Yakkasuv

0
154
marta koʻrilgan.

Agar bu gap oʻtgan kuni aytilganida edi, yarim soatcha burun shaharga joʻnab ketgan Tirkash togʻasi bilan quyuq xayr-xoʻshlashib, endigina kartoshga chopiqqa tushgan Mirza hadaha gʻazab otiga mingan va uni beayov qamchilagancha, “kim ekan u zoʻr”, deya “naʼra” tortgan boʻlardi. Ammo bu safar oʻzini qora tortib kelgan joʻralarini taajjub toʻriga chirmab, odatdagidek, “naʼra” tortmadi, qoʻllarini musht qilib soʻkinmadi, paykal chetidagi ariq boʻyiga, oʻrik koʻlankasi ostiga choʻka-choʻka, goʻyo endi koʻrayotgandek, ularga boshdan-oyoq bir-bir nazar tashlarkan, xuddi koʻpni koʻrgan katta polvonlardek, oʻta bosiqlik bilan “him-m” deb qoʻydi. Bu qiligʻi bilan shusiz ham tutab turgan yigitlarning battar xunobini oshirib yubordi. Ana, biri buytib toʻnglab oʻtirishing nimasi, tezroq qimirlasang-chi, deya soʻkib berdi. Biri esa uni kesakka mengzab, oʻzicha ustidan kulgan boʻldi. Biroq u oʻz shaʼniga nisbatan aytilayotgan gap-soʻzlarga eʼtibor bermadi, nazarida, qarshisida allaqachon yigirmani hatlab qoʻygan esa-da, haligacha aqlini toʻxtatmagan joʻralari emas, burnidan mishigʻi arimagan yosh bolalar turganday va koʻp emas, jindekkina sabr hamda bir-ikki ogʻiz shirin soʻz bilan ularni osongina hovuridan tushirish mumkindek pinak buzmay oʻtiraverdi. Oʻz navbatida, oʻzining kutilmagan bu qadar sovuqqonligidan hayrati ortib, dam-badam ensasini qashlab qoʻyardi. Axir ilgari, uni tezroq qoʻzgʻash maqsadida, joʻralari tomonidan koʻp hollarda ataydan aytiladigan oʻsha tanish qutqu – “zoʻring boʻlsa, opkelaver dedi” yoxud “deyishdi”, degan gapni eshitishi hamon gʻazabi joʻshib, darrov ularning oldiga tushardi-da. Hozir esa qoshida depsinib turgan joʻralari qatori, ushbu xitobni aytmoqqa jurʼati yetgan gʻanim tomon ham unga sabiy tuyulmoqda edi. Shu bois, yuz bergan mojaro sababini emas, oʻzidagi gʻayritabiiy bosiqlikni nazarda tutib, beixtiyor tarzda toʻngʻilladi:

– Nima gap oʻzi?

– Iya, boyadan beri qulogʻingga tanbur chertayapmizmi? – dedi yoʻq yerdan mojaro qidirib, doim janjal qoʻzgʻab yuradigan Zokir chatoq deganlari yer tepinib. – Aytdik-ku, ayritomliklar bizni yer qip tashlashdi deb. Borsak, Yakkasuvni butunlay oʻziniki qip olishibdi. Bizga tegishli toshoʻchoqqa qozon osib, oʻzlaricha mayovka qilishayotgan ekan. Ha, devdik, xuddi ketga tepganday qilib, bizni haydab solishdi. Kamiga, zoʻring boʻlsa opkelaver, istaganing bilan gaplashib qoʻyamiz deyishdi.

Bu gapni takror eshitgach, Mirzaning ichiga oʻt tushgan esa-da, tezda oʻzini bosdi. Dam-badam tilga olinayotgan Yakkasuv toʻgʻrisida emas, uning kunchiqish tarafidagi choʻng tepa boshidan oʻrin olgan koʻhna qabr hamda janubdagi qoʻshni tizma bagʻrida joylashgan tor ogʻizli, keng oʻzanli qorongʻi gʻorni koʻz oldiga keltirib, qishloqda “tarixchi domla” degan nomga ega boʻlgan Tirkash togʻasining saʼy-harakati tufayli kuni kechagina yuz ochgan koʻhna tarix xususida oʻylarkan, togʻasi kabi miyigʻida kulimsirab, sokin bir ohangda, sizlar avvaliga buni eshitinglar, deya ushbu tarix xususida soʻzlash istagini tuydi. Biroq qoshida guvranib turganlar uning hikoyasini eshitadigan ahvolda emas, shu tobda ularni na koʻhna qabr tarixi, na elda oddiygina “kamar” deb atalmish, qorongʻi gʻor qaʼridan topilgan sir-sinoat qiziqtirardi. U bosiqlik bilan doʻstlari yuziga taassuf-la boqarkan, tuyqusdan koʻngliga shumlik oraladi, buytib toʻnglab oʻtirishimning boisi, kuni kecha Tirkash togʻam hidini olgan kamar tubidagi xazinaga, u kishi qaytib kelmasdan burunroq ega chiqish oʻyi va tashvishidaman, degisi keldi. Agar shunday deyar boʻlsa, zumda qoshida jon asari qolmaydi – intiqom oʻtida yonayotgan joʻralari Yakkasuvni egallab olgan gʻanimni paqqos unutgan holda umrida yaqiniga yoʻlab koʻrmagan oʻsha gʻor tomon imi-jimida joʻnab qolishlari tayin. Bunga uning ishonchi komil edi. Axir kecha togʻasi shu haqda soʻz ochganida, oʻzi emasmi, oʻpkasini qoʻltiqlagancha unga “dum” boʻlgan.

Bundan avvalgi tashriflari davomida, qitmir kimsalardan birining taʼbiri bilan aytganda, oʻtgan asrning yigirma-oʻttizinchi yillariga oid “tirik yodgorlik” sifatida hanuz tuproqdan tashqarida gʻimirlab yurgan ayritomlik Sanaqul oqsoqol hamda yosh jihatdan undan sal berida boʻlgan yana bir-ikki cholni oʻziga yaqin hamsuhbat tutib, yaltiroq tugmachali qalin, qora daftariga allanimalarni qayd qilib yurgan togʻasi bu gal kelishida, toʻsatdan biron-bir kimsaning xayoliga kelmaydigan gʻorga bormoqni ixtiyor etib, oʻziga ishonchli hamroh sifatida Mirzani tanladi. Biroq togʻaning bu istagi jiyaniga unchalik xush kelmadi, manglayi tirishib, ensasi qotdi. Shunda bu kabi suhbatlarda har qanday hazil-huzilni oʻzidan oʻta yiroq tutadigan togʻa tizzasi ustidagi qora daftarni maʼnodor chertib, ziyolilarga xos sokinlik bilan dedi: “Mendagi baʼzi bir maʼlumotlarga koʻra, u yerda xazina yashirilgan ekan, nahotki bu narsa seni qiziqtirmasa?” Bu gap togʻaning ogʻzidan chiqishi bilan Mirza deganlariga darrov jon kirdi va aytilgan kerakli anjomlarni bir zumda yelkaga osiladigan choqqina qopga joylab, unga ergashdi. Yoʻl boʻyi yuragi hapriqib, gʻorning qorongʻi puchmoqlaridan birida uyulib yotgan yaltiroq tilla tanga va buyumlarni koʻz oldiga keltirib, oʻzicha shirin orzular ummonida guvranib bordi.

Ammo uning gʻayrati toshgan sari, togʻa oshiqay demasdi. Bu yetmagandek, Yakkasuvga yetganda, bir muddat nafas rostlash oʻyida oyoq ilishiga nima deysiz. Bu holdan Mirzaning jismi-joni tutab, tevarakka dilgir-dilgir tikiladi, ich-ichidan gʻijinib, gʻashlanib-gʻashlanib boqadi. Ammo mehmon hurmati chars feʼlini namoyish etmoqdan oʻzini tiyadi. Boz ustiga, togʻasi, boshqa xeshlaridan farqli oʻlaroq, ilm odami – oʻziga yarasha susti bor, kim bilan muloqotda boʻlmasin, hamisha andishaga jiddiy amal qiladi, huda-behuda gapiravermaydi. Mabodo kurakda turmaydigan biror-bir qiligʻingni sezib qolgan taqdirda ham, boshqalardek tergab-sergab, pandu nasihat qilib oʻtirmaydi, noroziligini nimtabassum qatiga bekitib, shunday bir qarash qiladiki, pirovardida, qochgani joy topolmay qolasan kishi. Ana, hozir ham Yakkasuvning nochor raftoridan ogʻrinib, qoshlari tugun tortib oʻtirgan esa-da, haligicha bu toʻgʻrida bir ogʻiz churq etganicha yoʻq, bu turishida, etmasa ham kerak.

Agar shu oʻrinda, Yakkasuvga andak taʼrif berib oʻtadigan boʻlsak, bu soʻlim goʻsha togʻoldi kengligi boʻylab bir-biriga baqamti tushgani holda shimoliy tekislikdan janubiy doʻngliklarga qadar choʻzilib ketgan toʻrt chaqirimli ikki qir oragʻidagi uzun va ensiz vodiyning qoq kindigidan oʻrin topgan. Turli dov-daraxtlar zich oʻsgan moʻjaz bu makon koʻklam yomgʻirlari tinishi bilan tezda sargʻish tus oladigan qir tabiatidan keskin farqlanib, misli yashil nuqtadek olis-olislardan baralla koʻzga tashlanib turadi. Ushbu yashil nuqta markazida qad rostlagan qadim tut poyidagi yagona qaynarbuloq vajidan bu manzil “Yakkasuv” deb ataladi. Darvoqe, togʻaning diltang tortib oʻtirishiga kelsak, tut ostidagi sayhonlikning xiyla orastaligini nazarda tutmaganda, tevarakdagi butalar orasi kelib-ketuvchilar tomonidan tashlab ketilgan turli yelim idishlar, shisha, xalta-xulta va boshqa shu kabi mayda-chuyda chiqindilarga toʻla edi. Sayhonlikning ikki chekkasida qoʻnqaygan toshoʻchoqlar girdida esa chala yongan oʻtin va shox-shabbalar sochilib yotardi. Bu xil noxush manzaraga koʻnikkan Mirza bundan ranjishni xayoliga ham keltirmas, uning bor gʻashligi buloq boʻyida hanuz xayolga choʻmib oʻtirgan togʻasidan edi.

U hadeganda oʻrnidan qoʻzgʻalavermagach, Mirza bir joyda tek turolmay, bexos dimogʻiga chalingan notanish hiddan xavotirlanib, oʻz hududini koʻzdan kechirayotgan ayiqdek, maydon boʻylab izgʻishga tushdi. Sayhonlikning janub qismidagi toshoʻchoqqa yetganda, toʻxtab, buta novdalari orasidan ikki chaqirim narida, qirlar oraligʻida qorayib turgan Ayritom qishlogʻiga bir muddat adovat-la nazar tashlab turdi-da, soʻng oʻng oyogʻi uchi bilan yengilgina turtkilab, ushbu qishloq yigitlari tomonidan yaqindagina qayta tiklangan toshoʻchoqni buzib tashladi. Shimoliy oʻchoqqa, yaʼni oʻz qishlogʻi Beshtoshga tegishli toshoʻchoqqa esa qotinmadi. Yakkasuv teng oraliqda joylashgan boʻlishiga qaramay, ikki qishloq yoshlari oʻrtasida doimo talash, “bizga, yoʻq, sizga emas, bizga tovin”, deya dam-badam ular orasida chaqin chaqnab turadi.

Bu orada togʻa ilkis oyoqqa qalqib, tagʻin jimgina yoʻl boshladi. Biroq jiyanini ajablantirib, gʻor tomonga emas, qarshidagi choʻng tepalik sari yurdi.

Koʻp oʻtmay ular tepalik yagʻrinidagi girdi va tepa qismiga yapaloq toshlar terilgan koʻhna qabrga roʻparoʻ boʻlishdi. Mirza qabrdan berida choʻkkalarkan, past ovozda qurʼon tilovat qilishga tushgan togʻasining bu qiligʻidan ajablanmay qolmadi. Boisi, mazkur qabr yerli aholi uchun alohida eʼzoz-eʼtiborga molik emas, tepalik poyidagi yolgʻizoyoq soʻqmoqdan onda-sonda oʻtib qolganlar, taomilga koʻra, yoʻl-yoʻlakay shunchaki yuziga fotiha tortib qoʻyishlarini demasa, bu kimning qabri, nechun u yolgʻiz, bu haqda hech kim oʻylab koʻrmaydi, yaʼni kishilar yon-atrofdagi qirlar, qirlar ortidagi viqorli togʻlar yoxud Yakkasuvning mavjudligiga koʻnikkanday, bu yakka qabrga ham koʻnikishgan.

– Ana endi gʻorga, jiyan.

Qishloqdan chiqishganidan beri togʻaning aytgan birdan-bir gapi shu boʻldi. Mirzaning bu kimning qabri, degan savoli esa dili va tili uchida qolaverdi. Togʻaning nahotki, shuniyam bilmasang, deb qolishidan xijolat tortib, soyaday unga ergashdi.

Biroq gʻorga yetish u qadar oson emasdi. Buning uchun qirli kenglikdan arazlaganday, togʻlarga baqamtiroq qad rostlagan qoʻshni tizmagacha boʻlgan pastu balandliklardan oshib va aylanib oʻtish lozim edi. Bu yoʻl togʻaga oʻxshash jussador kishilarga ancha qiyin, ammo Mirza kabi toshi yengillarga oson, ayniqsa, xayolida tilla tangalar jilvasi yonib turganida. Endi uning bor-yoʻq tashvishi anjomlar solingan yelkasidagi choqqina xaltadan edi. Gʻordagi xazina unga sigʻarmikan? Shoshganidan kattaroq idish olmaganini qarang-a!

– Necha qop ekan, togʻa? – dedi oxiri chidayolmay.

– Nima “necha qop?”

– Xazinani aytaman…

– Ha-a, umi… koʻp emas, bir necha qop… – Togʻaning ovozi cheksiz sahroda hadeb sarobga duch kelaverishdan charchagan odamnidek behis – zavq-shavqdan yiroq, gʻoyatda quruq edi.

Bu hol Mirzaga juda malol keldi: “Tavba, xazina topgan odam ham shunchalik beparvo, shunchalik sovuq va loqayd boʻladimi!” Soʻngra oʻzicha uni oqlagan kishi boʻldi: “Qoʻli ochiq, saxiy odam-da, mol-dunyo deganini koʻpda pisand qilavermaydi”. Bu borada u qisman haq edi, Tirkash togʻasi qishloqdagi aksariyat xeshlari singari rejali emas, har gal qishloqqa bir dunyo sovgʻa-salom bilan tashrif buyurarkan, baʼzan, katta yigit boʻlganingda qaytararsan, deya jiyanlari qoʻliga pul ham tutqazadi. Muxtasar qilganda, necha yildirki, viloyat markazidagi oliy oʻquv maskanlaridan birida yoshlarga taʼlim berib kelayotgan bu odam muruvvatli va jigarchil boʻlishdan tashqari, onda-sonda tarixiy mavzuda katta-kichik kitoblar ham chop ettirib turadi. Biroq nochor jihati shundaki, qishloqdagi xesh-aqrabolari u yozgan kitoblar bilan bir-ikki kun oʻzlaricha maqtanib, faxrlanishib yurishadi-yu, lekin birortasi ham oʻqishga hafsala qilmaydi, jumladan, Mirza ham. Togʻa buni yaxshi biladi shekilli, hech qachon, oʻqidingmi, deb soʻramaydi. Mirzaga oʻxshaganlar esa ayni shu savolga roʻparoʻ kelishdan choʻchib, doimo togʻadan yiroqroq yurishga urinadi.

– Oʻh-hu! – kutilmaganda togʻa nido qildi.

– Oyoq ostidagi turli tikanak va tepadan qulagan qoyatoshlar oralab, uning izidan kelayotgan Mirza boshini koʻtarib, avval togʻaning tashvishmand aftiga, soʻng qarshisidagi tik qiyalikka nazar tashladi va koʻzlarini alang-jalang qilganicha, gʻor ogʻzini qidira boshladi. Uzoq-yaqindan koʻpam koʻzga chalinavermaydigan gʻor ogʻzi taxminan ikki yuz quloch tepada, moʻjraygan qatron daraxti tagida tashlandiq boʻri inidek qorayib turardi. Bu yaqin oʻtgan davr ichida odam bolasi qadam bosmaganligi raftoridan yaqqol sezilib turgan qiyalik yuzi turli buta va qoyatoshlar bilan bezangan boʻlib, ora-sirada issiq-sovuqdan chatnagan toshlardan yuzaga kelgan va oyoq qoʻyilishi bilan quyiga selday oquvchi ushoq toshli maydonchalar ham koʻzga tashlanardi. Togʻa bejizga tashvish tortmagan, gʻorga koʻtarilishi uchun katta kuch va ehtiyotkorlik talab etilardi.

Dastlab yoʻq soʻqmoqni koʻz bilan qidirib, picha turib qolishdi. Soʻng Mirza tashabbusni oʻz qoʻliga olib, dadil betga tirmashdi, izidan togʻa ergashdi.

Ular buta novdalaridan tutib, yoʻlda uchragan qoyatoshlarni aylanib, mayda toshli maydonchalarda yuz bora sirpanib, bir amallab gʻor ogʻzidagi ensiz sayhonlikka yetib kelishganda, togʻa gʻarq terga botgan, yosh boʻlsa-da Mirzaning ahvoli ham unikidan pesh emasdi.

Mirza qoyadan turtib chiqqan kulrang toshga suyangancha, bazoʻr nafasini rostlayotgan togʻaga achingandek bir qarab qoʻydi-da, keyin oʻrgamchik toʻr solgan gʻor ogʻziga hadik va qiziqishla koʻz tashladi. Enidan koʻra boʻyi tor boʻlgan qorongʻi toʻynuk vahimali tarzda qorayib turardi. Unga bosh suqish tentaklikdek tuyulardi. U gʻor ogʻzidan koʻz uzib, qopdan ikkita qoʻlfonar hamda dastasi atay kesib kaltaytirilgan chogʻroq choʻkich va teshani olib, ularni birin-sirin tosh ustiga terib qoʻydi. Soʻng togʻaning ishorasi bilan suv toʻla yelim idishlardan birini unga uzata turib, boshlang, deya tomoq qirdi. Ammo togʻa oshiqmadi. Suvdan qonib ichdi-da, gʻor ogʻziga imo qilib, dedi:

– Ishqilib, buning ichida chaqadigan-paqadigan jonzot yoʻqmikan?

– Kim bilsin… – umrida gʻorga kirib koʻrmagan Mirza mujmal javob qaytararkan, soʻng yoʻliga dedi: – Yo kirib chiqaymi?

– Yoʻq, gʻorga kirmoqni ixtiyor etgan sen emas, men, – dedi togʻa keskin ohangda.  – Shuning uchun birinchi men kirishim kerak.

– Unda boshlang! – Bu gap uning ogʻzidan bexos chiqib ketdi.

Bunga javoban togʻa, buncha besabr boʻlmasa bu bola, degan yoʻsinda koʻz qirida jiddiy qarab qoʻydi-da, soʻng tosh ustidagi choʻkich va qoʻlfonardan birini qoʻliga olib, oʻtirgan yerida gʻor ogʻzi tomon surildi. Boshda oʻrgamchik toʻrini sidirib tashlab, keyin emaklagancha ichkariga kira boshladi.

Bir muddatdan soʻng ichkaridan uning boʻgʻiq ovozi eshitildi.

– Kelaver.

Sirli va qorongʻi gʻor vahimasi yelkasidan zilday bosib turgan esa-da, xayolida, xuddi kinolardagidek, tinmay jilvalanayotgan uyum-uyum tilla tangalar hamda zebu ziynatlarga tezroq yetishmoq oʻyida Mirza gʻorga dadil bosh suqarkan, dastlab tuygani ogʻir zax hidi boʻldi. Bundan yuragi toriqib, bir oz taysallandi. Boz ustiga, gʻorning kirish qismi avval oʻngga, soʻng soʻlga, saldan keyin keskin tepaga qayrilgan tor yoʻlakdan iborat boʻlib, agar ichkarida odam borligini tuyib turmaganida, u birinchi burimdanoq iziga qaytgan boʻlardi.

U tor tuynuk devorlariga bosh urib, tirsaklari sidirilib, soʻl qayrilishdan yuqoriga burimga intilarkan, koʻp oʻtmay oʻzini gʻorning keng sahnida koʻrdi. Va kutilmagan bu kenglikdan hayrati ortib, jismi-joni iskanjadan xalos topgandek, yengil nafas oldi.

U oʻzi uchun tamomila nomaʼlum boʻlgan oʻzga dunyo ostonasida ang-tang turgancha, qoʻlidagi chiroq nurini gʻorning turfa tusdagi toshdevorlari boʻylab yuritarkan, tilla tangalar jilvasini bir zumga unutdi. Qachonki, gʻor oʻzani boʻylab ancha ichkarilab ketgan togʻaning koʻlankasini ilgʻagachgina, maqsadi qayta esiga tushib, goʻyo bor xazinaga togʻasi ega chiqib, u quruq qoladigandek, uning ortidan yurdi. Bu paytda togʻa gʻor markazida, shiftdan qulagan ulkan qoyatosh boʻlagi qarshisida taraddudlanib turardi. Ana, u qoyatoshning oʻng yonidagi tor oraliqdan sirgʻalib oʻta boshladi. Orada, kelayapsanmi, degan maʼnoda Mirzaga qarab qoʻyishni ham unutmadi.

Qoyatosh oraligʻiga yetishi bilan Mirza qoʻlidagi chiroqni baland tutib, uning nurini gʻor oʻzani boʻylab yoʻnaltirarkan, boshda cheksizdek tuyulgan bu yerosti saltanati biror oʻttiz odimlardan keyin yakun topishiga amin boʻldi. Silliq devorli gʻor toʻrida bir-biriga yelka tiragan ikki qoyatosh, aslo oshiqma, deganday boʻylanib turardi. U xayolini qayta band etgan afsonaviy xazinani topish umidida hovliqishu oshiqishdan tiyilib, xuddi tajribali gʻorshunoslarday, gʻorning har bir sirli puchmogʻini diqqat bilan koʻzdan kechirishga kirishdi.

U qoyatosh tevaragida oʻralashib, uning quyi qismidagi katta-kichik kavaklarni nazaridan oʻtkazarkan, boyadan beri toʻrdagi qoyatoshlar yonida ivirsib yurgan togʻasining oshigʻich choʻkkalagani va toshlar orasidan nimadir qoʻliga olganini dafʼatan payqab qoldi-da, yuragi hapriqqancha, oʻsha tomon oshiqdi. Borasolib chiroq nurini togʻasining qoʻlidagi narsaga qaratdi. Afsuski, togʻa, u umid qilgandek, biror-bir tilla buyumni emas, tusi aynib, chetlari titilgan allanimani tutib turardi.

– Nima bu, togʻa?

– Nima boʻlardi, kitob… kitob jildi… – Togʻa tagʻin choʻkkalab, toshlar orasidan yana bir nechta uvadasi chiqqan oʻshanaqa jildni qoʻliga olarkan, taassuf-la bosh chayqadi: – Esiz…

– Kitob… – azbaroyi hayajonlanganidan Mirzaning nafasi boʻgʻziga tiqilib, tizzalangan koʻyi toshlar orasiga chiroq nurini qaratdi. – Unda tillalar ham shu yerda boʻlishi kerak, togʻa!

– Qanaqa tilla? – Togʻaning ovozida hayrat zuhurlandi.

– Axir oʻzingiz aytdingiz-ku, gʻorda xazina yashirilgan deb.

– Ey-y, ha-a… – Togʻa, odatiga koʻra, sokin, ammo hazin ohangda kuldi. – Endi, jiyan, xazinani kim qanday tushunadi, xazina deganda, men manavi kitoblarni nazarda tutgandim. Esiz, bari irib-chirib, tamom boʻpti.

Bu gapni sira kutmagan Mirza soʻl yoniga shilq etib tushdi. Soʻng alami toshib dedi.

– Lekin… odamni yomon ahmoq qildingiz-da, togʻa!

– Seni ahmoq qilish xayolimga ham kelgani yoʻq, jiyan.

– Eh-h, shuncha harakat…

– Behuda ketmadi, – deya uning gapini boʻldi togʻa. – Mana, topdik kitoblarni… Tarixiy faktlardan yana biri haqiqat boʻlib chiqdi.

– Bulardan ne foyda?..

Togʻa bu savolga javob qaytarmoqni oʻziga ep koʻrmadi.

U koʻpda shoshilmay chirigan jildlardan yana bir nechtasini tergilab, saralab oldi-da, goʻyo oʻta nodir buyumdek, ularni avaylab belboqqa tugdi. Soʻng tevarakni yana bir sira koʻzdan kechirib, asta gʻorni tark etishga tushdi.

Togʻa-jiyan, xuddi yetti yot begonalardek, Yakkasuvga yetgunga qadar bir ogʻiz soʻzlashmadilar.

Buloq suvidan chanqogʻini qondirib, yuz-qoʻlini yuvgan togʻa qavatida, aldangan boladay, hanuz tumshayib oʻtirgan jiyanining avzoyiga bir qarab qoʻydi-da, yillar davomida dilida yigʻilib qolgan gaplarini birvarakayiga toʻkib solmoqchiday birdan gapga tushib ketdi. U, sen nimani ham bilarding, degan yoʻsinda taʼna qilmadi, shunchaki bilganlarini soʻzladi. Xazina deya sarobga duch kelib, rangi siniqib oʻtirgan Mirza qishloqning endigina koʻzga koʻrinib kelayotgan oldi polvonlaridan biri edi. Togʻa soʻzlangani sayin hushyor tortib, oʻzini maydonda magʻlub boʻlgan polvondek his eta boshladi. Soʻng uni birdan uyat chirmadi, nomusdan oʻt boʻlib yondi. Qarshi tepadagi koʻhna qabrga qarashga yuzi chidamay, yerga bosh egdi. Ana, qabrdan toʻni barini beliga tukkan polvon kelbat Yoqub choʻpon bosh koʻtardi. U qoʻlidagi zalvorli zarang tayogʻini boshi uzra koʻtarib, bor ovozda hayqirdi.

– Uv-v! Yetar endi, a! Egriniyam, toʻgʻriniyam oborib tiqaverishdan, nima, haliyam charchamadinglarmi, enagʻardi bolalari! Silardi kim tuqqan oʻzi, enami, yo toʻngʻizmi?! Hech qurisa, hurmatini qilib, bu ulugʻ odamni otga mingazib olinglar, enagʻarlar…

Quyidagi soʻqmoqdan egnida oqish jiyda, kalta kuzalgan soqoliga qirov qoʻngan, novcha va qotma kimsa – ayritomlik Parda mullani oldilariga solib, yayov haydab borayotgan ikki otliq milisaning malla tuslisiga bu haqoratlar ogʻir botdimi, yo boshqa biror xayolga bordimi, shartta yelkasidan beshotarini oldi-da, qanday zamonlarga qoldik, deya hanuz changitib soʻkinayotgan Yoqub choʻponni qoq manglayidan otib tashladi. Parda mulla shu ketishda boshqa qaytib kelmadi – olis Sibirda izsiz yoʻqoldi. Yoqub choʻpon shahid sifatida otilgan yerida koʻmildi. Bu dahshatli voqeaga Yakkasuvda turib, tasodifan guvoh boʻlgan oʻn ikki yashar bola – Sanaqul oqsoqol togʻa bilan boʻlgan soʻnggi gurungda gʻorga yashirilgan kitoblar xususida gap ocharkan, oʻsha mudhish davrdan meros boʻlib qolgan koʻnglidagi qoʻrquv va hadikni yengishga chogʻi yetmay, bu haqda roʻy-rost aytmadi, goʻyo oʻzicha gumonlangan kishi boʻlib, shunday dedi: “Parda mulla surgun avvalida uyidagi bor kitoblarni qoplarga joylab, kamarga bekitgan chiqar, tagʻinam bilmadim…” Togʻaning saʼy-harakati tufayli gumon chinga aylandi. Shu kuni Mirzaga yana bir haqiqat ayonlashdi, buni qarangki, “Yetar endi…” deya tussiz zamonga oʻzicha qarshi chiqqan Yoqub choʻpon begona emas, ota tarafdan oʻzlariga uzoqroq xesh ekan, undagi ovkarlik va orkashlik Mirzaning feʼlida mavjud emish. Yana kim biladi, har holda togʻa shunday dedi. Bu gaplarni eshitarkan, Mirza ertalab oʻzi buzib tashlagan toshoʻchoqqa sekin koʻz qirni tashlab qoʻydi. Buni sezgan togʻa miyigʻida kulib qoʻydi-da, soʻng bu safar oshkora kinoya bilan, dedi: “Balki bu yozganlarimni oʻqirsan?” Mirza bildiki, togʻa bu voqealarni kitob qilmoqchi…

– Boʻlaqol endi! – Zokir chatoqning sabri tugab, battar tutaqdi.

– Agar yuraging betlamayotgan boʻlsa, shuni ayt! – dedi boshqa biri oʻzicha zamzama qilib. – Boshqa biror chorasini toparmiz. Lekin ularga boʻsh kelish yoʻq.

– Yoʻq, bundan or qochibdi! – dedi Zokir chatoq chiyillab.

– Or-r! – Mirza ilkis bosh koʻtardi va koʻzlari oʻtdek yonib, intiqom oʻtida qovrulayotgan joʻralariga bir-bir nigoh tashladi. Koʻrdiki, osonlikcha tinchiydigan emas ular, bari oʻzining tezroq qoʻzgʻalishini intiq kutmoqda. Ana, biri singan ketmon dastani qoʻliga olvolibdi. Zoʻr qurol-da, bir ursang, manaman degan raqibni sulaytirib qoʻyadi… Mirza tizzasiga shapatilab, dik sakrab oʻrnidan turdi-da, tezda qatʼiyatli joʻraboshi tusiga kirib, simtoʻr ortidagi kurkalarga barmogʻini bigiz qilib, dedi: – Anavi kurkalardan birini opchiqinglar!

– Kurkani nima qilasan?

– Gʻalabani nishonlash kerak-ku keyin… – dedi u ovozini atay yana bir parda koʻtarib.

– Ura-a, Mirza joʻra tirildi, ketdik, doʻstlar!

Yigitlar oyoqlari chandilgan kattakon kurkani yukxonaga tashlab, Zokir chatoqning shalaq mashinasiga yetti kishi bir amallab sigʻishdi-da, Yakkasuv tomon zingʻillashdi. Boʻlgʻusi zoʻr mushtlashuv oldidan qonlari qayta qizib, yuraklari hapriqib, bor ovozda shovqinlashib borisharkan, ular orasida bir Mirzagina sukutda edi. U boya favqulodda xayoliga kelgan quyidagi rejani miyasida qayta-qayta pishitmoqda edi: hozir boradi-da, hezlanib oʻzlariga peshvoz chiqishgan ayrimtomlik yigitlarga: “Qani, joʻralar, mana bu kurkani ham qozonga bosinglar”, deydi. Soʻng esa har ikki tarafni bir dasturxon atrofiga yigʻib, kecha oʻzi boxabar boʻlgan “tarix” haqida soʻzlab beradi. Togʻa aytgandek, kerak boʻlsa, boʻzlab beradi. Axir, yaqin oʻtmishda bu manzilda ne bir voqealar yuz bermagan, tarixchi togʻasi alohida urgʻu berganidek, Parda mullaga oʻxshagan oʻqimishli odamlar Sibir qilinib, Yoqub choʻpon kabi mardu maydonlar shahid ketgan oʻsha mudhish davrda bu buloq suvi “yurt” kalomini diliga jo aylagan ne bir azamat yigitlar qonini yuvib, chanqogʻini qondirmagan deysiz… biz esa… deya hikoyasini yakunlaydi. Oʻz navbatida, ushbu “biz esa…” iborasi ongu shuurida tinimsiz charx urib, qalbini ayovsiz kemirgani sari, Mirza uyat va nomusdan qizarib, oʻzini qoʻyarga joy topolmay borardi…

 

Normurod NORQOBILOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–12

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.