Xotinim ferma ochgach…

0
104
marta koʻrilgan.

Menga atalgan gʻij-gʻij iqtidorni xotinimga bergan ekan. Kamina sahar mardondan, to qosh qorayguncha itdek ishlayman, koʻpincha yarim tunda tilim boʻyinbogʻimday osilib uyga kirib kelaman.

Shuncha ishlagandan keyin moʻmaygina maosh olsangiz kerak, deb oʻylayotgandirsiz. Nimasini aytay, oydan oy qarzga botib boryapman. Topganim yoʻlkiramdan ortmay qoldi. Lekin manglayim yarqiragan ekanmi, xotinim uddaburon chiqib qoldi.

Oqshom tushkun kayfiyatda ovqatlanayotsam, xotinim:

– Bugun ferma ochdim… – desa boʻladimi. Ogʻzimdagi ogʻzimda qoldi.

– Nima?! – dedim tepa sochim tikka boʻlgancha. Men bu yoqda oʻlib-tirilib ishlab, zoʻrgʻa pul topyapman, bu kishim qaysi puliga ferma ochdi ekan? Jahlim chiqib, koʻzim chaqchayib ketganmi, xotinim kulibgina tushuntirdi-yu, xayolim joyiga keldi. Aytishicha, fermani ochish arzimagan chiqim ekan. Keng-moʻlgina yerda ishni boshlashi bilan dastlab oltmish joʻja sotib olibdi. Ularni barra oʻt bilan boqish uchun beda ekibdi. Xotinimning ishiga men ham qiziqa boshladim. Har kuni ferma haqida soʻrab turdim. Uyam kunda ikki marta – nonushta va kechki ovqat mahali “raport” berishni kanda qilmaydi.

Koʻp oʻtmay, xotinning joʻjalari sanoqqa kirib qolibdi. Soʻng ular yoniga kurka qoʻshdi. Kurka degani lunqa-lunqa yemasa, boʻlmasmish. Gʻayrat bilan boqila boshlangan kurkalar qoʻchqorday-qoʻchqorday boʻlib qoldi.

– Qani edi, qoʻlimiz doʻrji pul koʻrsa, dadasi, – deb qoʻyadi baʼzan xotinim hazillashib.

“Pul” degan soʻzni eshitsam, darrov choʻntagimni ushlab koʻraman. Avtobusga yoʻlkiram va tushligim uchun tishimning kavagida saqlab qoʻygan gʻijim pullarim joyida turgan-turmaganini bilib olaman. Alam qiladi. Tishlarimni gʻichirlatib, xotinimning parrandasini xayolan bozorga solib koʻraman, daromadini chamalayman-da. Xayollarimdagi pullarni oʻylab, ogʻzimdan suvim oqib ketadi.

Oradan bir-ikki kun oʻtib, oqshom shoʻlti shoʻrvaga buxankani toʻgʻrab yeb oʻtirsam, divanda choʻzilib yonboshlab yotgan xotinim hadeb jilmayaverdi. Ie, toʻxta, Boltaqul, dedim, bir balosi bor bu xotinning.

– Bugun yigirma bosh qoʻy oldim, dadasi, – deydi. Shartta turib, uni dast koʻtarib, chirpirak qilib aylantirdim.

– Yasha, xotinjon! – dedim.

Shunday qilib, “raport”lariga qaraganda, u fermaga boshi bilan shoʻngʻib ketdi. Tovuqlarni sotib, puliga uch baravar koʻp joʻja oldi. Kurkalarni ikki marta koʻpaytirdi. Tuyoqlar soni arifmetik usulda orta boshladi. Bundan ruhlangan xotinim bedapoyani kengaytirdi, yoniga makkajoʻxori ekdi, tariq sepdi. Endi kuni bilan oʻt oʻrarmish, beda tashirmish, yem berarmish, oxurlariga somon solarmish. Bu ochkoʻz jonivorlar yeb toʻymasmish-da. Shunda xotinim bu jonivorlarga qaraganda siz yaxshisiz, dadasi, deb qoldi. Oʻylasam, rost aytyapti. Axir, kamina xotinim bazoʻr vaqt ajratib, damlagan bir piyola choyi va ikki toʻgʻram qotgan nonga ham toʻyaman, shu yemak kuchi bilan kun boʻyi ishlayman, mol-hol tushmagurlar tinimsiz yemish soʻrayveradi-da…

Keyingi paytlar yarim kecha uyga kelsam ham xotinim ishdan boʻshamagan boʻladi. Ovqat qilinmagan, idish-tovoq yuvilmagan holda uyulib yotadi. Bola-chaqaning ham rangidan tus ketdi. Xotin esa, fermasidan bosh burmaydi. Chidadim. Hademay roʻzgʻorimizga baraka kirib qolar axir. Qoʻlimiz jaraq-jaraq pul koʻrar. Shularni oʻylayman-u, xotinboyning ferma ishlariga xalal bergim kelmaydi. Mayli, ishlasin, men shoʻrlikka ozroq yordami tegsin, deyman.

– Bugun kuni bilan lavlagi ekdim, rosa charchadim-ey, – dedi xotinim bir kuni. Eʼtibor bersam, uning madori qurigan. Qoʻlidagi somsa toʻla yelimxaltani dasturxonga tap etkizib qoʻydi. Ertalab damlangan sovuq choydan kaminaga bir piyola uzatdi. – Bugun ham ovqat qilolmadim, vaqtim boʻlmadi.

– Hechqisi yoʻq, – dedim men ham och boʻriday somsaga chang solib. – Fermada ishlar qalay ketyapti?

– Oʻlsin bu ferma! – deydi xotinim. Aftidan, ishlari sal yurishmayroq turibdi, shekilli, mashqi pastroq edi. – Suv tashiyverish jonga tegyapti.

– Harakatda – barakat, xotin. Chida! Pul topish osonmi? Roʻzgʻor tebratish shunaqa boʻladi.

– Oʻt ketsin oʻsha roʻzgʻor deganiga! Toza charchatib yuboryapti.

Qarasam, xotinimning avzoyi rostdan ham buzuq. Uzoq yillik tajribamdan kelib chiqib aytay: u shunaqa kayfiyatga tushdimi, demak, hammasi tamom – yo chikka, yo pukka qilib tashlaydi. Shu sabab kayfiyatini koʻtarib, ruhlantirgim keldi.

– Qiyinchiliklar oʻtib ketadi, sabr qil, xotin, hali ishlaring yurishib, pul oʻzidan-oʻzi oqib kela boshlaydi. Boyvuchcha boʻlib yurasan. Lekin bir narsani aytib qoʻyay: faqat fermani oʻylayvermay, vaqt topib, bundoq bolalarning yurish-turishiga, osh-ovqatiga ham qarab qoʻy har zamonda.

Xotinimning zardasi qaynadi.

– Nimaga buncha noshudlik qilasiz? – deya bobillab berdi. – Men bekor oʻtirganim yoʻq-ku. Roʻzgʻorni kim obod qilyapti esa? Tovba, xuddi men yasan-tusan qilvolib, yalpayib yotadiganday gapirasiz-a. Fermani shu darajaga chiqarguncha ona sutim ogʻzimga keldi-ku. Raz boshladimmi, endi oxiriga yetay axir.

Xotinim rost aytadi. Keyingi paytda fermasida tovuqlar son-sanoqsiz koʻpayib, kurkalari eshakday boʻlib, qoʻylari dumbasini koʻtarolmay qoldi. Tana va novvoslarini aytmaysizmi. Boʻrdoqilari semizlikdan oʻrnidan turolmasdi. Tobora ishtahasi ochilib borayotgan xotinim esa, natija ketidan quvgani quvgan.

– Fermada qoʻy va echkilar junidan ip yigirib, jun paymoq, sharf, jemper toʻqish dastgohini oʻrnatdim. Tayyor mahsulot chiqarib, foydasini fermani yanayam kengaytirishga tikaman, – deydi.

Lekin hamma yaxshi narsaning ham bir yomon tomoni boʻlarkan. Xotinim fermaga tobora shoʻngʻib ketishi roʻzgʻorimizga koʻp chidab boʻlmas darajada jabr qila boshladi. Ishdan kech kelsam ham oʻzim ovqatga unnaydigan, idishlarni oʻzim yuvadigan boʻldim. Nima qipti. Bir kinoda: “Xotin doʻstdir odamga” deydi-ku. Xalqimizning “Doʻsting uchun zahar yut” degan maqolini eshitgandirsiz. Men ana shu “doʻst” uchun qilyapman-da. Haliyam zahar ichayotganim yoʻq. Albatta, men idish yuvishga shunchaki rozi boʻlganim yoʻq. Xotinim bir kuni kechqurun yelkasini uqalab qoʻyayotganimda zoʻr yangilik aytdi-da:

– Dadasi, – dedi shivirlab. – Fermada ish yurishib ketdi. Tinimsiz ishlaganimning ajrini oldim.

– Xoʻsh? Tuya-puya boqyapsanmi?

– Yoʻgʻ-ey! Fermaning bir chetidan kon topdim! Tuprogʻini elab koʻrsam, tilla zarralari chiqdi! Eh! Shu oltinlarni yombi qilib, ortiqchasini biror joyga koʻmib qoʻysak, yetti pushtimizga yetsa-ya, – dedi xotinim koʻzlarini qisib.

Shaytonlab qolay dedim! Bir chaqmoq tilla qancha pul turishini bilasizmi? Darrov internetga kirib, jahon bozoridagi narxini bildim: eh-he, biz yashayotgan tumanni sotib olsa boʻlarkan-ku!

Suyunganimdan xotinimga topshiriq berdim:

– Uydagi hamma yumushlarni men oʻz zimmamga olaman! Sen bemalol, uydan xavotir olmay ishlayver! Ertaga borib, ishxonamga boʻshash haqida ariza berib kelaman! Bir oy ishlab topgan pulimga oʻn kilo goʻsht bermaydi, nima qilaman ishlab… – deb yuborganimni bilmay qolibman.

Kuni bilan tilla koni haqida oʻylayverib, xayolan yettinchi osmonga chiqib ketay dedim. Miyamda millionta reja tuzdim: avval mashina olsammi yo uy? Mashina olsam, hamma falonchi bosar-tusarini bilmay qolibdi, deydi. Yoʻq, bunisi kambagʻalning “isitma”sini oshkor qilib qoʻyadi. Deylik, boshqa tumandan, olisroqdan uy olib qoʻysam, birov bilib, birov bilmay qoladi. Bir chaqmoq tilla bilan barcha qarzlarimdan qutulib olaman. Qolganiga… Xullas, qolganini sizga ham aytolmayman. Qattiq sir saqlashim kerak. Xotinim shunday tayinlagan…

Shirin orzular ogʻushida kun ketidan kun, hafta ortidan haftayu oylar oʻtdi. Xotinimning fermasida, yoʻq narsaning oʻzi yoʻq. U, hatto, tunlari ham fermasi bilan andarmon boʻlib qoldi. Shu sabab kam koʻrishadigan, kam gaplashadigan boʻldik. Kechalari yolgʻiz oʻzim… yostiqni quchoqlab uxlayman.

Kunlardan bir kuni xotinim bilan oʻz uyimizda, shundoq oshxonaga kiraverishdagi yoʻlakda koʻrishib qoldik deng. Avvalgi xotinimdan yarmi ham qolmapti. Ozib-toʻzib, xuddi oshxonamizda tunlari oyogʻi chalishib, moʻylovini zoʻrgʻa sudrab yuradigan suvaraklarimizga oʻxshab qolibdi. Aft-angori ham bir navi. Soʻlib, adoyi-tamom boʻlibdi. Rahmim kelib ketdi.

– Voy bechora! – dedim. – Tamom boʻpsan-ku?

– Dadasi, oʻylashga xalaqit bermang! – deya asabiylasha boshladi u va borib divanga yonboshladi. – Fermada ish chatoq. Ochofatlarning son-sanogʻi yoʻq! Men oziq tashib charchayman, bu teshib chiqqurlar yeb toʻymaydi. Jonimga tegib ketdi rosa, asabdan qoʻllarim qaltiraydigan boʻlib qoldi – u hoʻngrab yigʻlab yubordi. – Oʻzingiz qalaysiz, dadasi? Sizni koʻrmaganimga ham bir hafta boʻldi. Bormisiz?..

Koʻzimdan yosh chiqib ketay dedi. Boyaqishga rahmim keldi.

– Xotin, qoʻy shu fermangni, – dedim oxiri. – Joningda qasding bormi? Roʻzgʻor ham bir gap boʻlar. Ochdan oʻlayotganimiz yoʻq-ku.

Xotinim yigʻlamsirab oʻylanib turdi-turdi-da, “oʻt tushsin shu “ferma”ga” dedi va… “sotka”sidagi “Ferma” degan oʻyindan chiqdi. Soʻng jahl ustida bu oʻyinni telefoni xotirasidan ham butkul “Delete” qilib yubordi. Xayriyat, balodan qutuldik. Shu oʻyin deb xotinginamdan ayrilib qolay dedim-a… Oʻzim-chi, oʻzim? Naq xayolparastga aylandim-a…

Keyingi paytlar jahli chiqsa, nuqul: “Shoshmay turing, “ferma”mni qayta ochib olaman”, deb qoʻrqitaveradi…

Men esa xotinimdan emas, uning “ferma”sidan juda qoʻrqaman…

 

Jasur KENGBOYEV

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.