Xilvatda kechgan umrim

0
137
marta koʻrilgan.

Tomris UYAR

 

Kampir titroq qoʻllari bilan shisha kosadan yasama tishlarini olib, bir silkitib ogʻziga soldi. Koʻngil suhbat istaydi, ammo hamma uyquda.

“Tong oqaryapti… tun qoʻynidan moviy bulutlar suzib chiqayapti… Ular boqqa choʻkkanda oyoqda ogʻriq turadi. Buni yoshlar bilmaydi, ammo yillar oʻtaverib odatlanib qolarkansan kishi, koʻngil bulut kelib tong otishini sezarkan. Bundan qoʻrqish oʻrinsiz. Buni keksalik deydilar, keksalik – yangi kunni soatsiz qarshi olish degani. Har tong shunday oʻtadi. Yumshoq shippaklarimni oyoqqa ilib uyni aylanaman. Chakillab tomayotgan joʻmraklarni yopaman, suv ichishsin deb idishlarning qopqogʻini ochaman, pishloqning suvini toʻkaman. Mening oyoq tovushim hech kimni uygʻotib yubormaydi. Gilamlardan, pollardan shunday yuramanki, sas chiqmaydi, hatto toshda yursam ham ovoz eshitilmaydi. Kunni qarshi olish uchun men kerak boʻlardim. Agar men boʻlmasam, tongni kim qarshi oladi? Oʻrnimdan turishim bilan qoʻlimga koʻzgu olaman”.

Kampir koʻzguni oldi. U kichkina, siniq koʻzgu edi; koʻzgu orqasiga chizilgan suratda yonogʻiga katta xol qoʻygan pushti koʻylakli malika shahzoda (nimalarga qodira-a, Egam?) bilan raqs tushardi. Malikaning koʻylagi chiroyli, yoqasining popuklari ohorli. Atrofida zarang daraxti, qarangki, yashillik oʻrtasida kattakon qora dogʻ. Xuddi daraxt shoxlari kuydirilgandek. Kimdir parishonxotirlik bilan sigaret oʻchirgan. Yaqindagina sandiqdan olgan edi-ya. Sandiqda kashtalar ham bor edi. Naqshinkor kashtalariga ham dogʻ tekkan boʻlsa-ya… Sandiq dogʻlari qursin.

Hozir mana bu shahzodaning yengidagi naqshinkor bezaklarni qayerdan topish mumkin? Aytishlaricha, hozir qoʻl mehnatiga haq ham toʻlanmasmish, bunaqa narsalarni tikishga vaqt ham yoʻq emish. “Ilgari kunlar uzundek tuyulardi, vaqtni bekor oʻtkazmasdik, kashta tikardik. Men bularni tikish uchun necha kun mehnat qilganman, pardalarga ham bezak berganman. Akromning onasiga kashtalarim maʼqul kelgan edi. Balki, koʻzguni u bergandir. Koʻrmana uchun oltin soat”.

Kampir koʻzguga razm solib, timdalangan qip-qizil yaralarni koʻzdan kechirdi. U har kuni ertalab yasama tishlarni ogʻziga solib, kechqurun olar, labidagi yaralar esa kundan-kunga koʻpayib gʻashini keltirardi. Kampirga oʻzining ogʻzi xuddi birovnikidek tuyulardi. Chunki bir burda nonni ham qiynalib chaynar, shu bois ham yasama tishlariga bogʻlanib qolgan edi. Yuzidagi ajinlarga koʻnikkanidan ularga parvo qilmay labini sekingina paypasladi, soʻng hayratomuz mahorat bilan tishlarini ogʻziga soldi.

“O-o-o-o-oh” dedi, yaralaridan soʻlak tomdi. Tishlar qarsilladi, qimirladi va nihoyat, joyiga oʻrnashdi. Ogʻzidan oqqan soʻlakni koʻylagi etagiga artdi. Koʻzguni joyiga qoʻydi. Hali qiladigan ishlari koʻp edi.

“Men hech uxlolmayman, balki juda kam uxlasam kerak. Atigi ikki soat. Uyqum yengil boʻlgani uchun oʻzimni uxlamagandek his qilaman. Eshik kaliti tiqirlasa ham turib chiroqni yoqaman. Chiroq bosh tomonimda turadi. Koʻpincha kechalari yolgʻiz qolaman. Yotoqdagi shiftga tikilaman, divan ustiga tashlangan yopinchiqning gullariga nazar solaman. Javondagi igna-iplarni, soch toʻgʻnogʻichlarini, tugmalarni, ziraklarni, toʻlov qogʻozlarini tartibga solaman. Baʼzida kalit topib olaman, shunda uni oppoq konvertga solib, ustiga “kalit” deb yozib qoʻyaman. Hamma uyquga ketsa-da, men uxlolmayman. Chiroqlar oʻchiriladi. Yoʻ-oʻq, ularning ishlariga aralashganim uchun emas, ularga qoʻshilmasligim, bir ogʻiz soʻz soʻramasligim, kutganimni aytmasligim ularga malol keladi. Menga jahl qilishadi. Hamma narsa mensiz hal etiladi. Nazarimda, sandiqqa tashlab qoʻyilgan kashtalarga oʻxshayman. Yana ularni oʻzimcha har kun qoqib-silkaman.

Ayvonchaga chiqqanimda qoʻshni ayvonchalardagi qariyalarga koʻzim tushadi. Bu paytda ular ham uygʻoq boʻlishadi. Yashirincha kulishamiz. Chunki baland ovozda hol soʻrash ayb hisoblanadi. Mahallani xavotirga solishi yaxshi emas-da! Biz keksalar kam kulamiz, tongni qarshi olamiz, ayvonchalarning bir chetida iymanibgina oʻtiramiz, hech kimga yuk boʻlmaymiz. Yoshlar esa tong havosiga eʼtiborsiz. Qancha umr koʻrdik, aytishga oson. Lekin oʻlim bizni aldamaydi. Shuncha yil yashasak-da, hali ham hayot odatdagidek, bir xil davom etadi…”

Ayvoncha eshigi yopilganda xona oʻzgacha tusga kirdi. Tutqichlari yulingan, jilosini yoʻqotgan, boʻyoqlari shilingan javonlar mungʻayib koʻrindi. Faqat sandiq ustiga yopilgan pushti adyol, gulli yopinchiq uyga hayot bagʻishlagandek tuyulardi. Kampir yopinchiqni toʻgʻrilagan boʻldi, peshbandining choʻntagidagi kalitlar shodasini oldi. Eng katta kalitni ajratib divan yonidagi javonni ochdi. Javondan apelsin, neylon toʻrvaga solingan tuzsiz non, tortmadan sochiqcha oldi. Mayda qadamlar bilan chayqala-chayqala eshik tomon yurdi, dahlizga koʻz tashladi. Hamma uyquda. Asta eshik qulfini tortdi, dadil qadamlar bilan xona oʻrtasiga keldi, hech kim uygʻonmaganidan hayratlanib, etagi uzun, toʻp oʻynayotgan kuchukchalar surati tushirilgan tungi koʻylagini yechib, uy kiyimini kiydi. Yengil nafas oldi. Endi uygʻonishgandir.

Kampir oshxonaga kirdi, ehtiyot shart joʻmraklarni buradi, suv solingan idishning qopqogʻini ochish yana eslaridan chiqibdi, inqillagancha pishloq solingan lagandagi suvni toʻkdi. Koʻcha eshigi oldiga kelganda tizzasini zoʻrgʻa bukib, eshik orasida siqilib qolgan gazetaga qoʻl choʻzdi. Bir qoʻlida lagan, bir qoʻlida gazeta bilan xonasiga kela boshladi. Amallab divanga oʻtirgach, charchaganini his qildi. Gazeta sahifalariga koʻz yugurtirdi: “Qanday xabarlar bor ekan?” “Toʻr bezakli koʻylak va lama etikda goʻzal oqshomda edi… qiziqish bilan taʼqib qilinmoqda… Anqara guruhida koʻrindi… xafa emish va har oqshom boshqa klubda taskin toparmish, deyishmoqda…” Pishloqqa sanchqi urdi, pishloq ezilib ketdi.

“Boʻgʻzim ham toraygan. Luqma yutolmayman desam, ustimdan kulishadi. Uyqusizligimga ham inonishmaydi. Balki, shuning uchun ham hushyordirman, bedordirman. Lekin boʻsh oʻtirmayman, bunga ularni ishontirishim qiyin. Ha, apelsin yaxshi meva, ammo juda nordon. Yoshligimda ota-onam nordon apelsin yeyishimga qoʻyishmasdi. Yangamizning uyi Adada edi. Limon daraxti shunaqayam koʻp ediki… Har kun maktabdan qaytayotib apelsin yerdik. Yoz oqshomlari Akrom ham kelardi. Bizning davrimizda uchrashuv degan narsa yoʻq edi, desam ishonishmaydi. Hammamiz bitta xonada yashardik. Unashtirildim. Keyin nimadir boʻldi-yu, Akrom kasalga chalindi, yoʻq, vafot etdi, ha, vafot etdi. Xastalandi deya uydagilar unashtiruvni buzishdi. Ammo Akrom koʻp yillardan keyin vafot etdi. Kimgadir uylanibdi, deb eshitdim. U baland boʻyli, kelishgan yigit edi, har bir qadamini oʻylab bosardi. Eng yaxshisi – shahzodalarga qoʻlda tikilgan kashtalarni sotish. Ular toʻr bezakli liboslar kiyishadi. Nikoh koʻylagim toʻr uqali oppoq edi. Hozir aytsam, ishonishmaydi. Oʻtgan kun meni choʻmiltirishdi. Yaxshilab yuvinglar, artinglar, dedim. Ular esa: “Oʻzingiz qorayib ketgansiz, tanangizda kir yoʻq”, – deyishdi. Yoshligimda oppoqqina, nozikkina edim, hozirgidek burishiq-tirtiq emasdim. Hatto tuqqanimdan keyin ham qornim silliq, oppoqligicha qolgandi. Har bir ayol oʻz erini yaxshi koʻradi. Jumladan, men ham… Darvoqe, umrimda puldan qiynalmadim. Hammasi yaxshi oʻtdi. Bolalarim mening yoʻqligimni his qilishadi, albatta, xuddi cholimning yoʻqligini his qilgandek. Baʼzan negadir chuqur oʻyga tolaman. Hozir roʻmolimni silkitishga ham holim yoʻq. Adada tushgan suratlarimda oyoqlarim biram goʻzal ekan-a… U zamonlar javonlarni istagan xonaga koʻchirardim, shu zaylda bugungacha yetib kelibman. Endi yuzlarimning aksi ertaga ham oʻzgarmaydi, chunki allaqachon ajinlar gʻijimlab ulgurgan, men tanigan-bilgan odamlar ham xuddi shu ahvolda. Keksaydim, qartaydim, bundan endi choʻchimayman. Bundan aslo jirkanmayman ham”.

Ertalab kelini – ikki bolaning shoshqaloq onasi bolalarni yuvib-tarab, yedirib-ichirib maktabga kuzatib qoʻyadi. Epchil oyoqlar mashinaga yuguradi. Kampir shovqinga chidolmagani uchun ham soat bongini eshitishi bilanoq eshigini yopadi. Oshxonadan paqir-puqur qaynayotgan choygum ovozi eshitiladi, javonlar ochilib-yopiladi, isitilgan non hidi dimoqqa uradi, sanchqilar, pichoqlar shaqir-shuqur qiladi. Bu nima gʻalayon! Bularni qoʻya turaylik. Javonlar hammasi birdaniga ochilmasa, nonushtaga dasturxon shoshilmay yozilsa, ertalab pishloq yeyilsa boʻlmas ekanmi? Sumkalar kechadan tayyorlab qoʻyilsa, qalamlar ham unutilmaydi. Aslida, shoshmoqqa ham na hojat?

 

Turk tilidan Poshshajon KENJAYEVA tarjimasi

 

“Sharq yulduzi”, 2014–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.