Xizr tashlagan qanot

0
293
marta koʻrilgan.

Koʻcha boʻylab jajji oyoqchalar u yon-bu yon yugurishyapti. Toʻrt yoshlar chamasidagi qizchani undan ikki yosh katta boʻlgan akasi goʻyoki kuchi boricha quvlar, singlisi ham jon-jahdi bilan qochardi. Ular ota-onalari chaqirib qolgunga qadar shu zaylda oʻynashardi. Daraxtlar va gullar esa ularning bu zerikilmas oʻyinlarini maroq bilan tomosha qilishar, gohida barglar bu jajji odamchalarning oʻyiniga berilib, qarsak chalgancha qoʻllab-quvvatlashardi. Ehtimol, ular hayotning yugur-yugurdan iboratligini oʻzlari bilmagan holda isbot qilishmoqchidir.

Ikkalalari ham toʻxtab chuqur-chuqur nafas olishdi. Qizcha akasiga qarab kuldi-da, yana yugurib ketdi. Aka oʻrnidan turdi-yu bor kuchi bilan singlisini yana quvalay boshladi. Ana, yetay-yetay deb qoldi. Yuguraverib sabri tugagan aka qochayotgan singlisini toʻxtatish maqsadida koʻylagidan tortdi. Ularning oʻyinini tomosha qilayotgan gullar toʻsatdan “uv” tortib yuborishdi. Sababi qizcha orqasiga qarab yiqilib tushgan, taqdir chiziqlari bitilgan kichkinagina kaftchalari va tirsagi salgina shilinib, oz-moz qon silqib turardi. Bolalik qonuniga muvofiq qizcha “dod” deya baqirib yigʻlay boshladi. Ogʻriqdan koʻra qoʻllaridagi qizil rang unga koʻproq taʼsir qilgandi. Akasi ovutishga uringani sari singil yigʻining avj nuqtasini olardi. Qizcha hoʻngrar ekan, yana qoʻllariga qaradi va yana qonni koʻrdi. Bu safar biratoʻlasi yerga yotvolib, oyoqlarini tapillatgancha yigʻlashda davom etdi. Akaning koʻzi ham sizib chiqqan qonga tushdi-yu singlisiga qoʻshilib yigʻlay boshladi. Soʻng onasini chaqirish kerakligi yodiga keldi va yugurgilab ketdi. Bolakaylar bir tomchi qonni oʻlim deb oʻylashardi, chogʻi.

Shamol koʻzlaridan shashqator yosh oqayotgan qizchaning u yogʻidan, bu yogʻidan aylanib ovutishga harakat qilar, daraxtlar ham uni yigʻidan toʻxtatish ilinjida oʻz ertaklarini boshlab yuborgandi. Endi Qizcha akasini tashlab ketgan gumon qilib, lablarini choʻchchaytirgancha baqirib hoʻngray boshladi. Ammo shu payt birdaniga yigʻi ovozidan atrofning qulogʻi tindi. Qizcha yosh tomchilari harakatdan toʻxtagan munchoqday koʻzlari bilan osmonga tikilgan koʻyi yerda jimgina yotardi. U ahyon-ahyonda burnini tortib qoʻyar, yoshlardan sugʻorilgan kipriklarini pirpiratib osmondan koʻzini uzmasdi. Osmon dengizida esa oppoq yelkanlarini koʻtargancha bulutlar izma-iz suzib yurardi. Ular shu qadar oqlikka burkangan, shu qadar mayin, shu qadar ajoyib ediki, Qizcha beixtiyor qoʻllarini yuqoriga choʻzdi. Soʻng oʻrnidan asta koʻtarilib, qoʻlchalarini yana koʻkka uzatdi. Yoʻq, yetmayapti. Ha, sakrash kerak. Sakrasa, albatta, qoʻllari bilan bulutlarni ushlab koʻradi, ehtimol, ularning ustiga chiqib osmonni sayr qilar. Shu maqsadda qizcha qoʻllari va koʻzlarini osmonga tikkancha ogʻrigʻu qoʻrquvni unutib qayta-qayta sakrab koʻrdi. Eh, ozgina yetmayapti. Nigohlarini osmondan uzmagan koʻyi yerga qaytib oʻtirdi. Uning butun ruhi, butun vujudi, barcha xayollari ana shu oppoqqina bulutlarga aylanib borayotgan edi. Uzoqdan yigʻlayotgan oʻgʻlini sudrab kelayotgan onasining tovushi qizcha aylanayotgan bulutlarni goʻyoki quyoshdek eritib yubordi. Qizcha sergak tortdi va onasini koʻrdi-yu oʻzi negaligini anglamagan holda yana yigʻlab yubordi. Ha, bu vaqtda u toʻrt yoshda edi…

Kecha onasi bilan birga yozgan soʻzlari qatorlashib turgan daftarlarini olib, erinibgina portfeliga joyladi. Onasining qistovi bilan nonushta ham qilib oldi. Shu payt nimadir yodiga tushdi-yu darhol deraza oldiga yugurdi. Derazadan oʻz cheksizligini yoyib maqtanayotgan osmonga bir muddat qarab turdi. Ammo onasi darsga kech qolayotganini aytib ogohlantirgandan soʻng orqasiga portfelini ilgancha maktabiga qarab joʻnadi. Yoʻlda ketar ekan, oʻsha – yiqilib tushgan kundan beri uning nigohlari osmon bilan koʻrishib turishga kelishib olgandek edi goʻyo. Harholda osmon bunga ishonardi. Qizaloq bir muddat osmonga qarab yurdi-da, toʻxtadi va qoʻllarini qattiq-qattiq silkitib oyoqlarini yerdan koʻtardi. Qizaloq nazarida, u oz-moz balandlaganday boʻldi. Yugurish kerak. Yoʻl boʻylab orqasidagi portfelini silkitib-silkitib, qoʻllarini tepadan pastga tez-tez harakatlantirib yugurdi-yu “Hozir uchib ketaman” degan xayol bilan kuchi boricha sakradi. Afsus, oʻxshamadi. “Eh, portfelim xalaqit beryapti-da, – xayolidan oʻtdi qizaloqning. – Ha, mayli, uyga qaytganimda yana bir urinib koʻraman”. Maktab qoʻngʻirogʻining jarangi qizaloqni bu safar “qanot”larini qoqmasdan yugurib ketishiga majbur qildi. Yetti yosh ham u bilan birga yugurishdan charchamas edi…

– Onajon, qarang, aka, siz ham qarang, qaranglar! Osmondan buvim aytgan oʻsha oppoq farishtalar tushyapti, ha farishtalar! – quvongancha qichqirardi qizaloq yogʻayotgan laylakqorga ishora qilib.

– Koʻp valdirayvermasang-chi! – jigʻibiyrondan matolarni qirqib oʻlchamni chiqara olmayotgan ona. Yozmayotgan ruchka pastasining uchiga tinmay puflayotgan aka esa chaqiriqni eshitmaganlikka oldi.

– Eh, qaniydi, ucha olsam! Bu farishtalarni qayerdan tushayotganini koʻrib kelar, yoki ular bilan quvlashmachoqmi, qorboʻronmi oʻynardim, qarang, ular ucha oladi-da. Keyin ulardan-chi, onajon, dadam aytib bergan oʻsha shayton haqidayam soʻrardim. Sizlar yoʻgʻligingizda u farishtalar bilan birga yashagan-ku. Sizlar bu yerga koʻchib kelganingizdan soʻng shayton sizlarning oldingizga kelgan-ku, a? Keyin sizlar…

Quloqlariga faqat allaqanday gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir tovush kirayotgan ayol qaychisini stolga qattiq urdi-da, qoshini chimirgancha qiziga qaradi. Qizaloqning toʻsatdan yumilib olgan lablarida toʻsiqqa uchragan soʻzlar ortiga qaytib ketishga majbur boʻldi. Bir oz muddatdan soʻng kallasiga kelgan bir fikr ifodasi yuzida yarq etdi-yu, yana soʻndi va oʻziga:

– Ertaga Hayit bayrami. Bugun Xizr bobodan yostigʻimning ostiga qanotlar tashlab ketishini soʻrayman, – deb gʻoʻldiragancha koʻchaga chiqib ketdi. U yerda koʻzlarini osmonga qadab, kimgadir nimalardir haqida gapirdi. Toʻqqiz yosh ana shu oppoq farishtalar kabi qizaloqning barmoqchalariga ohista qoʻnib erib ketayotgan edi…

“Taq, taq, taq…” Qiz taxtaning ustida turgan barmoqlari orasidagi mixni bolta bilan urardi. “Taq, taq…”

Kecha onasining taʼbiri bilan aytganda “Hadeb supurishga majbur qilayotgan” tut daraxtini chopib tashlashdi. Bir paytlar ustiga chiqarib uchishiga yordam beradigan tut daraxtining gursillab tushgan tovushidan qizning yuragi allanechuk boʻlib ketdi. Esida, tutning yirik shoxiga chiqib, parvoz etish umidida qoʻllarini pirillatib sakraganida oyogʻi sinishiga bir bahya qolgandi. Qiz kecha otasi bilan akasi arralab qoʻygan tutning yogʻochlarini bir-biriga ulab qoqarkan, shularni esladi. Ammo, mana, tut oʻzini qurbon qilib boʻlsa-da, qizning uchishi uchun yana, faqat soʻnggi marotaba oʻz yordamini ayamayapti. “Ana, tayyor boʻldi, – oʻyladi Qiz. – Endi bu matoni taxtaning mana bu yerlariga qoqsam boʻldi”. Uydagilarning bozorga ketganidan foydalanayotgan qiz oʻz maqsadini amalga oshirish uchun iloji boricha tezroq harakat qilishga shoshilardi. “Uyimiz tomidagi tarnov chetiga in qurgan musichaning ham qanotlari deyarli ana shunday shaklda. Nihoyat, qushlar bilan birga parvoz etadigan boʻldim!” Qiz uchburchak qilib yasalgan ikki boʻlakdan iborat qanotlarning ulangan joyini yelkasiga qoʻydi. Qanotining ostki qismidagi maxsus ushlagichlardan ushladi. “Darvoqe, avval tomga narvonni qoʻyishim kerak”. Shosha-pisha narvonni sudrab keldi. Oʻzi kutganidan bir muncha ogʻirroq qanotlarini taqdi. Avvaliga tomning pastroq qismidan uchib tajriba qilib koʻrish kerak. Mana, chiqib ham oldi. U yuqoridan turib hovlisining ichiga nigoh tashladi va hayron qarab turgan kuchugiga qayerdandir yodlab olgan “Meni kutgil va men qaytarman! jumlasini aytdi va “Bismillahir rohmanir rohiym” dedi. Ota-onasi har bir ishni “Bismillo”dan boshlasa, xayrli boʻlishini uqtirishgandi. Mana, bazoʻr-bazoʻr qanotlarini silkitgancha tomdan koʻcha tomonga qarab sakradi. Bu paytda u oʻn ikki yoshda edi. Qattiq chinqiriqdan qoʻshni hovlidagi ayol qoʻllari unga belangancha yugurib chiqdi…

– Nega endi ruxsat bermaysizlar? Axir, bor yoʻgʻi dugonamning tugʻilgan kuni-ku. Kechqurun chaqirgan boʻlsa nima qilibdi, uyi uzoq boʻlsa taksida borib, taksida kelaman. Nima, men sizlarga yosh bolamanmi?! Hamma ishimga aralashaverasiz! Darsdan qachon qaytishimni ham, qachon ketishimni ham gapiraverasiz, bundan keyin bilganimni qilaman! Jonimga tegib ketdi bunday hayot! Ey Xudo, qanot bersang boʻlmasmidi, hamma-hammani tashlab uchib ketardim! – Qiz onasiga shunday deb qichqirar ekan, bir necha yillar oldin “qanot qoqaman” deb oyogʻi chiqib ketgani va Mosh tabibga soldirib kelishgani ana shu lahzalarda yodiga tushmadi.

Qizning bu gaplari onasining qalbidagi uzilmas nozik torlarni chertib-chertib oʻtar ekan, qiziga xavotirli tusda nazar tashlab qoʻydi. Ammo Qizining oʻn olti yoshdaligi va bu davrning oʻtkinchi ekanligi borasidagi fikrlar onasiga tasalli berdi. Qizning oʻzi ham aytishni u darajada istamagan gaplari ogʻzidan chiqib ketganiga oʻksindi va qandaydir shahd bilan derazaning oldiga keldi-da yosh moʻralab turgan koʻzlarini osmonga tikdi. Beixtiyor oyoqlarini koʻtardi…

– Ota, oʻksinmang, oʻzingizni ayblayvermasangiz-chi. Ona, siz ham koʻp yigʻlamang. Xudo xohlasa, albatta, keyingi yili kiraman, mana koʻrasiz. Endi qoʻshimcha darslarga bormay, faqat ishlayman, ha ishlayman! Keyin qarabsizki, toʻplagan pullarim meni byudjetga yetaklab turibdi.

Qiz uydagilarini tinchlantirgach, doʻkondan non olib kelish bahonasida oʻzini koʻchaga urdi. Koʻchada choʻzilib yotgan yoʻl bu qadamlarning ancha ogʻir ekanligini his qildi. U uzoq yurdi. Doʻkon ham ortda qoldi. Soʻng yoʻlini koʻp vaqtdan buyon qarovsiz qolgan dalaga qarab burdi. Bulutlar bir-birlaridan arazlashgandek qoʻngʻir toʻnlarini teskari kiyib olishgan. Dala bagʻri keng boʻlib, unda turli xil oʻsimliklar, gullar oʻz holicha oʻsib yotibdi, odamlarning qorasi esa koʻzga tashlanmaydi. Qiz arzini koʻzida yosh bilan aytmoqchi boʻlib turgan maysalarga ham, oyoqlariga chirmashib uni toʻxtatmoqchi boʻlgan chirmovuqlarga ham, etagiga suykalib erkalanmoqchi boʻlgan gullarga ham qaramay dalaning oʻrtasiga kelib yurishdan toʻxtadi. Nigohlarini osmonga tikdi va chiqishini kutib boʻgʻzida tiqilib turgan soʻzlarni yigʻi aralash hayqirdi:

– Nega?.. Nimaga axir…

Ammo yigʻi Qizning yana ogʻiz juftlashiga yoʻl qoʻymadi. Qiz maysalar ustiga oʻtirdi. Yuzlarini duv-duv yosh yuvar ekan, koʻzlarini unga qoʻshilib yigʻlab yuborish arafasida lunjini osiltirib turgan bulutlarni oʻz bagʻriga olgan samoga yana qadadi. Soʻng, birdaniga oʻrnidan sapchib turdi-da dala boʻylab qoʻllarini silkita-silkita yugura boshladi. U jon-jahdi bilan chopar, qoʻllarini ham qattiq-qattiq silkitardi. Yoʻq, dala boʻylab yugurayotgan bu yigirma yashar Qiz qancha urinmasin, yerdan balandlay olmadi…

– Oyijon, oyijon, mana bu mushichani qayang. Qayasayiz-chi, e, uchib ketdi – dedi jajji qizcha yigirma olti yasharlik Qiz – onasiga qarab. – Toʻxta, mushicha, menam sen bilan uchaman.

Qizcha hovli boʻylab qoʻlchalarini tepaga koʻtargancha yugurgiladi. Umidlari puchga chiqqach, onasining oldiga keldi-da:

– Oyijon, manam katta boʻsam, aytib beyadigan eytagizdagi qizga oʻxshab uchib ketaman-a? Chiyoyli qanotlayimam boʻladimi?

Nimadir “jiz” etdi. Ona jilmaygancha bosh irgʻadi-da osmonga uzoq tikilib turdi va ancha mustahkamlanib qolgan irodasi bilan koʻzidan dumalamoqchi boʻlib turgan yoshlarini bazoʻr toʻxtatdi…

Qizlari bilan dasturxonni tuzayotgan qirq olti yoshli Qiz bugun quvonchdan oʻziga sigʻmasdi. Axir, bugun oʻgʻli xorijdan uchib keladi. Shippagini ildirib, nimadir olish maqsadida qoʻshni xonaga oʻtib ketayotgan ona tepadan guvillagan ovozni eshitdi. Koʻzlarini osmonga qaratdi. Aniqrogʻi, pastlab uchib ketayotganmi, kelayotganmi samolyotga qaradi. “Ha, shuning ichida oʻgʻlim boʻlsa kerak. Eh, uning hidini biram sogʻindimki!” – xayolidan oʻtdi onaning. Ammo, shu payt, Qizning nigohi beixtiyor yelkanlari oppoq bulutlarni oʻz bagʻriga olgan samoga tushdi. Ha, u ancha vaqtdan beri osmonga qaramagan, u haqda deyarli unutayozgan edi. Samo va Qizning nigohlari ana shu vaqtda tirikchilikning ayirmachiligi natijasida uzoq muddatdan soʻng yana koʻrishib turishgandi. Osmon, ehtimol Qiz ham nimadir demoqchi ediki, ammo Qizning qaynayotgan qozoni yodiga tushib qoldi va shoshgancha yoxud nimadandir qochgancha oʻzini ichkariga oldi…

Bugun Hayit arafasi. Mana shu kuni Qizcha qoʻlini duoga ochib, xohlayotgan biror bir narsasini Xizr bobodan soʻrar va aksariyat vaqtlarda istagi Xizr boboga aylangan otasi tomonidan amalga oshardi.

Uydagilarning hech birida ertangi bayram kayfiyatidan asar ham yoʻq. Ularning ruhiyatini chuqur bir qaygʻu asir olgandi. Hammalari koʻrpada yotgan yetmishdan oshgan Qiz-kampirning atrofini oʻrab olishgan. Qiz shu yerdagi hammaning yuziga rizolik alomati sifatida bir-bir sassiz qarab chiqdi. Butun tanasini asta-sekin qamal qilayotgan sovuqlik birgina “Oh”ga aylanish uchun bir joyga yigʻilayotgandi. Koʻzlarida nam bilan koʻpchilik Qizning ogʻzidan qandaydir vasiyatlar kutishardi. Mana, nihoyat, Qiz ogʻiz juftladi. Nafaqat oʻtirganlarning, balki sukutning ham butun vujudi quloqqa aylandi. U:

– Derazani ochinglar, – dedi ohista. Tezda pardalar koʻtarilib derazalar lang ochildi. Boyadan beri ichkariga kirishning ilojini qila olmayotgan mayin shamol ochiq derazadan yugurgilab xavotirlangancha qadrdonining oldiga keldi. Qiz derazadan oʻzi istaganiday soʻnggi kuzatuvchisi boʻlmish osmonni koʻrdi. Koʻrdi-yu koʻzidan butun orzulari bir tomchi yoshga aylanib oqib tushdi. Osmonda bir paytlar oʻziga maftun qilgancha parvozga chorlagan va hozir ham chorlayotgan oʻsha, oʻsha oppoq bulutlar turardi. Qiz lablari ohista jilmayib: “Ana endi, ucha olaman!” dedi pichirlab…

Nihoyat, Qizcha ancha vaqtgacha soʻragan narsasini bugun Xizr bobo yostigʻining ostiga qoʻyib ketgandi.

 

Bibi Robiaʼ SAIDOVA

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.