Xiyonat

0
352
marta koʻrilgan.

Hali maktabga qatnamasdim. Mahallamizdan ikki chaqirimcha narida allaqanday bolalar uyi bor edi. Katta bolalarning aytishiga qaraganda, oʻsha yerda tez-tez kino boʻlib turarkan. Bir kuni akalarim qoʻshni bolalar bilan pichir-pichir qilishayotganini eshitib qoldim:

 – Eshitdinglarmi, bugun kino kelarmish.

 – Urush kino ekan.

Akalarim kinoga borsa, men qarab turarmidim.

 – Men ham boraman, – dedim qaysarlik bilan.

 – Boʻpti, borasan. Aytgan ishlarimizni hammasini qilsang, oboramiz.

Shu kuni nima yumush buyurishsa, oyogʻim olti, qoʻlim yetti boʻlib yugurib yurdim. Yongʻoqqa bogʻlab qoʻyilgan echkini ikki marta sugʻordim, hovlidagi supaga toʻshalgan boʻyra ustiga yoyilgan turshaklarni qush talamasin deb qoʻriqlab oʻtirdim… Hatto rogatkamning rezinkasini uzib, ukamga ishtonbogʻ qilish uchun berdim.

Kechqurun qulogʻimni ding qilib turgan edim, koʻchada qoʻshni bolalar chaqirib qolishdi. Akalarimga ergashib yugurdim. Akamning Damin degan oʻrtogʻi meni koʻrib soʻradi:

 – Sen qayoqqa?

 – Kinoga! – dedim ishonch bilan.

Damin oʻylanib qoldi.

 – Boʻlmasa, botinkangni kiyib chiq, – dedi oyogʻimga qarab.

Hammamiz yalangoyoq edik.

 – Botinkani nima qilaman?

 – Devordan oshib tushamiz, bildingmi! – Birdan Daminning jahli chiqib ketdi. – Qorovul quvlasa, yantoqzordan qocha olasanmi? Chop, kiyib chiq! Biz kutib turamiz.

Otilib hovliga kirdim.

Oyim choʻnqayib oʻtirib, echki sogʻayotgan ekan. Oʻtirgan joyida shu saratonda botinka nimaga kerak boʻlib qolganini surishtirdi.

 – Kerak! Kerak! – dedim nafasim tiqilib. Oyimning javobini ham kutmay bostirmaga yugurdim. Eski lash-lushlar qalashib yotgan sandiqni kavlashtirib, poshnasi qiyshayib ketgan botinkamning bir poyini topdim. Aksiga olib ikkinchisi yoʻq edi. Hammayoqni agʻdar-toʻntar qilib tashladim. Mana, nihoyat ikkinchisi ham topildi. Ikki poy botinkani ikki qoʻlimda ushlagancha koʻchaga chopdim. Chiqsam… Akalarim ham, bolalar ham yoʻq. Meni kutishga vaʼda bergan Damin hammani boshlab ketganini tushundim. Yalangoyoq tuproq sachratgancha katta koʻchaga yugurdim. Yoʻq, hammayoq jimjit edi…

Hovliga qaytib kirdimu botinkalarni yerga uloqtirgancha yigʻlab yubordim. Ilgari hech qachon bunaqa alam bilan yigʻlamagan boʻlsam kerak, oyim qoʻrqib ketdi.

 – Nima boʻldi? – dedi tepamga kelib.

 – Meni aldashdi!

 – Kim, nimaga?

 – Aldashdi! Aldashdi! – Boshqa gap aytolmasdan nuqul shu soʻzlarni qaytarar, yer tepinib yigʻlar edim.

 – Aldashdi! Aldashdi!

Oyim sut hidi anqib turgan qoʻllari bilan peshonamni siladi.

 – Qoʻyaver, oʻgʻlim. Baʼzan shunaqasi ham boʻp turadi. – U bir zum jimib qoldi-da, sekin qoʻshib qoʻydi. – Faqat oʻzing bunaqa qilmagin, xoʻpmi?

…Toʻrtinchi sinfda oʻqiyotganimda yana bir voqea boʻldi. Bir sinfda oʻqiydigan, bir partada oʻtiradigan oʻrtogʻim bor edi. Uning dadasi urushdan qahramon boʻlib kelgan, oʻzining oti ham Qahramon edi. Otasi qahramon boʻlgani uchunmi, oʻqituvchilar uni yaxshi koʻrishardi. Maktabimiz hovlisida yongʻoq koʻp boʻlardi. Katta tanaffusda oʻqituvchilarning koʻzini shamgʻalat qilib, yongʻoq qoqardik. Faqat issiqxona yonidagi yongʻoqqa kesak otishga hech kim jurʼat qilmas, oyna sinsa, oqibati yaxshi boʻlmasligini bilardik. Bir kuni katta tanaffusda Qahramon oʻsha yoqqa boshlab qoldi.

 – Qoʻysang-chi, – dedim uning qoʻlidan tortib. – Teplitsaning oynasi sinadi.

 – Shunaqa qoʻrqoqmisan! – Qahramon kuldi. – Bunday qilamiz. Sen qarab turasan. Men qoqaman. Oʻqituvchi koʻrinib qolsa, hushtak chalasan.

Yongʻoq, hech qoqilmagani uchun boʻlsa kerak, gʻuj-gʻuj boʻlib yotardi. Qahramon bir kesak otgandayoq oʻntachasi duv etib toʻkildi. U ikki choʻntagini toʻldirib oldi-da, kattaroq kesakni olib, yana otdi. Bu safar moʻljali xato ketdi shekilli, qars etgan tovush eshitildi. Teplitsa oynasi chil-chil sindi. Nima boʻlganini anglab yetgunimcha, Qahramon lip etib gʻoyib boʻldi. Shu payt birov qoʻlimdan mahkam ushlab tortdi. Qarasam, sinf rahbarimiz. Maktabdagi eng badjahl oʻqituvchi shu edi. Qoʻrqib ketdim.

 – Nima qilding? – deb soʻradi u dargʻazab boʻlib.

 – Hech nima, – dedim tovushim titrab.

U qoʻlimni qoʻyib yubormay, sudrab ketdi. Oʻqituvchilar xonasiga olib borsa kerak, deb battar qoʻrqib ketdim. Biroq u idoraga emas, sinfimizga yetaklab kirdi. Qiy-chuv qilayotgan bolalar bir zumda jimib qolishdi. Oʻqituvchi partalar orasidan yetaklab oʻtib meni doska oldiga turgʻazib qoʻydi. Sekin Qahramonga qaradim. Begunohgina boʻlib derazaga qarab oʻtiribdi.

 – Oʻrtoqlaringni oldida ayt! – dedi sinf rahbarimiz dona-dona qilib. – Hozir nima qilding?

 – Hech nima, – dedim yerga qarab.

 – Teplitsani kim sindirdi?

 – Bilmayman.

 – Bilmaysanmi? – Oʻqituvchi qahr bilan ovozini balandlatdi. – Boʻlmasa, kim tosh otdi?

Tomogʻimga bir nima tiqilib turar, gapirsam yigʻlab yuborishimni bilar edim.

 – Kim?! – dedi oʻqituvchi battar gʻazablanib.

Labimni tishlagancha bosh chayqadim.

 – Mana bu, – dedi u barmogʻini menga nuqib, – qilgʻiliqni qilib qoʻyib, tonyapti. – Uning ovozi birdan pasaydi. – Bolalar, uning yongʻoqqa tosh otganini hech kim koʻrmadimi?

Iltijo bilan oʻrtoqlarimga qaradim. Hamma jim edi.

 – Sen-chi? – dedi oʻqituvchi ovozi tovlanib. – Sen ham koʻrmadingmi, Qahramon?

Qahramon sekin oʻrnidan turdi.

 – Koʻrdim, – dedi mingʻillab. – Oʻzi otdi.

Koʻz oʻngim qorongʻilashib ketdi. Uning nima deyayotganini yaxshi eshitmasdim. Faqat bitta gap qulogʻim ostida jaranglab turardi: “Koʻrdim, oʻzi otdi”.

 – Xayriyat! – oʻqituvchi bosh silkidi. – Oranglarda hech boʻlmasa bitta mard bor ekan. Oʻtir, Qahramon. – U menga yuzlanib davom etdi. – Sen yolgʻonchisan! Yolgʻonchi boʻlganing uchun qoʻrqoqsan. Dadangga borib ayt, hoziroq oynani joyiga keltirib qoʻysin.

Koʻzimga yosh quyilib kelar, butun sinfga, butun maktabga eshittirib hayqirgim kelardi: “Men emas, oʻzi otdi, oʻzi sindirdi! Ishonmasanglar choʻntagini qaranglar!” Shunday degim kelardi-yu, negadir ovozim chiqmasdi. Sinfdan otilib chiqib ketdim. Koʻchaga chiqqandan keyingina yigʻlab yubordim. Uyga kelib entika-entika hammasini oyimga aytib berdim. Oyim boshimni silagancha, ohista yupatdi:

 – Qoʻyaver, oʻgʻlim. Baʼzan shunaqasi ham boʻladi. Faqat oʻzing unaqa qilma. Koʻrdingmi, yolgʻon gapirgani uchun oʻrtogʻingni yomon koʻryapsan. Agar yolgʻon gapirsang seniyam hamma yomon koʻrib qoladi.

…Student edim. Farishtadek goʻzal, farishtadek pokiza bir qizni sevib qoldim. Oy sutdek yorugʻ nur sochgan oqshomlari uzoq sayr qilardik. Bizning “oʻz” xiyobonimiz, “oʻz” anhorimiz, “oʻz” skameykamiz bor edi. Keyin… negadir u mendan oʻzini olib qochadigan boʻlib qoldi. Xayol suradi, koʻzini yashiradi…

Aybim nimaligini bilolmasdim. Hasratimni eng yaqin doʻstimga aytardim. Doʻstim bilan tanaffus paytlari toʻrt tiyinlik studentlik somsasini boʻlishib yerdik. Paxtaga, hasharga chiqqanda, bir kosada shoʻrva ichardik, biznikiga kelganida bir koʻrpada yotardik. Doʻstim onamni “oyi” deb atar edi. Oyim ham uni “beshinchi oʻgʻlim”, derdi. Shunday qilib, hamma sirlarimni shu doʻstimga aytardim. Doʻstim ishning koʻzini biladigan yigit edi. “Qoʻyavering, – derdi u yupatib, – qizlarning shunaqa noz-firogʻi boʻladi. Nimaga noz qilayotganini oʻziyam bilmaydi. Siz indamay yuravering, bir kuni oʻzi bosh egib keladi…” Doʻstim toʻgʻri aytardi. Men endi oqshom sayllari oʻrniga kutubxonada oʻtiradigan boʻldim.

Imtihonlar yaqinlashib qolgan edi. Bir kuni qiroatxona yopilguncha oʻtirdim. Koʻchaga chiqdimu oʻsha oʻzimizning xiyobondan oʻtgim keldi. Iliq yoz oqshomi edi. Osmonda toʻlin oy pokiza nur sochar, yulduzlar xushchaqchaq porlar, bogʻ ustida shabada shodon shivirlar edi. Suv boʻyidagi oʻzimizning skameykaga yaqin keldim. Keldimu juda tanish, juda jarangdor kulgini eshitib, taqqa toʻxtadim. Bu kulgini bir chaqirim naridan ham tanir edim. Ichimda bir nima uzilib ketgandek boʻldi. Xuddi oʻsha joyda, yaqindagina men bilan oʻtirgan skameykada oʻsha qiz oʻtirardi. Mening oʻrnimda esa… doʻstim oʻtirar, qizning yelkasidan quchib, koʻksiga tortar, qiz esa undan oʻzini olib qochgandek boʻlar, mening bagʻrimda qanday kulgan boʻlsa, uning quchogʻida ham shunday gʻamza bilan jilpanglar edi… Odam bir yoʻla ham muhabbatidan, ham doʻstidan ayrilib qolsa ogʻir boʻlarkan… Uyga qaytdimu, hovli oʻrtasidagi supaga muk tushib yotib oldim. Hozir hech kimni, hatto onamni ham koʻrishga koʻzim yoʻq edi. Ancha yotdim. Bir mahal koʻcha eshik tomonda doʻstimning ovozi keldi:

 – Assalomu alaykum, oyi!

Gʻazabdan butun vujudim qaltirar, ammo oʻrnimdan turolmas, oyimning u bilan aylanib-oʻrgilib koʻrishganini eshitib yotar edim.

Keyin uning xushchaqchaq tovushi eshitildi:

 – Iya, bizning oʻrtoqqa nima boʻldi?

Bilmayman, sakrab turib basharasiga musht tushirdimmi yo ustimga egilganida urib yubordimmi… Shunisi esimdaki, u soʻlagi sachrab ketgan labini artib qandaydir gʻayritabiiy, behayo iljaydi-da, indamasdan chiqib ketdi. Nariroqda oyim karaxt boʻlib turardi. Negadir madorim qurib yana yotib qoldim. Osmonda xoin oy kezar, behayo iljaygancha harom nurini sochar, xiyonatkor yulduzlar xoinlarcha koʻz qisishar, xiyonatkor shamol xoinona qiqir-qiqir kular edi.

Bir mahal tepamga onam keldi. Oʻzimni uxlayotganga solib koʻzimni chirt yumib oldim. U anchagacha yonimda oʻtirdi-oʻtirdi-da, sekin pichirladi:

 – Qoʻyaver, oʻgʻlim, baʼzan shunaqasi ham boʻlib turadi. Faqat sen…

Gapining davomini eshitmadim. Eshitishni xohlamasdim ham. “Nima men?! – dedim xayolan xitob qilib. – Men nima qilay? U koʻzing bu koʻzingni oʻyaman desa, eng sirdosh kishilaring xiyonat qilsa, doʻsting xiyonat qilsa, nima qilish kerak?! Birov xiyonatni shunchaki kasbga aylantirib olgani uchun, birov ishini bitirib olish uchun, birov hasad qilgani uchun xiyonat qilaveradimi? Shuning uchun bu dunyoni yolgʻonchi dunyo deyishadimi? Unday boʻlsa, yashashning nima maʼnisi qoldi?! Qani ayting, nimaga ishonish kerak, kimga ishonish kerak?”

Yuragim gursillab urgancha xayolan shunday deb hayqirdim. Biroq vujudimni oʻrtagan savollarga javob topolmasdim. Onam esa jimgina peshonamni silab oʻtirar, qoʻllari bilinar-bilinmas titrayotganini sezib turardim. Shunda toʻsatdan yana yosh bolaga aylanib qoldim. Oʻshanda akamning oʻrtogʻi aldab ketganida, sinfdosh oʻrtogʻim tuhmat qilganda… onamning yupatishlariga ovungandek… Qalbimning zulmat bosgan qaysidir burchagida ojiz, ammo ishonchli bir nur yilt etdi. “Onang-chi, onang hech qachon xiyonat qildimi senga! Biron marta, aqalli bir marta xiyonat qildimi? Har kim har kimning koʻziga choʻp solishi mumkin, har kim har kimga xiyonat qilishi mumkin. Faqat ona oʻz bolasiga hech qachon xiyonat qilmaydi. Ehtimol, inson hayotining shuncha yillardan buyon davom etib kelayotgani shundandir”.

Onamning bilinar-bilinmas titrab turgan qoʻllarini tutdimu sekin labimga bosdim.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.