Xoʻja

0
197
marta koʻrilgan.

Bolaligida hammaning ham tishi tushadi. Meniki gʻalati boʻlgan: birinchi tishimni urib tushirishgan. Bunga Xoʻja sababchi boʻlgan.

Bu bolani nimaga bunchalik yaxshi koʻrib qolganimni bilmayman. Ehtimol yuvoshligi uchundir. Ehtimol, koʻzlari doimo javdirab turishi uchundir. Odam bir narsani judayam aytgisi kelsayu aytolmasa, koʻzi shunaqa – har kimga bir qarab javdirayveradi. Xoʻjaning koʻzlari shunaqa edi.

Hordiq kunlari dadam bilan oyim nonushta paytida “Nekalay” zamonidan qolgan samovarni oʻrtaga qoʻyib uzoq suhbatlashib oʻtirishar edi. Bir kuni dadam tajang boʻlib gapirib qoldi:

– Oʻziyam ja-a-a Xudo urgan xotin ekan-da, oʻsha Raʼno! Mana, Egamberdi omon-eson keldi-ku! Oʻlarmidi likillamasdan koʻmilib oʻtirsa!

Oyim bir nuqtaga tikilgancha oʻyga toldi. Koʻzlariga gʻussa choʻkdi.

– Boshidayam-ku, yulduzi yulduziga uncha toʻgʻri kelmasdi-ya, – dedi sekin. – Ammo bari bir chatoq boʻldi. Ikki orada bola bechora tirik yetim boʻlib qoldi.

Tushundim, Xoʻjani gapirishyapti. Dadasi urushda yurganda oyisi boshqa odam bilan Chirchiq degan joyga qochib ketgan ekan…

Oyim aytgan “tirik yetim” degan gapning maʼnosini tushunmasam ham Xoʻjaga rahmim kelib ketdi. Unga qanchalik rahmim kelsa, oyisini shunchalik yomon koʻrib qoldim.

Xoʻja buvisi, dadasi bilan katalakdek hovlida turardi. Egamberdi akaning jahli yomon. Doim yaltiroq tugmachali jigarrang kitel kiyib yuradi. Gapirganida duduqlanib qoladi. Chap qoʻli tayoqday osilib turadi. Xoʻjaning aytishiga qaraganda, urushdan keyin ham bir yilcha gospital degan katta kasalxonada yotgan ekan. Doktorlar qoʻlini kesmoqchi boʻlganida, hammangni otib tashlayman, degan ekan, qoʻrqib kesishmabdi. Toʻpponchasi bormish. Onangni qayerda koʻrsam, peshonasidan otib tashlayman, derkan…

Oʻsha kuni odatdagidek men echkimni, Xoʻja buzogʻini yetaklab, oʻtloqqa olib bordik. Mening echkim sersut, yuvoshgina-yu, ammo bir aybi bor. Koʻzni shamgʻalat qilib, uloqchalarini toʻygʻazib, emizdirib oladi. Shundan qoʻrqib oyim yeliniga xalta bogʻlab qoʻyadi. Xoʻjaning buzogʻi esa qayerda latta koʻrsa yamlab qoʻyadi. Oʻshanda kelib-kelib joʻraboshimizning shinelini chaynamaganida olam guliston edi. Hammamiz qiy-chuv solib oʻynayotgan edik, joʻraboshimiz alam bilan doʻrillab qoldi:

– Shinelim! Shinelimni yeb qoʻydi!

Shunday degancha kattakon tayogʻini koʻtarib tol soyasida allanimani mazza qilib chaynayotgan buzoq tomonga yugurdi. Hammamiz turgan joyimizda qotib qoldik. Joʻraboshimiz dadasi urushdan olib kelgan shinelini jonidan ham yaxshi koʻrar, qishda etagini osiltirib kiyib yurar, yozda ham qoʻldan qoʻymasdi. U bora solib buzoqning gardaniga tayoq bilan bir tushirdi. Buzoq shoʻrlik shinelining yengidan tishlaganicha, dumini xoda qilib qochdi. Joʻraboshimiz jonholatda shinelga yopishdi. Buzoq anchagina joyini yamlab boʻlgan ekan, yengining yarmigacha soʻlak bilan qoʻshilib choʻzilib ogʻzidan chiqdi.

Bolalar yetib kelganida joʻraboshimiz gʻalvir boʻlib ketgan yengni ushlagancha boʻzrayib oʻtirar edi. Xoʻjani koʻrdiyu jazavasi qoʻzib ketdi.

– Nima qilding?! – dedi gʻazab bilan.

Xoʻja, buzoq emas, oʻzi aybdordek koʻzlarini javdiratgancha goh joʻraboshiga, goh shinelga tikilib lol turardi.

– Endi nima qilaman buni! – joʻraboshi shinelni yerga uloqtirdi. – Moling ham oʻzingga oʻxshaydi! Xoʻjalar peshindan keyin aynaydi. Oying ham aynab, oʻynashi bilan qochib ketgan!

Oramizdan tikroq bolalar chekka-chekkadan piqillab kulib yuborishdi. Toy angraygancha burnini sekin tortib qoʻydi.

Ertalab dadamdan eshitgan gapni esladimu qoʻrquv ichida Xoʻjaga qaradim. U bir zum hammaga javdirab qarab chiqdi-da, toʻsatdan joʻraboshiga tashlandi. Ammo oʻsha ondayoq chakkasiga tushgan musht zarbidan ancha nariga uchib ketdi.

– Nega urasan! – dedim alam bilan chiyillab. Akalarim oʻrgatganidek, mushtimni iloji boricha qattiqroq qisib, joʻraboshiga yugurdim, u boʻlsa, urib ham oʻtirmadi. Kafti bilan jagʻimga bir turtgan edi, chalqanchasiga agʻdarilib tushdim. Ogʻzim shoʻr boʻlib ketdi. Koʻzimni ochsam, tepamda Toy turibdi.

– Tur, – dedi qoʻlimdan tortib. – Yomon urdimi?

– Ikkalang ham yoʻqol! – dedi joʻraboshi doʻrillab. – Bugundan boshlab molingni jiydazorda boqasan.

Birpasdan keyin Xoʻja buzogʻini, men echkimni yetaklab, qingʻir-qiyshiq jiydalar orasiga kirib ketdik. Jiydazor etagida Qonqus oqar edi, qirgʻoqqa borib oʻtirdik.

– Ogʻzing qonayapti, – dedi Xoʻja yuzimga tikilib.

Kaftimni orqasi bilan artsam, qoʻlim qon boʻldi. Shu paytgacha bilmaganimga oʻzim ham hayron qoldim. Tupurib tashladimu oldimdagi kurak tishim ilinib turganini payqadim. Qoʻlim tegishi bilan tishim sugʻurilib chiqdi.

– Tishingni sindirdimi? – Xoʻja koʻzimga shunday javdirab tikildiki, ogʻriq ham esimdan chiqib ketdi.

– Oʻzi liqillab turuvdi, – dedim tishimni tomosha qilib.

Endi uloqtirib yubormoqchi edim Xoʻja qoʻlimdan ushladi:

– Shoshma! Mana bunday oʻtir. – U meni suvga teskari qilib oʻtqazdi. – Koʻzingni yumasan-da, “Suyak tishimni ol, tilla tishimni sol”, deb uch marta aytasan. Tishingni yelkangdan oshirib, anhorga otib yuborsang, yangi tishing tilla boʻlib chiqadi.

Men Xoʻjaning aytganini qildim.

– Endi ogʻzingni yuvib ol, – dedi u koʻzimga termilib. – Meni aytdi dersan, kuzgacha tilla tish chiqadi.

Keyin ikkovimiz anhorga tikilgancha uzoq jimib qoldik. Suv unsiz oqar, narigi sohilda qamishlar qilt etmay turar, ora-chora qaldirgʻochlar suvga tumshugʻini tekizib, “viyt” etgancha, yana havoga koʻtarilar edi. Xoʻja joʻraboshining boyagi gapini oʻylab oʻtirganini bilardim-u, nima deyish, nima qilishga aqlim yetmasdi.

– Juda katta-a? – dedim anhorga imo qilib.

– Shuyam katta boʻptimi? – Xoʻjaning koʻzlarida birdan oʻt chaqnadi. – Chirchiqda shunaqa katta daryo borki, ichida akulalar suzib yuradi.

– Oʻzing koʻrganmisan? – dedim ishonmay.

– Bilaman-da! – Xoʻja orzumandlik bilan xoʻrsindi. – Oʻsha daryoning bu betidan u betiga bemalol suzib oʻtaveraman.

– Suzishni bilmaysan-ku?

– Oyim oʻrgatadilar.

– Akula yeb qoʻysa-chi?

– Akulang nima boʻpti! Dadamga aytaman, toʻpponcha bilan otib tashlaydilar. – U shunday dediyu birdan notoʻgʻri gapirganini payqagandek, jimib qoldi. Koʻzlari javdiragancha teskari qaradi. Bir zum suvga tikilib oʻtirdi-da, xoʻrsindi. – Yur, mollarga qaraylik. Chakalakka kirib ketmasin…

Ertasiga akalarim joʻraboshining taʼzirini berib qoʻyishdi shekilli, echkimni oʻtloqda boqishga ruxsat tegdi.

– Lekin anovi Xoʻjangga aytib qoʻy, yalmogʻiz buzogʻini yana olib kelsa, jigʻini ezib qoʻyaman! – dedi joʻraboshimiz koʻkargan qovogʻini silab.

Oʻzimga qolsa echkimni jon deb oʻtloqda boqardimu Xoʻjaning bir oʻzini jiydazorda qoldirgim kelmadi. Nima qipti, bu yerda ham oʻt koʻp. Har kuni oʻynaydigan futbol bilan chillakdan mahrum boʻldik. Ammo Xoʻja bilan sira zerikmasdim. Shunaqangi narsalarni biladiki! Bu yerdan olisda, judayam olisda, togʻlar orqasida Chirchiq degan shahar bor. Shunaqa katta shaharki, uning oldida Toshkent nima boʻpti! U yerda shunaqangi katta daryo oqadiki, ichida uydek-uydek kemalar suzib yuradi. Xoʻjaning oyisi qachon xohlasak bizni oʻsha kemalarga olib chiqaveradi. Xohlasak, baland togʻlarga chiqamiz. U yerdan butun dunyo koʻrinadi. Bizning uyimiz ham, Xoʻjalarniki ham, Xoʻjaning dadasi ham, hamma-hamma!

Bular hammasi yaxshi-yu, Xoʻjaning bir odatini tushunolmasdim. Gapirib turadi-turadi-da, birdan jimib qoladi. Anhorga tikilgancha bir narsalarni oʻylab oʻtiraveradi, oʻtiraveradi. Shunaqa paytlarda zerikib ketaman.

Bir kuni uni yoʻqotib qoʻydim. Jiydazor ichkarisiga kirib ketgan echkimni qaytarib kelguncha terlab ketdim. U yoqdan haydasam, bu yoqqa qochadi. Chakalak ichiga kirib oladi-da, masxara qilgandek, dumini likillatib, qisqagina maʼrab qoʻyadi. Oldiga boray desam, jiyda tikanlari hammayogʻimni tirnab tashlaydi. Alam ustida kesak boʻron qilib yaydoq joyga olib chiqqunimcha kun botdi. Qarasam, Xoʻjaning buzogʻi daraxtga bogʻloqlik turibdi-yu, oʻzi yoʻq. Yugurib, ikkalamiz oʻtiradigan suv boʻyidagi doʻnglikka bordim. Yoʻq, u yerda ham koʻrinmaydi.

– Xoʻja-a-a! – dedim baqirib.

Oqshom zulmati bostirib kelayotgan jiydazor orasida “a-a-a” degan sado keldi. Birdan yuragimni vahima bosdi. Akalarim jiydazorda ajina bor, deyishar edi. Xoʻjani ajina chalib ketgan boʻlsa-chi?! Ovozim boricha chinqirib yubordim:

– Xoʻja-a-a!

Yana oʻsha sado keldi. Akamning allaqaysi kitobida olti qoʻlli odamning rasmini koʻrgan edim. Gʻira-shirada jiydalar xuddi oʻshanaqa vahimali maxluqlardek qingʻir-qiyshiq “qoʻllari”ni choʻzib turishar, yugurgan sayin ustimga bostirib kelayotganga oʻxshar edi. Qoʻrqib ketganimdan tikanlarni bosgancha jonholatda yugurdim. Jiyda tikanlari yuz-koʻzimni timdalar, oyogʻimga yantoqlar kirayotganini bilardi-m-u, ammo toʻxtay olmasdim.

Bir mahal roʻparamda Xoʻja paydo boʻldi.

– Qayoqda yuribsan? – dedim ovozim qaltirab.

Xoʻja qoʻlimdan mahkam ushlab oldi. U ham qoʻrqib ketgan boʻlsa kerak, nuqul titrar edi.

– Aytmaysan-a? – dedi sekin. – Hech kimga aytmaysan-a?

Shundagina nariroqda, jiydaning panasida turgan qora koʻylakli ayolni koʻrdim.

– Oyi! – dedi Xoʻja sekin, iltijoli ohangda.

Shunda hammasini tushundim. Xoʻjaning oyisi hamon qimirlamay turar, xuddi sehrlanib qolganga oʻxshar edi. Xoʻja koʻzimga termilib, tagʻin yalindi:

– Aytmaysan-a?

Men indamadim. Ammo bu sirni hech kimga, hatto oyimga ham aytmasligimni bilib turardim. Shu ondayoq yana bir narsani angladim. Bu yerdan tezroq ketishim, xalaqit bermasligim kerak.

– Tezroq boʻl! – dedimu Xoʻjaning buzogʻi boylangan joyga yugurib ketdim…

* * *

Xoʻja vaʼda qilgan tilla tish kuzda ham chiqmadi. Biroq endi buni oʻylashga vaqt qolmagan, ikkalamiz uchun ham yangi hayot – maktab hayoti boshlangan edi. Bizning uyimiz maktab yoʻlida boʻlgani uchun Xoʻja har kuni ertalab chaqirib kelardi. Zogʻora nonni echki sutiga boʻktirib yemabsiz, dunyoga kelmabsiz! Erta bilan oyim ikkalamizning oldimizga tovoqda sut bilan zogʻora qoʻyar, Xoʻja harchand tortinchoqlik qilmasin, yeb turib ketmaguncha hol-joniga qoʻymasdi.

Bir kuni Xoʻja kelmadi.

– Sen boraver, – dedi oyim. – Bugun Xoʻja maktabga bormasa kerak.

Darsdan qaytdimu mehmonlar kelganini darrov bildim. Ayvon zinasida yangi amirkon tufli yaraqlab turar, ichkarida oyim allakim bilan chaqchaqlashib suhbatlashar edi. Uyga kirishim bilan eng avval Xoʻjaga koʻzim tushdi. U uy toʻrida yongʻoq, mayizlar bilan bezatilgan xontaxta oldida oʻtirardi. Yonida esa onasi oʻtirar, oyimning gaplariga diqqat bilan quloq solgancha, yongʻoq pallasidan magʻiz ajratib, nuqul Xoʻjaning oldiga surib qoʻyardi. Oʻshanda, qorongʻida aniq koʻrmagan boʻlsam ham, bu xotin Xoʻjaning oyisi ekanligini darrov bildim. Ostonada bir zum turib qoldim. Qachondir bu xotinni yomon koʻrib qolganim uchunmi, uni xunuk, juda xunuk deb oʻylardim. Yoʻq, judayam chiroyli ekan. Qargʻashoyi koʻylagi ham, qop-qora sochlari, yuzidagi xoli ham, Xoʻjanikiga oʻxshagan koʻzlari ham chiroyli edi.

U meni koʻrdiyu katta odamni izzat qilgandek, dik etib oʻrnidan turdi. Oyimga oʻxshab, bagʻriga bosib koʻrishdi. Peshonamdan oʻpayotganida dimogʻimga atir hidi urildi. Oyim hech qachon atir sepmagani uchunmi, bu isdan boshim aylanib ketdi.

– Kel, jonim, – dedi yonidan joy koʻrsatib. – Birpas oldimda oʻtir. – U yonboshda turgan sumkaning zanjirini gʻijirlatib ochdi-da, sargʻish qogʻozga oʻroqliq allanima uzatdi. – Ma, jonim!

Qogʻozni ochishim bilan koʻzim charaqlab ketdi. Bu – usti xuddi katak daftarga oʻxshash shokolad edi. Quvonch bilan Xoʻjaga qarab qoʻydim. Uning koʻzlarida shodlik uchqunlari porlab turar edi.

Shu payt hech kutilmagan voqea roʻy berdi. Eshik sharaqlab ochildi. Xoʻjaning oyisi yarq etib qaradiyu ilon chaqqandek sapchib oʻrnidan turib ketdi. Ostonada yaltiroq tugmali kitel kiygan Egamberdi aka turar, rangi quv oʻchib ketgan, nuqul titrar edi. Dahshatdan qotib qoldim. Hozir choʻntagidan toʻpponchasini oladiyu Xoʻjaning oyisini otib tashlaydi.

– Nega k-k-kelding?! – dedi u gʻazabdan tili tutilib. – Nima k-k-kerak senga?! – Endi uning butun vujudi, hatto boshi ham qaltirab ketdi. Har doim tayoqdek osilib yotadigan chap qoʻligacha titrab ketgandek boʻldi. – Nima k-k-kerak, ayt! – dedi lablari pirpirab.

Xoʻjaning oyisi rangi oʻchgan, boshini quyi solganicha devorga suyanib turardi. Qoʻrquv aralash yana Egamberdi akaning oʻng qoʻliga qaradim. Yoʻq, toʻpponchasi yoʻq ekan. U birdan oyimga yuzlandi.

– Uyalmaysizmi, opa! – dedi hamon lablari pirpirab. – Q-qoʻshmachilik q-q-qilgani uyalmaysizmi!

Boyadan beri indamay turgan oyim endi tilga kirdi:

– Bandasidan uyalmasangiz, Xudodan qoʻrqing, ukam, – dedi sekin. – Ona-bola diydor koʻrishsa, qoʻshmachilik boʻladimi? – negadir uning koʻzlarida yosh qalqidi. – Etni tirnoqdan ajratib boʻlarkanmi?

– M-men emas, m-mana bu ajratgan! – Egamberdi aka sogʻ qoʻlini bigiz qilib, Xoʻjaning oyisini koʻrsatdi. – M-mana shu ajratgan!

Xoʻja goh dadasiga, goh oyisiga javdirab qarar, ammo indamas edi.

– Turmush oʻlsin, aylanay, – dedi oyim oʻpkasi toʻlib. – Kim shunaqa boʻlsin, debdi. Urush boʻlmaganda…

– Urush! – Egamberdi aka shunday hayqirdiki, uy ichi zirillab ketdi. – M-men q-qonga belanib yotganimda, bu q-q-qanjiq birovning q-qoʻynida yotgan!

Shu gapdan keyin Xoʻjaning oyisi sekin egilib, sumkasini oldi-da, eshikka yoʻnaldi. Egamberdi aka xuddi xazar qilgandek nari surildi. Shunda boyadan beri indamay turgan Xoʻja onasiga talpindi.

– Oyi-i-i! – dedi iltijo bilan.

Uning ovoz chiqarmasdan, yosh toʻkmasdan yigʻlab turganini his etdim. Yoʻq, uning koʻzida yosh yoʻq edi. Faqat onasiga qarab javdirardi.

Onasi sekin yurib qaytib keldi. Ohista egilib, Xoʻjaning ikki yuzidan oʻpdi.

– Dadangni xafa qilma, – dediyu tez-tez yurib chiqib ketdi.

– Oyi-i-i! – dedi Xoʻja umidsiz, ojiz tovushda. Biroq orqasidan chopmadi. Uy oʻrtasida toʻxtab qoldi.

Egamberdi aka yana bir zum boshi titragancha qarab turdi-da, eshikni qarsillatib yopib, chiqib ketdi. Oyim lablarini tishlagancha hiqillab yigʻlab yubordi. Ildam kelib, Xoʻjani bagʻriga bosdi.

– Aynovni-ya! – dedi uning boshini silab. – Qoʻyaver, oying yana keladi.

Tomogʻimga bir narsa tiqilib qolgan, nafas olishga qiynalardim. Bir mahal qoʻlimga nimadir yopishayotganini payqadim. Qarasam, shokolad erib ketibdi. Nima qilishimni bilmay, Xoʻjaga uzatdim.

– Ma, ishkalad yeysanmi?

Xoʻja indamay turar, koʻzlarida kattalarnikiga oʻxshash tushunib boʻlmaydigan chuqur maʼno bor edi.

Oʻsha voqeadan keyin bir oycha vaqt oʻtgach, Xoʻjaning dadasi uylandi. Oyimning taʼbiri bilan aytganda, sovugan oshdekkina toʻy boʻldi. Faqat Zebi xola dutor chertib, yoʻgʻon, shirali ovozda ashula aytganida toʻyxona jimib qoldi.

Shishani zargarga berdim toʻtiyo boʻlgaymi deb,

Chin koʻngilni yorga berdim oshno boʻlgaymi deb…

Hamma-hamma bilan, tavanxonada oʻtirgan oyim biz bilan. Nuqul Xoʻjani chaqiradi, goh choʻntagiga qovurma chuchvara solib qoʻyadi, goh popukqand beradi.

Toʻydan keyin Xoʻja avvalgidan ham maʼyus, indamas boʻlib qoldi. Oyim mehribonchilik qilgan sayin oʻzini olib qochadi. Oʻshanda bir narsani bilmagan ekanman, keyin tushundim. Odam oʻzining nochorligini qanchalik chuqur his qilsa, shuncha magʻrur boʻlarkan.

Bir kuni ertalab, odatdagidek jildini osgancha, Xoʻja eshikdan kirib keldi. Oyim unga koʻzi tushishi bilan chumchuqdek chirqillab qoldi.

– Kim urdi seni?! Qaysi qoʻling singur urdi?

Qarasam, Xoʻjaning yuzi momataloq boʻlib koʻkarib ketibdi.

– Nimaga uradi?! – dedi oyim ovozi qaltirab. – Shuncha koʻrgiliging yetmaydimi oʻzi, Xudo urgurlar!

– Urgani yoʻq, – dedi Xoʻja yerga qarab. – Narvondan yiqilib tushdim.

Maktabga ketayotganimizda sekin soʻradim.

– Dadang urdimi?

Xoʻja bir zum javdirab qarab turdi-da, bosh irgʻadi.

– Opam kir yuvgan edi, – dedi shivirlab (u oʻgay onasini opa derdi), – yoyib qoʻygan koʻylagini buzoq yamlabdi.

– Dadang yomon-a?

– Yoʻq, – Xoʻja keskin bosh chayqadi. – Dadam opamni yomon koʻradi. Shunga achchiq qilib urdi. – U hech kimga aytmasligi kerak boʻlgan sirni ochayotgandek, atrofga javdirab qarab oldi-da, qoʻshib qoʻydi. – Dadam oyimni yaxshi koʻradi…

Oʻsha bizning oxirgi suhbatimiz boʻldi. Xoʻja negadir ikki dars oʻqib ketib qoldi. Darsdan qaytib kelsam, oyim yoʻq. Kechqurun allaqayoqdan horib-charchab qaytdi.

Ertasiga ertalab Xoʻjani kutib oʻtirgan edim, oyim negadir jerkib berdi.

– Xoʻja bilan kindiging bittami! Boraver maktabingga.

Indamadim. Oʻsha kuni Risolat opa ham Xoʻjani yoʻqlama qilmadi.

Qaytib kelsam, oyim haliyam jahlidan tushmabdi. Xoʻjaning buzogʻini hovlidagi bodomga arqonlab, hadeb kimnidir qargʻayapti.

– Uyiga oborib ber, manavi harom oʻlgurni! – dedi arqonning uchini uzatib.

Yomon bir narsani his qilib, boʻshashib ketdim:

– Oʻzi-chi? Oʻzi qani?

– Xoʻja ketdi, bildingmi! – Oyim yana jerkib berdi. – Oyisi bilan ketdi.

Talmovsirab qoldim. Xoʻjaning buzogʻini yetaklab borarkanman, uni judayam yaxshi koʻrishimni ilk bor anglab yetdim. Ularning darvozasiga yaqin kelishim bilan yuragimni qoʻrquv bosdi. Darvoza oldida Egamberdi aka oʻtin yorar edi. Oʻrik shoxini bir uchidan ushlab, toʻnka ustiga surib qoʻyadi-da, yerda yotgan boltani olib, choʻnqaygancha zarb bilan uradi, shunda chap qoʻli tayoqdek osilib, yerga tegib ketadi. Keyin boltani yerga tashlab, sogʻ qoʻli bilan shoxni yana toʻnka ustiga suradiyu qaytadan boltani olib, tagʻin chopadi… Qoʻrqa-pisa toʻxtab qoldim.

U qaddini rostlagan edi, menga koʻzi tushdi.

– N-nima gap? Xoʻja q-qani? – dedi goh menga, goh buzoqqa qarab.

– Xoʻja ketdi. – Qoʻrquvdanmi, alamdanmi, ovozim titrab chiqdi. – Chirchiqqa ketibdi.

Uning qoʻlidan boltasi tushib ketdi. Bir zum lablari titrab, tikilib turdiyu koʻzlariga yosh qalqib chiqdi.

– N-nega? N-nega ketadi? – dedi ingrab. Keyin kafti bilan yuzini toʻsgancha, toʻnka ustiga oʻtirib qoldi. Chap qoʻli hamon tayoqdek osilib turar, oʻng yelkasi esa dir-dir titrar edi.

Katta odamning yigʻlashini birinchi koʻrishim edi. Kecha Xoʻjani urganini eshitganimda qanchalik yomon koʻrgan boʻlsam, hozir unga shunchalik rahmim kelib ketdi. Buzoqning arqonini qoʻyib yubordim-da, uyga yugurdim. Yugurib borarkanman, yigʻlardim, nimaga yigʻlayotganimni oʻzim bilmasdim-u, hech oʻpkamni tutolmasdim.

Keyin Xoʻjani boshqa koʻrmadim. U ora-chora tushimga kirib qolar, nuqul koʻzlarini javdiratib turgan boʻlardi. Bahor paytlari kunchiqar tomondagi togʻlar yaraqlab koʻrinar, ularni har koʻrganda xayol surar edim. Oʻsha togʻlar orasida Chirchiq degan shahar bor. Shunaqa katta shaharki, Toshkent uning oldida hech gapmas. U yerda shunaqangi katta daryolar borki, ichida akulalar suzib yuradi. Oʻsha shaharda Xoʻja degan bola bor. Dunyoda undan yaxshi bola yoʻq. Xoʻja oʻsha daryolarda bemalol suzadi. Oʻsha togʻlar ustiga chiqib, butun dunyoni tomosha qiladi. U meni ham koʻrib turibdi. Faqat men uni koʻrolmayapman…

Ancha yillardan keyin, oʻninchi sinfni bitirayotganimda Xoʻjaning daragini eshitdim. Kechki ovqatdan keyin dadam oyimga gapirib qoldi:

– Egamberdi bechora kuyib adoyi tamom boʻpti. Chirchiqdan kelyapman, deydi. Oʻgʻli choʻntak kesayotganda qoʻlga tushganmish.

Oyim: “A?” dediyu qoʻlidan piyola tushib ketdi.

Men karaxt boʻlib qolgan edim. Yoʻq, ishonmayman. Yolgʻon, bu gap yolgʻon! Dunyoda Xoʻjadan yaxshi bola yoʻq. Xoʻja yomon boʻlishi mumkin emas… Tagʻin kim biladi deysiz, hayot qonunlari har doim ham bizning xohishimizga boʻysunavermaydi…

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.