“YAK-40“

0
215
marta koʻrilgan.

Bolalik mahallari edi… Ibrohimning otasi uzoq safarga ketdi. Bir haftalardan keyin qaytib, olib kelgan mayda-chuydalarini bolalariga tarqatib boʻlgach, dasturxon ustida safar taassurotlarini gapirib oʻtirib:

– “Yak” degan yangi samolyot chiqibdi, oʻshanda uchdik, – dedi.

– Qanaqa emish? – qiziqib soʻradi Ibrohim.

– Juda tez ekan!

Ota bechora yana nimayam desin? Umrida birinchi marta uchgan boʻlsa? Havo kemasining xususiyatlarini qay tarz tushuntirib bera olsin? Bolasiyam, oʻziyam “T-28” traktoridan boshqasini bilmasa?

“T-28” chopiqda, dori solishda, yer haydashda, gʻoʻzapoya tashishda ishlatiladi. Lekin, zoʻr emas. Sababi, oltinchi yo yettinchi tezlikda sakrab ketadi. Traktorning zoʻri “MTZ-80”. Undan ham zoʻri – yurganida hushtak chaladigan bahaybat “K-700”.

Oʻtgan joyini payhon qilib ketadigan, yoʻltanlamas zanjirlisi ham bor, uni “DT-75” deydilar. Bundan tashqari, zovurlardan suv tortadigan, salarka bilan ishlaydigan ulkan nasoslar, koʻrak chuvish mashinalari, paxtani chanoqdan ajratadigan “vorox”laru gʻoʻzapoya qirqadigan “karchoʻpka”larni xalq besh qoʻlday biladi.

Ammo uchoq…

Ibrohim maktabga borib “Otam zoʻr samolyotda uchibdi” deb maqtandi. “Yak” deganini bolalar bilishmas ekan, ishonishmadi. Fizika oʻqituvchisining xabari bor ekanmi, ishqilib:

– Ha-a, reaktiv motorli boʻladi. Rostdan ham juda tez uchadi, – deb qoʻydi.

Ibrohimning oʻsha mahallardagi dars daftarlariga qarasangiz, “Yak”ning turli-tuman rasmlarini koʻrasiz. Gʻildiraklarigacha, tumshugʻidan chiqib turgan radiosoʻzlashuv antennasigacha, kabinadagi ikki uchuvchi bilan bir qatorda, illyuminatorlardan qarab turgan yoʻlovchilarigacha chizgan. Tabiiyki, havo kemasini boshqarayotgan uchuvchilardan birining gavdasi boshqalardan koʻra kattaroq, yuz-koʻzi ham aniqroq, chunki u – Ibrohimning oʻzi!

Aslida, bolalar “Yak”dan kattaroq, olislarga uchadigan boshqacha uchoqlar borligini bilishardi. Oq-qora tasvirli televizorlarda goh-goh koʻrinib qolardi-da. Biroq ular katta shaharlardagina boʻlarmish, bu atrofda unaqa ulkan samolyot qoʻna oladigan aerodrom yoʻqmish. “Yak-40” esa ixcham, kichkina, shu yoqlarga kelib qolishiyam hech gapmas. Xullas, yetib borish qiyin sanalgan chet manzillarning odamlariga xizmat koʻrsatish uchun atay yasalganmish.

Oʻsha kezlar har kuni parrakli bir samolyot tongda kunchiqarga, tush mahali esa kunbotarga qarab gʻoʻngʻillab uchib oʻtardi. Keyinroq oʻtmay qoʻydi, oʻrniga juda yuksaklarda kumushrang nuqtaday boʻlib koʻrinadigan boshqasi paydo boʻldi.

Bolalar otasi bilan yer chopishar edi. Ota koʻkka qarab, peshanasining terini artib:

– Ana, oʻgʻlim, “Yak”! – dedi.

Ibrohimning quvonchi ichiga sigʻmasdi. Hayajonlanib, koʻzlari toʻla hayrat bilan samoga termilib qoldi. Eh-he! Shu ekan-da, afsonaviy “Yak-40”. Yaltirashini qaranglar! Baland uchishini qaranglar!

– Avvalgisi parrakli, imillab uchar edi, – dedi ota. – Buni koʻrdingmi, zumda oʻtib ketdi.

Shu-shu, tong saharda kunchiqarga, tushlik mahali kunbotarga oʻtadigan u samolyot Ibrohimning samoviy hamrohiga aylanib qoldi.

Yuksaklarda oʻz yoʻnalishida parvoz qilayotgan kumushrang uchoq, pastda, yer betida esa uning har kungi oʻtishiga koʻz tikadigan koʻzlari chaqnoq boʻz bolakay…

Bolalik osmonida birgina u emas, boshqa tur uchoqlar ham bor edi. Izidan oppoq tutun qoldirib samo bagʻrida juda sekin uchadigani boʻlardi, ovozi kelaqolmasdi. Tabiiyki, ungayam qiziqishgan, “Ob-havo uchogʻi” degan javob olishgan. Ammo ob-havoni nega samolyot bilan oʻlchash kerakligi onglarga yetib kelmagan. Shuningdek, mototsiklday tarillab, terak balandligida ucha-ucha dalalarga dori sepadigan yana biri boʻlib, qanoti fanerdan, deyishardi. Kabinasidagi uchuvchisi traktorchilar shlyomini kiyib oʻtirardi. Koʻz koʻraverib oʻrganib ketgan jaydari, mehnatkash uchoq-da. Dala chetlariga ham bemalol qoʻnavergani uchun ninachiga oʻxshaydi. Ichiga toʻldirib dori solingach, havoga koʻtariladi-da, dalalaru ekinzorlar ustiga purkab oʻtadi.

U qaydayu “Yak” qayda!

Shu, xolos. Afsonaviy, tezuchar “Yak-40”, bu hududlarga kela olmaydigan bahaybat laynerlar, yuksaklarda nuqtaday boʻlib uchadigan ob-havo samolyoti, terakboʻyi balandlikdan dori purkaydigan ninachi-uchoq. Mana shular Ibrohimning bolaligining havo kemalari edi.

Eh-he, qanaqa qiziqardi-yu? Kuz sovuqlarida astaridan paxta isi kelib turgan koʻrpa ostiga kirib ketib, saldan keyin navnihol badanga issiq oʻta boshlaganida, xayolan aqlu tasavvur yetmaydigan olis ajoyibot oʻlkalariga parvoz qilayotgan oʻsha uchoq bagʻrida, orasta salonda, koʻkish bejirim qalpogʻini boshiga qiya kiyib olgan xushmuomala styuardessalar qoshida paydo boʻlib qolardi. Pastga qaraganida oʻz qishlogʻi uzra uchayotgan boʻlar, keyin manzara almashib, afsonaviy shaharlaru olam moʻjizalari uzra yela-yela, gʻaroyib tasavvurlar ogʻushida uxlab qolardi.

 

* * *

Maktabni bitirgach ham uning uchoqlarga boʻlgan qiziqishi soʻnmadi. Lekin, afsus, oʻqiyolmadi. Ota tez-tez kasal boʻlar, tezroq roʻzgʻorning bir chetiga kirishi, butun umrini bola-chaqasiga xarjlab yuborgan shu fidoyi zotga suyanchiq boʻlishi kerak edi.

Ota uni novvoyga shogirdlikka berdi. Har kuni tong qorongʻisida novvoyxonaga yoʻl oladi. Qishloq uygʻonmagan, bitta-ikkita uydagina sariq chiroq miltiraydi, bu – oʻsha xonadonda qariya borligini, erta saharlab tahoratga turganini bildiradi. Tevarak yorishmasidan novvoyxonaga yetib boradi, ikkita katta tandirga oʻt qalaydi. Kecha kechqurun usta tayyorlab ketgan xamir koʻpchigan boʻladi. Keyin boshqalar yetib kelishadi. Sami novvoy tez-tez zuvala yasaydi, Karim novvoy esa non yopadi. Har kuni shu ahvol.

Novvoyxona ishi toʻylar mahali qiziydi. Boshqa paytlari odamlar oʻz hovlilarida qurilgan tandirlarda non yopishadi. Shu sababli, toʻy boʻlmagan kezlarda kichik tandirgagina oʻt qalanadi. Toʻyda esa har ikkalasida ham ketma-ket patirlar pishaveradi.

Ishdan qaytayotganida uyiga ikkita yo toʻrtta non olib keladi. Kundalik rizq-da. Karim novvoy diyonatli kishi, oylikdan tashqari, ortgan nonlardan berib yuboradi. Ota xursand. “Yeydigan noning har kuni kelib turadigan bunaqa ishni qaydan toparding, xudoga ming shukr”, deb qoʻyadi.

Tong qorongʻisida novvoyxonaga yoʻl olar ekan, juda yuksakda chirogʻini miltiratib “Yak” uchib oʻtadi. U olis manzillarga yoʻlovchi va pochta olib ketayotgan boʻladi.

Nigohi tungi samoda, shudringdan namlangan koʻchada qoqilib-suqilib odimlaydiyu xayoli yana havo kemasining ichiga koʻchadi. Oʻsha-oʻsha keng, yorugʻ salon. Orasta kiyingan, yuz-koʻzlarida baxtiyorlik nishonalari sezilib turgan odamlar. Ular, albatta, yuksaklarda parvoz qilishayotgani uchun oʻzlarini baxtiyor sezadilar.

Hayot shunday davom etardi. Vaqti-soati yetib, ota ham jonini Haqqa topshirdi. Yelkaga roʻzgʻor yuki tamomila tushdi.

Ota oʻtganidan uch-toʻrt yil keyin, bir kuni tong sahar yana novvoyxonaga ketayotsa… uchoq oʻtmadi!

Xavotiri oshib shu alanglaydi – yoʻq-da! Yulduzlar jimirlab turibdi, oy ohista botyapti, ufqning bir tomoni elas-elas boʻzarmoqda… Yoʻq, hech qayerda yoʻq!

Nima boʻldi? Nega uchmay qoʻydi?

Buzilib qoldimikan? Temir-ku, buzilmasinmi? Qudratli motorlar shamol paydo qiladi, uchoq oʻsha shamol qanotida uchadi. Motorining u yer-bu yeriga bir nima boʻldimikan? Balki yoqilgʻi keladigan quvurchalari bekilib qolgandir? Yo uchuvchisi kasaldir?

Ha-a… Biroq xavotir ortganini qarang. Kumushrang mitti uchoq hozir oʻz qoʻnimgohidamikan? Yo yoʻl-poʻlda halokatga uchradimi?

Xudo asrasin! Shuncha yildan beri bir tekis uchib turgan boʻlsa…

“Shuncha yildan beri” deydi-yu yuragi hapriqadi. Qishloqda bir-ikkita mashina, mototsikl bor. Oʻshalarni shuncha yil bir tekis haydab yurgan odamlar ham gohida boshqarolmasdan daraxt-paraxtga urilib yoki zovurlarga tushib ketishadi-ku?

– Rosa tez ekan, qurgʻur. Kalitini burab, yurgʻizganimni bilaman, shartta opqochib ketdi! – deyishadi oʻzlarini oqlab.

– Ha, nima qilsayam temir-da. Temirlarning piri hazrati Dovud paygʻambar boʻladilar. Shu sabab, moshinaga minganingizda “Yo Dovud pirim” deng! – nasihat qilishadi boshqalar.

Ishqilib, tuppa-tuzuk yurib turgan ulovlar halokatga uchraganida, uchoq uchramasinmi?

Oʻsha kuni tushlik mahali ham koʻrinmadi. Bir nimasini yoʻqotganday tashvishlanib tashqariga chiqib, oʻzicha samoga nazar tashlaydi. Osmon koʻm-koʻk, musaffo. Miltillab uchadigan oʻsha uchoq baribiram yoʻq!

Eh… Tunda chirogʻini yoqib olgani uchun uchar yulduzday koʻrinardi. Kunduzi qaytayotganida esa qanotlarida quyosh nuri akslanib, kumushrangda tovlanardi.

– Bilmaysizlarmi, nimaga uchmay qoʻydi ekan-a?

Yon-veridagilar yelka qisishadi. Qaydan ham bilishsin? Bunaqa narsalarni biladigan hech kim yoʻq-ku tevarakda. Odamlar bozorda narx-navo qimmatlaganini bilishadi, bu yil hosil qanaqa boʻlishini chamalashadi, shugina xolos.

 

* * *

Bir mahallar narigi qishloq adogʻidagi shiypon yoniga qoʻlbola aerodrom qurilgan, dori sepadigan “An-2”lar oʻsha yerdan parvoz qiladi, deb eshitgan edi. Ibrohim atay soʻroqlab bordi. Dala shiyponida qorovuldan boshqa hech kim yoʻq ekan.

– E, u allaqachon uchmay qoʻygan, – dedi qorovul. – Aerodromi Yoyilma degan tarafda, dashtda deyishadi. Nimaga uchmay qoʻyganini bilmayman. Uchuvchisi Qodirjon degan yaxshi, odobli yigit edi. Lekin bu tevarakning bolasi emas.

Chol “An-2”ga dori-pori tashib yurgan mahallari uchuvchi yigitdan ancha-muncha narsalarni bilib olgan ekan, oʻshalarni gapirib berdi:

– Nazarga ilmaymiz-u, aslida urushdan avval chiqqan ekan. Urushning birinchi yillarida ancha-muncha janglarga oʻsha samolyotda borishganmish. Kim bilsin, tumshugʻida bitta parragi bor tarilloq uchoq-da. Lekin qanoti sirayam fanerdan emas, atay oʻzim ushlab koʻrganman.

– Ismingiz paygʻambar ismi ekan, – dedi keyin kulimsirab. – Siz ham uchishga qiziqar ekansiz-da?

Hafsalasi pir boʻlib qaytib keldi.

Yoʻq, u uchoqlar boshqa uchmadi. Yosh ham qirqqa qarab ketdi.

 

* * *

Bir kuni Ibrohim qudratli bir tovushdan uygʻondi. Shoshib tashqariga chiqdi.

Havoda ulkan gulduros taralmoqda, haybatli bir nima gumburlab uchmoqda edi.

Unaqasini sira koʻrmagan. Oldida “Yak” mushukboladay boʻlib qoladi. Qanotlari keng, uzun, koʻrkam, uchta projektori baravar yonib turibdi. Tezligini aytmaysizmi? Gʻuvillab oʻtdi-ketdi.

Atay pastlab uchayotgani aniq, chunki u qudrat, u haybat bilan birpasda osmonu falakka chiqib ketishi hech gapmas.

Novvoyxonaga borsa, yoshlardan ikkitasi non olgani kelibdi.

– Toʻy qilyapmiz, – dedi biri, orasi ochiq kurak tishlarini koʻrsatib iljayib. – Ikki mingta non kerak.

– Kimning bolasisiz?

– Falonchining.

– Qayda oʻqiysiz?

– Texnika universitetida, aviatsiya boʻlimida.

– Iya, samolyotlarni tushunar ekansiz-da? – dedi bir nima topib olganday quvonib.

– Ha, uncha-muncha tushunaman.

– Unda, mana bu yerga oʻtiring, – dedi.

Erinmasdan choy damlab keldi, piyolaga quyib uzatdi-da, bor bilganlarini hikoya qilib berdi. Kechalari miltirab uchgan uchoqlardan “An-2”gacha – bittasiniyam qoldirmadi. Soʻng soʻradi:

– Oʻsha “Yak” nimaga uchmay qoʻygan, bilmaysizmi?

– U allaqachon eskirdi-ku? – deb javob qildi yigitcha. – Hozir aviatsiya juda rivojlanib ketgan. Siz “Yak”ni yaqindan koʻrganmisiz?

– Yoʻq, – dedi Ibrohim. – Afsuski, koʻrmaganman.

– Tor fyuzelyajli, past uchuvchi uchoq deyiladi. Bor-yoʻgʻi oʻttizta yoʻlovchi oladi. Dum tarafida uchta motori bor, reaktiv boʻlgani bilan juda koʻp yonilgʻi sarflaydi. Shuningdek, boshqaruv tizimi ham allaqachon eskirgan, ishonchsiz. Yaʼni, zamonga mos emas. Uchmay qoʻyganining sababi esa, qachonlardir qaydadir halokatga uchragach, odamlar hayotiga xavf soladigan bunaqa uchoqlar kerak emas, deb uchishlardan olib tashlashgan. Hozir, bilmadim, qayda ekan. Balki allaqachon eritib, temiridan boshqa narsalar yasashgandir?

– Unda, kecha men koʻrgan bahaybat uchoq-chi?

– “Boing”, – dedi yigitcha. – Nomi “Orzu layneri”. Dunyoda eng zoʻri, juda ishonchli, qulay. Oʻrindiqlarining har qatorida toʻqqiztadan odam oʻtiradi. Oʻn ikki ming metr balandlikda, soatiga ming kilometr tezlikda parvoz qiladi. Yaʼni, havoga koʻtarilib olguncha yuz chaqirim uchib qoʻyadi. Toʻxtamay oʻn besh ming kilometrgacha uchaveradi…

– “Orzu layneri” dedingizmi? E tavba, nomini qarang, – hayratlandi Ibrohim. – Motori ishlaganida yonida turib boʻlmasa kerak? Doʻppingizni uchirib yuborar?

– Doʻppi nima, odamniyam uchirib yuboradi, – deb javob qildi yigitcha. – Oʻzim koʻrdim-ku, shunaqa koʻrkam, shunaqa qudratli… Biz oʻsha uchoqlarga texnik xizmat koʻrsatadigan muhandis boʻlib yetishib chiqamiz, shuning uchun atay oborib koʻrsatishdi.

– E, otangizga rahmat, – dedi Ibrohim suyunib. – Endi koʻnglim ancha joyiga tushdi. Qishloqqa kelganingizda kirib turing, bir piyola choy ichib ketasiz.

Yigitchalar xayrlashib chiqib ketishar ekan, tashqaridan oʻtin koʻtarib kirayotgan boshqa novvoyga duch kelishdi. Chit roʻmolni doʻppisi tegrasidan aylantirib tangʻib olgan u kishi:

– Qalay? Rosa gaplashdingizmi? – dedi boshi bilan Ibrohim tarafga ishora qilgancha iljayib.

– Ha, alomat odam ekan, – dedi yigitcha. – Aviatsiyaga juda qiziqar ekan-da. Rostini aytsam, shuncha narsani bilishiga hayron qoldim. Aytmoqchi, ismi kim ekan, soʻramabmiz-ku?

– Ismi Ibrohim, – deb javob qildi novvoy. – Lekin otini aytsangiz, birov tanimaydi, laqabini aytishingiz kerak.

– Laqabi nima ekan?

– “Yak-40”, – deb kuldi novvoy. – “Yak-40” desangiz, hamma taniydi…

 

* * *

Ibrohim “Boing” bilan “Yak”ni xayolan taqqoslab koʻrdi. Oʻziga qolsa, “Yak” baribiram qadrdon. Shamollarda chayqala-chayqala bir amallab uchsayam, bolalik orzularining begʻubor timsoli. Samoda gʻuvillagan ovozni eshitsa, yodiga otasi bilan yer chopganlari, erta bahorning muzday havosida koʻksini toʻldirib qichqirganlari, qiygʻos gullagan daraxtlar keladi.

Qolaversa, goho oʻzini shiddatli havo mavjlari aro, goh boʻshliqlarga tushib, goh chayqala-chayqala rostlanib uchib borayotgan uchoqqa ham oʻxshatadi. Qirq yildan beri uchayotgan, qanotlari quyoshda yaltirayotgan mitti kumushrang uchoq… Agʻdarib chopilgan dalalar, gʻoʻza islari, yerda qolib ketgan shox-shabba uyumlari aro, hayrat koʻzlarini osmonga tikkan bolalar orzularining, istiqbolning yorqin timsoli, olis ufqlar sari chorlovchi mitti umid yulduzi…

Oʻylay-oʻylay, nihoyat bir xulosaga keldi. Hayot davom etmoqda. Hamma narsa yangilanib, oʻrnini boshqalari egallamoqda. U uchoqlar bolalik uchoqlari-da. Nimayam qilardik, qiziqadigan boshqa narsalar yoʻqmidi? Qaylardadir ulkan temir vagonlarni torta-torta uzoqlarga yoʻl oladigan poyezdlar-chi? Tavba, olislarga yoʻl olgani uchun shunaqa… timsol boʻlib qolganmikan?

“Endi esa katta boʻldik”, deb oʻyladi u, qalbi nedir armon va oʻkinchga toʻlib.

Shoshma, bolalar-chi? Ularning ham oʻz uchoqlari bormikan?

Nevaralar hovli etagida oʻynab yurishgan ekan. Qarasa, uzum terib solinadigan qutining taxtasini koʻchirib, qoʻshuv alomatiga oʻxshatib mixlab, oʻzlaricha samolyot yasab olishibdi.

– Iya, buningiz samalyot-ku? – dedi kulimsirab.

– Ha, eng zoʻri! – deb javob qildi nevara.

– Oti nima ekan?

– “Boing”!

– Nimasi zoʻr?

– Rosa katta-da. Juda koʻp odam sigʻadi. Guvillab bir uchsa, butun dunyoni aylanib keladi.

– Hm-m… “Boing” deng? Unda, “Yak”-chi?

– U nima? – Bolakay hayron boʻldi. – Shunaqa uchoq ham bormi? Yo meni atay aldayapsizmi?

– Bir mahallar bor edi, bolam. Jimit, mitti… Xuddi suvdagi baliqchaga oʻxshab miltillab, chayqala-chayqala uchardi. Keyin zamon oʻzgarib ketdi, uchmay qoʻydi. Ammo sizniki haqiqatan ham zoʻr ekan.

Soʻng qoʻshib qoʻydi:

– Men oʻsha uchoqda uchishni rosa orzulardim. Kechalari tushlarimga kirib chiqardi. Nasib qilmadi-da… Oʻzi kichkina, bor-yoʻgʻi oʻttizta odam olardi. Dalagayam, toshloqqayam qoʻnib ketaverardi. Sizniki esa katta aerodromlarga qoʻnadigan ekan.

– Uchganmisiz?

– Boʻlmasam-chi, – yoyilib kulimsiradi Ibrohim. – Eh-he, qayoqlarga borganman-u! Qorlar, yomgʻirlar, togʻu toshlar, choʻllar, qishloqlar ustidan bir xilda parvoz qilaverardi. Yonilgʻisi sira tugamas, buzilib ham qolmasdi… Afsus… Mana, endi tobora pastlab… – xoʻrsindi u, tomogʻiga bir nima tiqilib. –… pastlab uchayotir. Kim bilsin, qachon, qay yerga qoʻnar ekan?

Bolalar kulishdi. Toʻgʻri-da, unaqa sekin uchoqning nimasi qiziq?

– Mayli, xafa boʻlmang, – dedi nevara ishonch bilan. – Katta boʻlvolay, uchuvchi boʻlaman. Shunaqa samolyotni minib oldingizga kelaman. Sizni rosa aylantiraman.

– Kim bilsin? – kulimsiradi Ibrohim. – Balki qaylardadir boshqa bir uchoq meni olib ketgani kelayotgandir… Balki juda yaqinlashib ham qolgandir?.. Lekin sizniki haqiqatan ham zoʻri, eng uchquri ekan! Ishqilib, koʻz tegmasin, umringiz uzoq boʻlsin! – deb duo qildi beixtiyor.

Bolakay esa ortiq unga parvo qilmay, taxta samolyotini oʻzicha parvoz qildirib, daraxtzorlar tomon yelib ketdi:

– Ur-re, uchyapmi-iz!..

 

Isajon Sulton

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.