Yanko musiqachi

0
144
marta koʻrilgan.

U yorugʻ olamga zaif va nimjon boʻlib kelgandi. Koʻzi yorigan ayol yotgan skameyka yonida hamdardlik ila toʻplangan dugonalar mana shu ona va mana shu bola uzra bosh chayqar edilar. Ular ichida eng aqlli boʻlmish temirchining xotini Shimanixa tasalli soʻzlari bilan bemor xotinga murojat qiladi.

– Keling, – deydi u, – boshingizga sham yoqib qoʻyay. Sizning endi, – deydi, – toʻringizdan goʻringiz yaqin, oxirat safariga tayyorgarlik koʻrsangiz, Tangri taolodan gunohlaringizni magʻfirat etishini soʻrasangiz yaxshi boʻlardi.

– Ha! – deydi boshqasi – Chaqaloqni hozir choʻqintirgan maʼqul: ksendzni kutib oʻtiraversak, boyaqish kokilsiz qolib ketishi hech gap emas.

Shu gaplardan keyin ayol shamni yoqdi, keyin bolani qoʻliga olib, unga suv sachratdi, bolakay aftini burishtiradi, ayol esa munojot qila boshladi:

– Ota va oʻgʻil haqqiga, avliyo haqqiga seni choʻqintiraman va senga Yan ismini beraman, endi esa, nasroniy bolajonim, qayoqdan kelgan boʻlsang, oʻsha yoqqa boraver. Omin!

Ammo nasroniy bolajon “qayoqdan kelgan boʻlsa, oʻsha yoqqa borishni” zinhor-bazinhor istamasdi va umuman mushtdekkina jismni tashlab ketishni oʻylamayotgan ham edi, balki shu jismdagi qiltiriq oyoqchalari bilan tepinib past ovozda, achinarli ohangda ingranib yigʻlay boshladi, xotinlar bir-biriga qarab aytdi: “Odam boʻlib odammas, mushuk boʻlib mushukmas, bu qanaqa mahluq boʻldi ekan-a?”

Ksendzga odam yuborildi, Ksendz keldi, oʻzining ishini qildi, keyin ketdi; bemor xotin sal oʻziga keldi. Bir haftadan keyin ishga ham chiqib ketdi. Bola bazoʻr jon saqlab yuribdi, lekin oʻlmay qoldi, toʻrtinchi yil deganda tanasi yerdan uzilib, oyoqqa turdi, sirqovlanib yura-yura, qoqila-suqila oʻn yoshga ham yetib oldi.

U avvalgidek qiltiriq edi-yu, lekin zuvalasi pishiqqina edi, yuzlari ichiga tortib ketgan-u, qorni hoʻppoz. Sochlari oppoq, kanopning oʻzginasi, peshonasidan osilib tushib, chaqchaygan koʻzlarini yashirib turardi, katta-katta ochilgan bu koʻzlar qachon qarasang olis-olislarga, nomaʼlum yoqlarga tikilgan boʻlardi. Qishda bolakay pechka ortida oʻtirardi, sovuqdan tinmay shilq-shilq burnini tortadi, baʼzida onasi hech nima qolmaganidan qozonni suvga tashlab qoʻyganida, bu ham tanama taqdir qoʻyib och-nahor oʻtiraverardi. Yozda bitta koʻylakda yurardi, boshiga titigʻi chiqib ketgan poxol shlyapani qoʻndirib olardi, shlyapaning tagidan u boshini yuqoriga koʻtarib qarab turgan qushchaning oʻzi boʻlardi-qoʻyardi. Mungluq ona boʻlsa yot uyaga tushib qolgan qaldirgʻochday Xudoning bermish kuni yelka qisib yurardi, ha, u oʻgʻlini yomon koʻrardi deyish insofdan emas, ming qilsa ham ichidan chiqqan chayon-da. Ammo uni tez-tez urib turardi va koʻpincha uni “adashib kelib qolgan” deb aytardi. Sakkizga kirganida kichkina Yan podachilik qilib, mol boqqani chiqar yoki uyda yegulik hech narsa qolmaganida oʻrmonga borib, zamburugʻ terib kelardi. U yerda nechuk boʻrilarga yem boʻlib ketmadi – bu yogʻi bir Xudoga maʼlum!

Merovlikda uning oldiga tushadigani yoʻq edi, odatdagi qishloq bolalariga oʻxshab, birovlar bilan gaplashayotganida u koʻrsatgich barmogʻini ogʻziga tiqib olardi. Uning “odam” boʻlishiga hech kimning koʻzi yetmasdi, qiyin-qiyin – onaga qiyin, axir yorugʻ dunyoda suyanadigan shundan boshqa kimi bor? Chunki “bola – boshidan” deganlariday, buning biron-bir kasb-hunarga havas-ragʻbati sezilmas edi! Ammo bir narsaga suyagi yoʻq edi – oʻyin desa oʻzini tomdan tashlardi. Har yoqdan unga qanaqadir tovushlar eshitilardi, esini tanibdiki, ahvol shu: xayoli yot tovushlarda – shundan boshqa xech narsani oʻylamasdi ham. Oʻrmonga sigir oʻtlatgani yoki tengqurlari bilan zamburugʻ tergani borganda ham ikki qoʻlini burniga tiqib qaytardi, bu ham yetmaganday tili chuchuklanib nima derdi deng:

– Oyi, oyi, biyov oʻymonda nuqul kuy cholodi. Biy eshitmaysizmi boyib?

Onasi unga bobillab beradi:

– Kuyingni chaldirib qoʻyaman sening, shoshmay tur!

Goho onasi boshiga choʻmich bilan solib qolardi. Bolakay chiyillab, “Boshqa unday qilmayman, boshqa unday qilmayman!”, deb vaʼda berardi-yu, xayolida faqat bir narsa boʻlardi: “Oʻymonda biyov nuqul kuy cholodi!”. Oqshomlari qorongʻi tushsa ham tinib-tinchimagan qishloq odamlarining gaplarini jon qulogʻi bilan tinglardi, unga odamlar goʻyo gaplashyapti emas, konsert qoʻyib berayotganday tuyulardi. Hatto ishda ham, dalaga goʻng sochar ekan, u shamolning yogʻoch panshaxa tishlariga urilib chiqargan ovozini berilib tinglardi.

Bir kuni ishboshi uning shamolda sochlari toʻzib, tik turgancha jon qulogʻi bilan panshaxa tishlaridan chiqayotgan ovozni tinglayotganini koʻrib qoldi. Koʻrdi-yu, darhol belidagi kamarini yechib, bolani obdon savaladi – yaxshi kuydan olgan zavqiga “mukofot”. Ammo qayoqda deysiz! Shu-shu, odamlar uni “musiqachi Yanko!” deb chaqiradigan boʻlishdi. Bahor kelishi bilan u tol poʻstlogʻidan nay yasagani anhor boʻyiga chopardi, kechqurun esa koʻldagi baqalar barchasi joʻrlikda tantanali qoʻshiqlarini boshlab yuborganida, oʻtlar orasida tartar qush sayraganda, yirik qoʻngʻizlar gʻoʻngʻillayotganida, devor ustiga joylashib olgan xoʻrozlar qishloqning har joyidan bong ura boshlaganda musiqachi Yankoning koʻzlaridan uyqu qochardi, bu shovqin-suronda u qanaqa musiqa tinglayotganini bir uning oʻziyu Xudo bilardi… Onasi uni kostyolga olib bormay qoʻygandi, borgan vaqtlarida esa argʻanun nola qilishi yoki kishilar joʻrlikda shirin ovoz bilan ilohiy qoʻshiqni kuylay boshlashi bilan bolaning koʻz oldini tuman qoplardi. Xuddi olamni endi koʻrib turganday, atrofga olazarak javdirardi. Tungi qoʻriqchilikda qishloq aylanib yurgan va uyqusini haydash uchun yulduz sanagan yoki itlar bilan suhbatlashgan qorovul oq koʻylakli musiqachining xech kimga bildirmay qovoqxona tomonga oʻtganini bir emas, bir necha bor payqadi. Biroq bola qovoqxonaga kirmasdi, albatta, – u faqat devor oldiga emaklab borardi-da, yonboshlab va nafasini ichiga yutib, tinglardi. Ichkarida quvnoq kuy yangrardi, ora-sira oʻsmir yigit “Boʻsh kelma!” – deb qichqirib qoʻyardi, ketidan poshnalar ishga tushib ketar, qizlar baravariga javob qaytarar edilar. Skripkalar past ovozda mayingina qilib, “Bu dunyoda yeb-ichib qoling, quvnang, yayrang, koʻngilni oling”, – deb shoʻx-shan qoʻshiq aytsa, kontrabas oʻzining yoʻgʻon ovozida sipolik bilan: “Xudo xohlasa! Xudo xohlasa!” – deb qoʻshimcha qilardi. Derazadan yozgi tun qoʻyniga charaqlagan chiroq nurlari toshib chiqar va qovoqxona polining barcha taxtalari titrar, egilar va gʻichirlab qoʻshiq aytardi… Musiqachi Yanko esa tinglagani sayin tinglagisi kelardi!..

“Bu dunyoda yeb-ichib qoling, quvnang, yayrang, koʻngil oling!” – deya mayin ovozda kuylayotgan mana shu skripka uchun, mana shu jaranglab kuylovchi taxtachalar uchun Yanko nima soʻrasalar berishga tayyor edi. Ha, chinakam moʻjiza – bu taxtachalarni qayerdan olisharkin va bu skripkalarni qayerda yasasharkin?! Eh, unga bir marta, faqat bir martagina shunga oʻxshash cholgʻuni ushlab koʻrishga berishsaydi. Qaydam!.. U faqat tinglay olardi, xolos va tun qorongʻusi ichidagi qoʻriqchining ovozi yangramaguncha tinglayverardi:

– Uyingga bormaysanmi, hoy saharxez!

Bola irgʻib turdi-da, yalang oyoqlari bilan qorongʻilik qoʻynida pildirab yurib ketdi, orqadan esa skripkaning: “Bu dunyoda yeb-ichib qoling, quvnang, yayrang, koʻngilni oling,” – deb, kontrabasning sipolik bilan qoʻshib aytgan: “Xudo xohlasa! Xudo xohlasa!” qoʻshigʻi qulogʻiga kelib urilardi.

Toʻydami yoki hosil bayramidan keyinmi, yaxshi koʻrgan skripkalarining ovozini tinglaganida Yankoning chekiga katta bayram tushardi. Shunday bayramlardan keyin u pechka ortiga berkinib olardi-da, mushuknikiday chaqnoq koʻzlari bilan qorongʻilik ichidan qaragancha kun boʻyi churq etmay oʻtiraverardi. Bir amallab u oʻziga taxtacha va ot qilidan skripkacha yasab oldi, ammo u qovoqxonada chiyillayotganlarga oʻxshatib binoyidek chalishni uddasidan chiqmadi; uning skripkasining ovozi past edi, shunchalik pastki, xuddi pashsha yoki chivin gʻingʻillayotgandek. Biroq u shu skripkani erta tongdan qora kechgacha chalardi, holbuki buning uchun u ozmuncha tepkilar yemadi va oxiri urib-urib poʻla qilib tashlangan gʻoʻra olmaga oʻxshab qoldi. Koʻrib, oʻzingiz tan beraverasiz: bolakay tobora ozib bormoqda edi, faqat qorni xoʻppaygani-xoʻppaygan, oq sochlari badtar quyuqlashib ketgandi, koʻzlari avvalgidan ham kuchliroq chaqchaygan, ularda mudom bolalarcha yosh oʻynab turardi. Yuzi va koʻkraklari tobora ichiga botib borardi…

U boshqa bolalarga sira oʻxshamasdi, koʻproq past, quloqqa bazoʻr chalinuvchi ovoz chiqaradigan chirik taxtachadan yasagan oʻzining skripkasiga oʻxshardi. Qolaversa, har yili bahorga yaqin u ochlikdan butunlay oʻzini oldirib qoʻyardi, chunki bu vaqtda oʻzini xom sabzi bilan qanoatlantirishiga toʻgʻri kelar, hamda haqiqiy qoʻlbola skripkali boʻlish orzusiga berilardi.

Shoʻrlik bolakayga bu orzular yaxshilik keltirmadi!

Boyning hovlisidagi bakovulning bir skripkasi bor edi va u skripkani qosh qorayganda oqsoch panining[1] koʻnglini ogʻdirish istagida gʻiytillatar edi. Cholgʻuni yaqindan miriqib koʻrib olish uchun Yanko goh-goh qalin otquloqlar orasiga emaklab borardi. Skripka esa devorda, eshigining shundoq roʻparasida osigʻliq turardi. Bechora bola butun jonu dilini mana shu har kimga nasib qilavermaydigan, uning qoʻlining uchi ham tegishi mumkin boʻlmagan yombiga qadalgan koʻzlarida jamul-jam etgan edi; shu buyum uning yuragini kuydirib, mehrini joʻshdirib kelardi. Skripka uni oʻziga ohanraboday tortardi. Bir marta, faqat bir martagina uni qoʻliga olsa yoki unga yaqindan turib toʻyib qarasa mayliydi… Shugina fikrdan bolakayning jimitdak yuragi oʻynab, baxtdan qafasdagi qushchaday tipirchilab ketardi.

Bir kuni tunda bakovulning xonasida qimirlagan jon koʻrinmayotgandi. Janoblar allaqachon chet elda yallo qilib yurar edilar, uy huvillab yotar, bakovul esa oqshomni oqsochnikida oʻtkazmoqda edi. Otquloqlar orasiga berkinib olgan Yanko anchadan beri otashin xohishlarining moyasi boʻlmish skripkani lang ochiq eshikdan baralla koʻrib turardi. Osmonda toʻlin oy pirpirardi va uning nuri eshik tirqishiga qiyalab tushib, qarshidagi devorga oppoq, qorongʻilik ichidan yaqqol koʻrinib turuvchi toʻrtburchak shaklini solgandi. Mana shu oppoq toʻrtburchak shakl devor yoqalab siljiy-siljiy skripka osigʻliq turgan joyga tobora yaqinlashib kelardi va oxiri skripka har tomondan nurga chulgʻanib, zulmat qaʼridan suzib chiqdi. Shunda u qop-qorongʻi xonaning toʻrida xuddi kumush yogʻochdek yaraqlab ketdi; barcha boʻrtiqlaru nafis joylari shunaqangi qattiq charaqladiki, Yankoning koʻzlari bu charaqlashga dosh berolmadi. Ushbu sehrli yogʻduda hamma-hammasi: nafis boʻyin, torlar, dastaning egik joyi yaqqol koʻzga tashlanib turar edi, tilchalar oqarib koʻrinar va yaltiroq chuvalchanglarday yilt-yilt qilardi, shu zahoti ingichka kamoncha ham kumush ipday tovlanib ketdi…

Oh, hammasi shunday ajoyib, ertakdagidek jozibador edi! Yankoning nigohi ehtiros avjidan charaqlab ketdi. Otquloq yaproqlari orasida tirsaklarini ozgʻin tizzasiga tirab, ogʻzini ochgancha choʻkkalab oʻtirar ekan, u skripkani tomosha qilib toʻymayotganday. Qoʻrquv uni joyida ushlab turardi, noaniq yengilmas xohish olgʻa undardi. Bu nima, jodu deganlari shumi yo?! Yalt-yalt qilgan, begʻubor skripka, zulmat ichidan oldinga suzib chiqib, bola tomon yaqinlashib keladiganga oʻxshardi… shunda shakllar yana qorayib, qayta va qayta yaqin kelish uchun uzoqlashayotgandek edi. Moʻjiza, koʻz oldida roʻy berayotgan jodu! Shu payt shamol esdi, daraxtlar ohista shovulladi, otquloqning kengbar yaproqlari bir-biriga shap-shap urildi, Yankoning qulogʻi ostida kimdir eshitiladigan qilib ovoz berdi: “Bor, Yanko! U yerda hech kim yoʻq… Borsang-chi, Yanko!..”

Tun sokin, oydin edi. Boyning bogʻidagi koʻl ustida bulbul chah-chahlay va unday boshladi: “Bor, ol!” Dili pok lelek qushi shovqinsiz uning boshi uzra aylanardi: “Yoʻq, yoʻq! Yanko!” Biroq lelek uchib ketdi, bulbul esa qoldi, otquloq u yon-bu yon chayqalgancha oʻzicha mingʻirlar edi: “Hech kim yoʻq, hech kim yoʻq!” Skripka yana oldinga chiqib keldi, yaltiradi…

Choqqina bukri qiyofa ohista olgʻa harakat qildi, bu orada bulbul eshitilar-eshitilmas chah-chahlardi: “Bor, ol uni!”

Qop-qora yaproqlar yashirmagan oq koʻylak lang ochiq eshikdan sal berida qorayadi, kasalvand bolaning nafas olishi tezlashayotgani ostonadanoq quloqqa chalinadi. Yana bir lahza – va ostona ortida faqat bitta yalang bola oyoqchasi koʻrinadi. Hoy lelek, koʻngli pok qush, yana bir karra: “Yoʻq, Yanko, yoʻq!” deb uchib oʻtishing behuda ketdi-ya! Yanko xonaga kirib boʻlgandi.

Boy bogʻining qop-qora daraxt shoxlari tagidagi qoʻshni hovuzda baqalar baravariga sayray ketdi. Bulbul jim boʻldi, otquloq shatirlamayapti, shamol tingan… Bu orada Yanko tobora oldinga emaklab ketmoqda edi, biroq toʻsatdan uni dahshat chulgʻadi. Xuddi changalzorlar ichida tugʻilib oʻsgan yirtqichday. Otquloqlar orasida u oʻzini uydagidek his qilayotgandi, endi esa tuzoqqa tushib qolgan hayvonga oʻxshardi. U toʻxtab-toʻxtab harakat qilar, qisqa-qisqa, hushtakli nafas olardi, buning ustiga u qorongʻilik ichida paydo boʻlib qolgandi. Sharqdan kunbotishgacha osmon boʻylab sermalgan unsiz yoz chaqmogʻi xonani yana bir karra yoritib yubordi va unda Yanko boshini koʻtargancha skripka roʻparasida toʻrt oyoqlab turardi. Biroq chaqmoq oʻchdi, bulut oyni berkitdi va endi hech narsa koʻrinmay ham, eshitilmay ham qoldi…

Faqat bir daqiqadan keyin qorongʻilik ichidan past va mungli tovush otilib chiqdi, xuddi birov tarang torlarga tegib ketgan-u, birdan…

Aftidan xonaning qorongʻi burchagidan dagʻal, uyquli ovoz oʻshqirib dedi:

– Kim u?

Yanko nafasini ichiga yutdi, biroq dagʻal ovoz takror yangradi:

– Kim u?

Kimdir devorga ishqalab gugurt chaqdi, xona yorishdi, keyin esa… Eh Xudoyim-a! Soʻkish, zarbalar, bola yigʻisi, qichqiriqlar eshitildi: “Xudo haqqi!” It akilladi. Derazalarda chiroqchalar yugura boshladi, qoʻrgʻonda toʻs-toʻpolon, qiy-chuv koʻtarildi…

Ertasiga Yanko voyt[2] huzurida sudda turardi.

Nahotki mushtday bolani oʻgʻrilikda ayblab sud qilishsa?.. Boʻlishi mumkin. Voyt va hakamlar unga qarashdi, bola barmogʻini ogʻziga solib ular oldida tik turardi, katta-katta ochilgan koʻzlarida qoʻrquv toʻla, ushoqqina, ozgʻin, kaltakdan ezilgan, hatto qayerdaligini ham, bu odamlarga undan nima kerakligini ham bilmaydi. Bor-yoʻgʻi oʻnga kirgan, madorsiz oyoqlarida bazoʻr turgan shunday bir jonni qanday sud qilish mumkin? Qamoqqa joʻnatish kerakmi?.. Qaydam! Bunday paytlarda bolalarga ozgina rahmdillik koʻrsatilsa, olam guliston. Uni qorovulning oʻziga topshirish kerak, vassalom, kichikroq darra bilan bir-ikki zarba tushirib jazolasa, bas, boshqa bunaqa nomaʼqulchilikka qoʻl urmaydigan boʻlib ketadi.

– Shunisi maʼqul!

Qorovul Staxni chaqirishdi.

– Olib bor buni, esidan chiqmaydigan qilib savala.

Stax yirtqich hayvonga oʻxshash toʻnkanamo boshini irgʻab qoʻydi, xuddi mushuk bolasiday Yankoni qoʻltigʻiga qisib oldi va shiyponga olib ketdi. Bolapaqir yo unga nima boʻlganini bilmaganidan, yo qattiq qoʻrqib ketganidan boʻlsa kerak, churq etib ogʻiz ochmayotgandi, faqat qoʻlga tushgan qushchaday qarab turardi, xolos. Uni nima qilishlarini bilib ham nima qilardi. Faqat Stax shiyponda panjalari bilan uni quchoqlab, yerga choʻziltirib yotqizgan, koʻylagini koʻtargan va yelkasi boʻylab darra tushirgandagina Yanko chinqirib yubordi:

– Oyijon! – Qorovul darra tushiradi, u “oyijon” deydi, qorovul darra tushiradi, u “oyijon” deydi, shu taxlitda darra tushaveradi, oxiri darralar avvalgidek tushaverdi-yu, biroq bolaning qichqirigʻi eshitilmay qoldi. Yanko hushdan ketgan edi.

Sen ham oʻzingga yetgancha nodonsan-da, iflos Stax! Bolani ham shunaqa uradimi? Axir u ona suti ogʻzidan ketmagan, yosh bir bola-ku, oʻzi oyoqda zoʻrgʻa yurgan bir kasalvand jon!

Onasi keldi, bolani oldi, ammo uni uychaga qoʻlda koʻtarib ketmasa boʻlmasdi… Ertasi kuni Yanko oʻrnidan turmadi, uchinchi kuni kechqurun u qalin kanop mato ostida tinchgina joni uzilishini kutib yotardi.

Hovlidagi gilos shoxlarida qaldirgʻochlar vijir-vijir sayraydi, quyosh nuri derazadan tushib, bolaning toʻzgʻin jingalak sochlarini va qondan asar boʻlmagan oppoq yuzini yoritadi. Bu nur bamisoli egasini tark etayotgan bolaning joniga ochilgan yoʻl edi. Shukurki, jilla qurmasa endigina bola qalbiga yorqin nurlardan keng yoʻl ochildi, bu jonning hayot yoʻli haqiqatan ham haddan tashqari oʻydim-chuqurli yoʻl boʻldi. Bu orada suyaklari sanalib yotgan koʻkrak hali ham zaif nafasdan koʻtarilib tushmoqda edi, bolaning yuzidagi ifodadan shu narsa koʻrinib turardiki, u ochiq darchadan otilib kirayotgan qishloqdagi ovozlarni yutoqib tinglayotir.

Oqshom chogʻi edi, pichan oʻrimidan qaytayotgan qizlar qoʻshiq aytishardi: “Yam-yashil oʻtloqzorda!”, anhor tomondan esa nay navolari oqib kelardi. Qishloqning ne taxlit qoʻshiq kuylashini musiqachi Yanko soʻnggi marta tinglamoqda edi… Kanop mato ustida u bilan yonma-yon oʻzining taxta skripkasi yotardi…

Birdan bolaning chehrasi yorishdi va qonsiz lablari pichirlab dedi:

– Oyijon…

– Nima, bolajonim? – soʻradi onasi tomogʻiga tiqilgan yigʻini bazoʻr toʻxtatib…

– Oyijon! Narigi dunyoda oʻzimning skripkam boʻladimi?

– Boʻladi, bolajonim, boʻladi! – javob berdi onasi, biroq endi ortiq hech nima deya olmas edi, chunki uning koʻksidan achchiq, kuydiruvchi oʻt otilib chiqqandi: “E Xudoyim! Xudoyim!” Shunday deya ona koʻksi bilan sandiq ustiga quladi va telbalarcha yo boʻlmasa muhabbatini oʻlim changalidan tortib ololmagan odam kabi oʻkrab yigʻlab yubordi.

Ha, jigarbandini olib qololmadi, oʻrnidan turib, oʻgʻlining yuziga qaradi, kichkinagina musiqachining koʻzlari ochiq, ammo harakatsiz edi, yuzida esa qandaydir jiddiy va bamisoli maʼyus ulugʻvorlik muhri qotgandi. Quyosh nuri ham nari ketgandi.

Joying jannatda boʻlsin, Yanko!

 

* * *

Ertasi kuni janoblar Italiyadan oʻz qoʻrgʻonlariga qaytib kelishdi. Yosh bekach ham kuyovi bilan qaytib keldi. Kuyov kelinga dedi:

– Italiya juda goʻzal mamlakat ekanmi!

– Xalqini ayting – hammasi sanʼatkor. Ular ichidan isteʼdodlarini terib yordam berilsa, savob ish boʻlardi, – qoʻshimcha qildi bekach.

Yanko musiqachining qabri uzra qayinlar shovullardi.

 

Rus tilidan Amir FAYZULLA tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–11

 


[1] Pani (panna) – polyak ayoli, xonimi.          

[2] Voyt – okrug hakami, sudya.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.