Yaxshilikning yaxshilikdan farqi

0
142
marta koʻrilgan.

Yulduzxonning oyisi tomorqada pishgan olmalarning eng chiroylilarini xaltachaga tanlab solib: “Bularni buvingga olib borsang, rosa duo qilardi-da”, deb qoldi. “Xoʻp boʻladi, oyijon, olib boraman”, dedi Yulduzxon va xaltani koʻtarib, mahallaning u chetida yashovchi buvisinikiga joʻnadi. Yarim yoʻlga yetganida, 3-“A” sinfda oʻqiydigan Samantoy ismli janjalkash bolaga duch keldi.

– Ha, uchinchi “B”? – deya Yulduzxonning yoʻlini toʻsdi Samantoy. – Xaltangdagi nima?

– Olmalar, – deb javob qildi Yulduzxon. – Buvimni koʻrgani ketyapman.

Samantoy ikki tamshanib bir yutindi-da, chaqchayib javranishga tushdi:

– Meni bilasan-a, koʻchamizdan oʻtganni tinch qoʻymayman. Xohlasam, hozir hamma olmangni tortvolib, gʻarchcha-gʻurch yeb qoʻyish qoʻlimdan keladi. Mayli, senga bir yaxshilik qilay, olmangdan ikkitagina bergin-u, lipillab oʻtib ketaver.

Yulduzxon Samantoyga ikkita olma berib, qadamini tezlatdi. Sal yurgach, sinfdoshi Boymurodni uchratdi. Boymurod uning qayerga ketayotganini surishtirib bilib: “Qiynalib qolganga oʻxshayapsan, kel, yordam beray”, deya qoʻlidagi xaltani oldi. Lekin, manzilga yetay deganlarida, guzardagi yalanglikda futbol oʻynayotgan oʻrtoqlariga koʻzi tushib: “Buyogʻi endi uzoq emas, men shu yerda qola qolay”, dedi-yu, yukni qaytarib berdi. Yulduzxon xaltaning ogʻzini ochib: “Olmadan bir-ikkita olsang-chi”, degan edi, sinfdoshi ranjigan qiyofada qovogʻini soldi:

– Olmadan umidvor boʻlib koʻmaklashganim yoʻq. Agar-r… qilgan yaxshiligimni ja-a qaytarging kelayotgan boʻlsa, buniyam chorasi topilar. Masalan, birdamas-birda uy vazifasini tayyorlolmay qolsam, senikidan koʻchirarman, a?

Buni eshitib, Yulduzxon oʻngʻaysizlandi. Ilgarilari Boymurod uyga berilgan vazifani koʻchirtirishni nechchi marta iltimos qilgan, u esa koʻnmagan edi. Bundan keyin ham koʻnmasa kerak. Axir, tap-tayyorini koʻchiraversa, bu bola qachon savodini oshiradi? Maktabni bitirib, kim boʻladi?

Yulduzxon shu xayollar bilan boʻlib, buvisi yashaydigan joyga yetib borganini ham sezmay qoldi. Tuyqus eshitilgan yigʻi tovushidan oʻziga kelib, mundoq qarasa, uch yoshlardagi bir qizaloq barmogʻida ariqni koʻrsatganicha, dodlab turibdi. Yulduzxon xaltani yerga qoʻyib, yugurib bordi-da, ariqda oqib ketayotgan qoʻgʻirchoqni tutib keltirib, qizchaga uzatdi. Soʻng, xaltadan qip-qizil olma ham olib berdi.

Qizchaning koʻzidagi oʻkinch yoshlari bir zumda sevinch yoshi boʻlib yiltilladi. Yulduzxon bu qizcha uchun qanchalar katta ish qilib berganini bilmasdi. U, yerdagi xaltani oldi-yu, buvijonisining iliqdan-iliq bagʻri tomon ohuchadek chopqilladi.

 

Anvar OBIDJON

 

2011-yil

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.