Xavf va rajo

0
135
marta koʻrilgan.

Xavf va rajo deb qoʻrqmoq va umidvor boʻlmoqni aytilur. Banda har ishda janobi Haqdan qoʻrqmoq ila barobar umidini ham uzmaslik lozimdur. Chunki janobi Haqdan qoʻrqgʻan inson hech narsadan qoʻrqmas. Har vaqt janobi Haqning lutf va marhamatiga umid koʻzlarini tikub turar. Xavf va rajo shunday bir yaxshi sifatdurki, bu xislatni oʻziga hamroh qilgan kishi eng fozil, hech narsadan qoʻrqmaydurgan sher tabiatli, arslon yurakli boʻlur. Hazrati Ibrohim alayhissalomni Namrud otashka tashlay deb turgan zamonda: “Yo Ibrohim! Siz meni bu haroratli otashimdan qoʻrqmazsiz-mi?” – demish. Hazrat Ibrohim: “Ey zolim! Alloh taolodan qoʻrqgʻan kishi Namrudning otashidan qoʻrqarmi?” – demishlar.

 

Hech kishidan qoʻrqmagʻay tangrisidan qoʻrqgʻan kishi

Otasha yondursalar, boʻlgay umid birla ishi.

 

Dunyoda umiddan yaxshi narsa yoʻqdur. Hamma insonlar umid orqasida yasharlar. Noumid shaytondur, umidsiz kun kechurmak mumkin emasdur. Boylar mol umidida, shogirdlar ilm umidida kecha-kunduz tirtishurlar. Agar boylik, olimlik umidi boʻlmasa edi, kecha-kunduz jonlarini fido qilub, koʻzlarining nurlarini umid orqasida toʻkmas edilar.

 

Umid gar oʻlmasaydi, hech hayota qiymat oʻlmazdi,

Nizom-u, intizom-u tarbiyat ham davlat olmazdi.

Jahon ayvoni boʻyla ziynatoro boʻlmagʻay erdi,

Hukumat, taxt-u, baxt-u saʼy birlan gʻayrat oʻlmazdi.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.