Xameleon

0
154
marta koʻrilgan.

Anton CHEXOV

 

Ustida yangi shinel, qoʻlida tuguncha, politsiya nazoratchisi Ochumelov bozor maydoni oʻrtasidan yurib kelmoqda. Uning orqasidan qoʻlida musodara qilingan krijovnik toʻldirilgan gʻalvir koʻtarib, afti-angori sap-sariq gorodovoy qadam tashlab kelayotir. Tevarak jimjit… Bozor maydonida qimirlagan jon koʻrinmaydi… Doʻkon va qovoqxonalarning eshiklari och yirtqichning ogʻziday ochilib, mungʻayib turar edi; ularning oldida hatto gadoy ham yoʻq.

Ochumelovning qulogʻiga birdan:

– Sen hali odam tishlaysanmi, malʼun! Birodarlar, qochirib yubormanglar! Hozir birovni tishlashga ijozat yoʻq! Ushla! A… e! – degan tovush eshitildi. Kuchuk vangilladi. Ochumelov atrofiga alanglab, savdogar Pichuginning oʻtinxonasidan bir it uch oyoqlab, orqa-oʻngiga qarab, qochib chiqib kelayotganini koʻrib qoldi. Kuchukni chit koʻylak kiygan va jeletkasining tugmalari yechilgan bir kishi quvlab kelmoqda edi. U kuchukning ketidan choparkan, oʻzini yerga tashlab, kuchukning keyingi oyogʻidan ushlab oldi. Kuchuk yana vangilladi va “qochirib yubormang!”, degan ovoz eshitildi. Doʻkonlardan mudroq bosib oʻtirgan kishilar kallalarini chiqazib qarashdi va bir damda oʻtinxonaning oldiga, xuddi yer ostidan chiqqandek, xaloyiq yigʻildi.

– Janobi oliylari, bu tartibsizlik… – dedi gorodovoy.

Ochumelov soʻlga burilib, odamlar yigʻilgan joyga qarab yurdi. Oʻtinxona darvozasi oldida, yuqorida tasvir qilingan, jeletkasining tugmalari yechilgan kishi oʻng qoʻlini koʻtarib, qonga boʻyalgan barmogʻini odamlarga koʻrsatardi. Uning shirakayf basharasi goʻyo: “Seni qarab tur, laʼnati!”, deb turar va barmogʻi ham gʻalaba tugʻiga oʻxshar edi. Ochumelov bu kishini tanidi: u zargar Xryukin edi. Oʻrtada oldingi oyoqlarini kerib, vujudi titrab, toʻpolonning sababchisi – tumshugʻi uzun ola tozi turardi. Uning yoshlangan koʻzlari javdirardi.

Ochumelov odamlar orasiga yorib kirarkan:

– Nimaga yigʻildilaring, nima gap? Barmogʻingga nima qildi? Kim qichqirdi? – deb soʻradi.

Xryukin mushtumini ogʻziga qilib, yoʻtalib qoʻyib soʻz boshladi:

– Men, janobi oliylari, oʻz yoʻlimga ketayotgan edim… Mitriy Mitrich bilan oʻtin toʻgʻrisida gaplashmoqchi edim, birdan mana bu malʼun barmogʻimni tishlab oldi. Siz meni kechiring, men ish qiladigan odam. Mening ishim mayda ish, menga tovon toʻlasinlar, chunki kim biladi, balkim bu barmogʻimni bir hafta qimirlatolmasman. Janobi oliylari, zakonda mundaqa maxluq kishiga ozor bersin, deyilgan emas… Agar har narsa tishlayversa, u vaqtda dunyoda turmaslik yaxshiroq…

– Hm… hm… yaxshi… – dedi Ochumelov jiddiyat bilan yoʻtalib va qoshlarini qimirlatib, – yaxshi… Kimning kuchugi? Men buni shunday qoʻymayman! Men sizlarga kuchuklarni boʻsh qoʻyib yuborish nima ekanini koʻrsatib qoʻyaman! Qarorlarga itoat qilishni xohlamagan janoblarga diqqat qilish vaqti keldi. Bu ablahga shtraf solinsa, u vaqtda kuchuk va boshqa tentirab yuradigan hayvon nima ekanini bilib qoʻyadi! Men unga koʻrsatib qoʻyaman! Yeldirin, – dedi nazoratchi gorodovoyga qarab, – sen bu kuchukning egasini topib, protokol yoz! Kuchukni yoʻqotish kerak. Tezda! Quturgan kuchuk boʻlsa ehtimol… Bu kimning kuchugi oʻzi!

– General Jigalovniki shekilli, – dedi kimdir.

– General Jigalovniki? Hm… hm… Yeldirin, qani paltomni yechib ol: juda ham kun isib ketdi! Yomgʻir yogʻsa kerak!.. Lekin bir narsaga tushunolmadim, u seni qanday qilib tishlab oldi? – deb Ochumelov Xryukinga murojaat qildi. – Qanday qilib barmogʻingga boʻyi yetdi? U kichkina, sen boʻlsang kap-katta odamsan! Sen balki barmogʻingni mix bilan teshgandirsan, undan keyin kuchukni bahona qilib tovon olish fikri boshingga kelgandir. Sening kim ekaning hammaga maʼlum. Men siz laʼnatilarni bilaman.

– Bu, janobi oliylari, kulgi uchun, yonib turgan papirosni kuchukning tumshugʻiga tutdi, kuchuk ham ahmoq emas, gʻarch etib tishlab oldi… Bu odamning oʻzi tentak ekan, janobi oliylari.

– Yolgʻon aytasan, koʻr! Koʻrmaganingdan keyin nimaga yolgʻon gapirasan? Janoblari aqlli odamlar, kim yolgʻon gapirganini, kim xudo oldida turgandek rost aytayotganini – hammasini biladilar… Agarda men yolgʻon gapirgan boʻlsam, sud hukm qilsin… Uning zakonida aytilganki… Hozir hamma baravar… Mening birodarim jamdarmda ishlaydi… Agar bilgingiz kelsa…

– Tilingni tiy!

– Yoʻq, bu generalning kuchugi emas. Generalning bunaqa iti yoʻq: uning itlari ovchi itlar, – dedi gorodovoy maʼnolik qilib.

– Sen buni aniq bilasanmi?

– Aniq bilaman, janobi oliylari.

– Oʻzim ham bilaman. Generalning itlari qimmatbaho zotli itlar, shu ham itmi? Buning aftini qara… Rasvo bir narsa… Shuni ham it deb saqlaydimi kishi?! Sizda aql bormi oʻzi? Bunaqa it Peterburg yoki Moskvada koʻrinib qolsa, bilasizlarmi, nima boʻlar edi? Shu yerda zakonga qarab oʻtirmasdan, oʻldirib qoʻyaqolar edilar. Sen Xryukin, jafo koʻribsan, bu ishni shunday koʻyib ketaverma!.. Adabini berish kerak! Vaqt keldi.

– Ehtimol generalnikidir… – deya gorodovoy ovozini chiqarib qoʻydi. – Uning tumshugʻiga yozib qoʻymagan-ku!.. Bir kun generalning hovlisida shunday itni koʻrgan edim.

– Albatta, generalniki boʻlsa kerak, – dedi kimdir.

– Hm… hm… Yeldirin, birodar, paltoni yelkamga tashla… Shamol turgandek boʻldi… Badanim uvishib ketdi… Sen itni generalning oldiga oborib soʻra. Itni men topib yuborganligimni ayt… Koʻchaga chiqarmasinlar. Aytib qoʻy. Balki u qimmatbahodir, har bir toʻngʻiz uning tumshugʻiga papiros tekkizaversa, it aynib qoladi. Kuchuk degan narsa nozik maxluq boʻladi… Senga aytaman, laqma, qoʻlingni tushir! Ahmoqlik qilib, barmogʻingni koʻrsatib turishga hech hojat yoʻq! Ayb oʻzingda!..

– Generalning oshpazi kelyapti, oʻshandan soʻraymiz… Hay, Proxor! Azizim, qani, bu yoqqa kel! Itni koʻr-chi… Sizlarnikimi?

– Shu ham gap boʻldimi?! Biz hech qachon bunaqa it tutganimiz yoʻq!

– Bu yerda soʻrab oʻtirishning hech hojati yoʻq, – dedi Ochumelov. – Bu oʻzi sayoq it! Gapni choʻzish nimaga kerak? Oʻzim sayoq it, deb aytdim-ku, sayoq-da! Oʻldirish kerak, vassalom!

– Bu bizniki emas, – dedi oshpaz, – bu generalning yaqinda kelgan ukasiniki. Bizda bunaqa itni yoqtirishmaydi. U kishining ukalari bunaqa itni yaxshi koʻradi…

– U kishining ukalari keldimi? Vladimir Ivanich-a? – deb soʻradi Ochumelov, iyib ketib ogʻzi qulogʻiga yetdi. – Uni qara-ya. Men bilganim yoʻq, mehmon boʻlib keldilar, degin?

– Mehmon boʻlib keldilar.

– Uni qarang… Akalarini sogʻinib qoliptilar-da… Men bilganim yoʻq edi. Bu oʻsha kishining itlari degin? Koʻp xursandman… Ol, iti tushkur, yomon emas, ziyrakkina… Ol, mana buning barmogʻini tishla, ha-ha-ha… Nega titraysan? Ol, kish-kish! Koʻrdingmi jahli chiqadi-ya…

Oshpaz Proxor itni chaqirib olib ketdi… Toʻplanib turgan odamlar Xryukinni masxara qilib, qahqaha urdilar.

– Shoshmay tur, men senga koʻrsatib qoʻyaman! – deb Ochumelov Xryukinga doʻq qildi va shinelini yopinib, bozor maydonidan yoʻlida davom etdi.

 

Abdulla KAHHOR

tarjimasi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.