Yashil palto

0
144
marta koʻrilgan.

Otam Toʻxtamurod Ahmedov xotirasiga bagʻishlayman

(Muallif)

 

Nimadir kerak boʻlib, eski qutilarni titkiladi. Shu mahal quti ichi aralash-quralash boʻlib, bir narsa gilamga tushib, yumaladi. U egilib, qoʻliga oldi: yaltiroq, yashil tugma. Koʻngli yorishdi. Beixtiyor yodiga begʻubor talabalik yillari, olis yetmishinchi yillar ortida qolgan yoshlik davri tushdi.

 

* * *

Shundoq yonginasidagi kurant soati oʻn beshta kam oltiga kelib bong urdi. Havo tund, sovuq. U birgina yengil koʻylakda, ustida koʻk rangli jun jemper. Xudoga shukr, kiyimlari yap-yangi. Bu yil oʻqishga kirdi, onasi avji pishiqchilik payti hovlidagi shotutni terdi, bozorga ukasini joʻnatib, sottirdi, puliga ana shu koʻylak bilan jemperni olib berdi. Yangi kiyim yaxshi-da. Kiysang, oʻzingni erkin sezasan, kayfiyating ham koʻtarinki boʻladi, muhimi, atrofdagilarning kamsitganday nazarlarini payqamaysan. Qiz kiyib olgan kiyimlari tuzukligi uchun ham avtobus bekatida bemalol turaverdi. Kun esa sovuq edi, axir dekabr kirdi.

Mana, qor ham uchqunlab turibdi, avtobusdan esa darak yoʻq. Eti junjikdi. U jemperini badaniga yaxshilab oʻrab oldi: ana endi sovqotmaydi. “Men sovqotmayapman, sirayam”, – oʻziga-oʻzi qatʼiy shunday dedi. Bu soʻzlar yordam berdimi, sovuqni sezmay qoʻydi.

Bekatda anchadan beri unga hamroh boʻlib turgan ona-oʻgʻil avtobus kutib charchadimi, oʻrinlaridan turib, piyoda ketishdi, nariroqqa borib, taksi tutishdi-yu, joʻnab ketishdi. Endi avtobus bekatida yakka oʻzi qoldi. Kurant soati yana bong urdi.

Qor uchqunlari havoda chirpirak boʻlib oʻynadi. Boshini koʻtarib, kurantga qaradi. Qor uchqunlari koʻzlariga kirdi, qorni kaftlari bilan artib, soatga yana qaradi: millari oltini koʻrsatib turib qoldi. Hozirgina uchqunlagan qor endi rasmana yogʻa boshladi.

Izgʻirin turdi, sovuq jun jemperini teshib oʻtib, badaniga qadaldi: “Yoʻq, men sovqotmayapman!” Qiz bekatda u yoqdan-bu yoqqa yurdi, nazarida vujudi ilidi. Bir, ikki, uch… Ha-ya, nega xayoliga kelmagan ekan, yurib sanasa, vaqt ham oʻtadi, sovqotmaydiyam. Sanayverib, ikki yuztaga yetkazgan edi hamki, uzoqda, yogʻayotgan qor toʻzoni ortida avtobus koʻrindi-da, qor pardasini yorib oʻtib, bekat sari yaqinlashib kelaverdi.

Qiz quvonganidan sakrab ketayozdi: mana, axiri avtobus ham keldi, u boʻlsa sira-sira sovqotmadi!

 

* * *

Kuni kecha boʻralab yoqqan qor bugun butkul eridi, sovuq tashladi. Achinish aralash kibrli nazar bilan boqqan oʻziga toʻq xonadon qizlari boʻlmish ayrim kursdoshlari endi uning birgina jigarrang koʻylagu koʻk jemperda yurishiga ahamiyat bermay qoʻydilar. Balki ular bunga koʻnikishgandir? Qiz oʻjarlik bilan qoʻl siltadi: endi shular ola qaraydi, deb oʻqishga ham kelmasinmi? Hecham-da!

U sovqotmayman, deya birgina koʻylagu jemperda haftani salkam poyoniga yetkazdi. Nihoyat shanba kuni yetib keldi.

Talaba zoti borki, uyga borar kunni intiq boʻlib kutadi. Avvalo sogʻinch, keyin uydagilar mehri, hali dilidan ketmagan oʻsmirligu bolaligining shirin lahzalari, qadrdon joylar havosi, ayting, kimni chorlamagan?

Avtostansiyadan uyi tomon shoshildi: tez yurganidan nafasi oʻpkasiga tiqilayozdi. Azbaroyi tez yurganidan terlab ham ketdi, isib, jigarrang koʻylagi badaniga yopishdi. Ana, ana, olisdan uyi koʻrindi!

Uzoqdan ukalari-yu, singillari unga peshvoz yugurdilar: “Ana, opacham kelyapti!”

Uni katta xushxabar kutayotgan ekan! Uka-singillari shoshib, hovliqib, undan suyunchi olmoqqa chogʻlandilar:

– Opacha, opacha, dadam sizga palto sotib oldilar!

– Shunday chiroyli, yam-yashil! – shoshib, hovliqib dedi singlisi Fazilat.

– Oʻziyam qimmat, oltmish toʻrt soʻm ekan! – dedi kattalarday, xuddi kissasidan naq oltmish toʻrt soʻm chiqarib, palto sotib olganday ukasi Neʼmat.

– Endi hadeb menga u kerak, bu kerak, deb xarxasha qilavermay yaxshi oʻqilaring, dedilar oyim. Axir opangga palto sotib oldik, dedilar! – nasihat qilgannamo dedi singlisi Adolat. – Bitta biz emas, siz ham yaxshi oʻqing!

Ular shu zaylda quvonishib, hovliqishib uyga kirib kelishdi. Qiz poyafzalini yecha solib, uyga kirdi. Yuragi sevinchga toʻldi, toʻlqinlanib pitirladi: endi uning ham paltosi bor!

Dadasi, oyisi bilan naridan-beri koʻrishib, paltoni kiyib koʻrishga oshiqdi. Ha, Fazilatning maqtaganicha bor ekan, palto yam-yashil, shunday chiroyli, shunday chiroyli! Tugmalari yaltiroq, koʻzni olib tovlanadi, yoqalari ham bejirim! Issiq! U paltoni yechgisi kelmay uy ichida aylandi.

– Yoqdimi, qizim? – soʻradi dadasi mamnun jilmayib.

– Yoqmaydimi! – dedi u dadasiga minnatdorligini qanday bildirishni bilmay.

U oʻsha qishda ham, undan keyingi qishlarda ham chinakamiga sira sovqotmadi. Hozirgacha oʻsha yashil palto taftini his qiladi. Bundan keyin umrida qancha-qancha paltolar kiydi, lekin hech biri esida qolmadi.

Hozir oʻylasa, oʻsha yashil palto birgina uning emas, oiladagi uka va singillarining zimmasiga ham masʼuliyat yuklagan ekan: avvalo yaxshi oʻqish, yaxshi yurish, tarbiyali, odobli boʻlish, borini tejash, bariga qanoat qilish…

Ha, mana, oradan qirq-qirq besh yillar chamasi vaqt oʻtibdi. U oʻsha paytlar bu tuygʻularni hozirgiday his qilmagan edi chogʻi: aslida yashil palto oiladagi hammaga, ayniqsa, unga bir sinov, qilajak yaxshi ishlari, sabrlariga ibrat boʻlarli mukofot boʻlgan ekan.

U qoʻlidagi tugmani avaylab yana qutiga solib qoʻydi.

 

Maʼsuma AHMEDOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.