Yaxshi xulq, yomon xulq

0
3415
marta koʻrilgan.

Axloq ulamosi insonlarning xulqlarini ikkiga boʻlmishlar Agar nafs tarbiyat topib, yaxshi ishlarni qilurga odat qilsa, yaxshilikgʻa tavsif boʻlub, “yaxshi xulq” agar tarbiyatsiz oʻsub, yomon ishlaydurgan boʻlub ketsa, yomonliqgʻa tavsif boʻlub “yomon xulq” deb atalur.

Janobi Haq insonlarning asl xilqatda isteʼdod va qobiliyatli, yaxshi ila yomonni, foyda ila zararni, oq ila qorani ayiradurgan qilub yaratmishdur. Lekin bu insondagi qobiliyatni kamolga yetkurmak tarbiya ila boʻladur. “Qush uyasinda koʻrganin qiladur”. Inson javhari qobildur. Agar yaxshi tarbiya topib, buzuq xulqlardan saqlanub, goʻzal xulqlarga odatlanub katta boʻlsa, har kim qoshida maqbul, baxtiyor bir inson boʻlub chiqar. Agar tarbiyatsiz, axloqi buzulub oʻssa, Allohdan qoʻrqmaydurgan, shariatga amal qilmaydurgan, nasihatni qulogʻiga olmaydurgan, har xil buzuq ishlarni qiladurgan, nodon, johil bir rasvoyi olam boʻlub qolur.

Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: “Imoni komil boʻlgan kishilar yaxshi xulqli boʻlurlar, sizning eng yaxshilaringiz xotunlariga yaxshilik qilganlaringizdur”, – demishlar.

 

Xudoning rahmat-u fayzi hama insonga yaksardur,

Va lekin tarbiyat birla yetushmak sharti akbardur.

Tugʻub tashlov-la boʻlmas bola, boʻlgʻay balo sizga,

Vujudi tarbiyat topsa, boʻlur ul rahnamo sizga.

Temirchining bolasi tarbiyat topsa, boʻlur olim,

Buzulsa xulqi, Luqmon oʻgʻli boʻlsa, boʻlgʻusi zolim.

Yomonlarga qoʻshuldi Nuhning oʻgʻli, oʻldi beimon,

Yurudi Kahf iti xublar-la boʻldi oti inson.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.