Xalq baxti haqida

0
372
marta koʻrilgan.

Jan-Jak RUSSO

 

Men haqiqatni shunga munosib ravishda roʻy-rost aytaman. Soddalikdan jirkanadigan, samimiylikka nafrat bilan qaraydigan koʻrqoq oʻquvchilar, kitobimni yopib qoʻying, siz uchun yozilmagan u. Yovuz qalbingizni qanoatlantira oladigan haqiqatnigina qadrlaydigan zaharxanda oʻquvchilar, kitobimni yopib, uni uloqtirib tashlang, chunki qidirayotgan narsangizni undan topa olmaysiz, mabodo oʻqisangiz muallifning sizga boʻlgan nafratini uqib olasiz.

Ezgulikni qadrlaydigan, doʻst-birodarlarini yaxshi koʻradigan, ularning xatolaridan afsuslanib, illatlaridan nafratlanib yuradigan, insoniyat boshiga kulfat tushsa, undan qaygʻuradigan, eng asosiysi, kamolotga intilayotgan odam ushbu kitobni bemalol oʻqishi mumkin. U qalblardan aks-sado topadi.

Oʻz fikrimning oʻzimga yoqishi quvontiradi. Qachonlardir, qaysidir bir davlat arbobi tom maʼnoda Fuqaro boʻlib yetishsa, u faqatgina oʻzidan oldingi rahbarning qonunlarini bekor qilish bilangina shugʻullanmasdan balki xalq ahvolini yaxshilash, uning farovonligini oshirish haqida qalbdan oʻylaydi. U quruq vaʼdalar bilan cheklanib qolmasdan, amalda harakat qiladi, xalq manfaatlarini oyoqosti qilmasdan, faqatgina oʻz mavqeini mustahkamlamasdan, hokimiyatini xalq baxt-saodati yoʻlida xizmat qilishga qaratadi. Baxtli tasodif tufayli ushbu kitob qoʻliga tushib qolsa, mening noaniq fikrlarim uni foydali ishlarga jalb qiladi, insonlarning yaxshiroq, baxtliroq boʻlishiga xizmat qiladi, men esa bu ishlarga aloqador boʻlib qolaman, deb orzu qilaman.

Ushbu orzu meni qoʻlimga qalam olishga ragʻbatlantirdi.

Oradan yillar oʻtib nomim adabiyot yilnomalaridan oʻchib ketgan taqdirda ham, mayli, ushbu kitobim notanish va bechorahol, lekin dono va baxtli xalq mulki boʻlib qolsin. Ular shon-shuhrat va gʻalaba ketidan quvmasdan, ushbu kitobni mamnuniyat bilan baʼzi-baʼzida oʻqib tursin.

 

1

Biz yashayotgan sharoitda hamma joyda dabdabayu hashamat, kasb-hunaru sanʼat asarlari toʻlib-toshib yotgan boʻlsa-da, biz har kuni insoniyat boshiga yogʻilayotgan kulfatlardan qaygʻuga tushamiz, turmushimizda tez-tez uchrab turadigan ogʻirliklardan noliymiz, ayni paytda bir parcha yegulik uchun jonini havf ostiga qoʻyib, chakalakzorlarda mashaqqat chekib yashayotgan yarim yalangʻoch yovvoyilar orasida hayotdan nolish yoʻq. Ular ertaga qanday mashaqqatlar kutayotganligini oʻylamasdan, qaygʻu nimaligini bilmasdan quvonchga toʻlib tirikchilik qiladi. Musibatlarimizning bosh sababi shundaki, biz kichkina koʻngilsizliklarning oldini olamiz deb katta balo-ofatlarga duchor boʻlamiz.

 

2

Avvalo gap-soʻzlarimizdagi ikki xil maʼnoli ifodalarni bartaraf qilishdan boshlaylik. Eng yaxshi Boshqaruv tushunchasi ham har doim eng kuchli Boshqaruv degan maʼnoni anglatmaydi. Kuch – vosita, xolos, uni qoʻllashdan maqsad – xalq baxt-saodatidir. Ammo “baxt” soʻzining maʼnosi ayrim odamlar uchun noaniq, xalq orasida undan-da mavhumroq. Baxt haqidagi tasavvurlarning turli-tuman ekanligi jamiyatdagi siyosiy mezonlarni maydonga chiqaradi, ularning maqsadini belgilab beradi. Xalq baxtini fikran tasavvur qilaylik-da, shunga binoan oʻz qonunlarimizni asoslaylik.

Janoblar, qaysi xalq eng baxtiyor, deb soʻrayapsiz? Bu masalani uzil-kesil hal qilish uchun yetarli bilimga ega emasman, lekin uni hal etish uchun yordam beradigan ishonchli meʼyorlarni belgilashga harakat qilaman, agar buni uddalay olsam, niyatingizni amalga oshirish maqsadidan chetga chiqmadim, deb hisoblayman.

Agar dunyoda bor boʻlsa, qani oʻsha baxtli odam? Kimdir buni biladimi? Baxt shunchaki huzur-halovat emas, shunchaki oʻzgarib turadigan oʻtkinchi ruhiy holat ham emas, balki u insonning daxlsiz ichki olamidagi alohida barqaror hissiyotlari va ruhiy kechinmalaridadirki, u haqda hech kim aniq fikr yurita olmaydi. Bu narsani oʻzi boshidan kechirgan odamgina tushunishi mumkin. Demak, hech kim oʻzgalarning baxti haqida tayinli fikr ayta olmaydi. Gap siyosiy jamiyatlar haqida ketganda bu butunlay boshqa masala. Ularning baxt-saodatiyu gʻam-gʻussalari ochiq-oydin koʻrinib turgan narsa, ichki hissiyotlari ham ijtimoiy xarakterga ega. Shubhasiz, olomon bu yerda yanglishadi, u nimalarda yanglishmaydi deysiz? Koʻrib turganini anglay oladigan inson uchun odamlar qanday koʻrinishda boʻlsa, shundayligicha ayon boʻladi, ularning maʼnaviy-axloqiy mohiyati haqida gapirib oʻtirmaydi.

Haqiqiy holatimiz va imkoniyatlarimiz bilan istak-xohishimiz orasidagi, majburiyatlarimiz hamda ishtiyoqlarimiz, insonlar va fuqarolar oʻrtasida tabiat va jamiyat oʻrnatgan tartiblardagi ziddiyatlar baxtsizligimizni tashkil qiladi. Ikkalasidan birini tanlang, oʻshanda imkon boricha insonni baxtli qilgan boʻlasiz.

Insonni borligʻicha davlat ixtiyoriga bering yoki uni oʻz holiga qoʻying, uning qalbini qismlarga ajratib boʻlmaydi, yuragi ezilib ketadi, yana oʻylamang, musibat chekayotgan xalqni boshqarayotgan davlat baxtli boʻladi deb. Siz baxt deb atayotgan xalqning maʼnaviy-axloqiy holati oʻz holicha xomxayol. Xalq xotirjamlik va farovonlik tuygʻularini sezmas ekan, boshqasi sariq chaqaga arzimaydi. Farzandlar ishida muvaffaqiyat boʻlmas ekan, oila gullab-yashnamaydi.

Insonning tabiatiga mos tushadigan imkoniyat bering, u kim boʻlishni xohlagan boʻlsa, oʻzi istagan haqiqiy holatiga kirsin. Bu bilan siz ijtimoiy turmush qonunlarini ular qalbiga joylagan boʻlasiz. Shunda odamlar oʻz tabiatiga koʻra fuqarolar esa oʻz ishtiyoqiga koʻra birlashadi, rahmdil boʻlishadi, baxtga erishadi. Xalqning rohat-farogʻati – davlatning tinchligi, xotirjamligidir. Davlat tufayli xalq biror narsaga erishar ekan, demak, oʻzi ham bir narsasi bilan unga dahldor boʻladi.

Majburiy choralar yoniga xalqning istak-xohishlarini ham qoʻshdingiz, ijtimoiy boylikni xususiy mulk bilan yanada boyitdingiz. Endi davlat deganda mana shularning barchasi bir butunlikda tushuniladi. Oila esa, mana shu farzandlarim tufayli gullab-yashnadim, deya faxrlanadi.

Har qanday davlat tizimida unga qarashli boʻlmagan nimalardir bor: aytaylik, odamlarning istak-irodasi, uning taʼsir kuchi qanchalik muhim ekanligini kim inkor eta oladi? Har kim faqat oʻz holicha baxtli boʻlishni orzu qilar ekan, el-yurt, Vatan baxtiyor boʻlolmaydi.

 

3

… eng muhimi, ijtimoiy baxt barchani birdek baxtli qilishi zarur ekanligini, aks holda u maʼno va mohiyatsiz bir soʻzga aylanishini yodda tutmoq kerak.

 

4

Xalqning maʼnaviy-axloqiy ahvoli uning mutlaq holatiga emas, balki odamlar oʻrtasidagi munosabatlarga koʻproq bogʻliqdir.

 

5

Xalq qay usulda baxtli boʻlishini tushunish uchun baxtsizlarning ahvolini ham yaxshi oʻrganish kerak. Baxtli boʻlish uchun nimalar yetishmasligini aniqlash bilan birga baxtli odam nimalarga ega boʻlishini ham bilib olamiz.

 

6

Xalq baxti nimalardan iborat ekanligini aniqlash uchun odamlarning bu haqdagi fikrlarini jamlash yetarli boʻlmasa kerak. Xalqning farovonligi juda koʻp narsalarga bogʻliq, alohida shaxslarning farovonligini aniqlash ham unchalik oson emas. Binobarin, bu borada adashmaslik uchun juda koʻp meʼyorlarni bir-biridan alohida ajratish lozim. Xalq baxtining oʻziga xos xususiyatlarini bildiruvchi haqiqiy mezonlarni toʻgʻri belgilash kerak.

 

7

Likurg oʻz qonunlarini joriy qilgach, fuqarolaridan behisob shikoyatlar tusha boshladi. Dunyoda eng adolatli qonunlar yaratgani va xalqi shu tufayli jahonda katta hurmat, shon-shuhrat qozongani uchun bu qonunlarni saqlab qolish maqsadida u hiyla ishlatib, oʻzga yurtlarga bosh olib ketib, darbadarlikda umr kechirishni lozim topgan. Jahonga hokim boʻlish darajasiga yetgan rimliklar davlat boshqaruvchilari ustidan toʻxtovsiz shikoyatlar yogʻdirmaganmidi? Eng yaxshi boshqaruvchilari boʻlgan xalqlar boshqalardan koʻra koʻproq norozilik bildirmayaptimi? Olamda hali oʻz xalqining baxtli yashashini toʻla taʼminlovchi, nuqsonlardan xoli birorta davlat boshqaruv shakli yoʻq. Eng yaxshilari, agar aqlli ish tutsa, fuqarolar baxtli boʻlishi uchun imkoniyat yaratib beradi. Bu baxt hech qachon olomon baxti boʻla olmaydi.

Yurtni koʻpchilik boʻlib boshqarganda har bir fuqaroning istak-xohishi yoki ishtiyoqiga emas, balki barchani qanoatlantira oladigan umumiy qonunlarga tayangan holda ish yuritish kerak. Har bir davlatda donolik bilan oʻylab ish qilinsa, yaʼni taʼlim-tarbiya, urf-odat yordamida ijtimoiy axloq normalari shakllantirilsa, ayrim ishtiyoqmand fuqarolarni ham shunga itoat ettirish mumkin, shunda ular hukumatdan mamnun boʻlib yashaydilar, boshqa davlatning yaxshi yoki yomonligi bilan qiziqmaydilar.

Odamlarning yashash sharoiti oʻzgarib qolsa, shikoyat ham koʻpayadi, chunki odam borki, shikoyat bor. Demak, davlat taraqqiyotini faqat fuqarolarining oʻzlarini baxtli his qilishi bilangina cheklab boʻlmaydi. Qabul qilingan qonunlar oqilona boʻlishi kerak, toki fuqarolar oʻzaro manfaat asosida aloqalar oʻrnatsinlar, oʻzga xalqlar yordamiga muhtojlik sezmasinlar ana shundagina alohida shaxslar ham, jamiyatning barcha aʼzolari ham oʻz baxtini tan oladilar. Boshqa xalqlar muhtoj boʻlgan narsalar oʻz vatanida yetarli darajada muhayyo boʻlib, unga muhtojlik sezilmasa, unda baxt eshigi yanada kengroq ochiladi.

Kasb-hunar rivojlangan, savdo-sotiq ishlarini yoʻlga qoʻygan xalqlarda mablagʻ koʻpaysa, bu – baxtli yashash omillarining eng asosiysi deb hisoblayman. Toʻgʻri, baxtni boylikka bogʻlab boʻlmaydi, lekin yaxshi tomoni shundaki, puldor odam oʻz ehtiyojlarini toʻlaroq qondiradi, oʻzgaga muhtoj boʻlib qolmaydi, ikkinchidan oʻzgalarni oʻz irodasiga boʻysundirib, ularni oʻziga qaram qila oladi. Xalqning baxti, farovonligi ana shunda.

Savdo-sotiq va kasb-hunarga kelganda shuni aytishim mumkin: ularning rivoji tovar-pul aylanmasini taʼminlaydi, behisob pul, daromad keladi, xohlagan narsani, xohlagan miqdorda sotib olish imkoniyati paydo boʻladi. Men aniqlab berishim zarur boʻlgan mezonlardan biri ham shu.

Baxt va farovonlikni tashkil qiluvchi shu mezon oʻziga boshqa meʼyorlarni ham qamrab oladi va bir-biriga mos tushadi, toʻldiradi.

Barcha ehtiyojlarimiz ikki xil boʻladi: jismoniy ehtiyojlarimiz – hayotimizni saqlab turish uchun zarur boʻlgan, bizga qulaylik yaratadigan, huzur-halovat bagʻishlaydigan narsalardir. Ularni isteʼmol qilish odat tusiga kirib, jismimiz shunga koʻnikib qolgan. Shaharlik olifta ayol yoz jaziramasida soyabonsiz ikki soat turib koʻrsin-chi, uni oftob uradi yoki bir kasallik orttirib oladi, vaholanki, dehqon ayol uchun bu holat tabiiy. Shaharlik janob qishloqdagi mol-mulkini koʻrib kelish uchun ulovsiz bora olmaydi. Yumshoq karetalarda yurib oʻrgangan odam, ot minib uzoq yurolmaydi. Qulayliklarga oʻrgangan odam kashandaga oʻxshab qoladi, usiz turolmaydi.

 

8

Oʻzing birga yashab turgan xalqingni baxtli qilish uchun hukmdorlarga kitob – qoʻllanma yozish shartmikan? Yaxshisi, oʻz tajribangizga tayanib ish koʻring.

 

9

Adolat sizga hamroh boʻlsin: fuqarolaringiz osoyishtaligini, xavfsizligini taʼminlash, ularning mol-mulkini saqlash ham sizning vazifangizga kiradi: bu hali hammasi emas, ularni baxtli qilishingiz kerak. Hukmdorning asosiy vazifasi ana shunda.

 

Rus tilidan Abdunabi ABDUQODIROV tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2017–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.