabulxonasiga kirib bordim.

Sharof aka xuddi hech narsa boʻlmagandek kulib koʻrishdi. “Qalaysiz endi, Toʻlanboy?” deb hol soʻragan boʻldi. Men “rahmat”dan nariga oʻtolmay yerga qarab oʻtiraverdim.

– Hamma narsadan xabarim bor, – dedi Sharof aka, – komissiya sizning ishingizdan jinoyat belgilarini topolmadi. Men sizning halolligingizga ishonardim. Xatolaringizga kelsak, yoshlik qildingiz, tajribasizlik qildingiz, koʻngilchanligingiz ham bor ekan. Aslida bizdan ham jinday xato oʻtibdi. Sizning yelkangizga birdaniga katta yuk qoʻyib yuboribmiz. Toshkentning yukini uncha-muncha odam koʻtarolmaydi. Lekin oʻkinmang. Odam mana shunday asta-sekin pishadi. Toʻrt oyoqda yurib argʻumoq ot qoqiladiyu. Siz hali yoshsiz. Siz uchun hayotning qizigʻi oldinda.

Sharof aka xayrlashar ekan, birinchi kuni aytgan gapini takrorladi:

– Bizning eshik siz uchun doim ochiq. Biror iltimos boʻlsa, tortinmay kelavering.

Shu bir ogʻiz gap menga yetarli edi. Koʻnglim togʻday koʻtarildi. Lekin Sharof aka bilan qaytib koʻrishmadik. U kishini bezovta qilishga haqqim yoʻqligini bilardim.

 

Qahramonimning iltimosiga koʻra uning ismini ochiq aytmagan edim. Endi aytish mumkin. U – Telman Abdullayev, injener, fan nomzodi. Telman aka Samarqand universitetining birinchi rektori Karim Abdullayevning oʻgʻli. Karim aka oʻttizinchi yillarning oxirida tuhmat bilan qamaldi va keyinchalik toʻla oqlandi. Telman aka hozir hayotlar.

 

Saʼdulla SIYOYEV

 

“OʻzAS”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.