Xaloskor

0
109
marta koʻrilgan.

Yuriy Sotnik

 

Erta bahor edi. Biz suzib yurgan muz boʻlaklarini tomosha qilish uchun Aglaya bilan daryo boʻyiga keldik. Suv yuzasida negadir mayda muz boʻlaklari koʻp-u, kattalari kam edi.

Biz qirgʻoqdagi xoda ustiga oʻtirib olgancha ermak uchun pista chaqib, daryoni tomosha qila boshladik.

– Bugun negadir ulkan muz boʻlaklari koʻrinmayapti, kecha juda kattalari oqib kelgandi. Ana shu muz boʻlaklarining bittasida suzib ketayotgan mushukchani koʻrib rahmim keldi. Miyovlab yordam soʻraganda achinib ketdim, – dedi Aglaya.

– Muzlar hatto odamlarni ham oqizib ketadi, deb eshitganman, – javob berdim men.

– Dneprda oʻtgan yili ikkita qizni oqizib ketgan ekan, ularni beshinchi sinf oʻquvchisi qutqaribdi.

– Kim deding?! Beshinchi sinf oʻquvchisi? Aldayapsan! – shoshib qoldi Aglaya.

– Ishonmayapsanmi? Kechagi gazetani oʻqib koʻr. Qizaloqlar olti yoshlar chamasi boʻlishgan. Ularni muz boʻlaklari olib ketayotganini sezib oʻzlarini suvga otishgan va choʻka boshlashgan. Beshinchi sinf oʻquvchisi esa katta yogʻoch taxtada suzib kelib ularni qutqargan.

– Ha-a! Taxtadami? Unda men ham qutqara olardim! Qutqargani uchun nimadir berishibdimi?

– Ha, “Maqtov yorligʻi” berishibdi. Gazetada, qahramonlik qilgani uchun, deb rosa maqtashibdi. Hatto rasmini ham qoʻyishibdi.

– Bir kunda qahramon! Kecha hech kim tanimasdi. Biz ham kimnidir qutqarganimizda edi, bir kunda mashhur boʻlib ketardik.

Men jim turardim. Chunki suzishni bilmasdim-da.

– Bilasanmi, agar rasmga olishsa qanday tushamiz, – dedi Aglaya koʻzlari yonib, – men Lusha xolam sovgʻa qilgan shapkada tushaman. Keyin koʻchada yurganimda hamma bizni, ana kechagi xaloskorlar, deyishadi. Zoʻr boʻlardi-da!

Men, ha yaxshi boʻlardi, deb qoʻya qoldim. Aglaya xayolga berilib ketdi.

– Sinfda obroʻyimiz qanday oshib ketardi, oʻylayapsanmi? Hamma bizga havas bilan qaraydi. Qanday qutqardinglar, qoʻrqmadinglarmi, deb savollar berishadi. Biz esa buni hech bir qiyinchiligi yoʻq, oddiygina qutqardik, deb javob beramiz. Toʻgʻri gapiryapmanmi Lyoshka?

Men jimgina bosh irgʻib qoʻydim.

– Nima deb oʻylaysan, biz ham kimnidir qutqara olarmidik?.. Taxtada… – Aglaya qoʻllarini musht qilib tugdi, koʻzlarini osmonga tikdi: – Eh! Qani endi hozir biror odamni muz boʻlagi oqizib ketsaydi!

Men unga bunday voqealar kamdan-kam boʻlishini aytganimda, u jimgina daryoga tikildi-yu, yuzi yorishib ketdi:

– Lyoshka! Kel, bir-birimizni qutqaramiz.

– Qanday qilib? – tushunmadim men.

– Galma-gal: avval men seni qutqaraman, keyin sen meni. Mana qara, mana bu muz boʻlagini sekin itarsak oqib ketadi.

– Qanday qilib? – yana tushunmadim men.

– Nega tushunmaysan. Sen muz boʻlagiga chiqasan, men qirgʻoqda seni koʻrmaganday boʻlib aylanib yuraman. Sen ozgina nari ketib “Qutqaringlar!” deb baqirasan. Faqat balandroq baqir. Koʻprikdagilar ham eshitsin. Ular seni qutqargani kelishadi. Men esa ulardan avval oʻzimni suvga otaman. Shu payt sen ham oʻzingni suvga tashlaysan. Shunday qilib seni qutqargan boʻlaman.

Men qoʻrqqanimdan ikki qadam orqaga tisarildim:

– Nimalar deyapsan, shu sovuqda suvga qanday tushaman! Shamollab qolaman-ku!

– “Shamollayman”mish. Odamlar shu sovuqda choʻmilishadi, suzishadi. Sen esa atigi bir marta tushishga qoʻrqyapsan. Qutqargani kelgan odamlar seni oʻntalab poʻstin bilan oʻrab qoʻyishadi. Qoʻrqoqlik qilma! – dedi Aglaya.

– Qoʻrqayotganim yoʻq! Ochigʻini aytsam, suzishni bilmayman, – dedim sekingina.

– Suzishni keragiyam yoʻq! – baqirdi Aglaya, – qara, bu yerda suv belinggacha! Odamlarning koʻziga “tomosha” uyushtiramiz.

Men sekin qirgʻoqqa qaradim. Rostanam suv tagidagi narsalar aniq koʻrinib turibdi. Balki bu yerda choʻkib ketish mumkinmasdir, baribir eʼtiroz bildirishda davom etdim. – Bu yaxshi emas, odamlarni aldash yaxshimas.

– Tentak! Kim odamlarni aldayapti! – jigʻibiyron boʻldi Aglaya, – axir bu yerda men seni rostanam qutqaraman-ku! Bizni aybimiz yoʻq. Agar yolgʻon aralashmasin, desang muzda uzoqroq suz, seni aniq qutqarib olaman. Ikki kundan soʻng men oqib ketaman, sen qutqarasan.

Men Aglayaga bunday shuhrat kerakmasligini aytdim.

– Ha mayli, senga kerakmas boʻlsa, menga kerak. Faqat men seni qutqara qolaman, – rozi boʻldi Aglaya. – Agar suvga tushishga qoʻrqayotgan boʻlsang bunday qilamiz. Sen muz ustida uzoqroqqa suzasan, qutqaringlar, deb qattiq baqirasan. Men oʻzimni suvga tashlab muzni qirgʻoqqa itarib kelaman. Seni hatto oyogʻing ham hoʻl boʻlmaydi. Kelishdikmi?

Boshqa choram yoʻqligini sezib, noiloj rozi boʻldim. Yolgʻon aralashtirmasligini va suzishni bilmasligimni yana eslatib qoʻydim.

Aglaya xursand boʻlib:

– Sen qoʻrqma! Men qirgʻoqdan nari ketmayman. Aylanib yurgan boʻlaman.

Men xavotirda istamaygina bir muz boʻlagiga, bir koʻprikka qaradim. U yerda odamlar u yoqdan bu yoqqa yurishardi.

– Ha, yana qoʻrqyapsanmi? Bor! – buyurdi qirgʻoqda turib Aglaya.

Sekingina xoʻrsinib muzga yaqin keldim. Yana bir bor Aglayaga qarab qoʻydim. U goh osmonga, goh menga qarab allaqanday kuyni xirgoyi qilib “aylanib yurardi”.

Hammasi yaxshi boʻladi, bir necha daqiqadan keyin yana qirgʻoqda boʻlaman, deb oʻzimni har qancha ishontirsam ham yuragim gʻash.

Oyogʻimga xuddi tosh bogʻlab qoʻyilgandek zil-zambil, oʻzimga boʻysunmasdi. Orqa tomondan “Qoʻrqoq! Borsang-chi!” degan buyruq keldi.

Men hushyor tortib beixtiyor muz ustiga chiqdim. Muz sekin suzib ketdi.

– Qoʻlingni koʻtar! Yordamga chaqir! – buyruq berdi Aglaya qirgʻoqda turib, koʻz qiri bilan meni kuzatarkan.

Men qoʻlimni koʻtarib “yordam beringlar”, dedim. Biroq ovozimni oʻzim ham zoʻrgʻa eshitdim.

– Ehe-he-hey! Yordam beringlar! – Aglaya bor ovozda qichqirgancha men tomonga yugurdi. Biroq loyga botib qoldi. Men suvga sakrab qirgʻoq tomonga yurishim kerak edi, lekin bunday qilolmadim, qoʻrqdim. Aglaya oʻrnidan turib, yana yiqildi, tayoqni qoʻliga olib yugurganda men qirgʻoqdan ancha uzoqlashib ketgandim.

“Tamom! Shunday boʻlishini bilgandim. Hammasi tamom”, derdim ichimda. Oʻsha payt nima haqida oʻylaganim esimda yoʻq. Menimcha, hech nimani oʻylamaganman. Men koʻprik tomonga qarab, muz ustida oyogʻimni kergancha oqib borar, baqirishga majolim yoʻq edi.

Aglaya menga yetish uchun jon-jahdi bilan yugurar, qoʻlidagi tayogʻi, kiyimlari, oyoqlari, hatto yuzlarigacha loy edi. Koʻzlarida xavotir, qoʻrquv koʻrdim. U menga tayoqni uzatdi:

– Sakra! Sakra! Bu yer chuqur emas, – dedi. Qancha urinmay tayoqni ushlashimga kamida ikki metr bor edi.

Aglaya muz boʻlagini boshqa tomondan aylanib oʻtdi va yana tayoqni tashladi:

– Sakra! Suvga sakra!

Men, suzishni bilmayman, deb baqirdim Aglaya hech nima demadi. U qirgʻoq boʻylab uyoqdan bu yoqqa yugurar, nima qilmoqchiligini oʻzi ham bilmasdi.

Men qoʻrqqanimdan: – Oyijon, – deb baqirdim.

Aglaya qoʻrqqanimni koʻrib oldinga shunday yugurdiki, qoʻlidagi uzun tayoqning uchi yerda sakrab ketdi.

Men oldinga qarash uchun oʻgirilganimda muz boʻlagi qattiq lopillab ketganidan oyogʻim qaltirab ketdi.

Endi Aglaya qirgʻoqda yugurmasdi, oyogʻini osiltirib oʻtirar, koʻzlari bemaʼno, nima qilishini bilmay, garang edi.

Bu payt muz boʻlagi Aglayaning roʻparasiga kelib qoldi, oʻzim sezmagan holda uning qoʻlidagi tayoqqa intildim. Lekin qoʻlim yetmadi.

– Sakra, – ovozi dadillashdi Aglayaning. Lekin sakrashga qoʻrqdim. Aglaya men tomonga, suvga oʻzini otdi. Bir qoʻli bilan qandaydir daraxt shoxini ushlab, bir qoʻli bilan menga tayoqni uzatdi.

– Sakra! Sakra! – yana baqirdi u.

Baxtimga shu yerda tepalik bor ekan, bir sakrashda qirgʻoqqa chiqib oldim. Mening hatto oyogʻim ham hoʻl boʻlmadi. Aglaya suvdan qanday chiqib olganini bilmayman. Uning yuzi hayajondan, qoʻllari sovuqdan qip-qizarib ketgan, yuzi, kiyimlari loy, ogʻzini katta ochib hansirab nafas olardi.

Biz bir-birimizga jim termulgancha, qaltirardik.

– Tirikmisan? – pichirlab soʻradi Aglaya. Men oʻzimga kelib yigʻlab yubordim.

– Tentak! Hammasi seni deb boʻldi!

Aglaya birdan baqirib qoldi:

– Qochdik! Odamlar kelishyapti! – Yugur! – Beixtiyor oldinga yugurdim.

Koʻprik tomondan bir toʻp erkaklar, ayollar, bolalar yugurib kelishayotgandi.

Biz Aglayalarning uyigacha yugurib keldik. Shunda u menga: – Bu voqeani hech kimga aytib qoʻyma! Tasodifan yiqilib tushdim, degin. Eshityapsanmi? Men shamollab qolsam kerak, – deb tayinladi.

Biroq Aglaya kasal boʻlmadi. Ertasi kuni xuddi hech narsa boʻlmagandek koʻchaga chiqdi.

Shundan keyin Aglaya ikkimiz kechagi voqea haqida, shon-shuhrat haqida ham hech kimga ogʻiz ochmadik.

Oradan necha yillar oʻtib ketgan boʻlsa-da, har gal Dnepr daryosi boʻyiga borganimda oʻsha kungi holatim koʻz oʻngimdan oʻtib etim junjikadi. Doʻstim Aglaya esa shu voqea sabab hech kim bilan qaltis hazil qilmaydigan boʻldi. Hozir esa doʻstimning roziligi bilan bu voqeani sizga soʻzlab berdim.

 

Rus tilidan Barno LUTFULLAYEVA tarjimasi

 

“Gulxan”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.