Yashil chiroq

0
470
marta koʻrilgan.

Aleksandr GRIN

 

Londonda 1920 yil qish payti Pikadelli koʻchasini kesib oʻtgan bir chorrahada yaxshi kiyingan oʻrta yoshli ikki kishi bir zum toʻxtadi.

Ular hozirgina muhtasham bir restorandan chiqishgan edi. Shu payt yerda harakatsiz yotgan, tepasiga odamlar yigʻila boshlagan eski kiyimli yigirma besh yoshlardagi yigit ularning eʼtiborini tortdi.

– Stilton! – Semiz jentelmen oʻzining baland boʻyli oshnasi yerda yotgan odamga sinchiklab qarayotganini koʻrib, jirkanish bilan uning yengidan tortqiladi. – Rostini aytsam, shu oʻlaksa shuncha oʻralashishga arzimaydi. U mast yoki oʻlgan.

– Men ochman… ham tirikman, – gʻoʻldiradi u bechora va nimanidir oʻylab qolgan Stiltonga koʻz tashlamoqchi boʻlib sal oʻrnidan koʻtarildi. – Hushdan ketib, yiqilibman, shekilli.

– Reymar! – dedi Stilton. – Rosa hazilbop voqea bu. Menda bir qiziq fikr tugʻildi. Bir xil ermaklar jonimga tegdi. Faqat bir yoʻl: odamlarni oʻyinchoq qiladigan hazil – eng yaxshi hazil.

Bu soʻzlar shu qadar sekin aytildiki, hozirgina yerda yotgan, endi esa panjaraga suyanib turgan odam bularni eshitmadi.

Hamma narsaga loqayd qaraydigan Reymar ensasi qotib, yelkalarini qisdi, Stilton bilan xayrlashib, tunni oʻtkazish uchun oʻrgangan klubiga qarab yoʻl oldi. Stilton esa odamlarning tahsini ostida va polismenning yordami bilan holsiz odamni usti yopiq aravaga oʻtqazdi. Fayton Gay koʻchasidagi mehmonxonali restoranga qarab ketdi. Daydining oti Jon Iv ekan. Irlandiyadan Londonga xizmatmi, ishmi izlab kelibdi. Iv yetimlikda bir oʻrmonchining xonadonida tarbiyalanibdi. Boshlangʻich maktabdan keyin hech qanday maʼlumot olmabdi. Iv oʻn besh yoshga kirganda, tarbiyachisi vafot etibdi. Shundan keyin Iv ham bir fermerning qoʻlida ishlay boshlabdi. Soʻngra koʻmir qazuvchi, dengizchi, qovoqxona xizmatchisi kabi ishlarning tuzini totishga toʻgʻri kelibdi. Yigirma ikki yoshida oʻpkasi shamollab, qattiq kasallanibdi. Kasalxonadan chiqqach, Londonga kelib, baxtini sinab koʻrishga ahd qilibdi. Ammo raqobat va ishsizlik tufayli tezda ish topish oson emasligini koʻribdi. U istirohat bogʻlari, bandargohlarda tunar, kundan-kunga koʻproq och qolardi, natijada ozib-toʻzib, ramaqijon boʻlib ketibdi. Sitidagi savdo omborlarining boshligʻi Stilton uni yuqorida koʻrganimizday koʻtarib olgandi.

Stilton shu paytgacha qoʻnoq va ovqat tashvishini bilmaydigan, pulga nima qilish mumkin boʻlsa, oʻshaning hammasini qilib yurgan boʻydoq kishi edi. U yigirma million funtlik mol-mulk egasi edi. Uning Iv uchun oʻylab topgan maynavozchilik hazili juda arzimagan bir ish edi. Stilton oʻz ixtirosi bilan gʻururlanardi, chunki oʻzini juda katta tasavvur qobiliyatiga ega va mugʻombirona oʻy-xayollar ustasi deb bilishni yoqtirardi. Iv ishtaha bilan ul-bul yeb olgach, Stilton xayolida oʻzi toʻqigan tarixni gapirib berdi.

– Sizga bir taklifim bor, aytsam, shu ondayoq koʻzingiz chaqnab ketadi. Diqqat bilan eshiting: men sizga oʻn funt beraman, shart shuki, siz ertagayoq markaziy koʻchalarning biridan bir xonani ijaraga olasiz. Derazasi koʻchaga qaragan, oʻzi ikkinchi qavatda boʻlsin.

Har kuni kechqurun roppa-rosa soat beshdan kechasi oʻn ikkigacha har doim bitta deraza tokchasida yashil qalpoqli chiroq yoqilgan boʻlishi kerak. Chiroq belgilangan muddatda yonib turarkan, siz soat beshdan oʻn ikkigacha uydan chiqmaysiz, hech kimni uyga kiritmaysiz, hech kim bilan gaplashmaysiz. Bir soʻz bilan aytganda, qiyinmas. Agar rozi boʻlsangiz, men sizga har oyda oʻn funtdan yuborib turaman. Sizga kimligimni aytmayman.

Iv dahshatli darajada hayratga tushdi.

– Agar hazillashmayotgan boʻlsangiz, – deb javob berdi u, – hatto men oʻz nomimni unutishga ham tayyorman. Ammo mumkin boʻlsa, ayting-chi, mening bunday tinch hayotim qancha davom etadi?

– Bunisi nomaʼlum. Ehtimol, bir yil, balki, umr boʻyi davom etar.

– Yanayam yaxshi. Ammo soʻraganim uchun aybga qoʻshmang – bu yashil chirogʻbonlik sizga nima uchun zarur boʻlib qoldi?

– Sir! – deb javob berdi Stilton. – Buyuk sir! Chiroq siz hech qachon tushunib yetmaydigan odamlar va ishlar uchun ishora boʻlib xizmat qiladi.

– Tushundim. Toʻgʻrirogʻi, hech narsaga tushunmadim. Yaxshi: pulni choʻzing va bilib qoʻying: ertagayoq men maʼlum qilgan manzilda Jon Iv chiroq bilan derazani yoritib qoʻyadi!

Shu tariqa gʻalati bitim tuzildi, soʻngra daydi bilan millioner bir-birlaridan mamnun holda xayrlashdilar. Xayrlashayotganda Stilton shunday dedi:

– Yana bir narsani yodingizda tuting, balki bir oydan keyin, balki bir yildan keyin, qachonligi nomaʼlum, qisqasi, hech kutilmaganda sizni ziyorat qilgani odamlar kelishadi va sizni boy qilib yuborishadi. Bu nima uchun va qanday boʻlishini sizga izohlashga haqqim yoʻq. Ammo bu voqea, albatta, sodir boʻladi…

Iv Stiltonni olib ketayotgan faytonga qarab:

– Jin ursin, – deb mingʻillab qoʻydi va xayolga botgancha qoʻlidagi oʻn funtlik pulni aylantirib koʻrdi. – Yo bu odam aqldan ozdi, yoki men oʻta baxtli odamman! Bor-yoʻgʻi kuniga yarim litr kerosin yoqib bitkazishim uchun shuncha marhamat ato qilsa-ya!

Ertasiga River koʻchasidagi 52-uyning ikkinchi qavatidagi bir deraza mayingina yashil yogʻdu tarata boshladi. Chiroq derazaning kesakisiga taqab qoʻyilgandi. Qarshidagi uyning yoʻlkasida ikki yoʻlovchi birmuncha vaqt yashil derazaga qarab turishdi, keyin Stilton shunday dedi:

– Mana, koʻrdingizmi, azizim Reymar, zerikkan paytlaringizda shu yerga keling va jilmayib qoʻying. Deraza ortida, anov uyda bir ahmoq oʻtiribdi. Arzon garovga sotib olingan, haqini boʻlib-boʻlib bersa boʻladigan, uzoq vaqtgacha shu holda tutib turishing mumkin boʻlgan bir ahmoq. Zerikkanidan bora-bora mayxoʻr boʻlib ketadi yoki aqldan ozadi… Lekin oʻzi bilmagan narsasini kutib yashaydi. Ana oʻzi, qara!

Chindan ham, derazaga manglayini bosib turgan odamning qora sharpasi yarim qorongʻi koʻchaga qarab turardi, xuddiki: “Kim u yerda? Nima qilaman kutib? Kim kelarkin?” deb soʻrayotganga oʻxshardi.

– Ammo siz ham ahmoqqinasiz, azizim, – dedi Reymar oshnasini qoʻltiqlab avtomobil tomonga tortib ketarkan. – Bu hazilning nima qizigʻi bor?

– Oʻyinchoq… tirik odamdan oʻyinchoq, – dedi Stilton, – eng mazali taom bu!

 

* * *

1928 yilda Londonning chekka dahalaridan birida joylashgan kambagʻallar kasalxonasi birdan dahshatli oh-vohlar bilan toʻldi: hozirgina keltirilgan qari chol, yuzlari ozib-toʻzib ketgan, iflos va yomon kiyingan bir odam qattiq ogʻriqqa chidayolmay dod-voy solardi. U qorongʻi bir buzuqxonaning qora zinapoyasida qoqilib ketib, oyogʻi sinibdi.

Shoʻrlikni koʻrikdan oʻtkazarkan, toʻqimalarda darhol boshlangan shamollash jarayonini koʻrgan jarroh uni operatsiya qilish kerak, degan xulosaga keldi.

Operatsiya muvaffaqiyatli oʻtdi, cholni oʻringa olib kelib yotqizishdi. U tezda uyquga ketdi, uygʻonganda esa oldida oʻzini oʻng oyoqdan mahrum qilgan oʻsha jarroh oʻtirganini koʻrdi.

– Uchrashgan joyimizni qarang-a! – dedi doktor, qarashlari maʼyus novcha kishi, jiddiy bir ohangda. – Meni taniyapsizmi, mister Stilton? Men – Jon Ivman, siz menga har kuni yoniq turgan yashil chiroq yonida navbatchilik qilishni topshirgandingiz. Men sizni bir koʻrishda tanidim.

– Qanday bemaʼnilik! – gʻoʻldiradi Stilton unga tikilib. – Nima boʻldi oʻzi? Shunday ham boʻladimi hech?

– Ha. Sizning hayot tarzingizni nima oʻzgartirib yubordi, hammasini gapirib bering.

– Men xonavayron boʻldim… ustma-ust, katta-katta yutqaziqlar… birjada vahima boʻlib ketdi… Mana, gadoyga aylanganimga uch yil boʻldi. Siz-chi? Siz qanday yashadingiz?

– Men chiroqni bir necha yilgacha yoqib yurdim, – jilmaydi Iv. – Oldiniga zerikkanimdan oʻqishga tutindim, bora-bora kitob oʻqishga shunchalik qattiq qiziqib ketdimki, qoʻlimga nimaki tushsa, oʻqidim. Bir kuni oʻzim yashagan uyning tokchasida yotgan eski anatomiya kitobini ochib oʻqidimu, hayratga tushdim. Mening oldimda inson vujudining bir-biridan qiziqarli sirlar mamlakati kashf boʻldi. Men tun boʻyi shu kitobga qadalib oʻtirdim. Ertalab esa kutubxonaga joʻnadim: “Doktor boʻlish uchun nimalarni bilish kerak?” – deb soʻradim. Meni masxara qilganday: “Matematika, geometriya, botanika, zoologiya, morfologiya, kimyo, biologiya, farmakologiya, lotin tili va hokazolarni oʻrganing”, – deb javob qaytarishdi. Ammo men qaysarlik bilan surishtiraverdim va hammasini oʻzim uchun xotiramga qayd qilib qoʻydim.

Oʻsha paytlarda men ikki yildan beri yashil chiroqni yoqib qoʻyayotgan edim. Bir kuni boshiga silindr kiygan bir kishini koʻrib qoldim, u mening yashil chirogʻimga achinibmi, jirkanibmi qarardi.

“Iv – antiqa bir ahmoq! – deb gʻoʻldiradi oʻsha odam meni payqamay. – U vaʼda qilingan gʻaroyib narsalarni kutyapti… ha, u loaqal nimadandir umidvor, men deyarli xonavayron boʻldim!” Shunday deb valdiragan odam siz edingiz. Siz yana: “Ahmoqona hazil. Pulni yelga sovurmasam boʻlarkan”, – deb qoʻydingiz. Men hech nimaga qaramay oʻqish, oʻqish va yana oʻqish uchun yetarlicha kitoblar sotib olgan edim. Oʻshanda men sizni urib tashlashimga sal qoldi, ammo sizning masxara qilishga qaratilgan saxovatingiz tufayli maʼlumotli odam boʻlganimning xotirini qildim…

– Keyin-chi?

– Keyin? Yaxshi boʻldi. Agar odamda istak kuchli boʻlsa, u amalga oshishi hech gap emas ekan. Men bilan bir xonada bir talaba yigit yashardi. U menga hamdam-hamnafas boʻldi va har taraflama yordam berib turdi, bir yildan keyin tibbiyot kollejiga kirish uchun imtihon topshirdim. Koʻrib turibsiz, qobiliyatli odam ekanman…

Oʻrtaga jimlik choʻkdi.

– Men koʻpdan derazangiz oldiga kelmay qoʻygandim, – deb tan oldi Ivning hikoyasidan larzaga tushgan Stilton, – koʻpdan buyon… anchadan beri. Ammo nazarimda, endi u yerda tun qorongʻiligiga yogʻdu taratuvchi yashil chiroq hamon yonib turgandek… Meni kechiring.

Iv choʻntak soatini chiqardi.

– Soat oʻn. Ayni uxlaydigan paytingiz, – dedi u. – Taxminan uch haftalardan keyin kasalxonadan ketishingiz mumkin. Oʻshanda menga qoʻngʻiroq qiling, – ehtimol, men sizga ambulatoriyamizdan biron ish topib berarman: kelgan-ketgan kasallarning ism-sharifini daftarga qayd qilib oʻtirarsiz. Qorongʻi zinalardan tushayotganda esa, hech boʻlmasa, bir gugurt yoqing…

 

Rus tilidan Miraziz AʼZAM tarjimasi

 

Manba: od-press.uz

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.